SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV bilan suhbat

Jizzax — purviqor Nurota tog‘ tizmasiga tutashib ketgan Molguzar tog‘i etagida joylashgan fayzli shahar. Bu ko‘hna zamindan ko‘plab shoiru adiblar, davlat arboblari yetishib chiqqan. Hamid Olimjon,

Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Sarvar Azimov, Nasrullo Oxundiy, Qodir Imomov, Shukur Sa’dulla, Orifjon Ikromov, Polvon Azizov ana shunday zotlardir. Professor, mohir jurnalist, nuktadon adabiyotchi, taniqli tarjimon Asil Rashidov ham ana shu muhit farzandi, mana shu tarixiy silsilaning uzviy halqasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

 Ustoz kelishilgan vaqtdan o‘n daqiqa oldin belgilangan joyga yetib keldi. U kishini yaxshi bilaman, odati shunaqa. Tartibga qat’iy rioya qiladi.

Bir-birimizga duch kelishimizga yigirma-o‘ttiz qadam qolganda uning qadam bosish barobarida yo‘l chekkasidagi dov-daraxtlarga ko‘z tashlab qo‘yayotganini bir muddat kuzatib turdim. Yaproqlar ustozga ne deb shivirlayotgan ekan? Mana, ro‘baro‘ turibmiz.

— Assalomu alaykum, ustoz!

— Vaalaykum assalom! 

Odamlar qatnovi hamda avtomobillar shovqinidan xoliroq joydagi bir o‘rindiqqa o‘tirdik.

— Qani, endi savollaringni beraver, — deyar chog‘ida qo‘limdagi diktofonga ko‘zi tushgach, Asil aka: «Bizning davrimizda feleton tayyorlash jarayonida bunday matohlaring bo‘lganda edi...», — deya qo‘shimcha qilib qo‘ydi.

Yengil kulgi bilan suhbatimizni boshlab oldik.

— 1930 yili Jizzax tumanidagi Sovungarlik mahallasida tug‘ilganman. Asil ismim — Asliddin, — dedi u nigohini uzoqlarga qadar ekan, nimalarnidir mamnuniyat bilan eslab. — Bolaligimda meni Nishon, Xolmat ham deb chaqirishgan. Nishon ismim bir tutam oq soch bilan tug‘ilganim uchun qo‘yilgan, tanamda xolim borligi uchun Xolmat ham atashgan. Otamiz — mirishkor dehqon Rashid Xalilov (1890—1954) bilan onamiz Qo‘ysinoy Xalilova (1892—1955) olti o‘g‘il — Kamoliddin, Sharofiddin, Sahobiddin, Isomiddin, Asliddin, Nasriddinni tarbiyalashgan. To‘ng‘ichimiz 1914 yilda tug‘ilgan Kamoliddin Rashidov 1933 yilda og‘ir xastalik bilan Samarqand shahrida vafot etgan. Ocharchilik yillari emasmi, uni Jizzaxga olib kelishning iloji bo‘lmagach, Bibixonim masjidi ro‘parasiga dafn etishgan. Undan keyingi akam Sharofiddin Rashidovni barcha taniydi. U kishi 1917 yilda tug‘ilib, 1983 yili vafot etgan. Yana bir akam Sahobiddin Rashidov 1921 yilda tug‘ilgan, 1986 yili chin dunyoga ketdi. Isomiddin akam 1926 — 1977 yillari yashab o‘tdi. Kenjamiz — 1933 yilda tug‘ilgan Nasriddin Rashidov umrining so‘nggi yillarida Jizzax politexnika institutida rektor edi. 2002 yilda vafot etdi. 

