Hamma onalar yaxshi, lekin...

Ona bo‘lgach, ayolning mehr-muhabbati ulkanlashadi. Farzandining atrofini har xil noxushliklardan qal’a, qo‘rg‘on bo‘lib himoya qiladi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, Ona dunyoning ezgulik burjiga aylanadi.

Nimaga men beshqo‘lday ayon haqiqatlardan daromad qilyapman? Gap shundaki, Onalik martabasiga erishgan ayol zoti shu qadar mukammal bo‘lsa, yuragi faqat “yaxshilik” deb urib tursa, xo‘sh, unda kelinlarni (faqat kelinlarnigina emas) norozi qilayotgan qaynonalar qaerdan paydo bo‘lar ekan?

 

Yo‘q, biz yoppasiga qaynonalarning ismlari ustidan chiziq tortmoqchi emasmiz. O‘n sakkiz yoshli qizni kelin qilib, uni o‘qitib, nevaralariga onasidan ziyoda qarab, o‘rta ma’lumotli qizni olimlik darajasiga yetkazgan qaynonalar qancha. “Savob bo‘ladi”, deb o‘g‘lini yetim qizchaga uylantirib, sep-sidirg‘asini  o‘zi bekamu ko‘st qilib, el ko‘ziga: 

– Kelinim to‘lib-toshib keldi, – deydigan himmatli qaynonalar, uyidagi sirni ko‘chaga olib chiqmaydigan “toshyong‘oq” qaynonalar, hatto, o‘g‘lining boshi aylanib, birovga ilakishganda:

– Bor, to‘rt tomoning qibla, men kelinim, nevaralarim bilan qolaman, uy – ularniki, – deydigan tanti qaynonalar ham borki, biz ularni bisotimizdagi eng chiroyli so‘zlar bilan alqaymiz. Axir, tamoman o‘zga uy, o‘zga sharoitda tarbiya topgan birovning bolasini bola qilish osonmi? Shunday bo‘lsa-da, yaxshi bo‘la turib, ichida yaxshilik yashab, lekin ona nomiga nomunosib ish tutayotgan qaynonalardan ginamizni ham berk tutib o‘tirmaymiz.

ISMI JISMIGA NOMUNOSIB

 U kishining ismlari – Saxovatxon. Uning qizini olgan qudalari:

– Ismi-jismiga munosib. Xo‘p saxiylar. Hayit, bayram, tug‘ilgan kunlarimizda beshikdagi chaqalog‘imizgacha katta-katta hadyalar bilan yo‘qlaydilar.

– Qo‘yavering, ovora  bo‘lmang, qizingizning kelinlik davri o‘tdi. Mana, yaqinda nabiralaringiz bir juft bo‘ladi, desak ham qudam yo‘qlovni kanda qilmaydilar. Patiru qaymog‘i bilan, somsayu qatlamasi, oshu kabobi  bilan haftada  bo‘lmasayam, ikki haftada kelib turadi, – deyishadi.

Xo‘p, qizi tushgan oilaga ko‘nglida himmati bor ekan, qilsin, qilaversin. O‘zi hech qaerda o‘qimagan, bir kun beli og‘rib ishlamagan, bir so‘m pul topmagan Saxovatxon bu qator-qator hadyalaru tog‘oralarni ertadan kechgacha qora terga botib ishlaydigan eri bilan o‘g‘li hisobidan qiladi.

Qilsa qilar, pul sochadigan Saxovatxon, topadigan eri bilan o‘g‘li, deysizmi? 

Gap shundaki, qaynona bo‘lmish o‘z kelinidan ham xuddi shu tutumni talab qiladi. Kelinni o‘g‘li topmagan, o‘zi sovchilikka yurib, to‘y qilgan. To‘y paytida  qudalarining:

– Biz endi ziyoli odamlarmiz. Hamma narsaga aql bilan yondashamiz. Ortiqcha dabdaba, ortiqcha chiqim bizga kerak emas, – degan gaplariga e’tiroz qilmagan, “bitta tog‘ora yetadi”, deyilsa bitta, “ikkita tog‘ora bo‘lsa, bas”, deyilsa, ikkita qildi. Ammo to‘ydan keyin Saxovatxonning asl basharasi “yarq” etib ko‘rina qoldi: 

– Men sening onangni buncha past deb o‘ylamagan edim. Odamlarning o‘g‘li kuyovlik sarpolarini o‘n yillab kiyib tugata olmaydi. Bolamning peshonasi shuncha sho‘r ekanmi, sarpolari bir yilgayam yetmayapti...

– Onangga ayt, “Tuzuk-tuzuk yo‘qlov yuborar ekansiz, qaynonam qazisiz yuborgan norinlaring uchun mahalla-ko‘yning oldida yer yorilib, yerga kirmabdi”, degin...

“Qizimni uzatib tinchidim, endi boshqa bolalarimni o‘qitish harakatini qilay”, deya astoydil shaylanib turgan ota-ona qudasidan kelayotgan har xil “topshiriq”lardan yuragi bezillaydigan bo‘lib qoldi:

– Onangga ayt, beshikda anavi ko‘chada o‘tiradigan karnay-surnaychilardan olib kelib, meni sharmanda qilmasin, ansambl olib  kelsin!

– Almisoqdan qolgan odatni  qilib, 300 ming so‘mlik velosiped olib kelmasin nevaramga, hozir bir, ikki millionlik mashinalar chiqqan...

– Yaqinda kenjamni uylantirsam, uylaringni bo‘lak qilib qo‘yaman. Ota-onang hozirdan muzlatkich bilan kir yuvadigan mashinaning harakatini qilsin!

