DUNYO SARI YO‘L 2

Safar dasturida belgilangan muzokara va uchrashuvlarning hammasi yuqori saviyada o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Hindiston vitse-prezidenti bilan Bosh vazirini o‘zlari uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga borishga taklif etdi. Taklif minnatdorchilik bilan qabul qilindi.

 

19 avgust kuni ertalab Palam aeroporti yana jurnalistlar, «oynai jahon» vakillari bilan gavjum bo‘ldi. Bu yerda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va u boshliq delegatsiyani tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti tushgan samolyot Hindistonning ko‘hna shaharlaridan biri, bir vaqtlar boburiylar sulolasi davrida poytaxt bo‘lgan Agraning kichkina harbiy aerodromiga ohista qo‘ndi.

Kuchli yomg‘ir yog‘ib turgan bo‘lsa ham hamma tashqariga yo‘l oldi. Barchaning orzu-umidi dunyodagi yetti mo‘’jizaning biri, olamga dong taratgan, boburiyzoda Shohjahon bunyod etgan Tojmahalni ko‘rib, ziyorat qilish edi. Hindistonga tashrif buyurgan har bir kishi bu muqaddas joyga albatta qadam ranjida qiladi.

Shu lahzada sevikli ayollarni e’zozlab, ularning nomiga muhtasham obidalar qurish Shohjahonning bobokaloni Amir Temurdan boshlangan an’ana ekanini, Tojmahalni bunyod etishda buyuk hind me’morlari va sangtaroshlari bilan birga Samarqand va Buxorodan kelgan mohir ustalar ham qatnashganini, keyinchalik Shohjahon Samarqand Registonidagi Ulug‘bek madrasasi yonida Sherdor madrasasi va Tillakori masjidining qurilishiga me’mor va ustalar yuborib, o‘z zamondoshi Yalangto‘sh bahodirga ko‘mak berganini — qisqasi besh asrlik tarixdan bilganlarim xayolimdan, ko‘z o‘ngimdan o‘tib turardi.

Boburiylar davrining eng go‘zal obidasi haqida biz nimalar bilamiz? Tarixdan ma’lumki, Akbarshohning nabirasi Sulton Shohjahon (1592—1666 yillar) va uning rafiqasi Mumtoz Mahal begim shu yerga dafn etilgan. Aytishlaricha, Mumtoz Mahal (asli ismi Orzumand Bonu Begim) Hindistonning eng go‘zal ayollaridan biri bo‘lgan. Shohjahon uni chin dildan sevgan. Sulton Janubiy Hindiston bo‘ylab qilgan safarlarining birida Orzumand Bonu Begimni o‘zi bilan birga olib ketadi. Yo‘lda malika betoblanadi va umri tugayotganiga ko‘zi yetib, erini huzuriga chorlaydi. Shohjahonga hech qachon boshqaga uylanmaslikni, o‘zi uchun tengsiz bir go‘zal va salobatli maqbara bunyod etishni hamda mazkur obida ikkalasi o‘rtasidagi sof, mustahkam sevgidan dalolat berib turishini vasiyat qilib jon beradi.

O‘shanda Sulton Shohjahon ko‘zlarida yosh bilan malikaga so‘z beradi. Bu voqea 1630 yilda yuz bergan edi. Malikani joni uzilgan joyga vaqtincha dafn etadilar. Bir ozdan so‘ng esa Agraga, Jamna daryosi sohiliga qabrini ko‘chiradilar. Shohjahon dunyoning eng mohir va noyob iste’dodli me’morlarini yig‘ib, butun kuch-g‘ayratini maqbarani bunyod etishga sarflaydi. U barcha me’morlarni bir joyga to‘plab: «Shunday bino bunyod etingki, u malikadek nozik, malikadek go‘zal, sevgimiz kabi mangu bo‘lsin», deydi.

Xalq orasida «Tojmahal»ning loyihasini chizgan, asl me’mor to‘g‘risida hanuzgacha har xil fikrlar yuradi. Ko‘pchilikning fikricha uning haqiqiy me’mori Shohjahonning o‘zi, deyishadi. Chunki maqbarani barpo etishga kirishishdan oldin Sulton Buxoro va Samarqanddan ham ko‘plab me’morlarni huzuriga chorlagan. Marmar devorlariga samarqandlik usta Muhammad Sharif, buxorolik usta Muhammad otaning nomlari zikr etilgan. Ana shu xalq ustalarining loyihalari va podshoning fikri asosida «Tojmahal» bunyod etilgan bo‘lsa, ajab emas. Chunki Buxoroning azim minoralari va Samarqandning salobatli gumbazlari bu yerdagi inshootlarda to‘laqonli aks etgan.

Bu ko‘rkam binoni turk me’moriy ustasi Muhammad Isoxon afandi boshchiligida eng mohir ustalar bor mahoratlarini ishga solib, 22 yil ichida qurganlar. Aniqrog‘i, qurilish ishlari 1632 yilda boshlanib, 1653 yilda tugallangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra qurilishga 30 million rupiydan ziyod mablag‘ sarflangan. Har yili 20 ming kishi bunyodkorlik ishlarida ishtirok etgan. Kuniga 2 ming tuya, mingdan ziyod qo‘tos yuk tashish bilan band bo‘lgan. Noyob obidani bunyod etish uchun faqat Hindistondangina emas, balki Bag‘doddan, Tibetdan, hatto Rossiyadan ham qimmatbaho toshlar keltirilgan.

