Mutolaa zavqi...

Jurnallarimizda hayot nafasi o‘zgacha tarovat bilan akslantirildi. Ularning sahifalarida mavzuga atroflicha, chuqur yondashilgan, salmoqli maqolalar chop etilgan bo‘ladi. Shuning uchun jamiyatdagi o‘zgarishlar, siyosiy jarayonlardan boxabar bo‘lish, yuzaga kelayotgan ijtimoiy vaziyatni baholash maqsadida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalini tez-tez o‘qib turaman.

 

Uning 2017 yil 2-sonini qo‘lga olarkanman, ijtimoiy hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga, davlat boshqaruvi va jamiyatimizda qo‘l urilayotgan islohotlarga teranroq nazar tashladim. Masalan, Yoqub Umarovning “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” maqolasini o‘qib ijtimoiy sohalardagi islohotlar xalqimiz hayotiga qanchalik yengillik olib kirayotganini anglash mumkin. Bundan tashqari maqolada sohaning taraqqiy topishi yo‘lida oldimizda turgan muhim vazifalarni ich-ichingizdan his qilasiz. O‘zim ham shu yo‘nalishdagi raqamlar, faktlarni tahlil qilishga urinib ko‘rdim. 

“Strategik sheriklik asosidagi xalqaro hamkorlik — mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida” maqolasidan angladimki, biz barcha xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona o‘zaro manfaatdor aloqaga ega ekanmiz. Prezidentimiz Sh.Mirziyoev xalqaro siyosatni kuchaytirish, mamlakatimizga yangi investitsiyalarni jalb qilish, dunyo hamjamiyatida mamlakatimizning o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lishi yo‘lida bor imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda. Buni “O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo‘nalishi xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosatni yuritish... deb belgilangani ham isbotlaydi. 

“Xalq bilan muloqot” ruknidagi To‘ychi Ahmedovning “Aholi murojaatlarini yoritishda ommaviy axborot vositalarining funktsiyalari” maqolasida O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni haqida so‘z boradi. Qarorlar qabul qilinishi jarayonlaridan xalqimizning xabardorligini oshirishda, hukumat qarorlarini jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishida va oddiy fuqarolarning davlatni boshqarishda ishtirok etishini ta’minlashda Ommaviy axborot vositalari alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan. 

Jurnalning “Inson va qonun”, “Xalqaro huquq masalalari” kabi ruknlarda  ijtimoiy-iqsodiy, siyosiy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha turli maqolalar o‘rin olgan. Masalan, “Xorijiy davlatlarda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining fuqarolik-huquqiy maqomi”, “Xalq bilan muloqot — fuqarolik jamiyati”, “Nomi boqiylikka xatlangan” kabi materiallar fikrlashga, mavzular yuzasidan mulohaza yuritishga undaydi.

 

Ustozlarimiz moddiy ehtiyojni qondirish uchun tanovul qilganimiz kabi ma’naviy ehtiyojimizni mutolaa bilan qondirishimiz zarurligini ta’kidlashadi.

“Ma’naviy hayot” jurnali ana shunday ma’naviy ehtiyojingiz uchun va dunyoqarash, tafakkuringizning kengayishiga xizmat qiladi. Bir qaraganda, jurnal sizga notanish bo‘lgan purviqor qasrni eslatadi. Uning eshiklari kabi jurnal sahifalariga birma-bir kirib borar ekansiz, shuuringiz hissiyotlarga, tafakkuringiz yangi bilimlarga boyib boraveradi. 

