Adiblarni tushungan muharrir

Toshkentning eski shahar qismidagi yonma-yon joylashgan uch-to‘rtta mahalladan o‘tgan asrning elliginchi-oltmishinchi yillarida shunchalik ko‘p va xo‘p ziyolilar yetishibdiki, bu holatni tabiat va hayotning inson izmidan tashqaridagi qonun-qoidalari, sir-sinoatlari tajassumi desa arziydi.

 

 Masalchi Yamin Qurbon, shoir va yozuvchi Yusuf Shomansur, shoirlar Xayriddin Saloh, Sayyor, To‘lqin, Erkin Vohidov, Anvar Isroilov, shoir va dramaturg Haydar Muhammad, olim va tarjimon Ibrohim o‘afurov, islomshunos olim Shamsiddinxon Boboxonov, huquqshunos Alisher Azizxo‘jaev, kinoshunos Hamidulla Akbarov, teatrshunos Toir Islomov, akademik kimyogar To‘lqin Mirkomilov, kibernetik olim Ne’matilla Mo‘minov, iqtisodchi Erkin Nabiev, tilshunos Hamidulla Usmonov, davlat arbobi Mirahmad Mirqosimov, diplomat Sur’at Mirqosimov o‘sha yillari bo‘y ko‘rsatib, ko‘p yillar el xizmatida bo‘lishdi.

Serqirra va sermahsul  ijodkor Asror Samad ham o‘sha avlodning ko‘zga ko‘rinarli, yetuk vakili edi. U Shayxontohurdagi obod bir hovlida tavallud topgan. U kishi o‘ynab-o‘sgan  ko‘chani ziyolilar ko‘chasi desa ham bo‘ladi. Huquqshunos akademik Shavkat O‘razaev, O‘zbekiston xalq artistlari — kinorejissyor Latif Fayziev, aktyor To‘g‘on Shukurov, musiqashunos Ilyos Akbarov, bastakor Ikrom Akbarovlar shu mahalladan edilar. Bu yerda milliy va islomiy muhit barqaror edi. Hazrat Shayxontohur bobomizning ruhi poklari yoshu qarini mudom ezgulikka chorlab turardi. Asror Samad ana shunday muhitda unib-o‘sdi, kamol topdi, yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida barakali ijod qildi, o‘zidan boy ilmiy va ijodiy meros qoldirdi.

Mana, yozuv xontaxtamning ustida uning to‘rt jilddan iborat asarlari turibdi. Bular – do‘stim va hamfikrim Asror Samaddan qolgan eng katta ma’naviy boylik. O‘zim taqriz va so‘ngso‘z yozgan, “Vafo vojiblari” deb atalgan birinchi jildni qayta ko‘zdan kechiraman, ichki sarlavhalarga alohida ko‘z tashlayman: “Hammabop maqolalar”, “Ilmiy-ommabop risolalar”, “Hikoyalar”, “Onamning ertaklari”, “Adabiy stsenariylar va dramatik qissa”, “Ilhom to‘lqinlari”. Shu sarlavhalarning o‘ziyoq muallif tafakkur doirasi va ijodkorlik mezonining naqadar keng va teranligini ko‘rsatib turibdi. Asror Samad kitoblarga so‘zboshi va so‘ngso‘z yozishda ham mohir edi. Bu birinchi jildga so‘ngso‘z yozishimda uning bu boradagi uslubini qo‘llashga uringanman.

Kitobni qo‘lga oldingizmi, ko‘zingiz darhol uning so‘zboshisiga tushadi. So‘zboshi jozibali va lo‘nda bo‘lsa, kitobga qiziqish ortadi. Agar bunday bo‘lmasa, garchi asar a’lo darajada bo‘lsa-da, undan ixlosingiz sovib qolishi hech gap emas.

So‘ngso‘z haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. Agar kitobni o‘qib chiqqach, undagi so‘ngso‘zni mutolaa qilsangiz-u, u noxolis yozilgan bo‘lsa, asardan olgan taassurotlaringizga putur yetadi. Demak, so‘zboshi yoki so‘ngso‘z yaratishda o‘ta xolis bo‘lish, har bir jumlani yozishda yetti o‘lchab bir kesish kerak bo‘ladi, baho berishda zargarona ish tutish lozim.

Taniqli olim, yozuvchi, dramaturg va noshir, bir so‘z bilan aytganda, serqirra ijodkor, madaniyat fidoyisi Asror Samadning to‘rt jildli asarlar to‘plamining “Vafo vojiblari” deb atalgan mazkur birinchi jildiga co‘ngso‘z yozib berish so‘ralganda, kamina dastlab ancha taraddudlanib qoldi. Keyin esa bu zamondoshimiz haqida bilganlari, eshitganlari va idrok etganlarini qog‘ozga tushirishga ahd qildi.

Rahmatli Asror Samad – olim, adib, dramaturg, noshir bo‘lishi barovarida hamkasblariga mehribon va sadoqatli, ularning og‘irini yengil qiluvchi, beminnat ko‘maklashuvchi inson edi. 

