Vatan mehri, she’r sehri

Istiqlol davrida shakllangan shoirlar haqida so‘z ketganda, Iqbol Mirzo nomi, albatta, birinchilar qatori tilga olinadi. Bu holatga uning hali qirq yoshni qoralamasdanoq O‘zbekiston Xalq shoiri unvoniga sazovor bo‘lgani, yoxud ancha yillardan beri ko‘zga namoyon davlat va jamoat arbobi sifatida tanilgani, she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar mashhur xonanda va hofizlar tomonidan paydar-pay ijro etilayotgani emas, balki bunga sabab – ajoyib hayotiy, sodda, xalqchil, yurakda yangi iliq hislar uyg‘otadigan dilbar she’rlari, deb o‘ylayman.

 

Bu fazilatlar, avvalo, shoirning ijodiy shaxsiga, dunyoqarashi va e’tiqodi butunligiga bog‘liq. Adabiyotimiz bisotida texnik jihatdan puxta, mazmun-ma’nosi ham joyida, o‘qilishi ravon, dolzarb mavzularda yozgan she’rlar ham borki, o‘quvchi qanchalik urinmasin, uni ko‘ngil mulkiga aylantirolmaydi. Bu – tabiiy. Negaki, kishining o‘zi amal qilmagan ishga boshqalarni da’vat etishi, bilmagan narsasini boshqalarga o‘rgatmoqchi bo‘lishi, sevmasdan muhabbat izhor etishi ta’sirsiz va befoyda bo‘lgani kabi ko‘ngildan chiqmagan she’r ham ko‘ngil mulkiga aylanishi qiyin. Shunday shoirlar borki, hasad va riyoning tirik timsoli bo‘laturib, nasihatnamo she’rlari bilan matbuot va kitoblarning sahifalarini to‘ldiradilar; fahsh va fosiqlikda shaytonga dars berib, o‘z nafsoniy istaklarini “ishqnoma”lari ifoda etishga ishqivoz nazmbozlarimiz ham har zamonda ko‘zga tashlanib, dilni g‘ashlantirib turadi; o‘z amali yo mavqeidan foydalanib, yollanma tanqidchilaru tilyog‘lama maddohlari bilan ijodini ommalashtirishdan charchamaydigan ayrim “ulug‘”lar adabiyot maydonida topmagan obro‘larini rasmiy minbarlardan qidirish bilan ovoralar... Iste’dodsiz shuhratparastlarning turi bundan-da ko‘p bo‘lsa hamki, ularning umumiy fojiasi bor: bundaylarning biror satr she’rini xalq bilmaydi... Iqbol Mirzoning ko‘p satrlari, ibratli iboralari (“Seni bugun ko‘rmasam, bo‘lmas”, “Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?!”, “Ko‘ngil” degan so‘zga qofiya “singil”, “Seni qanday sevishimni bilsang edi”) xalq orasida tarqalib, maqol yo tamsil sifatida keng qo‘llanilishi bu shoirning naqadar xalqchil bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Iqbol Mirzo – qo‘shiqchi shoir. Uning she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar har kuni to‘y va hashamlar, turli tadbir va tantanalar, radio va televidenie orqali deyarli har soatda yangrab turadi, desak, mubolag‘a bo‘lmas. Kezi kelganda, shuni aytish kerakki, ba’zida qo‘shiqchi shoir iborasini “yallachi e’jodkor” ma’nosida noto‘g‘ri tushunib, she’rlari qo‘shiqqa aylangan yaxshi shoirlarga ham “ikkinchi darajali rutba”sini munosib ko‘rishadi. Holbuki, she’rlari musiqaga esh bo‘lgan, xush navo va xush ovozga munosib, ruhiyatning ozig‘iga aylanishga qodir mavzun kalom yarata olish – chinakam ijodkorning baxti. Bebaho milliy musiqa merosimizga nazar tashlasak, eng buyuk qo‘shiqchi shoirlarimiz hazrat Navoiy, Mirzo Bobur, Boborahim Mashrab, Fuzuliy, Maxtumquli...lar ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Qo‘shiq jamiyatning barcha qatlamlari – yoshu qari, olimu omi, shoiru shofir, oshiqu orif... barcha-barcha uchun nondek aziz, ma’naviy yo‘ldosh, ruhiy madaddir. Inson o‘z quvonchu qayg‘usi, hasrat va iztiroblari, orzu va armonlari, e’tiqod va muhabbatini qo‘shiqlardan izlaydi, o‘z holati va kayfiyatiga munosib qo‘shiq topilganda esa, bu topildiqdan hosil bo‘ladigan ruhiy sururni boshqa hech narsa bilan almashtirmaydi. Qo‘shiqning ajoyib bir xususiyati borki, u yolg‘izlikda yoki ikki-uch kishi orasida tug‘ilib, millionlarning tuyg‘usini birlashtiradi. Adabiyot yoki musiqaning boshqa janrlari kitobxonga yoki tinglovchiga yetib borguncha, qo‘shiq butun mamlakatni aylanib chiqqan bo‘ladi. Shu uchun bo‘lsa kerak, inson eng muqaddas tuyg‘usini qo‘shiqqa solgisi keladi. Shu uchun bo‘lsa kerak, inson alla ohangida ulg‘ayadi, visol va hijronini yor-yorlaru o‘lanlar orqali izhor etadi, boqiy dunyoga ketganda ham marsiyalar bilan kuzatiladi...

