Azaliy rasm-rusumlarda hikmat bor

Har bir xalqning asrlar davomida to‘plagan hayotiy tajribalari bor, ular turli vositalar bilan kelajak avlodga meros qilib qoldiriladi. Urf-odat, an’ana va udumlar bizga ota-bobolardan qolgan ana shunday ma’naviy merosdir. Bunday tushunchalar yillar mobaynida ajdodlarimizning dunyoqarashi, hayotining negizi sifatida vujudga kelib, ongu shuuridan chuqur joy olgan qadriyatlardir. Ularni qanchalik asray olyapmiz yoki ularga qay darajada amal qilyapmiz, buni bugungi hayotimiz aks ettirib turibdi.

 

Hozirgidek shiddatli va tezkor, madaniyatlar umumlashuviga urinishlar bo‘layotgan bir davrda azaliy qadriyatlarimizga qayta-qayta murojaat qilishga ehtiyoj seziladi. “Umrboqiy udumlar” deb nomlangan yangi ruknni tashkil etishdan maqsad ham shu – o‘z-o‘zimizga ko‘zgu tutib, hayotimizning shakl-shamoyilidagi o‘zgarishlarni anglab borishdan iborat.

Ilk maqolani oila quvonchi bo‘lgan bola tug‘ilishi bilan o‘tkaziladigan urf-odatlarga bag‘ishladik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, qadimiy udumlarimizning har biri muayyan maqsadga qaratilgan. 

– Oila va oilaviy marosimlar etnosga oid madaniy va maishiy an’analar uzatuvchisi hamda davomchisidir. Tug‘ilish, nikoh va o‘lim bilan bog‘liq rasm-rusumlar nainki tafakkurga yo‘naltirilgan, balki hissiyot va ruh bilan bog‘liq muhim bosqichlardan iborat, – deydi tarix fanlari doktori, professor Adham Ashirov. – Ayniqsa, chaqaloq tug‘ilishi va tarbiyasi bilan bog‘liq marosimlarning barchasida bola hayotini saqlash asosiy maqsad hisoblangan. Avvallari O‘rta Osiyo xalqlarida bolalar o‘limi ko‘p bo‘lganini inobatga olsak, bu maqsadni teranroq tushunamiz. Xorazmda bolasi turmagan ayollar farzandli bo‘lganida chaqaloq kindigi xonadon ostonasiga qo‘yilib kesilgan. Odatda, bunday holatda tug‘ilgan chaqaloqlarga Ostonaqul deb ism qo‘yilgan (bu odat qozoq va tojik xalqlarida ham uchraydi). Farg‘ona vodiysi va respublikamizning boshqa bir qator hududlarida chaqaloq kindigini kesgan doya momolar uni birorta ohorli matoga o‘rab, beshikning oyoq tarafi qasqoniga bog‘lab qo‘yganlar. Bunda chaqaloq unib o‘ssin, bevaqt nobud bo‘lmasin, degan niyat mujassamlashgan. Qolaversa, bolaning kindigi beshikka osib qo‘yilganda, bola o‘z jismidan ajralgan bo‘lakni izlab yig‘lamas ekan. Bundan chaqaloq kindigining o‘ziga xos himoya vositasi vazifasini bajarganini ko‘rish mumkin. Chunki chilla davrida kindik yo‘qolib qolsa, bola turli xastaliklarga chalinadi, degan qo‘rquv bo‘lgan. Bu tasavvurlar tasodifiy emas, balki qadimgi turkiylarning Umay ona (homilador ayol va bolani asraydigan xayrixoh ruh) to‘g‘risidagi umumiy qarashlari asosida shakllangan. Qadimda turkiylarda Umay ona ramzlariga oshiq, kamon va o‘q, bronza tugma, urchuq kabi ashyolar bilan birga kindik ham taalluqli bo‘lgan. Xalq tasavvurida chaqaloq bilan uning onasini ins-jinslar ta’siridan eson-omon saqlash ularning chilla davri tartib-qoidalariga qanchalik rioya qilishlariga bog‘liq bo‘lgan. Chaqaloq organizmining nozikligi va kasalga chalinuvchanligi tufayli tashqi olamdan shu tarzda himoyalangan...

Darvoqe, ona-bolani asrash borasidagi udumlar bugun ko‘pchilik uchun keraksiz, hatto eskilik sarqiti bo‘lib tuyulayotir. Ammo borliqning bir butunligi, inson hayotining tabiat bilan uyg‘unligi va odamning ruhiy olamiga chambarchas bog‘liqligi ko‘plab manbalarda aks etgani bejiz emas-ku! Afsuski, bularni anglashdan ko‘ra, kundan-kun ko‘payib borayotgan yangicha urflarga vaqt sarflash, amal qilish ma’qul ko‘rilmoqda.

