“Adibning umri va yo‘li poyonsiz”

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov hayot bo‘lganida bu yil 80 yoshga to‘lardi. Afsuski, shafqatsiz o‘lim bu samimiy inson va betakror yozuvchini 67 yoshida hayotdan olib ketdi. Lekin mashhur hajvchi adib yaratib ketgan bebaho asarlar va bu asarlarning kulgiga mahkum etilgan betakror qahramonlari hamon kulgisevar kitobxonlar qalbida yashab kelayotir.

 

Quyida ustozimiz — ajoyib inson va iste’dodli hajv ustasi Ne’mat Aminovning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi yangi kitobdan ayrim boblarni gazetxonlar hukmiga  havola etishni lozim topdik.

 Yaxshi asar yozilib, “yo‘rgakka” o‘ralishi bilan darhol qanot qoqib, kitobxonlar tiliga tushadi. Adabiyotda ovoza bo‘ladi. Bunday asarni kitobxonlar ham, adabiy jamoatchilik ham olqishlar bilan kutib oladi. Va bu asar chinakam adabiy hodisaga aylanadi. Adabiyotda bunga yorqin misollar ko‘p...

Mashhur hajvchi Ne’mat Aminov dastlabki hajviy hikoyalari va ilk kitobi “Ikki pullik obro‘” bilan allaqachon kitobxonlar tiliga tushgan bo‘lsa-da, yozuvchining “Yelvizak” hajviy qissasi e’lon qilinishi bilan kutilmagan adabiy mo‘’jiza ro‘y berdi. Ushbu hajviy qissaning qadami qutlug‘ kelib, adabiy jamoatchilik va kitobxonlarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Adabiyotimiz ustoz Ozod Sharafiddinov yozganidek, Bashirjon Zaynishev degan adabiy tip bilan boyidi.

“Yelvizak” chop etilgan o‘sha quvonchli kunlarni yozuvchi o‘z kundaliklarida mamnuniyat bilan shunday qayd etgan edi:

“Ishxonaga 14 ta “Yelvizak”dan olib keldim. Hamma so‘raydi. Odamlarda qiziqish katta. Xudoyimga ming qatla shukur!”

“Ibrohim G‘afurov: “Yelvizak”ning taqdiri ham xuddi o‘zingizdek baxtli bo‘lsin”, dedi”.

“Tushga yaqin Ashurali keldi. “Yelvizak”ni sinchiklab o‘qibdi. Qattiq ta’sirlanibdi va xat ko‘rinishida 8 betli taqriz yozibdi. Yaxshi tushunibdi...”

“Kassa oldida Mamatqul Hazratqulovni ko‘rdim. “Yelvizak”ni bir o‘tirishda o‘qib chiqdim, deya o‘n minutcha maqtab gapirdi. Ko‘nglim ancha ko‘tarildi”.

“Keyin Murod Xidirni uchratdim. “Yelvizak”ni o‘qibdi. O‘zida yo‘q shod. Albatta, yozaman, deydi”.

“Ertalab soat 9 larda Ozod aka Sharafiddinov telefon qilib qoldi. “Yelvizak”ni so‘radi. Men, olib boraman, dedim. Keyin “Gulxan”da ishlaydigan Temur Ubaydullo bilan birga bordik. Ozod aka uyda ekan. Ancha suhbatlashib o‘tirdik. U kishi “Yelvizak”ning chiqqanidan juda xursand. Biror joyga taqriz yozib beraman, dedi...”

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) gazetasida Ozod Sharafiddinovning “Yelvizak haqidagi  salmoqli maqolasi e’lon qilindi. Ushbu maqolaning shov-shuvi asarnikidan kam bo‘lmadi. Qissaga berilgan yuksak baholardan biri ushbu maqola bo‘ldi. Va bu e’tirof yozuvchiga ijodiy shijoat bag‘ishladi.

