UCH UCHRASHUV

Sharof Rashidov siymosida o‘zbek xalqining salkam 30 yillik tarixini o‘zida mujassam etgan inson qiyofasi turadi. Rashidov o‘zida rahbarlik sifatlari bilan birga insoniy fazilatlarni ham jamlagan arbob edi. Bunga o‘zim ham bir necha bor guvoh bo‘lganman…

 

1967 yil iyul oyida Sharof Rashidovning topshirig‘i bilan o‘sha paytdagi Sirdaryo viloyati rahbari bo‘lib ishlagan Rahmonqul Qurbonov Mirzacho‘ldagi “Samarqand” nomli xo‘jalikka keldi. Butun xo‘jalik ma’muriyati — suvchi, traktorchi, brigada boshliqlari shiyponga yig‘ildik. O‘tgan yili “Samarqand” xo‘jaligi Respublika xo‘jaliklari orasida paxtani mashina bilan terib olishda eng yuqori natijani ko‘rsatgan edi. Shu bois Sharof Rashidov bu yil ham “Samarqand” jamoasi yetishtirilgan paxta hosilini to‘liq mashina bilan, hasharchi olmay terib topshiramiz degan tashabbus bilan chiqsin, deb so‘ragan ekanlar. Xo‘jalik ahli nomidan direktor Ergash Xolmo‘minov so‘zga chiqib, “Rahmonqul aka, respublika rahbarlarining bizga ishonch bildirganidan nihoyatda xursandmiz. Ammo to‘satdan bunaqa murakkab ishga “ha” deb javob berishdan oldin odamlarimiz bilan ushbu masala ustida obdon maslahatlashaylik, yetar-etmas tomonlarini hisobga olaylik. Shundan so‘ng uzog‘i bir haftada bu tashabbus bilan markaziy gazetada chiqish qilamiz. Sharof Rashidovga esa shu yerda ko‘rgan-eshitganlaringizni aytsangiz, albatta u kishi bizni to‘g‘ri tushunadilar, — dedi. Rahmonqul Qurbonov shu gap bilan Toshkentga qaytib ketdi.

Majlis yana davom etdi. Ergash aka yig‘ilish qatnashchilariga biroz razm solib turdi-da, “Bizga markazdan juda mas’uliyatli, og‘ir vazifa yuklandi. Necha o‘n yillardan beri xalqimiz qiynalib, ikki bukilib, ertalabdan to kechgacha, bir necha oylab paxtani qo‘lda terishini ko‘rgan har bir insofli odamning terimchilarga achinmasdan iloji yo‘q. Sharof Rashidov ham ayni jarayonlarni ko‘rib-bilib yurgani uchun ushbu masalani yechishga yordam berisharmikin, degan umid bilan bizga murojaat qilayaptilar”, — dedi.

— Bu yil reja bo‘yicha o‘n ming tonna paxta yetishtirishimiz kerak. Agar qolgan oy-kunlarda yaxshi ishlab o‘n ikki ming tonna paxta yetishtirsak va uni hasharchi olmay, mashinalarda terib topshirsak, O‘zbekiston va o‘zbek xalqi uchun qanday ulkan ishni bajargan bo‘lardik... Shundan so‘ng biz bor kuchimiz bilan berilgan vazifani bajarishga kirishdik. Natijada 1967 yil yakunida “Samarqand” xo‘jaligi jamoasi 12 ming tonnaga yaqin paxtani hasharchi olmay, faqat mashinada terib topshirgan edi.

1968 yil bahorida mening bo‘limimda 10 gektar yerga paxtani yer ostidan tomchilatib sug‘orish tajriba usuli qo‘llanilgan edi. Bu usul hozirgi vaqtdagi yer ustidan tomchilatib sug‘orishning yer ostidan sug‘orish varianti edi. Paxtachilikdagi ushbu yangi tajribani ko‘rish uchun Sharof Rashidovning o‘zi keldi. U paxta ekilgan yerga uzoq tikilar, tajribani olib borayotgan olimlarning gaplarini diqqat bilan tinglar edi. Mirzacho‘lda yerlar 80-100 gektar standartda ekilar edi. Bizning yo‘limizdagi traktorda bir tekisda chekanka qilganimiz — 100 gektarlik dala xuddi baxmal gilam to‘shab qo‘yilgandek taassurot qoldirardi. Ammo shu kuni dalaning boshida traktor nam yerga kultivatori bilan botib, 4-5 metr paxtani bosib-yanchib tashlagan edi. Rahbarlar voqeani yo‘ldayoq eshitishgan, nima qilishni bilishmas, asablari tarang bo‘lib asta-asta yurib borishardi. Men esa qattiq xavfsiraganimdan sudralib, hammadan keyinda borar edim. Sharof Rashidov paxta dalalarining yashnab turganiga to‘yib qarar, atrofidagi odamlar bilan turli mavzularda gaplashardi. Shu tariqa, biz traktor botgan yerga yetib bordik. Sharof Rashidovning ko‘zi nogoh paxta nobudlangan joyga tushdi-yu, ilkis to‘xtadi. Payhon bo‘lgan g‘o‘zaga biroz qarab turdi-da, bir zamonlarda yaxshi bo‘lgan ekinlarga ko‘z tegmasin deb ota-bobolarimiz bir chekkasini yanchib qo‘yar ekanlar, bu ham shunaqa bo‘libdi, dedilar kulimsirab. Hamma yengil nafas oldi... 

Sharof Rashidov bu paxtani yetishtirgan brigadir menga yaqinroq kelsin dedi. Sharof akaning yumshoq muomalasidan o‘zimni tetik tutib yaqinroq bordim. O‘rtamizda savol-javob boshlandi:

— Tajribali dehqonga o‘xshaysiz, bu yil mana shu dalangiz gektaridan necha tsentner hosil beradi deb o‘ylaysiz?

