KAMOLIDDIN BEHZOD

Mirak  naqqosh eskigina juzdonini ochib, shogirdining ayrim maxsus qog‘ozlarga solingan rasmlarini bir-bir taqdim  eta boshladi. Navoiy birinchi varaqni qo‘liga olib, suratdan ko‘zlarini uzoq vaqt uzmadi. Mirak naqqoshning ta’rificha qo‘li  oltin  bolaning chizgani jivir-jivir gullar, barglar, chiziqlar nozikligi, joliligi bemisl nafosat bilan, uning ko‘zlarini, ruhini sehrlagan edi. Navoiy orom va hayajon bilan chuqur nafas oldi. Ikkinchi  rasmni ko‘rdi. Ayni  shu ruh lekin yana boyroq, yana nafisroq. Mana ov  tasviri. Ohular go‘yo qog‘ozdan sakrab o‘ynoqlab ketayotganday tuyuladi. Unda har bir  nuqta ko‘z kabi jonli. Navoiy o‘nga yaqin rasmni benihoya zavq bilan tomosha qildi.

 

Nihoyat, shoir ko‘zlarida yongan quvonch bilan yosh rassomni  tabrikladi.

— Bu ko‘hna  jahon, — dedi u shavq bilan, — sizningdek san’atkorni hanuz ko‘rmagan edi. Qalamingizning husni har qanday ta’rifdan benihoya balanddir. Bu kamolotni yanada oliylashtirmoq yo‘lida samimiy harakat qilingiz.

“Asr nodiri, musavvirlar peshvosi” — Kamoliddin Behzod haqidagi bu lavha Oybekning “Navoiy” romanidan olingan. Bu badiiy lavha ham ikki buyuk siymoning o‘zaro yaqinligiga ishora albatta. Sharq miniatyurachiligida o‘z maktabini yaratgan buyuk musavvir 1445 yilda Hirotda kambag‘al hunarmand oilada tavallud topadi. Behzod ota-onasidan erta judo bo‘ladi. Uni bolaligidayoq Hirotning mashhur musavviri Amir Ruhilla, ya’ni Mirak Naqqosh o‘z tarbiyasiga oladi. Unga o‘zining Hirotdagi “Mashhur qirq san’atkor” — Nigoristoni, ya’ni san’at akademiyasida naqqoshlik va miniatyurachilik  hunarining sir-asrorini o‘rgatadi. Ta’kidlash joizki, Behzodning buyuk musavvir va naqqosh bo‘lib yetishishida Mir Alisher Navoiy hazratlarining hissasi katta bo‘ldi. Behzodda yetuk iste’dod, o‘ta nozik takrorlanmas aql-idrok, nafis tasviriy san’atga nisbatan ko‘nglidagi zo‘r ishtiyoq, eng muhimi,  ijodkor sifatida Navoiyga ma’lum bo‘lgach, Behzodni  huzuriga chaqirib Sulton Husayn Mirzoga tanishtiradi. Husayn Mirzo uni Hirotdagi saltanat kutubxonasiga boshliq etib tayinlaydi. Shved san’atshunos olimi Martin Behzodning Sulton Husayn Mirzo saroyidagi ijodxonasi va u yerdagi naqqoshning ishlash jarayonini badiiy tarzda quyidagicha tasvirlaydi: “Sharq quyoshi Behzod uchun qurilgan shinam hujrani tark etadi. Bu yerda naqqosh popiter, ya’ni pastakkina qiya kursi ustida engashib ishlardi. Kursining tortma xonalarida shoh asarlar yaratish uchun zarur bo‘lgan hamma narsa muhayyo... Shu muhitda Behzod o‘tirib nozik mo‘yqalami bilan suvrat chizardi. Nozik mo‘yqalamni undan ilgari  ham, keyin ham hech bir musavvir Behzodchalik ishlatishga muvaffaq  bo‘lmagan”. Darhaqiqat, shunday voqealarni umumlashtirib katta ehtiros bilan boyitib tasviriy olam og‘ushiga olib kirgan, zamonasini teran tadqiq etgan musavvir o‘z davrdoshlarining ma’naviy olami, ichki  dunyosi, eng muhimi, qaytarilmas siymosini yaratdi. Behzod xuddi mana shu davrda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi”ga  ishlangan miniatyuralar, Husayn Boyqaroning majlislari tasvirlangan muraqqa-albom, Temur tarixi muraqqa-albomi, Nizomiy Ganjaviy  “Xamsa”siga ishlangan va boshqa tarixiy voqelik bilan bog‘liq yuzlab go‘zal miniatyuralarini yaratdi. Shu suratlarga boqib o‘z davrining solnomasini yaratgan shaxs ko‘z oldimizda gavdalanadi. Behzod ijodida zamonasining buyuk shoiralari qo‘lyozmalariga chizgan miniatyuralar asosiy o‘rin  tutadi.