Istiqlol shabadalari esa boshlagan yillar edi. Asror Samad  mamlakatimizda birinchi bo‘lib xususiy nashriyot ishlarini boshlab berdi. “Nur” ilmiy-ijodiy birlashmasini (keyinchalik “Xazina”) ochdi. Uning faoliyatiga davrimizning kuchli ziyolilarini jalb etdi, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdi. O‘zbekiston Qahramonlari — Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, xalq yozuvchilari — Shukur Xolmirzaev, O‘tkir Hoshimov, xalq shoirlari — Ramz Bobojon, Normurod Nazrullaev, fantast adib Hojiakbar Shayxov, kabi o‘nlab olimlar, publitsistlar kamina ham Asror Samadning homiyligidan moddiy va ma’naviy madad oldik. Bu esa o‘z navbatida bir qator yaxshi asarlar yaratilishiga omil bo‘ldi.

Asror Samad – serqirra ijodkor edi. U roman janridan boshqa adabiyotning barcha janrlarida qalam tebratdi. Ularning bari bir-biridan o‘qishli va ayni paytda katta ma’rifiy va didaktik ahamiyatga ega. Uning ilmiy ishlari folklorshunosligimiz rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan. Diniy bilimlarning ilmiy targ‘ibotiga doir xizmatlari ham diqqatga sazovor.

Asror Samadning madaniyatimiz, san’atimiz, adabiyotimiz va jamiyatimiz oldida qilgan 55 yillik xizmatlarini e’tirof etgan holda uning Sohibqiron Amir Temur bobomizni safimizga qaytishi borasidagi fidokorona xizmatini alohida ta’kidlab o‘tishni lozim deb bilaman, chunki bu tarixiy voqeaga kamina ham bir shohid va ishtirokchi bo‘lganman.

Ma’lumki, ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek badiiy adabiyotida dramaturgiya eng yosh janrlardan biri. Unga 1913 yili Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari tomonidan “Padarkush” asari bilan asos solingan. Dramaturgiyamizda Sohibqiron Amir Temur obrazi ilk bor Abdurauf Fitrat tomonidan o‘tgan asr o‘ninchi yillarining oxirlarida “Temur sag‘anasi” asarida yaratilgan. Biroq bu asarning to‘liq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Undan bir parcha tarixchi olim Haydarbek Bobobekov tomonidan “Turon” jurnali (Toshkent, 1990)da chop etildi, bu parchani kamina ham o‘zining “Yorug‘lug‘” nomli kitobida keltirgan.

Atoqli shoir, dramaturg va olim Maqsud Shayxzodaning pesasida ham Sohibqiron Amir Temur obrazi tilga olingan, biroq unda Temurning ruhini ko‘rsatish orqali ish tutiladi. Bu asar milliy teatr sahnasida qo‘yilganda shu parcha ham tushirib qoldirilgandi. Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat drama teatrida esa, “Mirzo Ulug‘bek” asari to‘liqroq ko‘rsatilib, unda Temur arvohi obraz tarzida keltirilgan.

Xullas, sho‘rolar zamonida Sohibqiron Amir Temur obrazi sahnada tasvirlanmagandi. Bunga istiqlol sharofati bilan Milliy teatr sahnasida Asror Samadning “Sohibqiron Temur” pesasida erishildi. Tarixchi olim Turg‘un Fayziev pesa muallifiga temuriylar tarixi bo‘yicha, kamina dramaturgiya bo‘yicha maslahatchilar bo‘ldik.

Ma’lumki, Amir Temur hayoti va faoliyatida ko‘p qaltis va hal qiluvchi damlar bo‘lgan. Bulardan eng qaltis va eng hal qiluvchi holat Amir Temur va Yildirim Boyazid qo‘shinlari o‘rtasida 1402 yilda Anqara yaqinida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvdir. “Sohibqiron Temur” pesasidan keyin o‘zbek tilida yozilgan va sahnalashtirilgan pesalarning barchasida xuddi shu yo‘ldan borildi. Binobarin, bu boradagi boshlab beruvchilik sovrini o‘zbek dramaturgiyasida Asror Samadga nasib etgan ekan.

Asror Samad ijodi, faoliyati, adabiyotimizda, ilm-fanimizda bir voqea, desak xato bo‘lmaydi.. 

U mening ijodimda ham ijobiy o‘rin tutdi. Uning kaminaning hayoti, ijtimoiy va ijodiy faoliyati haqida yozgan maqolalari jamlansa kattagina kitob bo‘ladi. U vafotidan sal oldin shu haqda so‘z ochib, bunday degan edi. “O‘tkurdan keyin navbat sizga yetdi. Siz haqda bir kitob yozaman, materiallar yetarli...” Asror Samad yozuvchi O‘tkir Hoshimov haqidagi “O‘tkur qalam” degan kitobiga qo‘lxat yozib menga yuborgan edi...

Asror Samadning viqorli xotirasi qalbim va ongimda toabad saqlanadi. 

Joriy yilimiz, ya’ni “2017 yil – xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”dir. Muloqot nafaqat tiriklar bilangina bo‘ladi, balki g‘oyibona o‘tganlar bilan ham bo‘ladi. Bu Xotira, Arvoh xotiradir. Mazkur maqola nafaqat Asror Samadga, balki u mansub bo‘lgan avloddan o‘tganlarning hammalariga ham tegishlidir.

 

Abduqahhor IBROHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, 

professor

(Maqola qisqartirib bosildi).

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.