Jurnalning birinchi sahifasida atoqli adib Eshqobil Shukurning “Urush uchun tug‘ilmaganlar” maqolasi berilgan. Unda Ikkinchi jahon urushi dahshatlari, fashizmning insoniyat, xususan, o‘zbek xalqi boshiga yog‘dirgan kulfatlari to‘g‘risida so‘z boradi. Maqoladagi Ikkinchi jahon urushida begunoh qurbon bo‘lgan o‘zbek yigitlari to‘g‘risidagi “... muhabbat to‘yxatiga hozirlanib, ajal ro‘yxatiga tushib qolgan navqiron ko‘ngillar ro‘yxati. Ularning ko‘pchiligi 18-35 yosh oralig‘idagi yigitlar edi. Ular ota-onalarining ko‘ziga to‘tiyo qilib, urush uchun emas, baxt-saodat uchun katta qilgan aziz farzandlari edi...” kabi satrlar qalbingizni to‘lqinlantirib yuboradi. Maqolada eng qimmatli narsa — qadr, eng aziz narsa — xotira ekanligi, bugungi tinch hayotimiz uchun shukronalik keltirib, keksalarimizni e’zozlab yashashimiz kerakligi ochib berilgan. 

Buyuk bobomiz Sohibqiron Amir Temurning bunyodkorlik ishlari, huzurbaxsh bog‘lar yaratgani to‘g‘risidagi “Bobomeros bunyodkorlik” maqolasida tarixiy faktlarga asoslanib o‘sha davr ijtimoiy hayoti, temuriylar davridagi tarixiy obidalarning bunyod etilishi to‘g‘risida so‘z boradi. 

“Yo‘l azobi — go‘r azobi” deb bejiz aytishmagan. Yo‘lingiz ravon, ulovingiz chaqqon bo‘lsa, manzilingizga bir zumda yetib olasiz. Norbek Toshniyozning “Bu yo‘llar ko‘p qadim yo‘llardir” maqolasida mamlakatimiz iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotida avtomobil yo‘llarining ahamiyati, mustaqillikning ilk yillaridan buyon avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida asosli fakt, kerakli raqamlar va teran  fikr-mulohazalar bildirilgan. Maqola muallifi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan boshlangan qadimiy Buyuk ipak yo‘lini tiklash borasida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalgan. Ichki yo‘llarning ahvoli, ularni qayta qurish va ta’mirlash borasidagi ishlar ham muallif nazaridan chetda qolmagan. 

Keyingi sahifadan o‘rin olgan Shodmonqul Salomning “Taqdir kompasi” maqolasida O‘zbekiston faxriy fuqarosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, etnograf, arxeolog, elshunos Kyudzo Kato bilan yaqindan tanishishingiz mumkin. Yaponiyaning Osaka shahrida tavallud topgan Kyudzo Kato qadimiy madaniyat o‘choqlaridan bo‘lgan Surxondaryo vohasidan topilgan arxeologik topilmalarga qiziqishi, yurtimizga qo‘ygan ixlosi tufayli 1989 yilda 67 yoshida mamlakatimizga keladi. O‘zbek olimlari bilan birgalikda yangi tarixiy manzillarni, jahonshumul arxeologik topilmalarni topib, ularning jahon madaniyatida tutgan o‘rnini ko‘rsatib berdi. Kyudzo Kato nafaqat tarix ilmi rivojida ter to‘kdi, balki o‘zbek — yapon madaniyatlari aloqasiga ham katta hissa qo‘shdi. “Taqdir kompasi” maqolasi 2016 yil sentyabr oyida dunyodan o‘tgan Kyudzo Kato ruhiyati, taqdir yo‘li,  uning dunyo ilmi, xususan, O‘zbekiston tarixshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida keng mulohazali hikoya qilinadi. 

Jurnalda “Mangu jumboq qarshisidagi o‘ylar”, “Yel qaerdan boshlanadi”, “Xartang qishlog‘iga talpingan Livan”, “Yozuvchi va urush”, “O‘qish, uqish va cho‘qish... yoki foydaning sababi qaerda?” singari bir-biridan ajoyib materiallar ham o‘rin olgan. Turli mavzulardagi o‘tkir, dadil va anchagina pishiq fikrlar sizni bee’tibor qoldirmaydi deb umid qilamiz.

Sanjar ESHMURODOV tayyorladi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.