Vatan uchun jon fido etganlar

Vatanini sevadigan inson uning uchun o‘zini har ishga qodir sezadi. Hattoki bu yo‘lda aziz jonini ham ayamaydi. Bunday kishilar yurt tinchligini qo‘riqlashni muqaddas burch deb biladilar va so‘nggi nafasigacha  burchiga sodiq  qoladilar. Ular nomi, xotirasi xalqimiz yodidan hech qachon o‘chmaydi. Jasorati qalblarda mangu qoladi.

 

«DADA, MENI DUO QILING...»

Erta tongdan O‘zbekistonimizning jasur himoyachisi bo‘lgan yigit, «Jasorat» medali sohibi, marhum serjant Elomon Otajonov yashagan xonadon tomon yo‘l oldik. Mashina oynasidan tushayotgan quyoshning zarrin nurlari tanaga xush yoqadi. Olislarda sochlari oppoq, mo‘ysafid tog‘lar ko‘zga tashlanadi. Ne-ne sinoatlarga guvoh tog‘lar... Uning bag‘rida o‘sgan lolalar bu yuksak cho‘qqilar shohid bo‘lgan g‘amgin voqealarning tilsiz ifodasi bo‘lsa, sharqirab oqayotgan suvlar, yashnab ochilgan yam-yashil o‘t-o‘lanlar tarixda yuz bergan quvonchli hodisalarning daragiga o‘xshaydi...

Serjant Elomon Otajonov barchamiz kabi hayotni sevardi. U ayni navqiron yoshda Vatan, sizu bizning tinchligimiz yo‘lida mana shu tog‘lar bag‘rida, yurtimizga buzg‘unchilik maqsadida bosh suqqan dushmanlar bilan kurashib, hayotdan ko‘z yumdi. O‘shanda 22 yoshda edi. Qalbi orzu-umidlarga limmo-lim edi uning...

Mana Elomon tug‘ilib o‘sgan qishloq. Mana uning qanchadan-qancha sho‘xliklariga guvoh bo‘lgan qadrdon ko‘cha. Unga bugun Elomon Otajonov nomi berilgan. Mana u kamol topgan xonadon... Orasta hovli. Unda ul-bul yumush bilan kuymalanib yurgan otasi Xolmurod aka bilan onasi Yanglish opa istiqbolimizga chiqdi. Hol-ahvol so‘rashganimizdan so‘ng suhbat o‘z-o‘zidan Elomon Otajonovning bolalik va yoshlik yillari, u bilan bog‘liq xotiralarga ulandi. 

— Elomon tug‘ilganda unga nima deb ism qo‘ysak ekan, deb keksa tog‘amdan maslahat so‘raganmiz. O‘zbekchilik-da, taomil shunaqa: chaqaloqqa yoshi ulug‘ insonlar ism qo‘yib beradi. Shunda tog‘am uzoq o‘ylanib turib «chaqaloqning ismi Elomon bo‘lsin» deganlar, — deydi Xolmurod aka. — Uning zamirida el omon bo‘lsin, yurt tinch bo‘lsin, degan ezgu niyatlar bor, shu bois bu ismni mamnunlik bilan qo‘yganmiz... 

