ASRLAR QA’RIDAN TARALAYOTGAN NUR

1991 yil 1 — 20 avgust kunlari “Amir Temur o‘tgan yo‘llar bo‘ylab” yoshlar safari uyushtirildi. Ekspeditsiya  o‘n besh chog‘li a’zosi Amir Temur nomi bilan bog‘liq joylarni ziyorat qilib qaytdi. Safar taassurotlari yoshlar gazetasida muttasil e’lon qilib borildi.

 

Taniqli adib Hakim Sattoriy o‘sha safarga turtki bo‘lgan dastlabki maqolani yozgan, ekspeditsiyani tashkil etishda faol qatnashgan va ishtirok etgandi. O‘tgan yillar davomida u mazkur mavzuda “Xotira karvoni”, “Amir Temur sevgan yurt”, “Oltin silsila”, “Hazrat Sohibqiron”, “Sohibqiron abadiyati”, “Solnoma” kitoblarini nashr etdi, hujjatli va badiiy film stsenariylarini yozdi. Quyidagi musohabada mavzuning yangi qirralari haqida so‘z boradi.

– Hakim aka, bundan bir necha asrlar ilgari Sohibqiron Amir Temur haqida turli tillarda badiiy asarlar yozilgan. Bugun nafaqat xalqimiz, balki yevropalik sharqshunoslar ham Amir Temur nomi bilan bog‘liq adabiy va tarixiy merosimizga qayta-qayta murojaat etmoqda. Sizningcha, buning boisi nimada?

– Haqiqatan, buyuk vatandoshimiz Sohibqiron Amir Temurning faoliyati har qanday chegaralarni mahv etib, umuminsoniy, sayyoraviy ko‘lam kasb etgan. Bu merosni dunyoning taraqqiyot kirib borgan barcha nuqtalarida o‘rganishadi, amaliy faoliyatlarida foydalanishadi. Endi bunday mavqe kasb etgan fikrning salmog‘ini chamalab ko‘raylik. Zulmatni parchalash uchun zarur bo‘lgan yorug‘likning kuchi uning ichki energiyasi bilan belgilanadi. Gugurt bir lov etib o‘chadi, quyosh esa abadiy nur sochib turadi. Ularning farqi ichki quvvatida. Fikrning olamshumulligi esa uning hayotiyligida. Agar odamlar kundalik tirikchiligida o‘sha xazinaga qayta-qayta murojaat etish ehtiyojini sezar ekanlar, demak, uning boqiyligi ta’minlangan, ichki quvvati so‘nmas. Bu fikrning isbotini dunyoning bugungi siyosiy ahvolini ko‘z oldimizga keltirib tasdiqlashimiz mumkin: Amir Temur faoliyat ko‘rsatgan yillarda yer yuzida mutlaq tinchlik ta’minlangan, ichki nizolar bartaraf etilgan. Bunday osuda hayot tarzi esa yuksak taraqqiyotga yo‘l ochgan. Agar qirq yildan ortiq davr mobaynida tinchimayotgan Afg‘oniston, endilikda Suriya, Iroq va Misrda ro‘y bergan buhronlarni nazardan o‘tkazsak, inqirozning oldini olish yoki unga yechim topish qanchalik qiyinligini tasavvur qilsa bo‘ladi. Amir Temur hazratlari bunday muammolarning o‘sha zamonga mos yechimlarini topa olgandi va gullab turgan shaharlarning yemirilishiga, millionlab odamlarning xonavayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagandi. Mabodo, bu yumushlar hali xalqaro tashkilotlar mavjud bo‘lmagan, imtiyoz faqat jismoniy kuch bilan ta’minlangan O‘rta asrlarda ado etilganini hisobga olsak, Sohibqironning insoniyat oldidagi xizmati yaqqolroq namoyon bo‘ladi.   

Sohibqiron haqida dunyoning qariyb sakson foiz aholisi so‘zlashadigan qirqdan ortiq tillarida asarlar yozilgan. Shu bilan go‘yoki hamma yumush uddalanganga o‘xshaydi. Afsuski, unday emas. Hali bobokalonimiz hayoti, faoliyati, ta’limoti haqida asosiy gaplar aytilgani yo‘q, mening nazarimda. Bu haqdagi mulohazalar ancha uzoq, shu o‘rinda bir dalilni eslatish o‘rinli. To‘g‘risi, hali hazratning tarjimai holiga doir ma’lumotlar to‘la o‘rganilmagan yoki jahon tarixi ko‘zgusida qiyosiy tahlil qilinmagan. Ayniqsa, Temurbekni ulg‘aytirgan, uni katta hayot sahnasiga olib chiqqan muhitning sharhi qanoatlanarli darajada emas. Mana, bitta unsur. 1360 yilda ota vafot etgach, oilaning ahvoli qanday kechgan? Holbuki, bu davrda Temurbek ikki o‘g‘ilning otasi, tevarak-atrofda ancha baland nufuzga ega bo‘lgan bekning merosxo‘ri edi. Amir Temurning taxtga chiqqunigacha o‘tgan o‘n yildan ko‘proq hayoti naqadar tahlikali, ziddiyatlarga to‘la bo‘lgani aniq. Shunday sharoitda oilaning xavfsizligi qanday ta’minlandi, ular qaerda jon saqladilar? Negaki, atrofda yov izg‘ib yurar, uning nazaridan biron puchmoq xoli emas edi. Shularni o‘ylaganda, bir taxmin, aniqrog‘i, faraz yodga keladi. 

