MA’NAVIYATIMIZ UCHUN ENG KERAKLISI...

Til – millatning  ruhi, hech kimga o‘xshamagan o‘zligi va ma’naviy mulki. Dunyoda shunday tillar ham borki, allaqachon tarixga aylangan. Xususan, lotin, sanskrit tillaridan faqat yozma yodgorliklar qolgan. Bizning ona tilimiz esa ming yillar qa’ridan yetib kelib, bugun ham bizga xizmat qilmoqda. Uning juda boy va go‘zalligi haqida istagancha gapirish mumkin. Zero, bu tilda ifodalab bo‘lmaydigan fikr yoki tuyg‘uning o‘zi yo‘q.

 

Ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan so‘z javohirlarini asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazish bizdan. Til va adabiyotga g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir paytda nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish, maktablarda adabiyot fanini o‘qitishning ahvolini yaxshilash va yozma, og‘zaki nutqimizdagi juz’iy kamchiliklarni tuzatish har birimizning burchimizdir. 

 Bundan qariyb olti yuz yil ilgari Alisher Navoiy bobomiz o‘zining “Muhokamatul lug‘atayn” (Ikki til muhokamasi) asarida o‘zbek tili boshqa tillardan qolishmaydigan kuch-qudratga ega ekani, unda barcha turkiy xalqlar sharros o‘qib tushunadigan asarlar yaratish mumkinligini isbotlab bergan. Millatimiz tarkibidagi to‘qson ikki urug‘ va qabilalar shu tilda o‘z fikri va tuyg‘ularini ifodalab kelgan. Bir necha ming yillik tarixga ega tilimizga, afsuski, keyingi paytlarda ancha “zaxa” yetkazyapmiz. O‘zbek tilining rivoji, boyligi va ulug‘ligi haqida gapirish millatchilik sanaladigan davrlar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, hali ham uzoq vaqt davom etgan qaramlikdan qutulolmayapmiz. Bu hadik jonkuyar ajdodlarimiz tuzib bergan lug‘atlarni o‘qib-o‘rganish, tilimizning imkoniyatlari, boyligi va ulug‘ligi haqida gapirishga to‘sqinlik qilayotgandek. Lekin bugun milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash zamoni keldi. Nafaqat o‘zbek, balki barcha turkiy xalqlarning ham ma’naviyati, tili va adabiyotining gavhari hisoblangan “Boburnoma”ni olaylik, undagi so‘zlar, ismlar, atamalar faqat tariximizni o‘rganish emas, unutilib ketgan so‘zlarni lug‘atlarimizga dalil kirish uchun ham kerak. Xalqimizni jahon madaniyatiga sherik qilib qo‘yadigan mana shu til bilan hozirgi vaqtda na muomala, na suhbat, na oilada – hech kim gaplashmaydi. Ahyon-ahyonda ishlatiladigan adabiy-tarixiy kalomlarimiz ham asta-sekin “o‘lik” so‘zlar qatoriga o‘tib, tilimizdan butkul chiqib ketyapti. Masalan, o‘zbek tilining izohli lug‘atlarida tiynat degan so‘z bor. Bu insonning xarakter, xulq, tabiat va fe’lini ifodalaydigan serma’no kalom. Hozir bu so‘z kam istifoda etiladi. Ehtimol, til uchun bu hodisa tabiiy jarayon hisoblanar. Lekin nega kundan-kunga tilimizning o‘ziga xos boyligi va fazilatlaridan uzoqlashib boryapmiz? Nima uchun qonun-qoidalari buzilyapti? Tilga e’tiborimiz susaygan yoki undan zavqlanmay qo‘yganmiz, savod masalasidagi ayrim xatoliklarni “tabiiy” qabul qilyapmiz. Buning sababini ko‘pchilik “kimga tobe bo‘lsak, o‘shaning til qoidalarini olaverganmiz” qabilida izohlamoqchi bo‘ladi. Lekin yaqin kunlargacha xalqimiz o‘zbek tilining sanoqsiz qadimiy lug‘atlaridan foydalanib, Bedilu Sa’diylarga murojaat qilgan. Fuzuliylarni sharh qila olgan. Biz-chi, ayni paytda tilimizga yaqin qozoq, turkman qardoshlarimiz bilan bemalol gaplasha olamizmi? Umuman, lisonimizdagi so‘zlar miqdorini hech hisoblab chiqqanmizmi? Bu atrofdagilar bilan muloqot-munosabatga kirishish bilan birga, tasavvur olamimizni boyitish uchun yetarlimi?! O‘z tilimiz zamirida yotgan tarix bilan qiziqmasak, dunyo bilan qanday qilib bo‘ylasha olamiz? 