Ozod aka shunday deb yozadi: “Bashirjon Zaynishev qissada mayda o‘g‘ri, tamagir, muttaham bir shaxs sifatida tasvirlangan... Savol tug‘iladi: qanday qilib Bashirjonday chalamulla, e’tiqodsiz, nokas, qo‘li egri, buzuqlik ko‘chasiga kirib-chiqaveradigan, farosatsiz va kaltafahm odam ko‘p yillar mobaynida mas’ul lavozimlarda ishlab keldi. Axir uning bilimsizligi, farosatsizligi bir zumda odamlar o‘rtasida latifaga aylanib ketadi-ku! Birga ishlaydigan hamkasblari bir zumda uning puch ekanini bilib qolishadi-ku! Shunga qaramay, Bashirjon po‘kakdek suv betida qalqib yuraveradi. Qissada bu savollarga atroflicha badiiy javob berilgan...”

 

Yozuvchi “Yelvizak”ning dovrug‘idan esankirab qolmadi. Asarni qizg‘in va dadil davom ettirdi. Bashirjon Zaynishevning serqirra va sarguzashtlarga boy faoliyati muallifga aslo tinchlik bermadi. Yozuvchining kulgi to‘kilib turgan qalami Bashirjon izidan qahqaha otib boraveradi. Har bir satri ichakuzdi voqealar va hangomalarga to‘la navbatdagi asar 1982 yilda “Suvarak” nomi bilan dunyoga keldi. Ikki asar birlashtirilib, “Yolg‘onchi farishtalar” yoxud yelvizak fe’lu suvarakmijoz Bashirjon Zaynishev hayotidan qo‘sh qissa” nomi bilan 1983 yilda o‘.o‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida ko‘p ming nusxada chop etildi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad ushbu kitobga yozgan so‘nggi so‘zida shunday deydi: “Yolg‘onchi farishtalar”da Bashirjondan boshqa juda chiroyli, juda aniq chizilgan obrazlar ko‘p. Har biri o‘ziga xos xususiyatga ega, tili ham, qiyofasi ham, xatti-harakatlari ham bir-birini takrorlamaydi; Shamsi To‘raevich, Qirmizxon, Qiyomxon, Vafo attor... Bular – yozuvchi nihoyatda o‘tkir ko‘z bilan tanlagan, yorqin bo‘yoqlar bilan mohirona chizib bergan badiiy topilmalardir... Adabiyotimiz yana bir umrboqiy asar bilan boyiganidan benihoya xursandman”.

Keyinchalik yozuvchi qo‘shqissa ustidagi ijodiy ishlarini jiddiy davom ettirib, uni hajviy romanga aylantirdi. Va bu asar birinchi hajviy roman sifatida adabiyotimizdan mustahkam o‘rin oldi. O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov iborasi bilan aytganda: “Yozuvchilikning qadim-qadimdan keladigan yozilmagan an’anasi deysizmi, taomili bor, shekilli. Genial yozuvchi bo‘lsa-da, uning eng shoh asari bo‘lishi tabiiy. Ne’mat Aminov o‘z hayoti davomida mana shu shoh asarni yozishga ulgurdi. Bu adibning katta baxti, juda yuksak iste’dodining mahsuli edi.  Men, adibning mashhur “Yolg‘onchi farishtalar” hajviy romanini nazarda tutayapman. Chunki adibning umri va yo‘li poyonsiz...”

Ustozning yana bir umrboqiy asari “Bir asr hikoyati” (Temirchidan qolgan tillolar) deb nomlanadi. Bu kitob ham allaqachon minglab kitobxonlar yuragidan joy olgan. Ularning qayta-qayta o‘qiydigan sevimli asariga aylanganiga aslo shubha yo‘q edi.

“Bir asr hikoyati”ni o‘qib, ko‘p xayollar kechdi, – deb yozadi taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad, – Rahmatli usta Aminboy boboning o‘gitlari xalqimizning ma’naviy xazinasiga qo‘shilganiga havas qila turib, har bir kitobxondan so‘ragim keladi: otalarimizdan, onalarimizdan bebaho tillolarni olib qoldikmi, olib qolayapmizmi?..”