– Yaqinda bir qo‘shnimizning kelini farzandli bo‘ldi, – deydi Yunusobod tumani “Qorasaroy” mahallasida yashovchi Zahro opa Zikrillaeva. – Chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqiladigan kun rosmana kichikroq bir to‘ydek tayyorgarlik ko‘rildi. Ko‘p qavatli uy ostonasidan boshlab, o‘z xonadonlarigacha gullaru sharlar bilan bezatishdi (buning uchun shu ish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar chaqirildi). Bir tomonda chaqaloqning otasi turmush o‘rtog‘ining sochini turmaklatish uchun go‘zallik saloniga yugurgan, bir tomonda qaynona, qaynisingillar yasanib, moshinlarni bezatib, videochiyu suratkashlar bilan tug‘ruqxonaga yo‘l olgan, uyda qolgan qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni esa dasturxon tuzatib, ularni kutish bilan band. Xuddi kelin-kuyovni kutib olgandek, chaqaloq ham musiqa sadolari ostida kutib olindi. Turli-tuman o‘tirib-turishlar bilan suratga tushishning o‘ziga naq bir soat vaqt ketdi. Xuddi oddiy holdek, qo‘ldan-qo‘lga o‘tayotgan chaqaloqning big‘illab yig‘lashiga birov e’tibor ham bermaydi.

Shunisi yomonki, kuchi yetgan ham, yetmagan ham shuni rasm qilib olyapti...

Zahro opa aytgan keraksiz urflar bugun ko‘pchilikka tanish. Ezgu niyatlar singdirilgan momomeros qadriyatlarni esa hozirgi boboyu buvilar ham eslayotgani yo‘q. Ko‘p xonadonlarda hatto beshigu u bilan bog‘liq marosimlar unutilganiga ancha bo‘ldi. Azaliy udumlarda aniq maqsad ko‘zlangani yuqorida aytildi. Xo‘sh, yangi urflardan maqsad nima, degan haqli savol tug‘iladi va “Yoshlar shuni xohlashyapti”, degan gapdan boshqa tayinli javob chiqmaydi. Balki kattalar – ota-ona, boboyu buvi qadimiy rasm-rusumlarning bejiz o‘tkazilmasligini yoshlarga yetarlicha tushuntirib berisholmayotgandir?

– Chaqaloqning beshikka belanishi, qorin sochini olish rasm-rusumlari, “chillaguzaron”, aqiqa, beshik to‘yi udumlari bizda har xil ko‘rinishda qisman saqlanib qolgan, – deydi Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “Qayirma” mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Maktuba Abdulazizova. – Bu udumlar kerak, ammo ancha yil avval kishini tashvishga soladigan boshqa bir odat paydo bo‘ldiki, buni el orasida yurib, targ‘ibot qilib ham o‘zgartirib bo‘lmayapti. Farzand ko‘rgan kelinchakning onasi chaqaloq bilan qizini o‘z uyiga olib ketib, chillasi chiqquncha parvarish qiladi. Yosh ona kuchga to‘lgandan so‘ng kelinlik uyiga jo‘natiladi. Ko‘p oilalarda ona-bolaning salomatligiga e’tibor berilmayotgani, chillasi ichida sog‘lom asralmayotgani va oqibatda har ikkisi ham og‘rib qolib, oilada notinchlik paydo bo‘lgani bois, onalar shunday yo‘l tutishga majbur bo‘ldi, natijada bu odat tusiga kirib qoldi. O‘z so‘zi va o‘rniga ega keksalari bor xonadonlarda bunga yo‘l qo‘yishmaydi. “Bolam sevsin desang, bolasini sev, bu go‘dakning o‘ziyam, tashvishiyam seniki, o‘g‘lingning ortidan keldimi, o‘zing qara”, deb uyaltiradigan katta buvilar ham bor. Lekin bunday xonadonlar, afsuski, ko‘p emas. Chaqaloq bilan onasini tug‘ruqxonadan olib chiqish uchun millionlab pul sarflanadi, moshinlar bezatilib, videochiyu suratchilar, o‘ziga to‘q oilalarda hatto karnay-surnay qilinadi. Shunga ketgan sarf-xarajat ona-bolaning sog‘ligi, parvarishi uchun sarflansa-ku, kelin tomonning ota-onasiga biroz yengillik bo‘lardi. 

Keksalarning gapiga qaraganda, avvalgi udumlardan hech kim og‘rinmagan, chunki cho‘ntakkayam, sog‘liqqayam zarar keltirmagan, ularning aksariyati samimiy, ezgu niyatlarga yo‘g‘rilgan-da. Bugun yangi-yangi urflarni yaratyapmizu ortida na mantiq, na yengillik borligini anglamayapmiz. Ko‘zguga qarasakkina o‘zimizdagi o‘zgarishni ko‘ramiz, qaramasak, hammasi joyida, deb yuraveramiz. Muqaddas kitoblarda “Mo‘min – mo‘minning oynasi” deyiladi. Bir-birimizga ko‘zgu tutib, yuzimizga beyarashiq bo‘lib turgan ortiqcha pardozdan shu tarzda voz kechish kerakmikan?! Har holda, xalqimiz dahosi bilan yaratilib, avloddan-avlodga o‘tib kelgan rasm-rusumlarning mezonini buzmasdan amal qilsak, foydadan xoli bo‘lmasdi.

Xolida FAYZIYEVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.