O‘rta Sharqda tasviriy san’at sohasida asosiy taraqqiyot yo‘nalishini belgilab bergan Behzod o‘zidan oldingi rassomlarning an’analarini davom ettirib, ayni vaqtda badiiy uslubdagi shartlilikni saqlagan holda uni yangi ijodiy uslublari bilan boyitdi. Uning qalamiga mansub “Otasi Majnun huzurida”, “Bahrom xazina ustidagi ajdarni o‘ldirmoqda”, “Samarqandda masjid qurilishi” lavhalari tasvirlaridagi betakrorlik, ayniqsa, voqelikning hayotiy va nozik tasvirini ko‘rgan kishi hayratda qoladi. Uning yaratgan portretlari, shakl-tasvirdan farqlanib inson ma’naviy qiyofasi, ruhi, his-tuyg‘ulari, xulq-atvori va botiniy olamini aks ettirishga ahamiyat bergan. o‘arbda uyg‘onish davrining ulug‘ rassomlari Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Rafael Gisian o‘z asarlari bilan besh asrdan buyon butun jahon ahlini hayratga solib, to‘lqinlantirib kelayotgan bo‘lsalar, Sharqda xuddi shu davrda yashab ijod qilgan Kamoliddin Behzod kabi siymolarning iste’dod kuchi, asarlari ko‘lami ham shu darajada buyukdir. Chunki  bunday zotlar o‘z davri, yashagan muhitnigina emas, barcha davrlarga, xalqlarga xos umuminsoniy xislat va xususiyatlarni ifoda etadilar. Uning yaratgan asarlari, shved san’atshunos olimi Martin ta’kidlaganidek, XV asr  Italiya va Nederlandiya rassomlari dunyo ahlini qanchalik hayratlantirgan bo‘lsa, Behzod asarlari ham shunchalik to‘lqinlantirgan.

XIV asr ikkinchi yarmida Samarqandning siyosiy va madaniy hayoti Behzod tomonidan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asariga ishlangan miniatyuralarida o‘zining badiiiy ifodasini topadi. Uning ijodiy merosini o‘rganuvchi mutaxassislar fikricha, hozirgacha ma’lum bo‘lgan asarlari  taxminan 30 ta surat va bir nechta turkumdan iborat. Musavvir qalamiga mansub go‘zal miniatyuralar o‘arb va Sharq mutaxassislarining fikricha, bezaklarning tabiiy va quymaligi, nozik va nafisligi kishini o‘ziga jalb etadi.

Behzod tasviriy san’at olamida saxiy va mehribon ustoz sifatida ham juda ko‘p atoqli musavvir va naqqoshlarni tarbiyalagan. 1903 yilda Germaniyada san’at ko‘rgazmasi ochildi. Unda Behzod va shogirdlarining asarlari namoyish etiladi. Dunyoga mashhur impressionist frantsuz rassomlari Anri Matiss va Sezanilar ko‘rgazmada Sharq rassomlari asarlaridagi bir-biriga zid, keskin ranglar bilan ishlash san’atini ko‘rib hayratga tushadilar. Bugungi kunda ham Sharq va Yevropa mamlakatlarida san’at va rassomchilik tarixi, xususan, miniatyura chizish san’atini egallashda Behzod miniatyura maktabi alohida o‘rganiladi va tadqiq etiladi. Behzod o‘sha davrda chizgan suratlari ostiga “Shikasta qalamli faqir Behzod”, “Qalami shikasta, nomurod faqir Behzod umri yetmishdan oshganda ushbu ishga qo‘l urdi” deya imzo chekadi. Ko‘rinib turibdiki, mo‘yqalam sohibi bir zum ham o‘z Vatanini unutmaydi.

Sharq xalqlarining mushtarak iftixori, buyuk farzandi bo‘lmish Kamoliddin  Behzod o‘zidan keyngi avlodga boy, rang-barang va ajoyib tasviriy san’at asarlarini meros qilib qoldirdi. Ta’kidlash joizki, Behzod faqat Sharq xalqlari tasviriy san’ati tarixidagina emas, jahon san’ati tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan buyuk iste’dod sohibidir.

 

Ochil  TOHIROV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Kelajak energiyasi va global iqlim ...

2017-09-20 07:30:32

BOYSUN MO‘JIZALARI

2017-09-20 07:38:36

«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

2017-09-20 07:28:18

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.