Bolaligimiz og‘ir yillarga to‘g‘ri keldi. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridagi ocharchilik, qatag‘on davri O‘zbekistonda necha yuz minglab xonadonlarning boshiga kulfat keltirganini ko‘rgan ko‘zlar so‘nggi paytlarda tobora kamayib bormoqda. Ulardan bu haqda eshitgan yoshlar o‘sha dolg‘ali davrni, mayli, ertak eshitganday qabul qilaversin. Ocharchilik va qatag‘on yillaridan keyin urush boshlanib ketdi. Hamma narsa urush uchun safarbar etildi. Biz yoshlar ham kattalarga ko‘mak berib, baholi qudrat g‘alabani yaqinlashtirishga intildik. O‘sha yillari Jizzaxda ham butun respublikada bo‘lgani kabi faqat paxta ekilardi. Ehtiyoj tufayli Jizzaxda qandlavlagi ham ekila boshladi. Ushbu ekin uchun juda katta hudud ajratildi. Buni qarangki, og‘ir yillarda o‘sha lavlagi aholining kuniga yaradi. Biz ham katta-kichik bir bo‘lib, mashinada, otda, eshak-aravada vokzalga lavlagi tashirdik. Tonna-tonna lavlagi o‘sha yerdan sobiq ittifoqning boshqa hududlariga jo‘natilardi. Talab qat’iy edi. Hatto o‘z tomorqangga ham qarash mumkin emasdi, bunga ruxsat etilmasdi.

Bir kuni otam: «Makkayi qurib ketayapti. Tushlik vaqti tez ovqatlanib, makkayi sug‘oringlar», deb qoldi. Isom akam bilan makkajo‘xorining tagini endi yumshatamiz deb turganimizda otliq upolnomachi (vakil) qamchisini o‘ynatib kelib qoldi va bizni ishga qaytarish payida og‘iz juftladi. Bundan otamning jahli chiqib: «Bu sho‘rliklar ovqatlanish vaqtining hisobidan kelib makkayini chopayapti. Nima, bunga haqqimiz yo‘qmi? O‘zingni shu qamching bilan uraymi?» deb upolnomachini urishdi. Otamning bu shahdini ko‘rgan boyaqish «Uzr, Rashid ota, uzr» deb qaytib ketdi. 

Otamiz o‘ta mehnatkash bo‘lgan. Keyinchalik, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimizda uyga borganimizda ham ko‘p vaqtimizni tomorqada o‘tkazardik. Tomorqada, qishloq xo‘jaligida qancha mehnat turi bo‘lsa, bizni hammasiga o‘rgatgan.

— Talabalik yillaringiz hayotning oqu qorasini anglagan davrlaringiz ekani shubhasiz...

— Tomorqa va qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band bo‘lsak-da, ota-onamiz farzandlar tarbiyasiga g‘oyat e’tiborli edi. So‘nggi yillarda ularni jismoniy mehnat zaiflashtirib qo‘ygandi. Oqibatda 1954 yili otamiz 64 yoshida, 1955 yilda onamiz 63 yoshida olamdan o‘tdi. Ular vafot etishganida hali Sharof akam ham, Sahob akam ham to‘la oyoqqa turgani yo‘q edi. Shu bois o‘rtamiyona yashaganmiz. O‘zim ham tomorqamizda yetishtirilgan qovun-tarvuzga qo‘shib, qatig‘u tuxumlarni tirikchilik uchun eskishahar, yangishahar bozorlariga olib chiqib sotardim. 

Shunday davrda ham o‘qishni qoldirmadik. 1937 yili maktabga bordim. Ustozlarimiz o‘z bilimini ayamaydigan, biz yoshlarni farzandi qatori ko‘radigan insonlar edi. Maktabni bitirib, Jizzax shahridagi Hamid Olimjon nomidagi bilim yurtida 1946 yildan boshlab o‘qishni davom ettirdim.

1949 yilda Jizzaxdan o‘n nafar yosh Toshkentga o‘qishga kelganmiz. Poytaxtga kelib to‘g‘ri «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasi tahririyatiga borganmiz. Gazeta joylashgan bino hozir «Sharq ziyokori» kitob do‘koni o‘rnidagi ikki qavatli imorat edi. O‘sha paytda Sharof akam shu gazeta bosh muharriri lavozimida ishlardi. 