 

Ne’mat Aminov kundaliklarini nashrga tayyorlash jarayonida muallifning kundalik voqealar bilan birga  o‘zi eshitgan qiziq voqealar, hangomalarni muntazam yozib borganiga guvoh bo‘lamiz. Bu kuzatishlar ko‘pgina asarlarning yaratilishiga “xamirturush” vazifasini bajargan. Ular kundalikda ham “Qiziq” deb berilgan. Masalan, 1970 yil 28 yanvar kuni kundalik sahifasida shunday qiziq hangoma qayd etgan:

“Bir chapani yigit bo‘ladi. Hovuz labida o‘tiradi. Suvga chiqqan go‘zal xotinga ko‘z suzadi, mo‘ylov uchiradi. Xotin bu hodisani eriga aytgach, eri, uyga imla, deydi. Yana xotin suvga chiqsa, haligi yigit yo‘taladi, ko‘z qisadi, mo‘ylov uchiradi. Xotin uyga imlaydi. Yigit ergashib hovliga kiradi. Uni pichoq yalang‘ochlagan eri kutib oladi. Nihoyat, uni bir kecha-kunduz uyda saqlab kelida sholi oqlatadi. So‘ng, bunday noma’qulchilik qayta bo‘lmasin, deb unga javob beradi.

Yana bir kun xotin suvga chiqsa, haligi yigit o‘tirganmish. Xotin uni sinab ko‘rish uchun sekin yo‘talib “ihm”, deb uyiga imo qiladi.

– Ha, sholing tugaganga o‘xshaydi! – deydi yigit ters qarab...”

Yana bir hayotiy hangoma kundalikning 1971 yil 8 fevralida bayon etilgan: “Kolxozga teleoperator keladi. Uch kun ovoragarchilik, yuz-yuz ellik kishini to‘plash. Ilg‘orning soqolini olish uchun sartaroshga kishi yuboradi, sartarosh yo‘q. Rayondan olib kelishadi. Bir boboning sallasi o‘rniga chust do‘ppi topishadi... Tayyorgarlik uzoq davom etadi. Xullas, rasmga ham tushiriladi... Lekin televizorda ko‘rsatilmaydi. Chunki, lentalar brak ekan...”

Kundaliklarda bunday hayotiy va ibratli voqealar, qiziq hangomalarni o‘qish – yozuvchining hayotni chuqur o‘rganganligini ko‘rsatadi...

 

Ustozning “Tillo tabassumlar” degan hikoyalar va hajviyalar kitobi bor. Kitobning nomida “Tillo” so‘zi bejiz ishlatilmagan.

Buxoro tuprog‘i azaldan qimmatbaho tilloga boy makonlardan biri ekani tarixdan ma’lum. Jahon bozorida ham Buxoro tillosining qadr-qimmati juda baland bo‘lgan. Lekin Buxoroda yana bir bebaho boylik – tillo bor ediki, bu buxoroliklarning qonida, xarakterida, yuz-ko‘zlarida, gap-so‘zlarida quyoshday balqib turgan KULGI edi. Ne’mat Aminov iste’dodli hajvchi sifatida ana shu bahosiz tabassumlarni erinmay, yuksak mahorat va katta zahmatkashlik bilan to‘plab, adabiyotga olib kirdi. Lekin bir-biridan serob, turfa kulgilarni ajratib olish, chin va haqiqiy kulgini yaratish oson kechmagan. U kishining asarlarida yangrab turgan qahqahani, beozor kulgini haqiqiy tilloga ham sotib olib bo‘lmaydi. Ustoz yaratgan kulgining bahosi va qadri baland, umri uzoq.

Yozuvchi bo‘lajak qahramonlari bilan birga yashab, bir muhitdan nafas olgan. Ular bilan ishxonada, choyxonada, davralarda qizg‘in suhbatlar qurgan. Va ularning gap-so‘zlari, qiliqlari, shaklu shamoyilidan sezdirmay, tillolarini, ya’ni kulgilarini “o‘margan”.

Yozuvchi 50 yilligi munosabati bilan tug‘ilgan joyi – Romitan tumanidagi Pitmon qishlog‘ida bo‘lgan ijodiy uchrashuvda shunday degan edi:

– Aziz hamqishloqlar, qadrdonlar, do‘stu birodarlar! Men bir “ayb” ish qilganman. Bugun Sizlarning oldingizda “aybim”ga iqror bo‘lmoqchiman. “Gunohim”ni bo‘ynimga olsam, kechirasizlar degan umiddaman.