Ma’lumki, Yakkabog‘ tumani hududida, xilvat tog‘lar qurshovida Amir Temur nomi bilan yuritiluvchi g‘or bor. U joylashgan dara “Qal’ai sheron” (xalq tilida “Qalayishiron”), ya’ni “Sherlar qal’asi” deb atalgan. Shu dara yaqinida “o‘o‘lmarasha”, “Kichik qal’a”, “Bovurchi” degan ko‘plab joylar bo‘lgan. Qo‘l yetmas manzillarda o‘zida bir sirlilik tashiydigan so‘zlarning uchrashi ko‘ngilda ishtiboh tug‘diradi. Yana g‘orga eng yaqin Toshqo‘rg‘on qishlog‘ining ro‘parasida “Qo‘rg‘on” degan manzil bo‘lib, uning tepasida futbol maydonichalik keng tekislik mavjud edi. Shu joyda imoratlar tagzaminining o‘rni (balki qo‘rg‘on qoldiqlari) aniq bilinib turardi. Tepalikning pasti qo‘l kaftining chuqurligiga o‘xshab turar, unda tabiiy suvlar to‘planib, ko‘l hosil qilgandi. Diqqatni tortadigan tomoni – qo‘rg‘on boshidan ko‘l tomon ming qadamlar nishablik qovun tiligidek cho‘kib yotardi (bu iz hamon saqlanib qolgan). Taxmin qilish mumkinki, qo‘rg‘ondan ko‘lga suv olish uchun yer osti yo‘li kavlangan, u yillar o‘tgan sari cho‘kib, o‘rni novdek bo‘lib qolgan. Albatta, bunday mukammal inshoot yovdan saqlanish uchun bunyod etilgan va uni qurish katta kuch talab qilgan. Boshqa belgilar – kun botish tomonda Masxara (aslida “Mashhara” – kuzatuvchilar maskani, ular olov vositasida yovdan darak berganlar) cho‘qqisi, kun botishga qarab oqadigan daryo o‘zanida pishiq g‘ishtdan ishlangan yana bir kuzatuv maskani qoldiqlari (undan Masxara ko‘rinib turgan) mavjudligi bu joyda uzoq yillar barqaror yashalganini tasdiqlaydi. Mantiq ko‘rsatadiki, o‘n yillar davomida o‘t kechib, yovning dodini berib yurgan Amir Temurning ahli oilasi shu xilda muhofaza qilingan, nazardan yiroq, osoyishtaligi ta’minlangan hududlarda yashagandir. Albatta, bu faraz ko‘plab tadqiqotlar bilan isbotlanishi lozim. Umuman, yurtimizning istalgan hududida bunday tabarruk, o‘z bag‘rida teran tarix asrorlarini saqlab kelayotgan manzillar ko‘plab topiladi. Hozircha, ularni tadqiq qilish faqat orzu bo‘lib turibdi.

– Hazrat Navoiyning “Majolisun-nafois” asarida Sohibqiron bobomizga “...agarchi nazm, aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xo‘b mahal va mavqe’da o‘qubdirlarkim, aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming yaxshi bayt aytqoncha bor”, deb ta’rif beradilar. Shu o‘rinda, buyuk shoirning Temuriylarga bo‘lgan yuksak munosabati haqida to‘xtalib o‘tsangiz...

– Majlisning davomida Alisher Navoiy hazratlari “Xoqoni Said Shohrux Mirzokim...” deb bobokalonimizning to‘rtinchi o‘g‘illari Shohrux Mirzoning she’riy iste’dodiga baho beradilar: “...avlodi va ajdod orasida Sohibqiron otasining qoyim maqomi bo‘ldi. Ham nazmga mashg‘ulluq qilmas erdi, ammo xo‘b bayt va yaxshi so‘zlar ko‘p ul hazratdin ham voqe’ bo‘lur edi”. Ana shunday eng latif so‘zlar bilan madh etgach, bir voqeani keltiradilar va mulohazalarini tagdor bir gap bilan yakunlaydilar: “Aningdek otadin mundoq o‘g‘ul hech ajab emas”. Shu qisqa ifodada buyuk shoirning Temuriylarga qanchalik mehri, e’tirofi aks etib turganini tushunish qiyin emas. 

Albatta, Temuriylar xonadonida tarbiyalangan ko‘plab shahzoda va malikalarning noyob iqtidor egalari bo‘lib yetishgani xususida jahon afkor ommasi ko‘p va xo‘p fikr yuritgan. Ularni takrorlashdan tiyilgan holda bir fikrni qayd etish joiz: Temuriylarni ulg‘aytirgan oilaviy ta’lim-tarbiya (pedagogika)ning sirlarini inkishof etib, qaniydi, har bir o‘zbek xonadoni o‘z farzandlariga tatbiq etsa, shunda yana ko‘plab Ulug‘beklar, Alisherlar, Boburlar dunyoga kelgan bo‘lardi.

