BOLALAR MAYDONCHASI — KELAJAK AYVONCHASI

Kechki payt dim uydan qochib ko‘chaga talpinaman. Bir oz muddat ko‘p qavatli uy yonidagi bolalar maydonchasini tomosha qilib o‘tiraman. U yerdagi bolalarning miriqib arg‘imchoq uchishi zavqimni oshiradi. Ota-onalarning esa farzandlari bilan yosh bolalardek quvonib, yelib-yugurishlarini ko‘rib havasim keladi...

 

 Poytaxtimizda, ko‘p qavatli uylar atrofida mana shunday mo‘’jazgina bolalar maydonchalari ko‘p. Arg‘imchoq, sirpanchiq kabi turli uskunalar u yerda istiqomat qiluvchilarning beminnat xizmatida. Ayniqsa, jazirama yoz paytlari uyda qimtinib yotgan farzandlarimizni azim daraxtlar soyasidagi bunday manzillar o‘ziga chorlashi tabiiy. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Farzandlarimiz quvnashi, maroqli dam olishi uchun bolalar maydonchasi qanday qulayliklarga ega bo‘lishi zarur? Texnik xavfsizlik qoidalari nimalardan iborat? 

Vazirlar Mahkamasining 2010 yilda qabul qilingan “Bolalar maydonchalarini tiklash va tashkil etishning 2011 — 2015 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Bolalar maydonchalarida texnika xavfsizligiga rioya etish qoidalari”da bu haqda atroflicha izoh berilgan. 

Qonun hujjatlarida maydoncha bolalarning bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazishiga, ruhiy, jismoniy va ijtimoiy jihatdan to‘laqonli rivojlanishiga xizmat qilishi kerakligi aytilgan. Bundan tashqari, ular uylardan uzoq bo‘lmagan masofada, iloji boricha kengroq, ochiqroq joyda, yorug‘lik bir tekis tushib turishi, bolalarning erkin harakatlana olishi inobatga olingan holda ularni qiziqtira oladigan o‘yin jihozlari bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.

O‘yin davomida bolalarning turli jarohatlar olmasligi uchun maydonchani qurishda bir necha texnika xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi lozim. O‘yin jihozlarini bir-biriga xalaqit bermaydigan masofada joylashtirish, uskunalarni tayyorlashda o‘tkir qirrali bo‘lmagan, silliq yuzali xomashyolardan foydalanish, atrofini panjara bilan o‘rash asosiy talablar sifatida sanab o‘tilgan. 

Xo‘sh, bizning maydonchalar bu talablarga qanchalik javob beradi? Misol uchun, Chilonzor tumani 3-mavzeda joylashgan 41-ko‘p qavatli uy yonidagi maydonchani namunali deyish mumkin. Turli beozor hayvonlarning haykallari bolalarda qiziqish uyg‘otibgina qolmay, tabiatga, jonivorlarga bo‘lgan mehrini oshiradi. Panjara bilan o‘ralgani bolalarning maydonchadan uzoqlashmasligi, ko‘chadagi kattalarning harakatiga xalaqit bermasligini ta’minlaydi. O‘yin jihozlari baland daraxtlar soyasida joylashgani go‘shani huzurbaxsh maskanga aylantirgan.

Biroq, afsuski, barcha bolalar maydonchalarini ham bu talablarga javob beradi deya olmaymiz. Masalan, Chorsu savdo markazining orqasida joylashgan 2-uy yonidagi maydonchani ko‘rsangiz ta’bingiz xira bo‘lishi aniq. Chetdan qaraganda hammasi risoladagidek taassurot uyg‘otadi. Ammo uning ichiga kirsangiz, asl manzaraga guvoh bo‘lasiz. Maydonchada bolalarning mazmunli vaqt o‘tkazishlari uchun aytarli shart-sharoitlar yo‘q. Kamgina uskunalari ham ta’mirtalab, ba’zilari esa hali qurib tugatilmagan. Arg‘amchisining o‘rindig‘i yo‘qligi, boshqasining esa temiri sinib qiyshayib qolgani bolalar uchun xavfli jihozga aylantirib qo‘ygan. Bundan tashqari turli g‘isht, betonlarning sochilib yotishi ularning erkin harakatlanishiga xalaqit beradi. Oftob taftida maydoncha tandirday qizib, o‘tlari sarg‘ayib qolgan. Shu atrofda istiqomat qiluvchi onaxonlardan birining fikrini bilmoqchi edik. Ammo u xohlamadi. Ko‘p qavatli uyning yo‘lagida turgan kishi esa: “Maydonchaning ahvolini ko‘rib turibsiz, izohga hojat yo‘q”, dedi-yu, bizga tinchlik kerak degandek, o‘zini chetga oldi. Bu holatni ko‘rib achinarli manzaraning bosh sababchilaridan biri befarq aholining o‘zi ekan-da, degan xulosaga keldik.       

Chilonzor tumani “Qatortol” mahalla fuqarolar yig‘inining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Ekosan” jamoat fondiga yo‘llagan maktubi, ularning nazaridan chetda qolmadi va grant asosida mahallaga bolalar maydonchasi qurib berildi. Shu yilning 5 may kuni ushbu maydonchaning  ochilish marosimi tantanali ko‘rinish oldi.   

— Farzandlarimiz quvonchi — bizning baxtimiz, — deydi mahalla raisi Kamola Normatova. — Unda nafaqat yosh bolalar, balki ota-onalar ham madaniy hordiq chiqarishi mumkin. Ta’tilda dam olish maskanlariga yo‘llanma ololmagan bolalar bu yerda yoz mavsumini o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Umuman, bunday maydoncha uchun mahalladoshlar davlatimizdan, homiylardan minnatdor. 

Uchtepa tumani “Qo‘rg‘ontepa” mahallasiga borganimizda esa 10-, 11-, 12-ko‘p qavatli uylar yonida ham mana shunday maydoncha qurish zarurligiga guvoh bo‘ldik. Uylar yonida maydonchaga yetarli bo‘sh joy borligi ham ayni muddao.  U yerda yashovchi ko‘p sonli aholi ham so‘zimizni tasdiqladi.

— Farzandlarimiz bu yil yozgi oromgohga bormadi, — deydi 10-uyda istiqomat qiluvchi onaxon. — Maktabda tashkil qilingan to‘garaklar ham tushgacha faoliyat yuritadi. Tushdan keyin ko‘z o‘ngimizda o‘ynashlari uchun uyimiz yonida bolalar maydonchasi yo‘q. Agar hududimizda mo‘’jazgina maydoncha qurilsa, mahallamizning yuzlab bolalari yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishardi.

 

Uyingiz yonida barcha sharoitlarga ega bolalar maydonchasi bo‘lsa, farzandlaringizdan ko‘nglingiz to‘q bo‘ladi. “Ko‘chaga chiqib, o‘ynab kelsam, maylimi?”, deganida tashvishga tushmaysiz. Bunday maydonchalarning bunyod bo‘lishi uchun birinchi navbatda, mahalla faollarining va aholining o‘zi jonbozlik ko‘rsatishi kerak. Qo‘li ochiq tadbirkorlarimiz, turli jamoat fondlari, jamg‘armalar bu masalada  beg‘araz yordam qo‘llarini cho‘zishsa, ayni muddao bo‘lar edi. Farzandlarimiz quvonchi, bizning baxtimiz, ularning ertasi mamlakatimiz kelajagidir, demakki, o‘z kelajagimizga befarq bo‘lmaylik.    

 

Sanjar ESHMURODOV,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.