Uchrashaylik, maslahatini olaylik deb kirdik. Letuchka (adabiy o‘qish) bo‘layotgan ekan. O‘ziyam bir soat davom etdi. Yig‘ilish tugagach, akam gazeta xodimlaridan birini chaqirib: «Ahmadjon, Jizzaxdan ukalar kelibdi, ularning universitetga borishiga, istagan fakultetiga kirishiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsating», dedi. U kishi bizni Toshkent kurantining oldigacha olib keldi. Kurantning oldida tramvay bekati, Stalinning besh metrlik haykali bo‘lardi. Ahmadjon aka ham biz chapani yigitlarni universitetgacha olib bormadi-da, bir imoratni ko‘rsatib, «huv anavi bino universitet bo‘ladi, borib kiraveringlar» deb o‘zi qaytib ketdi. Shu tariqa biz har kim o‘zi xohlagan fakultetga hujjat topshirib, bilimimiz bilan imtihonlardan o‘tib, o‘qishga kirganmiz.

Darvoqe, men dastlab SAGU(O‘rta Osiyo davlat universiteti)ning biologiya fakultetiga o‘qishga kirganman. Sababi — Jizzaxda mahallamda payvandchi nomini olgandim. Nimani payvand qilsam tutib, meva berib ketardi. Buni Sharof akam kuzatib yurarkan. «Keyingi yillarda biologiya fani o‘sib, rivojlanib kelayapti. Sen biologiya fakultetiga o‘qishga kirgin» deb maslahat bergach, rozi bo‘lganman. Ammo o‘qishning birinchi-ikkinchi oylarida mikroskop bilan faqat chuvalchangu qurbaqalarni tekshirganmiz. Bu tarzdagi o‘qishga qo‘lim ham, ko‘nglim ham bormay qo‘ydi. Oxiri akamga: «Men Jizzaxdan Toshkentga qurbaqa tekshirishni o‘rganishga kelganim yo‘q. Ko‘nglim tortmayapti», dedim. U kishi biroz o‘ylanib turdi-da: «Bo‘lmasa, qaysi fakultetda o‘qishni xohlaysan?» deb so‘radi. Filologiya fakultetida jurnalistika bo‘limi ochilgani, shunda o‘qimoqchiligimni aytdim. Shu tariqa yarim yildan keyin jurnalistika bo‘limiga o‘tdim. 

Nasib qilgan ekan, 1954 yili universitetni bitirishim bilan amaliyot kezlari tez-tez borib turadigan «Qizil O‘zbekiston» gazetasiga ishga bordim. Bu paytda gazetada Ibrohim Rahimov bosh muharrir edi. Dastlab adabiy xodim, so‘ngra adabiyot, madaniyat bo‘limida ishladim. Bir muddatdan keyin targ‘ibot bo‘limiga mudir qilib tayinlashdi. Qisqa fursatda ijtimoiy fanlar kafedralarining ko‘plab xodimlarini gazeta bilan hamkorlikka jalb etdik. Bu davrda «Qardoshlik», «Do‘stlik kuylari», «Do‘stlik bayrog‘i ostida», «Amerika progressiv adabiyotida negrlar hayotining aks ettirilishi», «Buyuk xalq qudrati», «Yangi davr, yangi kishilar obrazi» kabi maqolalarim chop etildi.

1958 yilda o‘qishni davom ettirish uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti(hozirgi universitet)ga bordim. Ham aspirant sifatida o‘qidim, ham “O‘zbek adabiyoti” kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishladim. 

— Taniqli adib Mirkarim Osim «Tarjimonlik — ikki olam yuki» degan ekan. Bugungi kungacha ko‘tarib kelayotganingiz bu yukni ilk bor qachon zimmangizga olgansiz? Umuman, O‘zbekistonda tarjima nazariyasi va amaliyoti asoschilaridan biri bo‘lgan o‘aybulla Salom bilan qiyomatli do‘stligingiz haqida ham o‘zingizdan eshitmoqchi edik.