Amir Temur va Alisher Navoiy juftligining o‘zaro vobastaligi ham hali o‘rganilmagan mavzulardan biri. Albatta, tariximizning bu ikki siymosi garchi bir-birlarini ko‘rmagan bo‘lsalar-da, ularning butun mahobatini ayricha tasavvur qilish mumkin emas: Amir Temur millatimiz shon-sharafini ko‘klarga ko‘targan alp bo‘lsa, Alisher Navoiy Amir Temur chamanining bir muattar guli, “so‘z mulkining Sohibqironi”dir. Qolaversa, buyuk davlat arbobi sifatida Sohibqiron o‘tkazgan islohotlarning qanchalik durkun meva berganligiga Alisher Navoiy ijodi, jahon madaniyatidagi mavqei jonli dalil.

– Tarixiy mavzuda baquvvat asar yozish uchun adibga iste’doddan tashqari, chuqur bilim va yuksak did bo‘lishi kerak. Amir Temur va temuriylar tarixi bilan bog‘liq roman, qissa va nazmiy asarlar juda ko‘p. Biroq ularning barchasida ham tarixiy haqiqat yuz ko‘rsatgan deyish qiyin... 

– Mustaqillik yillarida faxrli ajdodimiz shaxsiyatiga qarashlarning o‘zgarishi bilan bir holga guvoh bo‘lish mumkin: hozirgacha dunyo fikr olamini o‘ziga maftun etib kelayotgan Amir Temur shaxsiyati yurtdoshlarimizni ham befarq qoldirmayapti, bu zotning ohanrabodek jozibasi ularning qalbida faxr-iftixor hislarini jo‘shtirib, bu haqda yozishga undayapti. Bu juda yaxshi. Biroq masalaning bir nozik jihati bor. Biz bilib-bilmay qilgan sa’y-harakatlarimiz bilan buyuk bobolarimiz shaxsiyatiga zaxa yetkazib qo‘ymasligimiz darkor. Negaki, ularning hozirgacha yolg‘onlar, tuhmatlar, bo‘htonlar ostida qolib kelganlari yetadi. Noo‘rin maqtov ham, agar u haqiqatga xizmat qilmasa, yolg‘on hisoblanadi. 

Ayni paytda iste’molda bo‘lgan, keyingi yillarda nashr etilgan kitoblarni o‘qimay, manzuma yoki doston yozish hollari uchrayapti. Amir Temur haqida ma’lumotlar shunchalik ko‘pki, bir yirik olim qayd etganidek, tadqiqotchilar ularning xilma-xilligidan ikkilanib qoladilar. Har bir chekilgan harf esa faqat tarixiy adolatga xizmat qilishi lozim. Endi oldin yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlashga hech kimning haqi yo‘q. Izlanishlar natijasida ko‘plab yangi ma’lumotlar aniqlanmoqda. Xato fikrlarga tuzatishlar kiritilmoqda. Demak, oldin nashr etilgan kitoblardagi mavhumliklarni qayta nashrlarda to‘g‘rilashga jiddiy e’tibor berish talab etiladi. Frantsuz tadqiqotchisi Lyusen Keren yurtimizda bu mavzu qatag‘on qilingan yillarda kitob yozib, ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatgan edi. Afsuski, ayrim yozuvchilarimiz ushbu mavzuga qalam urushda ayrim chalkashliklarga yo‘l qo‘ymoqda. Bunday hollar esa kitobxonni chalg‘itishi bor gap. Ochig‘i, ba’zan boshqa xalqlarning yozuvchilari ijodida Amir Temur shaxsiyatini o‘z milliy manfaatlariga xizmat qildirish tendentsiyasi ko‘zga tashlanadi. Holbuki, bu zot haqida so‘z yuritganda, boshqa millatlar tarixi, madaniyatiga chuqur hurmat saqlagan, ularni kamsitmagan holda yondashish lozim, negaki, bobokalonimizning buyuk, benazir shaxsiyatida odamlarning millati, diniy e’tiqodiga qarab farqlash hollari umuman uchramagan. Yoki ul zoti sharifni boshqa bir mo‘’tabar shaxsga tenglashtirish ham insofdan emas. Amir Temur shaxsiyati takrorlanmas va u faqat o‘ziga o‘xshaydi. Umuman, bobokalonimiz bunday sun’iy iltifotlarga muhtoj emas, uning cho‘ng merosi har qanday talab va sinovga dosh beradi. 

 

“Hurriyat” muxbiri Adiba UMIROVA yozib oldi.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Kelajak energiyasi va global iqlim ...

2017-09-20 07:30:32

BOYSUN MO‘JIZALARI

2017-09-20 07:38:36

«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

2017-09-20 07:28:18

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.