Ba’zan o‘ylab qolaman: maktabda ona tilimiz o‘qitilsa, aksariyat oliy o‘quv yurtlarimizda shu fandan imtihon topshirilsa, nega unda savodxonlik ko‘ngildagidek emas? To‘g‘ri, hamma birdek adabiyot sohasini tanlamas. Lekin o‘qish, hisobni bilishdan tashqari, inson o‘z tilida fikrini bemalol ifodalay olishi kerak-ku! Nahotki, farzandlarimiz shuncha yil davomida o‘zlashtirgan bilimlar o‘rni kelganda, ikki og‘iz mustaqil fikrini yozish yoki ifodalash uchun kamlik qilsa? Unda shahodatnoma, bakalavrlik yoki magistrlik diplomlari nega berilmoqda?! 

Televidenie har kuni millionlab aholini o‘ziga qaratishi sir emas. Efirda namoyish etilayotgan har bir ko‘rsatuv, lavha, yangilik va axborot sof adabiy tilda bo‘lishi kerak. Afsuski, televidenie ko‘pincha xalq bilan bu tilda gaplashmayapti. Misol uchun, hozir ayrim teleboshlovchilar “xayr demaymiz, ko‘rishguncha yoki uchrashguncha”, degan so‘zlarni ishlatadi. Axir, xayr tilimizdagi eng xayrli so‘zlardan biri bo‘lib, bu odamlarga ezgulik, yaxshilik, eson-omonlik va baxt-saodatni tilash, degan ma’noni anglatadi. Matbuot va televidenie muxbirlari, imom-xatiblarimiz suhbatlarida ajralish so‘zi o‘rnida, ajrim so‘zini ishlatishyapti. Ajralish bu – er-xotinni qo‘ydi-chiqdisi, judolikni bildirsa, ajrim biror bir muammoni yechish, hal etishni bildiradi. Yoki “Mahalla” teleradiokanalida bir boshlovchining nutqini eshitsangiz, respublikamizning barcha viloyatlariga xos shevalarni eshitib hayron qolasiz. Televidenie ona tilining qoidalari, nutq madaniyati, adabiy til normalari masalasida nega hamon ma’suliyatsizlikka yo‘l qo‘ymoqda? Bizga o‘zbek tilining imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanishga nima xalaqit beryapti? Farzandlarimiz telekanallar namoyish etayotgan arzongarov filmlar, maza-bemaza seriallar va har xil «shou»lar “tili”da so‘zlashmoqda. Bemaza qovunning urug‘idek ko‘payib ketayotgan kuy-qo‘shiqlarning mazmuni, she’rlaridagi so‘zlarning ma’nosi va tili haqida-ku, gapirmay qo‘ya qolaylik. Ayniqsa, “Milliy” telekanalidagi shou-biznesni targ‘ib etishga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda ayrim san’atkorlarning uchta so‘zidan bittasi jargon. Boshlovchining suhbatdoshiga beradigan savollarida jo‘n, o‘rinsiz so‘zlar ko‘p. Ba’zilari o‘z tilida bazo‘r gapiradi, lekin “da’vo”si olamni yoray deydi.   

Yana bir mulohaza. Kasbimiz taqozosi bilan ko‘pincha respublika miqyosidagi korxona va tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar hamda anjumanlarda qatnashishga to‘g‘ri keladi. Tadbirda birorta chet ellik bo‘lmasa-da, aksariyat majlislar negadir rus tilida olib boriladi. Taajjub, bu nima o‘zi: oliftagarchilikmi yoki ona tilga hurmatsizlik?

Avar kuychisi Rasul Hamzatovni eslang. O‘z tilida qanday go‘zal asarlar yozganini bilasiz. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ijodiy uchrashuvlarning birida shunday degandi: «...Rasul Hamzatov avar tilida gapirganda, eshitib hayratga tushganman. Qoyil qolib emas, shu tilda ham she’r yozib bo‘ladimi, deb. Ikki avar so‘zlashsa, urishyapti, deb o‘ylaysiz. Tishda yong‘oq chaqqandek qarsillagan, tosh yo‘lda arava yugurgandek taraqlagan ovozni eshitasiz. Lekin avar o‘z tilini sevadi. Ulug‘ shoirlari bu tilda o‘lmas she’rlar yozib qoldirgan...».

Keyingi paytda badiiy asarlarimizning g‘oyaviy-badiiy saviyasi ham tobora pastlashib ketyapti. Ba’zi she’rlarni ko‘rib, bu “shig‘ir”larni nashriyotlar nimasini kitob qilayotgani, qo‘shiqchilar qaysi go‘rdan topayotgani yoki bunga “bastakor”lar qanday muzika yozayotganiga hayron qolasan, kishi... 

... Shu qiz turishidan 

qizlarning boshimi,

Shu qiz bittami deman-e...

Bundaylarga muomalani bilish kerak...

Shu ham she’rmi? 

