SHLYAPALI ODAM Shu ulug‘ ayyom kunlarida kamtarin ijodkor Omon Muxtorni xotirlab

Men bu insonni shu kezgacha ko‘p asarlari orqali tanir, biroq hali biron marta o‘zi bilan hamsuhbat bo‘lmagan edim. Kuzning huzurbaxsh kunlari edi. “Bugun uchrashamiz”, deya qo‘ng‘iroq qilganida shunday quvondimki, asti qo‘yavering. Qizimni kiyintirdim-da (u sakkiz oylik edi), aravachaga yotqizib, aytilgan manzil tomon shoshdim.

 

 Odatim shunaqa, aytilgan joyga o‘z vaqtida borishga harakat qilaman. Yo‘lda ketyapman-u, hozir u kishidan qanday fikrlar eshitarkanman, deya o‘ylayman. Chorlaganiga qaraganda, nimadir deydi, o‘sha nimanidir aytishga turtki bor. 

Xayollar bilan qanday yetib borganimni bilmayman. Poytaxtimizning “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati yonidagi shinamgina qahvaxona yonida azim chinor ostida bir odam daraxt shoxlarining baquvvat novdalariga tikilgancha turibdi. Birinchi uchrashuvdagi (va keyin ham eslaganimda ko‘z oldimda jonlanadigan) taassurot shunday bo‘ldi. Odmi kiyingan, qo‘ltig‘iga bir bog‘lam qog‘oz qistirib olgan va boshida shlyapasi bor odam. “Kechikdimmikan” degan xavotirda soatga qaradim. Yo‘q, hali vaqt bor edi. Demak, oldinroq kelgan. “Intizomni qara!” deyman o‘zimga. U ortiga qaraydi. Bizni ko‘rib, mung cho‘kkan nigohlariga birdan tabassum inadi. Bu iqtidorli ijodkor, samimiy, dilkash inson O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, Davlat mukofoti laureati Omon Muxtor edi. 

Xazonrezgiga to‘lgan olam ichra dunyoning bir chekkasidagi mo‘’jazgina tamaddixonada adib menga qo‘shmay, bo‘rttirmay, maqtamay, ayamay o‘z fikrlarini bildiradi. Men esa jon-qulog‘im bilan tinglayman. O‘sha paytlari “Ostona” nomli she’riy dostonim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida muhokama qilingan, bir necha kun o‘tgach, ustoz Omon Muxtor telefon qilib, uchrashuvga chaqirgandilar. Yozuvchining uslub va shakl, ramz va ritm, ohang va holatlar evrilishi haqida aytgan fikrlari o‘shanda mendek boshlovchi bir ijodkorga katta dalda, turtki bo‘lgandi. Oradan oz fursat o‘tib (2009 yili), shu doston Omon akaning oq yo‘li bilan “Turkiston” gazetasida bir sahifa bo‘lib bosilib chiqdi. Bu xushxabarni eshitib, ustozning tantiligiga, aytmay turib ham beg‘araz yaxshilik qila olishiga amin bo‘lgandim. 

Yozuvchi Omon Muxtor ijodi haqida soatlab gapirish mumkin. U kishining yozganlari biz o‘rganib qolgan qoliplarga sig‘maydi, gohida ikkilanadigan sarhadlardan behadik o‘tib, o‘quvchini o‘zgacha xayol va hayot yo‘llari sari boshlaydi. Tasavvur va taassurot kengliklari shu qadar kengki, u bir hikoya bo‘ladimi yo biron romanmi, o‘ziga xoslik, betakrorlik kasb etadi. “Alisher va rassom Abulxayr” asaridagi zamonlar o‘rtasidagi muvofiqlik o‘quvchini zeriktirmaganidek, “Tepalikdagi xaroba” trilogiyasi kabi asarlari ham yakuniga qadar qiziqishni so‘ndirmaydi. Aksincha, o‘zingizni, tevarakni unutib, tamomila boshqa dunyoga borib qolgandek, qahramonlar hayotiga o‘zni daxldordek tuyasiz. Bunday noodatiylik, adabiyotshunoslarimiz tomonidan bir qancha ilmiy-adabiy fikr-mulohazalarga turtki bo‘lgani, yozuvchi bitiklarining qiymatini oshiradi. 

 

Omon Muxtor umrining so‘nggiga qadar hayotsevar bo‘lib yashadi. Bunday bo‘lish ijodkorga juda muhim, ammo oson ham emas. Har bir hodisotni ko‘rib, his etib, yuragingdan o‘tkazib yashash, gohida portlab ketishing mumkin bo‘lganda ham sukut saqlash, atrofingdagilarga chidash, ularning senga ham toqat qilishi hayot otlig‘ chegaraning ichidagi gaplar, aslida. Omon akaga xos bo‘lgan xislatlardan yana biri esa har narsaning yaxshi tomonini ko‘rishi (yoki ko‘ra olishi) ana shu hayotsevarlikning ildizi edi.  