— Dastlab savolning ikkinchi qismiga javob bermoqchiman. 1959 yil dekabr oyida o‘zbekcha-ruscha katta lug‘at chop etildi. Shu voqeadan keyin bir kuni Sharof akam: «Bu lug‘atning chop etilishi o‘zbek madaniyati uchun katta voqea bo‘ldi. Akademiyaga borib, biron bilag‘on tilchi bilan gaplashgin. Ushbu lug‘at haqida yaxshi bir taqriz yozinglar» deb qoldi. O‘sha paytda Olim Usmon o‘aybulla Salomovning ilmiy rahbari ekan. Bizni tanishtirib qo‘ydi. Birgalashib taqriz yozdik. Do‘stu birodarligimiz, qadrdonligimiz shu tariqa boshlangan. Keyinchalik lug‘at ustiga qomus, qomus ustiga tarjima qo‘shilib, ilmiy va ijodiy hamkorligimiz ko‘lami kengayib ketdi. 

Badiiy tarjima bilan shug‘ullanishni Sharof akam maslahat bergandi. Ilmiy rahbarim, akademik Vohid Zohidov ham bu ishga undagach, tarjima bilan shug‘ullanishga kirishdim. Adashmasam, 1960 yilning kech kuzi edi. Ustozim shifoxonada davolanayotgandi. Bir kuni ilmiy rahbarimdan hol-ahvol so‘rash uchun shifoxonaga borsam, u kishi meni har doimgidan ham yaqinroq olib, yoniga o‘tirishimni so‘radi. Kayfiyati yaxshi. Ko‘zlari betob odamnikiga o‘xshamaydi. Menga «Kultura i jizn» jurnalining 1959 yil 7-sonini o‘qib chiqqani, unda frantsuz yozuvchisi Lui Aragonning o‘sha davrda hali unchalik tanilmagan, biroq nomi u yer-bu yerda hurmat bilan tilga olina boshlagan qirg‘iz adibi va uning «Jamila» asari haqidagi «Jahonda eng go‘zal sevgi qissasi» sarlavhali maqolani qiziqish bilan o‘qiganini zavq bilan aytib berdi va jurnalni qo‘limga tutqazdi. Tutqaza turib, bu qissani o‘zbek tiliga o‘girishimni iltimos qildi. 

Qirg‘iz adabiyoti olamiga dabdurustdan kirib qolishimga sabab Chingiz Aytmatovning ijodi, xususan, uning ohanrabodek o‘ziga tortgan «Jamila» qissasi bo‘lsa, bu yo‘ldagi so‘qmoqlarda ilk bor beminnat shamchiroq tutgan saxovatpesha o‘aybulla Salomov edi. «Jamila»dan keyin «Sarvqomat dilbarim», «Alvido, Gulsari», «Oq kema», «Asrga tatigulik kun» asarlari tarjimasi ustida ishlagan paytlarimda ham do‘stim menga ko‘makdosh bo‘ldi. Ba’zi so‘zlar, ayrim sarlavhalar ustida kunlab, oylab o‘ylab yurgan vaqtlarim bo‘lgan. Bunday mahallarda do‘stim ko‘plab mushkullarimni oson qilgan. Qiyomatli birodarimning yana ko‘plab yaxshiliklari borki, hech qachon unutmayman.

— Ustoz, mashhur qondoshingiz Sharof Rashidov haqida kam gapirasiz. U kishining oila davrasida o‘zini tutishi, aka sifatida o‘rtalaringizdagi munosabat ko‘pchilik uchun qiziqarli. Ayniqsa, davlat va jamoat arbobi sifatida u kishining 100 yilligi nishonlanishi munosabati bilan shular haqida o‘rtoqlashsangiz. 

— Sharof Rashidov to‘g‘risidagi asosiy gaplarni 1992 yili «Fan» nashriyotida chop etilgan «Akam haqida» sarlavhali risolada to‘liq aytganman. 

