Daxldorlik hissi

Ayni kunda Vatanimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangilanishlardan har birimiz faxru g‘ururga to‘layapmiz. Keng ko‘lamli bu bunyodkorlik, obodlik va farovonliklar albatta, butun xalqimiz, inchunun, har birimizning hayotimizga bevosita daxldor, aloqador desak yanglishmaymiz. Alalxusus, yaqinda mamlakatimiz janubiy darvozasi sanalgan Termizga borib, u yerdagi ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘ngildan shu gaplar kechdi.

 

Keyingi yillarda qurilgan «Surxon» sport majmuasi, Yoshlar markazi, Temir yo‘l bekati, Termiz Davlat universiteti binosi, Arxeologiya muzeyi shaharga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib turibdi. Eng asosiysi, bunday o‘zgarishlar viloyat markazidagina emas, balki barcha tumanlarda ham kuzatilmoqdaki, bularni ko‘rib, bahru dilingiz ochiladi. Shu kunlarda Surxondaryo viloyatida «Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz» shiori ostida o‘tkazilgan festivalda ishtirok etib, bunga yana bir karra amin bo‘ldik.

San’at va ijod ahlining aholi, xususan, yoshlar bilan uchrashuvlari hamisha qizg‘in his-hayajonlar, chiroyli savol-javoblar, diltortar muloqotlar og‘ushida kechishi sir emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu gal ham poytaxtdan Surxon vohasiga kelgan shoir-yozuvchilar, aktyorlar va xonandalarning katta guruhi to‘rt kun davomida aholi, ayniqsa, yoshlar bilan uchrashib, ularga madaniy-ma’rifiy kuch-quvvat va ziyo beribgina qolmay, balki ularning orzu-niyatlari, intilishlari, ijodlariga yaqindan oshno bo‘ldilar. 

Checha nomi bilan elimizda mashhur, O‘zbekiston xalq artisti Aziza Begmatova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Yunusova, «Nihol» mukofoti sovrindori Doston Ubaydullev va kamina ishtirokidagi guruhimiz tog‘li Boysun tumanining «Avlod» qishlog‘ida joylashgan 8-maktabda bo‘ldi. Tadbir munosabati bilan maktab hovlisida tashkil etilgan mo‘’jaz ko‘rgazma barchaning e’tiborini tortmay qo‘ymadi. Ko‘rgazmadan o‘rin olgan erkaklar va ayollarning bejirim boysuncha to‘ldirma va lola do‘ppilari, sehrli kashtayu so‘zanalar, zamonaviy liboslarni ko‘zdan kechirib, bu fayzli qishloq qizlari qadim momolarining tikuvchilik, chevarlik san’atini hali-hamon e’zozlab davom ettirayotganiga imon keltirdik. Ko‘rgazmadan o‘rin olgan o‘quvchilarning ko‘plab faxriy yorliqlari, nufuzli sport musobaqalarida qo‘lga kiritgan medallari, yosh ijodkorlarning ilk kitoblari Vatanimiz chekka bir hududidagi maktab yoshlarining ijod, bilim va sportda markazda yashovchi tengdoshlaridan aslo ortda qolmayotganidan dalolat berardi. 

«Pasurxi» mahallasidagi 5-maktabdagi uchrashuvimiz taassurot va hayajonlarga yanada boy bo‘ldi. Aziza Begmatova chalgan chanqovuzga shu mahallalik qizlarning chanqovuzlari jo‘r bo‘ldi. Yurtdoshlar huzurida Surxonni madh etuvchi ushbu satrlar qalbimdan quyilib keldi:

Bolaligim bog‘lariga yuzim bursam,

Dasht yellari mavjlanadi ko‘zlarimda.

Sog‘inchlarga to‘lib-to‘lib Surxon borsam,

Gul poyandoz to‘shar qirlar izlarimga.

 

Ota-bobom ot surgan qir adirlarim,

Ko‘ksim to‘lib olayapman sizdan havo.

Ona tuproq, Buncha issiq bag‘irlaring,

Yuragimga buncha yaqin, aziz ma’vo.

 

Ajdodlarim darj aylagan o‘chmas dastxat,

Ming yillarni kechayotgan minorlari,

Agar bunda tilga kirsa dovu daraxt,

Ne sirlarni so‘ylar Sayrob chinorlari.

 

Kushoniylar, Chag‘aniyon, ko‘hna Baqtr,

Zaravutda yurdim bobom izlaridan.

Uchirsa-da, olislarga meni taqdir,

Qumqo‘rg‘onni olib ketdim ko‘zlarimda.