— Mashina terimi bilan 30 tsentnerdan oshiqroq bo‘ladi. 

— Taxminingizcha har bir gektarda o‘rta hisobda nechta tup ko‘chat bor?

— O‘rta hisobda har bir gektarda 140 ming, javob berdim  shoshib. Shunda u kishi menga “Keling, bir hisoblaymiz”, dedi. 

— Agar har bir gektarda 140 ming tup ko‘chat bo‘lsa va har bir ko‘chatda 10 tadan ko‘sak bo‘lsa, bir million 400 ming ko‘sak bo‘ladi. Har bir ko‘sakda uch gramm paxta bo‘lsa, demak siz 42 tsentner paxta berishingiz kerak. “Respublika paxta dalalarini oralab, paxta ekkan dehqonlar bilan suhbatlashaverib, ba’zi narsalarni o‘rganib olgandik”, — dedilar mening xijolat bo‘lganimni ko‘rib, samimiylik bilan...

Shunaqa mo‘l hosil yetishtirganing uchun rahmat, degancha, yelkamga qo‘lini qo‘yib, do‘stona munosabatda: “Bizga qanaqa iltimosingiz bor?”, dedi. Men qo‘limning qatida ushlab turgan kichik bir qog‘ozni Sharof akaga berdim. Sharof aka indamay xatni ichida o‘qidi. Xatda “Sharof aka, yaqinda bir manbada Avstraliya degan davlatda paxtani yangi agrotexnika asosida ekib, har bir gektardan 350 ming ko‘chat o‘stirib, kombaynda yig‘ib olishar ekan. Meni Avstraliyaga ushbu usulni obdon o‘rganib kelish uchun yuborsangiz, iltimos” deb yozilgandi. Sharof aka indamay xatni menga qaytarib berib, mayli, maslahatlashib ko‘ramiz, deb kulimsiradi. Bir oydan keyin viloyat rahbariyati orqali buning iloji yo‘q ekan, degan og‘zaki javob oldim...

1970 yil avgust oyining boshida Sharof Rashidov paxtani yer ostidan sug‘orish tajribasini ko‘rishga yana keldi va bizning bo‘limdagi shiyponda mehmon bo‘ldi. Yillar o‘tsa ham Avstraliyaga borishni so‘raganim yodidan chiqmagan ekan, meni yoniga chaqirib oldi. So‘ng sokin ovozda bir maromda gapira boshladi. 

— Respublika rahbari bo‘lganim bilan men qilayotgan ishlarda belgilangan chegara bor. Shu chegaradan chiqmasligimiz kerak. Bizda kapitalistik mamlakatlarga belgilangan odamlargina Moskvaning ixtiyori bilan yuboriladi. Agar sizni Avstraliyaning paxta ekish usuli juda qiziqtirgan bo‘lsa, o‘sha tajribalarni o‘zimizda o‘tkazavering, yer-suv, texnika, urug‘ o‘z qo‘lingizda, menimcha, hech kim sizga xalaqit bermaydi... 

Shu suhbatdan keyin men nimalarnidir tushungandek bo‘ldim. Shundan so‘ng o‘ylaganlarimni tashqi emas, balki ichki imkoniyatlardan kelib chiqib amalga oshira boshladim. Keyinroq Sharof Rashidov bilan yana bir karra ko‘rishdim. O‘shanda u kishi olib borayotgan tajribalarim haqida so‘radi.

— Agar siz bizga tajribangiz bilan paxtadan hozirgiga nisbatan yana bir karra yuqori hosil olish yo‘lini ko‘rsata olsangiz, paxtachilikda inqilob yaratgan bo‘lardingiz, dedi. Sharof aka shu gaplarni aytarkan, uning ovozida to‘lqinlanish, orziqish va allanechuk iztirob sezilardi...

“Samarqand” xo‘jaligining paxtani faqat mashinada terish tajribasi respublikaning hamma xo‘jaliklarida joriy qilindi. 1974 yilda respublikada 5  330 500 tonna paxta hosili yig‘ishtirib olingan bo‘lsa, shundan 2  715 900 tonnasi mashinada terilgan edi. Agar “o‘zbek ishi” degan uyushtirilgan, qabih ish boshlanmaganida paxta terimi to‘liq mashinalashgan, o‘zbek xalqi paxtani qo‘l bilan terishdan butkul qutulgan bo‘lardi. O‘sha mash’um yillarda O‘zbekistonda uch yuz mingdan ko‘proq odam qamaldi. Millionlab odamlar so‘roq qilindi. Gdlyan, Ivanov boshliq “desantchilar to‘dasi” markazdan cheksiz vakolat bilan kelishgan, respublika rahbarlarining birortasiga itoat qilmas edi. Paxta ekib, o‘stirgan o‘zbek xalqining Xudodan boshqa suyanadigan tog‘i qolmagan edi. “Paxta ishi”, “O‘zbek ishi” kabi mustabid tuzumning mash’um shumligi, qanchadan-qancha begunoh yurtdoshlarimizni, paxtani mashinada terishning tashabbuskorlari bo‘lgan adolatli odamlarni oramizdan olib ketdi. Biroq adolat quyoshi hech qachon so‘nmaganidek, yaxshi insonlar nomi tarix sahnasidan o‘chib ketmaydi. Bugun jonkuyar arbob, qat’iyatli rahbar, samimiy inson Sharof Rashidovning nomi yurtdoshlarimizning qalbida yashayotgani buning isbotidir. 

 

G‘affor KARIMOV,

agronom

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.