Turli adabiy tadbirlar bahona (ularning borligi ham yaxshi) Omon Muxtorni uchratganimda, vaqtini ayamay yoshlarga alohida e’tibor qaratayotganini, yoshlarning yozganlari haqida bir og‘iz bo‘lsa-da, yorug‘ so‘z aytishga, demakki, yaxshilikka ulgurishga harakat qilayotganiga guvoh bo‘lardim. Bu menga ummonning shoshqin jilg‘alarga yo‘l ko‘rsatayotganidek tuyulardi. 

 

“Ming bir qiyofa”, “Sherlok Xolms Buxoroda”, “Egilgan bosh”, “Shiddat”, “Sharshara”... Kitob javonimdan munosib o‘rin olgan bu asarlarni har safar o‘qib, teran fikr, mushohada, goho soddalik, ba’zan beqiyos ramz va obrazlarning tiynatini ijodkordan, uning qalbidan izlayman. Shunda, hech kim hech qachon o‘zidan o‘tkazmay yoza olmaydi, degan andishali so‘zlarning haqiqatligini anglayman. Ayniqsa, nazmiy asarlarida: 

Do‘stim!..

Bir soatga ketayapsizmi?

Bo‘lmaydimi vaqtni qisqartib,

Bir lahzaga ketsangiz faqat?!

Bir lahzaga ketgancha, do‘stim,

Ko‘z ochib yumguncha kelsangiz qaytib?!.

— kabi iltijoga qorishiq so‘zlarni dilingiza muhrlab qo‘yganini sezmay qolasiz. Ishq buyuklikdan, insoniylikdan. Sog‘inch esa unga eltar munavvar yo‘ldir. Hamrohing hali seni tark etmay turib, uni sog‘inish mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, bu nimadan darak? Mehr-muhabbatdanmi, yuragi begardlikdanmi? 

Yoki:  

Sendan o‘n yosh,

yigirma yosh, 

qirq yosh

kichik kimdir ko‘z yumarkan dunyoda – 

O‘z-o‘zingdan uyalasan qandaydir.

Odam va olamning oldida

Go‘yoki chekasan xijolat...

Vijdon shu...

Xijolat chekish – ulug‘ odamga xos. Bunday bo‘lish uchun kishiga aqldan ko‘ra katta yurak, ko‘ngil kerak, nazarimda. Hissiyotlar tizilmasidagi bu satrlarda hamdardlik seziladi, umring g‘animatligini anglagan holda, o‘tganlar oldida-da tortinish – shoir aytmoqchi, vijdonning borligidan, uning uyg‘oqligidandir. 

Atoqli ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim o‘zining “Qo‘msash” nomli maqolasida shunday yozadi: “Omon aka she’rdan sovimadi. U o‘ttiz yoshlaridan boshlab asosan nasrda ijod qilsa ham, she’riyatga – qadrdon uyiga ko‘ngli qo‘msagan payt kelib-ketib yurdi. Goho uning she’riyatidan ko‘chgan iborayu tasvirni nasrda ham ko‘rib qolardik. Masalan, “Sen sovuq plashda ko‘rinding bir kun...” deb boshlanuvchi she’ridagi epik dard “Zarifa” hikoyasidagi “yupungina kiyingan” ayolning va o‘z taqdiriga o‘zi ega chiqishni udda etolmayotgan Hafizning hazin kechinmalariga o‘xshab ketadi...

Yangilikka o‘ch adibimiz o‘arb adabiyotida ancha keng tarqalgan, ammo o‘zbek adabiyoti uchun yangilik bo‘lgan “mitti roman”lar turkumini yaratdi. Bu romanlar bilan ular chop etilgan davrlarda tanishganman. Ammo rostini aytsam, mini romanlarni oxirigacha tushunib yetmadim va... buning uchun o‘zimni aybladim. “Ehtimol, bizdan so‘ng keladigan kitobxon tushunar”, deb o‘zimga tasalli berdim.” 

Ha, men ulug‘ shoirning tasallisidan taskin olib, Omon Muxtor yaratgan asarlar vaqt evrilishidan shiddat bilan o‘taverishiga, eng muhimi, u bugundek ertaga ham o‘z o‘quvchisiga ega bo‘lishiga ishonaman. Bu bizni ijodkorning asarlari jam bo‘lgan javonga eltgandek, rost gap. 

 

Nargiza ASADOVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Kelajak energiyasi va global iqlim ...

2017-09-20 07:30:32

BOYSUN MO‘JIZALARI

2017-09-20 07:38:36

«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

2017-09-20 07:28:18

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.