Iqbol Mirzoning qo‘shiqqa aylangan she’rlarining salmoqli qismida nafis insoniy tuyg‘ular yangroq fuqarolik ruhi bilan ajoyib tarzda omuxtalashgan. Ayniqsa, shoirga shuhrat keltirgan, mustaqil Vatanimiz haqida yaratilgan eng ajoyib qo‘shiqlardan biri sifatida e’tirof etilgan “Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun” she’rining dastlabki satrlaridayoq Vatan va vatandoshlarga bo‘lgan muhabbat va samimiyat jasorat va iftixor bilan birgalashib, o‘quvchi qalbida ham pokiza tuyg‘ularni junbushga keltiradi, yangi marralarni fath etishga yo‘naltiradi:

Boshing egib, ta’zim ayla, 

     shukrona ayt,

Seni guldek erkalagan 

chaman uchun. 

Osmonlarda yurgan bo‘lsang, 

tuproqqa qayt,

Aytgil, do‘stim, nima qildik       

Vatan uchun?!

Mustaqillikni mas’uliyat emas, imtiyoz o‘laroq qabul qilgan, o‘z xalqining ushbu muqaddas va og‘ir yo‘lda butun aql-idroki, kuch-g‘ayrati bilan maqsadga intilayotganini nazar-pisand qilmaydiganlar, og‘ir mehnat orqali erishilayotgan erkin va farovon hayot, ne-ne azoblar bilan saqlab kelinayotgan tinchlik va barqarorlik samaralaridan foydalana turib, o‘zgalar nog‘orasiga o‘ynaydiganlar, hamma narsaga oson va mehnatsiz erishish istagida yashaydigan ma’naviy qashshoq yalqov va xudbinlar, havoyi istaklari amalga oshmaganidan barchani yoppasiga rad etishga odatlangan nigilistlar hamma davru zamonda topiladi. Bundaylarning faoliyatsizlikka asoslangan faoliyati, olijanoblik niqobi ostidagi oliftagarchiligi, hurfikrlilik bahonasidagi begonaparastliklariga o‘zbeklarga xos bag‘rikenglik bilan javob qaytararkan, shoir “do‘stim” so‘zini qo‘llaydi. Bu ham shunchaki kinoya yo kesatiq emas. Boshqacha fikrlaydigan, voqelikni biz xohlagancha emas, balki o‘z tabiati va dunyoqarashiga mos qabul qilishga haqli bir toifa borki, qanchalik aybu qusurlari borligidan qat’i nazar, ular ham bizning vatandoshlarimiz, shu tuproqning farzandlari. Odamlarni oq-qora yo yaxshi-yomonga ajratmagan holda oqni-oq, qorani-qora deya olish, birovning shaxsiyati va hamiyatiga tegmasdan, ko‘ngillarga haqiqat ko‘zgusini tuta bilish, jaholat, ayirmachilik, qo‘rquv va nohaqliklardan asrab ma’rifat, adolat, haqiqatning munavvar sarmanzillariga hidoyat etish ziyolining birlamchi vazifalaridan hisoblanadi.