— Elomon juda og‘ir-bosiq, mulohazali yigit edi. Hech qachon ko‘nglimizni og‘ritadigan, ranjitadigan ish qilmagan, — deya davom etadi ota. — U to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchunmi, mehrim bo‘lakcha edi. Biror ishni qilishdan oldin men bilan maslahatlashardi, yo‘l-yo‘riq olardi. Elomon to muddatli harbiy xizmatga ketgunga qadar onasi ikkimizga ko‘makchi bo‘ldi. Dalada biz bilan yonma-yon ishladi. Maktabda ham yaxshi o‘qigan. Ustozlaridan u haqda faqat yaxshi gap eshitardik... Keyin muddatli harbiy xizmatga chaqirildi. Oradan biroz o‘tib, harbiy qasamyod qabul qilgani haqida faxrlanib xat yozdi. Bu mujdadan xursand bo‘ldik. U tez-tez xat yozib turardi. Biz kun sanab, uning uyga qaytishini kutib yurgan kunlarimizning birida Elomondan yana xat oldik. Unda «dada, shartnoma bo‘yicha xizmatni davom ettirmoqchiman. Qarorim qat’iy. Meni duo qiling» degan jumlalar bor edi. Men ham bu qarorini quvvatladim... Oradan ikki yil o‘tib o‘sha mash’um voqea sodir bo‘ldi. O‘shanda 2000 yilning avgust oyi edi. Tug‘ilgan kuniga bir oy qolgandi. Safdoshlari o‘g‘limning qahramonlarcha halok bo‘lganini aytishdi. Elomonjon o‘z ismiga munosib el omonligi, tinchligi yo‘lida jonini qurbon qildi. Oradan qancha vaqt o‘tdi. Vaqtni har narsaga davo deydilar. Balki shundaydir. Lekin u ko‘ngildagi farzand dog‘ini yuvolmas ekan. Oilamizda biror kun yo‘qki, Elomonjonning nomi, yodi tilga olinmagan bo‘lsa. Menga bir narsa taskin beradi: farzandimiz tarbiyamizni oqladi, qisqa umr ko‘rsa-da, ortidan yaxshi nom qoldirib ketdi...

Xolmurod aka bir nuqtaga tikilgancha jim qoldi. Uning xayolidan shu topda nimalar kechayotganini mungli qiyofasidan, titrayotgan lablaridan ham bilish mumkin. Ha, farzandidan judo bo‘lish ota-ona uchun qanchalik og‘ir. Bu dog‘ yillar o‘tsa-da qalbni o‘rtayveradi. Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Bunday vaziyatda tasalli berishga so‘z topolmaysan, kishi. Stol ustidagi suratni qo‘limga olib, unda aks etgan harbiy kiyimdagi xushsurat yigit qiyofasiga tikildim...

 

USHALMAGAN ORZULAR

— Elomonjonning to‘ylariga deb sarpolar yiqqandim, — deydi Yanglish opa. U gapirayapti-yu, ko‘zlaridan duvillab yosh to‘kilayapti. — Oxirgi marta xizmat ta’tiliga kelganda unga «Elomonjon, bo‘ldi endi, seni ham uylantiraylik. Qara, o‘rtoqlaring uylanib, bola-chaqali bo‘ldi», desam, u kulib meni quchdi-da: «Ona, hali uylanishga ulguraman. Men oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirmoqchiman. Keyin orqa tomonimizdagi uyni sotib olamiz, keyin bu yonimizdagi uyni sotib olamiz. Keyin uylanaman. Mana shu uylarda uch aka-uka yonma-yon yashaymiz», degandi. Bu uning orzusi edi. Elomon opa-ukalariga, singlisiga, qarindosh-urug‘larga, do‘stlariga juda mehribon edi. Xizmat ta’tiliga kelsa, uydagilar bilan hol-ahvol so‘rashib bo‘lib, darrov qarindosh-urug‘larimiznikiga yo‘l olardi. Shu bilan yarim tunda qaytib kelardi. Bir gal «Elomonjon, sen bizni ko‘rishga kelganmisan, yo boshqalarnimi?» dedim jahlim chiqib. Onaman-da, farzandimning ko‘proq yonimda bo‘lishini, u bilan ko‘proq suhbatlashishni, diydoriga to‘yishni istardim. U esa «Ona, men hammani sog‘inganman. Qishloqda kam bo‘laman. Shuning uchun ta’til vaqtida tanish-bilishlardan xabar olib qo‘yay, deyman-da. Yana ular meni oqibatsiz bo‘lib ketibdi, deyishmasin», degandi. O‘shanda xijolat bo‘lib qolganman. Oxirgi marta kelganida dadasiga «men xizmat safariga ketayapman. Sizlar bilan xabarlasholmasligim mumkin», degan ekan. Shundan keyingi voqealarni eslagim kelmaydi... Uning xatlarini yaqingacha saqlab yurdim. Uni har doim sog‘inaman. U bilan to‘yib-to‘yib suhbatlashgim keladi. Uning hech qachon ko‘z o‘ngimdan ketmaydigan porloq ko‘zlarini, qop-qora sochlarini, o‘sha mudhish kunda yanada ko‘rkam tortgan jonsiz vujudini, hatto o‘lim ham husn bo‘lib tushgan chehrasini yodga olganimda ko‘ksim, dimog‘im jizillab achishadi. Vujudim cheksiz iztirobdan o‘rtanadi, tomog‘imni achchiq alam va dushmanlarga hadsiz qahr kuydiradi... Oradan o‘n yetti yil o‘tdi. O‘n yetti yil ichida bu bag‘rikeng dunyoga kimlar kelib, kimlar ketmadi. Lekin qalbimni birgina armon o‘rtaydi. Elomonimning so‘nggi so‘zlarini eshita olmadim... 