Uning qabuliga kirgan kishi mamnun bo‘lib chiqardi. Bir misol. Marhum Nasrullo Oxundiyning bir voqeani hikoya qilib bergani kechagidek esimda. U kishi hozirgi Qo‘lyozmalar institutining sobiq direktori Hamid Sulaymon bilan Sharof akamning qabulxonasida uchrashib qoladi. U kishining huzuridan chiqqan do‘stlar birga suhbatlashib ketishadi. Oxundiy Hamid akadan «Domla, bo‘rimisiz, tulkimisiz?» deb so‘raganida u g‘oyat mamnun holda deydi: «Azim chinorni ildizi bilan sug‘urib tashlaydigan bir kuch bilan chiqdim!». Sharof akam shunaqa edi. Ertayu kech ishlardi. 

Yurti, uning farzandlari uchun qay darajada qayg‘urganiga bir misol keltiray. 1983 yil kuzida Xorazm viloyati respublikada birinchi bo‘lib paxta planini bajardi. Shu munosabat bilan akam Xorazmga uchdi. U yerdan Qoraqalpog‘istonga mashinada yo‘l oladi. Yo‘lda velosipedda ketayotgan bir bolani ko‘rib qoladi va haydovchiga mashinani to‘xtatishni buyuradi. Mashinadan tushib kelayotgan rasmiy kishilarni ko‘rgan bolakay qo‘rqib ketadi. «Qo‘rqma-qo‘rqma, velosipedingni ko‘rmoqchimiz, chiroyli ekan», deb akam bolani ovuntiradi. Yonidagilarga respublikamizga shu velosipeddan 2500 ta keltirishimiz kerak deb aytadi va yo‘lida davom etadi.

Sharof akam kam bo‘ladigan bo‘sh vaqtlarida kino ko‘rishni, bilyard o‘ynashni yaxshi ko‘rardi. Bir kunning o‘zida yetti-sakkiz joyda bo‘lgan yig‘inda qatnashib, hammasiga o‘z vaqtida ulgurib, ishdan uyga horib-charchab kelsa-da, kamgina ovqat yerdi va «qani yur, pichchi sayr qilib kelamiz» derdi. Hovli bo‘ylab aylanaverardi-aylanaverardi, men charchab ketardim... 

Shuncha ish bilan band bo‘lsa-da, kechqurun uyga kelganda biryo‘la ikki-uchtalab kino ko‘rardi. Ishdan kelguncha biz kino ko‘rib turardik. Xursanoy yangam «akangizning ishdan keladigan vaqti bo‘lib qoldi» derdi. Akam kela solib «qaysi kinoni ko‘rdilaring?» deb epizodlarini so‘rardi. Biz endigina ko‘rayotuvdik deb qutulardik.

Akam ijodini ham to‘xtatib qo‘ymagan. U paytda Oloy bozori yaqinida yashardi. Men universitet talabasiman. Gazetada ishlaganida sahifalarni tayyorlab, endi nashrga beramiz deb turganida Moskvadan to‘rt qator narsa kelib qolar va uni tarjima qilib, sahifaga joylashtirguncha ko‘p vaqt o‘tardi. Shunday hollarda ham uyda uyqu vaqtining hisobiga asarlari ustida tongotargacha ishlardi. 

Xullas, «Ota-onang o‘lsa o‘lsin, ularni ko‘rganlar o‘lmasin» degan gap bor. Gapiraman desang, gap ko‘p, ammo umr oz...

Xiyobondagi gurungimizni yakunlagan chog‘imizda Asil aka: «Mana, o‘tirgan joyimizdan ham soya keta boshladi. Boyagi salqin havo yana dim bo‘lyapti. Yur, uyga kiramiz, kutubxonamdan ikkita kitob beraman, suhbat-maqolani yozishda foydalanasan», deb qoldi.