 

Ildizlarim tutashgandir ildizingga,

Ko‘ngillarim hurillaydi Surxon desam,

O‘n yetti yil sherik bo‘ldim non tuzingga,

Bu qarzimni uzolmasman o‘lguncha ham.

Mehmon ijodkorlar o‘z chiqishlaridan tashqari maktab o‘quvchilarining she’r va qo‘shiqlarini tinglab, raqslarini tomosha qilib, Surxondaryoning chekka bir mahallasidan o‘nlab yosh iste’dodlar yetishib chiqayotganidan his-hayajonlarini yashirisha olishmadi. 

 Targ‘ibot guruhi a’zolari yoshlar bilan muloqot chog‘ida yurtimizda keyingi 7-8 oy ichida yuz bergan o‘zgarishlarga, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilinayotgan dolzarb hamda muhim farmon va qarorlarga ham alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz jadal taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim dasturilamal hujjat bo‘lgani, unda ifodalangan aniq vazifalar har bir yurtdoshimizning qalbidan chuqur o‘rin olib, odamlarni daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga, Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda faol ishtirok etishga undayotgani borasida so‘z yuritildi. 

O‘zbekiston xalq artisti, bastakor va sozanda Abduhoshim Ismoilov, O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova, “O‘zbekkino” milliy agentligi aktyori Egamberdi Rahimovlar bilan Qumqo‘rg‘on tumanidagi neft va gaz sanoati kasb-hunar kolleji o‘quvchilari muloqoti ham g‘oyatda qiziqarli bo‘ldi. Kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari taniqli xonanda va sozanda ijrosida ajoyib kuy va qo‘shiqlarni tinglab, maroqli hordiq chiqarish bilan birga targ‘ibotchilar guruhining bugungi kunda yurtimizda kechayotgan yangilanishlar borasidagi suhbatlaridan bahramand bo‘lishdi. 

Ayni paytda mamlakatimizda yosh avlodning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, mahallalar va ta’lim muassasalarini badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop hamda tarbiyaviy mazmundagi adabiyotlar bilan ta’minlashni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

— Bugun kollejimiz o‘quvchilari hayotida unutilmas voqea yuz berdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, poytaxtdan taniqli shoirlar, san’atkorlar tashrif buyurib, o‘tkazgan mazkur tadbir ular hayotida chuqur taassurot qoldirdi, — deydi kollej direktori Ergash Yo‘ldoshev. — Tadbirda yangragan she’r va qo‘shiqlar, ibratli hayotiy misollar yoshlarimizga zavq-shavq ulashish bilan birga ularda avvalo Vatanga, qolaversa, ilm va kitobga cheksiz mehr-muhabbat uyg‘otadi. Ilm esa shubhasiz, insonni ma’naviy yuksaklikka olib chiqadi. Kitobga mehr qo‘ygan millatning esa kelajagi porloq bo‘ladi. Ushbu muloqot ko‘pchilik yoshlarimiz hayotida tub burilish yasashiga ishonchim komil. 

Viloyat tumanlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda shoir-yozuvchilardan Eshqobil Shukur, Amir Xudoyberdi, Farida Afro‘z, Axtamquli, Norqul Bekmirzaev, Hakim Sattoriy, Muhammad Shodiy, Mengnor Ollomurodov, shuningdek, xonanda va aktyorlardan Barno Qodirova, Abdurashid Yo‘ldoshev, Munojot Teshaboeva, Elmira Rahimjonova, Dilmurod Uzoqov, Adolatxon Kimsanova va boshqalar ishtirok etishdi. 

 

So‘zimizni muxtasar qilsak, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da to‘rt kun davomida poytaxt ijod ahlidan katta bir guruh Surxondaryoning barcha tuman va shaharlarida, hatto eng chekka qishloqlarida ham bo‘lib, fuqarolar, o‘quvchilar, harbiylar bilan dildan qurgan suhbatlari va ijrolari shubhasiz, tinglovchilarga katta zavq-shavq ulashdi. Hech shubhasiz, insonlar qalbiga cho‘g‘ tashlagan ushbu muloqotlarning nafi yanada samarali bo‘ladi. 

 

Abdumajid AZIM,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

CHEVARLIK SINOATI

2017-07-19 08:55:00

BOYSUN MO‘JIZALARI (Ikkinchi maqola)

2017-07-19 09:23:19

Cho‘lpon

2017-07-19 09:03:02

Go‘zal axloq targ‘ibotchisi

2017-07-19 09:16:48

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.