Kelin bechora o‘n marta: 

– Xo‘p, oyijon, – deb biror gal, yuraksinib:

– Oyijon, ota-onam maoshga ishlaydigan odamlar. Ukalarim ham katta bo‘lib qolishdi. Faqat mening tashvishim bilan yashashmaydi-ku ular, – deb qo‘ysa bormi, boshi baloga qoladi:

– O‘zi qashshoq joydan qiz olish kerak emas ekan. Bir adashdim, adashdim, boshqa adashmayman! Agar bunaqa gap qaytaraveradigan  bo‘lsang, o‘g‘lim bilan yashatmayman. Shartta qo‘ydirib yuborib, eringni badavlat oilaning qiziga  uylantiraman. Opamning o‘g‘liga o‘xshab, yog‘ ichida yayrab yashaydi, – deydi.

Unga:

– O‘rtalarida mehr-muhabbat bor, farzand bor. Siz “Ajrashasan!” deyishingiz bilan ajrashib ketishaveradimi? Mahalla bor, qonun-qoida bor, deydigan odam yo‘q.

KELINMI, QILSIN

 Bu qaynonaning ismi – Ozoda. Jismiyam ismiga munosib. Bir marta  ko‘chaga chiqib, eshik tutqichini ushlasa, qo‘lini yetti marta sovunlab yuvadi. Uy-ro‘zg‘or, qozon-tovoq tutumiga gap yo‘q. “Yog‘ tushsa, yalagudek”, deb shunaqalarni aytishsa kerak. Mayli, ozodalik – salomatlik, ozodalik – ko‘ngli ravshanlik. Lekin hech qanday ezgulik zulm evaziga kelmasligi kerak. Ozodaning kelini Gulsevar hali kollej o‘quvchisi, endi bitiryapti. Ota-onasi:

– Bitirsin, yana o‘qimoqchi, vrach bo‘lmoqchi, – deyishsayam ostonasiga yotib olgudek bo‘lib yosh qizni kelin qilgan Ozodaning o‘zi. Endi kelini soat beshdan biron daqiqa kech qolsayam, eshigini taqillatadi:

– Turing, g‘aflat bosib uxlayvermang. Yo‘lakni, hovlini chang bosib ketdi, – deydi.

Kelin bechora ko‘zini ishqalab, yo‘lakni yuvadi, so‘ng hovlini  supuradi. Nonushta tayyorlaydi. Qaynota, qaynonasining tuflisigacha kiydirib, qo‘liga portfel, sumkasini tutqazib, kuzatib, so‘ng o‘zi o‘qishga shaylanadi.

– Har kun kech qolib borib, gap eshityapman, – deb zorlansa, Ozoda:

– Eplasangiz, o‘qing, – deydi. Kechqurungi osh-ovqat, yig‘ishtir-pig‘ishtir, kir-chir, dazmol... Buning ustiga, Gulsevarning bo‘yida bo‘lib qolgan, kamqon, oyog‘ini sudrab bosadi. Qaynona esa:

– Falonchining kelini bannisaga yotib olibdi, kasal qizni olishgan ekan, – deb yozg‘irib o‘tirgani uchun kelin bechora:

– Charchadim, dam olgim kelyapti, – ham deya olmaydi.

Ikkita o‘smir qizi bor. Hech yo‘q ovqatdan keyin qizlariga:

– Kennoying darsini qilsin, sizlar idish-tovoq yuvinglar, – demaydi. Qizlar televizor ko‘rib o‘tirishadi, Gulsevar bukchayib, o‘qchib, idish yuvadi.

– Ko‘chada ketayotganimda ba’zan yeru osmon chirparak bo‘lib aylanayotganga o‘xshaydi. O‘rindiqlarda yotib olgim keladi, – deydi Gulsevar. Ota-onasiga arz-dod qiladi:

– Uy toza bo‘lsayam, har kun changyutkichda tozalab chiqish kerak. Eshiklarga chang qo‘nishga ulgurmay chang artishim shart. Idishlarni gellab, uch marta yuvganim  yetmagandek, haftada hammasini katta kostryulga solib qaynataman, damlarim qaytib ketadi. Axir, hech qaerga butun ro‘zg‘orning ishini yolg‘iz kelin qilsin, degan majburiyat yo‘q-ku. O‘g‘illariga:

 – Zafar aka, hech yo‘q chiqindi tashlab keling, desam, qaynonam: 

– O‘g‘limni uy ishlariga aralashtirma, xotin kishiga o‘xshab qoladi, – deydi.

Ota-onasi:

– Bolam, har kim borgan uyining qolipiga tushishi kerak. Bo‘lmasa yashay olmaydi, – deyishadi.

Ozodaga agar kim:

– Kelin ham birovning bolasi, uni ayash kerak, – deganday qilsa:

– Kelinmi, qilsin! Kelinlikning taomili – shu, – deydi!

BOR BORICHA

Kimdir yozganlarimni o‘qib:

– Juda oshirib yuboribsiz. Hozir unaqa qaynona, bunaqa kelinlar ham qolmagan, – deyishlari mumkin.

Manzillariyu asl ismlarini ham aytar edimku-ya, faqat shu kelin bo‘lmish qaynonalari: qizlarga “Hali sen uyimizdagi gaplarni muxbirga aytib beradigan bo‘ldingmi? Avval yashatsam ham endi yashatmayman”, deb qolmasin, deyman-da. Bizning niyatimiz oilalarga darz yetkazish emas, Yurtboshimiz aytmoqchi, qirg‘oqni bilmayotgan qaynonalarni bir silkitib qo‘yish, xolos.

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.