Kutubxonasiga kirgan chog‘imda birinchi bo‘lib ko‘zim tushgan suratga bir muddat tikilib qoldim. Bundan o‘n besh yil oldin biz talabalarning Asil aka bilan tushgan suratimiz kutubxonaning eng ardoqli joyiga qo‘yilgan edi. «Bu surat, bu guruh men uchun ham qadrli-da», deb qo‘ydi ustoz jilmayib. Kutubxonadan ikkita kitobni ajratib olib, menga bergan Asil aka: «Albatta qaytarish sharti bilan», dedi. Ijodxonaga o‘tdik. Stol ustida Chingiz Aytmatov asarlari... 

Boshqa xonaga o‘tgach, bir partiya shaxmat o‘ynashni taklif qildim. Sipohlarni terdik. Shu tobda Saydi Umirov va Boybo‘ta Do‘stqoraevning Asil Rashidov faoliyatiga bag‘ishlangan «Ziyobaxsh umr sahifalari» risolasidagi ustozga berilgan ta’rif yodimga keldi: «Asil aka — shaxmat shaydosi: bir tekis, puxta, pishiq o‘ynaydi, o‘ylab dona suradi, yutsa havolanib ketmaydi, yutqazsa asabiylashmaydi (yoki buni sezdirmaydi)». O‘yinimiz Asil aka foydasiga hal bo‘ldi.

Mavridi kelganda ustozdan yana nimalarga qiziqishini so‘radim. «Ikkita o‘yinni yaxshi ko‘raman. Sherik bo‘lsa, hamisha bilyard va shaxmat o‘ynayman. Shuningdek, haligacha adabiyotshunoslikka oid kitoblar, yaxshi badiiy asarlarni, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Hurriyat» va «Ma’rifat» gazetalarini muntazam o‘qib boraman», deydi Asil aka.

O‘z ishiga hamisha talabchan ustoz bilan xayrlasharkanman, Asil aka har doimgidek qo‘lni qattiq siqib xo‘shlashdi. «Suhbat-maqolani nashrga berishdan oldin, albatta, ko‘rib chiqishim kerak, buni unutma», deya meni kuzatdi. 

— Albatta, biz hali ko‘p uchrashamiz, ustoz!

 

 «Akamning kimligini Xoliq ham, xalq ham biladi»

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori xalqimizning, Rashidovlar oilasining dilidagi gap bo‘ldi. Bu voqea Asil Rashidovning ham yoshiga yosh, taniga quvvat, qalbiga quvonch bag‘ishlagani shubhasiz.

Ana shunday damlarda yana ustozni yo‘qlab, uyiga bordik. Bo‘lajak tantanalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik xususida so‘radik.

— Ushbu qaror chiqqanidan keyin intervyu berishimni so‘rab kelayotganlar, qo‘ng‘iroq qilayotganlar ko‘p bo‘layapti. Keksalik tufayli hammasiga ham mayli, deya olayotganim yo‘q. 

O‘ylaymanki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Sharof Rashidovga shunday yuksak ehtirom ko‘rsatilayotganidan akamning ruhi shod bo‘lmoqda. Boisi — akam shaxs hayotining mazmuni, baxti, ravnaqi uning xalqqa, Vatanga chin ko‘ngildan xizmat qilishida, deb bildi. U ana shu olijanob orzu-niyatlar og‘ushida yashadi. Kurashdi, ijod qildi va xalq dilida o‘chmas iz qoldirdi. Akamning kimligini Xoliq ham, xalq ham biladi.

Sharof Rashidovning 100 yilligini nishonlashga mamlakat miqyosida juda katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. «Akam haqida» risolamni kengaytirib, to‘ldirib, qayta nashrga berdim. U haqida yana boshqa kitoblar tayyorlanmoqda.

Asil aka xayrlashayotganda doim qo‘lni qattiq qisib qo‘yadi. Bu safar ham shu odatini kanda qilmadi. Beshinchi qavatdan pastga tushdim. Birinchi qavat yo‘lagidan tashqariga chiqib, yuqoriga qaradim: Asil aka har galgidek, qo‘l silkitib xayrlashdi. Balandroq ovozda «Yana ko‘rishguncha xayr, ustoz» dedim. 

Sherali KARVONLI,

Xalq ta’limi a’lochisi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.