Bunisi ikki kishining suhbatidan farq qilmaydi:

Husning yuzingni ko‘rki,

Sevmoqlik biram zo‘rki...

Qomatingdan  aylanay,

Sochlaringga boylanay,

Omadimdan aylanay. (bay-bay...).

Mumtoz adabiyotimizda ham, xalq og‘zaki ijodida ham, umuman, zamonaviy she’riyatimizda ham she’r oddiy so‘z, jumla, gap bilan emas, go‘zal tashbehlar, ohorli tuyg‘ular bilan ifodalangan. Hozirgilarida na vazn, na qofiya, na kuy bor. Abdulla Qahhor ijodda o‘ziga ham, boshqalarga ham juda talabchan bo‘lganini yaxshi bilamiz. U kishining adabiy davralarda bildirgan mulohazalari haligacha tildan-tilga ko‘chib yuradi. Ustoz adibning “Nima uchun ko‘cha harakatini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” degan mashhur gaplari to hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. 

Adabiyotimizning oltin sandig‘ini ochsak, o‘tgan shuncha davrda qanday noyob asarlar yaratib qoldirilganini ko‘ramiz. Bir qarashda biz tilga olgan muammolar allaqachonlar hal bo‘lishi kerak edi. Lekin nima uchun tilga e’tibor masalasida hanuz oqsayapmiz? Deylik, har yili davlat nashriyotlari qatorida, xususiy nashriyotlarda ham ko‘plab o‘quv qo‘llanmalaridan tortib, badiiy asarlar ham nashr etiladi. Xo‘sh, ularni sinchkovlik bilan o‘qib, kerak bo‘lsa, har bir so‘z, jumla ustida bahslasha oladigan mualliflar yoki muharrirlar yetarlimi? Zero, hali ham bir guruh “yozarman”lar xom-xatala qo‘lyozmalaridan tashqari, qo‘liga tushgan narsani — u ruhiyatiga mos tushadimi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ikkinchi-uchinchi tarjimadan bo‘lsa-da, tilimizga o‘girib tashlayapti.                   

Hozir qardosh xalqlarni qo‘ya turing, Xorazm shevasida chiqqan asarni Andijon yoki Qarshida tushunilishi qiyin. Chunki shevada yozilgan. Ilgarilari kitobda biror yangi so‘z yoki ibora berilsa, albatta ularning ma’nosi ilova qilinardi. Bugun nashriyotlardagi muharrirlarning o‘z ishiga beparvoligi tufayli uyat sanaladigan laqablardan tortib, hissiz, yalang‘och tuyg‘ulargacha badiiy asarlarga kirib kelyapti. Shahrimizdagi do‘kon va korxonalar peshtaxtalariga yozilgan nomlar, reklama bannerlaridagi imloviy xatolarga ham e’tibor bermay qo‘ydik. Misol uchun, shahrimizdagi yangi savdo do‘konlarining oynavandida “Biz ochildik” degan so‘zlar ko‘rga hassadek qilib yozib qo‘yilgan. Lola, atirgul ochilishi mumkin, lekin biz – ya’ni, odamni ochilishini ko‘rganmisiz? “Do‘kon ochdik” yoki “Do‘kon ochildi” deyilganda, bu boshqa gap edi. Endi yaxna ichimliklar reklamasiga e’tibor bering: «Salqinlikni ta’mini his qiling». Hech zamonda salqinlik ta’mi bo‘ladimi? Bizningcha, gap salqin ichimliklar ta’mi xususida ketyapti. To‘g‘ri, reklama materiallarining har bir harfi mijozdan mablag‘ talab qiladi. Kamso‘zli va serma’no so‘zlardan foydalanish uchun soha mutaxassislariga murojaat qilinsa, bunday tushunarsiz jumlalarga o‘rin qolmasdi.     

 Bir so‘z bilan aytganda, til — bu bugun gapirilib, ertaga unutib yuboriladigan masala emas. Farzandlarimiz bir umr maktabda olgan bilim darajasida qolib ketmasligi kerak. Tilimizni muhofaza qilmasak, diyonatimizni yo‘qotamiz. Tilni juda soddalashtirish yoki murakkablashtirish kerak, degan fikrdan yiroqmiz. Biroq, iste’mol qilayotgan so‘zlarimizning ma’naviy yuki bo‘lishi kerak. U mavsumiy libos emas, ma’naviy qiyofamizni ko‘rsatib turuvchi ko‘zgudir.  Buni unutmaylik...

 

Adiba UMIROVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

CHEVARLIK SINOATI

2017-07-19 08:55:00

BOYSUN MO‘JIZALARI (Ikkinchi maqola)

2017-07-19 09:23:19

Cho‘lpon

2017-07-19 09:03:02

Go‘zal axloq targ‘ibotchisi

2017-07-19 09:16:48

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.