BOYSUN MO‘JIZALARI 2

“Boysun” o‘rmon xo‘jaligi hududining kengligi, tabiiy boyliklarining ko‘pligi jihatidan Surxon vohasida salmoqli o‘rin tutadi. Uning eng katta o‘rmon bo‘limi – Kengdala bo‘lib, umumiy maydoni 30 ming gektardan ziyod. Qalin archazorlar, chuqur daralar, ajoyib g‘orlar, sersuv soylar aynan shu bo‘limda joylashgan. Qolaversa, o‘simlik olami va hayvonot dunyosi ham juda boy. Ijodiy guruhimiz ana shu go‘zallikni tasvirga olish uchun yo‘lga chiqdi.

 

 Darband qishlog‘idan o‘tishimiz bilan yo‘lning ikki tomonidagi baland tog‘lar e’tiborimizni tortdi. Ular bahaybat qal’a devorlarini eslatardi. Shu qoyalarga mahliyo bo‘lib, 3-4 kilometr yo‘l bosibmiz. Bir payt shundoqqina yo‘lning pastida, Machay daryosi bo‘yidagi buloqqa ko‘zimiz tushdi. Bilsak, u “Shifobuloq” ekan. Buloqning bunday nomlanishiga sabab, suvining shifobaxshligi. Aniqroq aytganda, Shifobuloq suvi tarkibida oltingugurt ko‘p. Mahalliy aholi bu vodorod sulfidli suvdan teri kasalliklari va boshqa xastaliklarni davolashda foydalanmoqda. 

Ekspeditsiya yo‘lda davom etdi. Biroz vaqt o‘tgach, haydovchimiz: “Mana yonarbuloq”, deb qoldi. Yo‘lning chap tomonida, baland qoyalar pastida, tosh-shag‘allar orasidan muzday suv qaynab chiqib yotibdi. Oldin bu suvning yonishiga ishonmadik. Gugurt chaqqan edik, buloq lov etib yonsa bo‘ladimi. Hammamiz hayratda qoldik. Olov taftiga qo‘limizni tutamiz. Juda issiq. Yer tagidan chiqayotgan gaz yoki suvdagi moy olovda yonib tugagan bo‘lsa kerak, deb gulxanni o‘chirib, qayta yoqdik. Shu ondayoq buloq suvi yana yondi. Bu haqiqiy mo‘’jiza. Olovni o‘chirib suvidan ichmoqchi bo‘ldik. Lekin qo‘rqdik. Mahalliy aholining aytishicha, qahraton qishda yo‘lovchilar, cho‘ponlar shu buloqni yoqib, isinib, keyin yana olovni o‘chirib, yo‘lida davom etarkan.  

Yonarbuloqni tasvirga olib atrofga boqamiz. Tevarak yuksak tog‘lar bilan o‘ralgan. Pastda Machay daryosi tip-tiniq bo‘lib, toshlardan-toshlarga urilib, shovullab oqmoqda. Saraton taftida tog‘ yonbag‘ridagi o‘t-o‘lanlar qovjirab qolgan. Faqat yovvoyi toklar yam-yashil bo‘lib, atrofga ajib go‘zallik bag‘ishlab turibdi. O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan bu o‘simlik nafaqat qiyaliklarda, balki baland qoyalarda ham o‘sar ekan. Mana bu yovvoyi toklarning bir siqim ham tuproq yo‘q joyda, xarsanglar yorig‘ida  ildiz otib, ko‘karib turishining o‘zi bir mo‘’jiza. Ushbu noyob o‘simliklarning qoyatoshlarda o‘sishi ularning saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda. Sababi chorva mollari tog‘ yonbag‘ridagi yovvoyi toklar mevasi va yaprog‘ini pishmasidan yeb ketadi. Natijada ular o‘z-o‘zidan kamayib boraveradi. Faqat qoyatoshlardagi yovvoyi toklar hisobiga ularning tarqalish hududi saqlanib turibdi. Chunki o‘simlik mevasining urug‘i pishib to‘kilishi natijasida atrofdan yana tok nihollari ko‘karmoqda. Aholi tomonidan chorva mollarining boqilishi va o‘tin sifatida ishlatilishi natijasida ularning tarqalish maydoni qisqarib ketgan. Yovvoyi toklarni asrab-avaylamoq har birimizning insoniylik burchimizdir.

“Kengdala” o‘rmon bo‘limida chuqur daralar bor. Ulardan biri — Xonqochdi darasi bo‘lib, uzunligi 3 kilometrga yetadi. Balandligi 100-150 metr atrofida. Ichining kengligi 2 metrdan 6 metrgacha boradi. Daraga quyosh nuri deyarli tushmaydi. Juda vahimali joy. Yolg‘iz yurishga qo‘rqasan kishi. Chamasi 10 tonna keladigan ulkan xarsang jarlik tepasida qisilib yotibdi. Tagidan o‘tsang, xuddi ustingga tushib ketadigandek tuyuladi. Bularning hammasi suvning ohaktoshlarni yillar mobaynida eritishi natijasida paydo bo‘lgan tabiat mo‘’jizasidir.

Sel va jala ta’sirida oqib kelgan ulkan silliq toshlar dara ichidagi yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Ulardan oshib o‘tish katta qiyinchiliklar tug‘dirdi. Oxiri yo‘limizni to‘sib turgan 10 metrlik toshdan oshib o‘tolmadik. O‘rmonchilarning aytishicha, sal yuqorida 10-12 kishi sig‘adigan g‘or bor ekan. U ilgari qaroqchilarning makoni bo‘lgan, deyishdi. Afsuski, shu g‘orni va daraning yuqori qismini ko‘rolmay ortga qaytdik.

Ilgari xonlardan biri dushmandan yengilib, shu jarlikni makon qilgan ekan. Kunlardan bir kun uning shu yerdaligini bilib, dushman qo‘shini bostirib keladi. Lekin xon daraning yuqorisidan chiqib, qochib ketadi. Shu bois dara “Xonqochdi” deb yuritiladi.

 Xaqiqatdan ham, Boysun tumani tabiati mo‘’jizalarga boy. Bu esa ushbu zaminga keluvchi sayyohlar safining yanada kengayishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Abdulla MAMASODIQOV,

“Dunyo bo‘ylab” 

telekanali mas’ul kotibi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.