Men ashaddiy “o‘g‘ri”man. Ko‘p yillardan buyon sizlarning bebaho kulgilaringizni “o‘g‘irlab” kelayapman. Bu kulgilarni asarlarimga bekitganman. O‘ylaymanki, mening bu “gunohlarim” uchun kechirasizlar...

Zalda davomli va samimiy qarsaklar yangragan. Ular shu tariqa “o‘g‘ri” farzandini kechirganlar. Kechirib olqishlaganlar.

Ne’mat Aminov “o‘g‘irlagan” tillolar bugun adabiyotimizning xazinasidan mustahkam o‘rin olgani ayni haqiqat.

 

Ne’mat Aminov hayotda samimiy, bag‘rikeng, halol va vijdonli inson edi. U kishi odamlarga yaxshilik qilib aslo charchamasdi. Va qilgan yaxshiligini hech qachon aytmasdi. Haqiqiy yaxshilikparvar edi.

Halollik ustozning hayot mazmuniga singib ketgan edi. Bu mukammal halollikning ildizi oilada edi. Adibning otasi – Usto Amin Nurulloboy o‘g‘li temirchi usta bo‘lganlar. Farzandlarini halol luqma bilan voyaga yetkazganlar. Otasining diniy e’tiqodi nihoyatda baland va mustahkam bo‘lgan. U kishining ushbu so‘zlari yuqoridagi fikrlarimizni isbotlab turibdi. “Bu dunyoga kelib, uch narsadan hazar qildim. Birinchisi – tillo, ikkinchisi – miltig‘u tapponcha, uchinchisi – qadah. Shu uchalasini qo‘limga olmadim!”

Agar adabiyot olamida biror bir yosh iste’dodli ijodkor paydo bo‘lsa, Ne’mat Aminov bundan benihoya xursand bo‘lib, adabiy davralarda, uyushmada bo‘ladigan katta yig‘inlarda ularning nomlarini baralla aytardi. Afsuski, ko‘pgina ijodkorlarda bunday bag‘rikenglik yetishmaydi...

Ne’mat Aminovning kulgisi – beg‘ubor, toza va samimiy edi. U kishida o‘ziga xos aktyorlik san’ati ham bor edi. Yozganlarini Buxoro lahjasida, ya’ni o‘z qahramonlari tilida juda chiroyli o‘qirdi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi yozib olib qolinmagan. Bu endi boshqa mavzu...

Taniqli olim Ibrohim Haqqul aytganidek: “Valiy – valiyligini bilmagani uchun valiydir” degan gap bor. Ne’mat Aminovdagi kamtarlik, xokisorlik, odamiylik uni daholik, “birinchilik” iddaosidan asragan asosiy fazilatlar bo‘lgan deb o‘ylayman.

Yana bir gap. Ne’mat Amin Buxoro tuprog‘ida chuqur ildiz yozgan, shu zamindan hech ajratib bo‘lmaydigan azamat DARAXTga o‘xshardi. Uning ruhi Buxorodan uzilishga ko‘nikmas, xotirasi Buxoro va buxoroliklarni qo‘msashdan to‘xtamasdi... umrining so‘nggi yillarini Ne’mat aka Buxoro sog‘inchi, Buxoro ishtiyoqi bilan o‘tkazdi...”

U kishi Buxoroga borsa, Toshkentni, Toshkentda yashab, Buxoroni sog‘inardi. Endi uning qalbidagi mehr rishtalari yanada mustahkam bog‘lanib, O‘zbekistonga aylangan edi. Ne’mat Aminov garchi Buxoroning tor ko‘chalarida yurib voyaga yetgan bo‘lsa-da, adabiyotning tor va mahalliychilik ko‘chalaridan aslo o‘tmagan.

Ayrim hamkasblariga o‘xshab guruhbozlik, to‘dabozlik qilgan emas. Hatto bunday yaramas odatlarni xayoliga ham keltirgan emas.

Ne’mat Aminovning atrofida hamisha iste’dodli ijodkorlar bo‘lgan. Bir yonida Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov bo‘lsa, bir yonida Erkin A’zam, Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonov, Mashrab Boboev, Usmon Azim singari adabiyotning chinakam fidoyilari, zahmatkashlari bor edi...

 

Ashurali JO‘RAYEV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.