 

AKA IZIDAN 

...2000 yilning yozi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Yusuf Otajonovga «Akang og‘ir ahvolda gospitalga tushibdi. Tez yetib borishing kerak» degan xabar yetkazildi. Qo‘rquv va tahlikada uyga yetib kelgan Yusuf butunlay boshqa holning guvohi bo‘ladi: suyanchig‘i, doim u bilan faxrlanib yuradigan mehribon akasi hayotdan ko‘z yumibdi! Uni so‘nggi manzilga kuzatish uchun hovliyu ko‘chaga tumonat odam yig‘ilgan. Ukaning faryodi olamni tutdi... Unga o‘ziga kelib olish uchun muhlat berishdi. Lekin akasining ma’rakasini o‘tkazgan uka ertasigayoq yo‘l tadorigini ko‘ra boshladi. Savol nazari bilan tikilgan ota-onasiga: «Men muddatli harbiy xizmatni davom ettiraman. Keyin esa oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiraman» dedi-yu, yo‘lga otlandi. Ha, u akasini yaxshi ko‘rardi. Akasining orzusi oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish ekanini bilardi. Bu istak o‘zida ham bor edi. Akasining o‘limi qalbidagi mana shu istakni qat’iy maqsadga aylantirdi. U muddatli harbiy xizmatni tamomlagandan so‘ng Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga o‘qishga kiradi. 

— Akam men uchun bebaho inson edi va shunday bo‘lib qoladi, — deydi mayor Yusuf Otajonov. — Akamda yigit kishi o‘rganishi kerak bo‘lgan jihatlar, fazilatlar ko‘p edi. U haqda qishloqdoshlarimiz ham, maktabdagi ustozlarimiz ham faqat yaxshi gap aytardi. Akamning nomi, yodi doim qalbimizda. Men mana shunday jasur insonning ukasi ekanimdan faxrlanaman...

 

XOTIRA — MUQADDAS

Serjant Elomon Otajonov Sharof Rashidov nomidagi 2-umumta’lim maktabida tahsil olgan. Bugun ushbu ta’lim maskanida uning xotirasiga bag‘ishlab burchak tashkil qilingan. Unda qahramonning suratlari, unga tegishli buyumlar o‘rin olgan. Shuningdek, maktabda Elomon Otajonov xotirasiga bag‘ishlangan sport musobaqalari, turnirlar tez-tez o‘tkazib turiladi. O‘qituvchilar o‘quvchilarga uning mardligini, jasoratini o‘rnak qilib ko‘rsatishadi, uningdek yurtni sevishga, Vatan tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrashga undashadi.

— O‘g‘limning nomini abadiylashtirish maqsadida maktabda xotira burchagi tashkil etilganida juda xursand bo‘lganman, — deydi Xolmurod aka. — Yurtga qilingan xizmat hech qachon izsiz ketmas ekan. Elomonjonning xizmatdosh do‘stlari tez-tez kelib turadi. Ular har kelganda, albatta, maktabda tashkil etilgan xotira burchagini ziyorat qilib ketishadi. Maktabda o‘g‘limning xotirasiga bag‘ishlab sport musobaqalari o‘tkazilayotgani haqida eshitayapman. Qishlog‘imizda kelajagini harbiy soha bilan bog‘layotgan yoshlar soni ko‘paymoqda. Bu ham meni quvontiradi. Chunki o‘g‘limning hayot yo‘li yoshlarga ibrat bo‘layotganini dildan his qilaman.

Yaxshi insonlar xotirasi hech qachon yoddan ko‘tarilmaydi. Ayniqsa, yurt tinchligi uchun hayotini baxshida etgan mardlar nomi abadiydir. 

Gulnora HOJIMURODOVA,

Kapitan

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.