«Tojmahal»ga ishlatilgan marmarlar shu qadar nafis, shu qadar nozik va ko‘rkamki, ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Ayniqsa, devorlardagi qimmatbaho toshlarni ko‘rib hayratlanasiz. Aqiq, marvarid, sadaf, qahrabo, zumrad, yoqut, fil suyagi va boshqa bezaklar hozirgina qo‘yilgandek yaraqlab turibdi. Ularni marmar toshga o‘rnatishning o‘zi kishidan katta mahorat talab etadi. Ustalar esa har bir bezakka mehr bilan yondoshganlar, qalb qo‘rlarini bag‘ishlaganlar.

Sulton Shohjahon va uning suyuklisi malika Mumtoz Mahal begim dafn etilgan qabr yonida yilning to‘rt faslida ham sanoqsiz ziyoratchilarni uchratasiz. Nim qorong‘i maqbarada uzluksiz tilovat o‘qilayotgandek tuyuladi kishiga. Bu esa kishini beixtiyor sehrlaydi.

Oldida go‘zal favvoralar va ko‘rkam bog‘ bilan o‘ralgan «Tojmahal»ning balandligi 75 metr bo‘lib, tepasida ulkan gumbaz bor. Uning to‘rt burchagida esa yana to‘rtta kichikroq gumbazcha. Minoralar maqbara ansambli bilan uyg‘unlashib yaxlit bir butunlikni tashkil etadi. Maqbara ortida esa bir paytlar to‘lib-toshib oqqan Jamna daryosining qurib borayotgan o‘zani.

Hindistonni bosib olgan ingliz mustamlakachilari «Tojmahal»ni ko‘rib cheksiz hayratga tushishgan. Ular ham o‘zlarining me’morchilik sohasidagi mahoratlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lganlar va 1901 yilda keksayib Hindistonda vafot etgan qirolicha Viktoriyaga atab maqbara-memorial qurishga qaror qilishgan. Uni yetti yil davomida olib borilgan bunyodkorlik ishlariga 40 million rupiy sarflangan. Biroq, Kalkuttada barpo etilgan mazkur «XX asr Tojmahali» Agradagi go‘zal obida oldida ip esha olmaydi.

Bu voqealarni bizga shu yerlik yo‘l boshlovchi so‘zlab berarkan, hamma Tojmahal me’morlarining mahoratiga tahsin o‘qidi. Islom Karimov yodgorlik majmuasi ma’muriyatiga buyuk bobomiz Mir Alisher Navoiy surati aks ettirilgan chinni laganni sovg‘a qildi va Faxriy mehmonlar kitobiga quyidagi so‘zlarni yozib qoldirdi:

«Inson qo‘li bilan yaratilgan bu beqiyos bunyodkorlikni ko‘rib, lol qolmaslikning iloji yo‘q. Tojmahalning ulug‘vorligiga tahsin o‘qib, o‘zaro hamkorlik, madaniy aloqalar biz uchun naqadar kerakligiga yana bir bor ishonch hosil qiladi kishi.

Bu ajoyib yodgorlikning ijodkorlari oldida ta’zim qilmoq, uni asrash bilan birga jahon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlamoq uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni bajarishimiz lozim.

O‘zbekiston jumhuriyati Prezidenti

Islom KARIMOV

1991 yil 19 avgust»

Biz Agrada endigina «Tojmahal»ni ziyorat qilib, uning go‘zalligidan oshufta ko‘nglimiz yanada yorishib, dam olishga chog‘langan bir paytda to‘satdan yurtimizga zudlik bilan qaytishimiz kerakligi haqida ko‘rsatma berildi. Hali yomg‘irdan so‘ng qurishga ulgurmagan kiyim-boshlarimizni kiyib, yo‘lga chog‘landik. Delegatsiyamiz a’zolari taniqli adibimiz Pirimqul Qodirov va «Novosti» axborot agentligining O‘zbekistondagi muxbiri, hindshunos-olim Valeriy Niyozmatov bilan birga tezda mehmonxona oldiga chiqdik. O‘shanda ham biz Sovet Ittifoqida hukumatni vaqtincha GKChP qo‘lga olganligini, Moskvada nima voqealar yuz berayotganligini, M.S. Gorbachevning ahvoli qanday kechayotganini bilmasdik. Moskvada yuz bergan voqealar haqida Sovet Ittifoqining o‘sha paytdagi Hindistondagi elchisiga maxsus axborot yuborilgan ekan. Elchi esa Prezidentimizning Agradagi safariga hamrohlik qilayotgan edi.

Prezidentimiz xorijda bo‘la turib, shunday sharoitda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Samolyotdayoq o‘ziga xos bo‘lgan qat’iyatlilik bilan «Biz o‘zimiz tanlagan yo‘ldan aslo qaytmaymiz. Oliy maqsadimiz — Mustaqillik», deya asl maqsadini aniq bayon etib, naqadar xalqparvar, to‘g‘ri so‘z va jasur rahbar ekanligini amalda namoyish qildi.

Yurtboshimiz o‘zining qat’iyatli va dadil rahbarligini amalda namoyon etib, Hindiston safaridan qaytib kelgach, o‘n kun o‘tgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini e’lon qildi. Bu Prezidentimizning eng ulug‘, eng katta va yanada olamshumul, hech kim kutmagan purviqor dadil qadami edi. 

Yillar o‘tadi, asrlar o‘tadi. Lekin O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1991 yil 17-19 avgust kunlari amalga oshirgan birinchi davlat tashrifi dunyo sari qo‘yilgan ilk dadil qadam sifatida tarix sahifalarida mangu qoladi. Uning ahamiyati, ko‘zlangan maqsadi va bugungi kunlardagi samarasi kelajak avlodlar tilida, dilida muxrlanib, buyuk davlatchiligimiz poydevorini mustahkamlashga xizmat qilaveradi.

 

Jabbor RAZZOQOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.