Iqbol Mirzo Vatan haqida she’r yozganida fayzli bog‘-rog‘lar, shonli o‘tmish, purviqor binolar, buyuk ajdodlar...ni qatorlashtirib, she’r tizishdan saqlanadigan shoirlardan. Uning uchun saraton payti boshiga oq durra tang‘ib, ketmoni bilan qaqroq cho‘lni chamanga aylantirgan dehqonlar, qish chillasidagi izg‘irinlarga parvo qilmasdan, el chorvasini boqib yurgan cho‘pon-cho‘liqlar, duogo‘y onalar kabi qo‘llari osmonga qadar ko‘tarilgan kuzak paytidagi sarvu sanavbarlar, yozning chillasida begona ko‘zdan hayo qilib ko‘ylak bilan cho‘miladigan qishloqi qizlar, sevgisini arzon so‘zlarga alishtirmaydigan, bir umr muhabbatini yuragining tub-tubida yashirishni nomus mezoni deb bilgan mard yigitlar – Vatanning timsoli. Iqbol Mirzo sevgan va kuylagan, sizu bizning Vatanimizning timsoli. Sodda, mard, chapani, andishali, bag‘rikeng xalq haqida ana shunday sodda, samimiy, ohanjamalikdan xoli so‘zlar bilan she’r bitish yarashiqli:

O‘zbekiston, onajonim, yolg‘izim,

Bobolarim kaftidagi yulduzim,

Jannatlardan suvlar 

   ichgan ildizim,

Jannat makonim mening,

        O‘zbekiston,

Jon ichra jonim mening,

        O‘zbekiston!

She’rga ta’rif berilarkan, unga uchta narsani asos qilib ko‘rsatishadi: ohang, qofiya va taxayyul. Iqbol Mirzoning she’rlarida ushbu uchta asosga qo‘shimcha tarzda ishq va muhabbat to‘rtinchi javhariy unsur sifatida qatnashgan. Shoir qaysi mavzuda qalam tebratmasin, ko‘nglidagi muhabbat kimyosi so‘ziga taft berib turadi, unga sirli joziba baxsh etadi. Iqbolning sevgi bobida yozgan she’rlari kitobiy (muhabbat mavzusidagi asarlarning o‘qishidan yasalgan she’rlar), xitobiy (soxta oh-vohlardan iborat uydirmalar), xayoliy (o‘zi yashamagan, ko‘nglida kechmagan ishqi ilohiy vasfidagi urinishlar), havoyi (erkak yo ayol yozganini farqlab bo‘lmaydigan diydiyolar) “sevginoma”lardan keskin farq qiladi. Iqbol Mirzo o‘zi yashagan, o‘spirinlik davridagi ilk tuyg‘ular, askarlikka ketgani sabab erta uzatilgan qallig‘idan hijronda qolishlar, paxta terimi paytida zarurat tufayli vujudga kelgan yaqinlik sharofati bilan tug‘ilgan kechmishlar, g‘urur va andisha sabab tilga ko‘chmasdan, ko‘ngillarda ko‘milgan sevgi haqida yozadi. Uning talqinidagi ishq ahli junun vodiysiga mubtalo, husn sharobidan sarmast, tuproqdek beozor, maysadan-da xokisor, suvdek sokin, sharobdek jo‘shqin, bag‘ri yarim zotlar. Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganlaridek, oshiqlar yo‘li millat va mazhabni pisand etmas:

Oshiq ahli yo telba, yo mast kelgan,

Suvdan sokin, maysadan ham past kelgan,

Men bilganlar bari dilshikast kelgan,

Ko‘ngil so‘rab ko‘rmaganman sog‘lardan.

Iqbol Mirzo she’riyati – hayotiy, erksevar, samimiy she’riyat. Bu she’rlarni o‘qiganingizda beixtiyor rizo va shukronalik, qanoat va matonat, sobirlik va sobitlik haqida o‘ylay boshlaysiz, qalbingiz nekbin tuyg‘ulardan ravshanlashadi. Bu she’rlarning hammasini ham maromiga yetgan, har tomonlama mukammal, degan da’vodan yiroqmiz. Iqbol Mirzoning asosiy fazilati – yildan-yilga, she’rdan she’rga o‘sish, yuksalishga intilish bor. Ana shu intilish va izlanishlar bardavom va xayrli bo‘lishini chin ko‘ngildan tilab qolamiz.

 

Olimjon DAVLATOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.