Siz onasiz, opam, singlimsiz...

Dunyoda shunday insonlar bo‘ladi. Qayerda bo‘lmang, ularning yodi bilan yashaysiz. Hattoki, ular bu yorug‘ olamdan o‘tib ketganlaridan so‘ng ham... Biror xato, nojo‘ya ish qilib qo‘ysangiz, ularning mahzun, xayrli, savob ishlarni qilganingizda esa mamnun nigohlarini his etasiz.

 

 Men maktabimizda ona tili va adabiyot fanlaridan dars bergan Munira opa Ne’matovani ana shunday aziz insonlarimdan deb bilaman. U kishi hayotdan o‘tib ketgan bo‘lsalar ham, men uchun hanuz bordek, hamon adabiyotdan, hayot ilmidan saboq berayotgandek...

Gohida inson o‘zi bilan o‘zi suhbat quradi. O‘tgan umringni o‘zing sarhisob qilasan, xayolga tolasan. 

Men hayotimda juda ko‘p yaxshi odamlarga duch keldim. Hayot ekan, ularning ko‘pi dunyodan o‘tib ketishdi. Shu boisdir, bugun atrofimdan ularni, ularga o‘xshaydigan insonlarni qidiraman. Yurtimiz ayollari orasidan aynan Nodirabegim, Zebuniso, Uvaysiylarga o‘xshaydiganlarini axtaraman. Bu g‘ayrioddiy ishning nechog‘lik mushkul ekanini anglab tursam-da, urinishlarimdan hech qachon noumid bo‘lmayman. 

Poytaxtimizning Mustaqillik maydonidagi Motamsaro ona haykali Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida urush davrida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz, ularni zor-zor sog‘inib kutgan munisa onaxonu qadrdon opa-singillarimiz xotirasiga atab o‘rnatilgan. Bir qarashda mo‘yqalam bilan ishlanadigan tasviriy san’at asaridek ta’sirli ko‘rinmasa-da, uning ham o‘ziga yarasha diqqatni tortadigan tomonlari bor. Shaxsan men ushbu haykal timsolida izlaganimni topdim: ta’bir joiz bo‘lsa, uzoq sog‘ingan munis bir ayolni xayolan uchratdimu, tabiiyki, u bilan dardlashib suhbatlasha olmadim xolos. Darvoqe, o‘sha ayol Toshkentning O‘qchi mahallasida yashab o‘tgan. 

Esimda, rahmatli onam bu haqda ko‘p gapirardilar. O‘tmiщda o‘ulomqodir ismli yolg‘iz farzandi urushdan qaytmagach, onaxon umrining so‘nggi damlarigacha ko‘chadagi eshik ostonasida o‘g‘lining to‘liq ismi ila takror va takror shivirlab chaqirib, umidvor olamdan o‘tgan. 

Tarixiy Samarqand darvoza mahallasidagi yon qo‘shnim Halima opa (oxiratlari obod bo‘lsin) esa nikoh to‘ylaridan keyin atigi uch oygina kelinchak libosida baxtli onlarni boshdan kechirganlar, xolos. Noming o‘chgur urushga ketgan qayliqlari bedarak yo‘qolgach, shu bo‘yi boshqa turmushga chiqmay, hayotdan yolg‘iz yashab o‘tganlar.

Yoshligimda sho‘x bo‘lgan ekanman: ertalabdan kechgacha changga botib koptok tepish yoki shovqin solib yong‘oq, lanka o‘ynash, daraxtdagi mevalarga tosh, kesak otib qoqish, devorlardagi loy suvoqlarni ko‘chirib, asfaltlarga kesak bilan turli rasm va yozuvlarni chizish biz uchun odatiy hol edi. Shunaqa paytlarda Halima opa ko‘chaga yugurib chiqib, hammani beozorgina quvlab ko‘rardi va albatta, yetolmasdan yaxshi gaplar bilan tartibga chaqirib qo‘yardi. Urush-urush degan o‘yinimiz ham bo‘lar edi. Qo‘limizdagi yog‘ochdan miltiq, to‘pponchalarni tepaga ko‘tarib, shovqin solganimizda boshqa qo‘shnilar ham quvlab qolishardi. (Ana shu qo‘shnilar orasida o‘zbek romanchiligi asoschisi, adib A.Qodiriyning katta o‘g‘illari Habibulla amaki ham (oxiratlari obod bo‘lsin) borligini shirin xotiralar bilan eslab o‘tishni lozim topdim). Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. O‘yinga berilib qo‘limdagi «avtomat»dan ovozim boricha «dushmanga o‘t ochib» tursam, Halima opa astagina yonimga kelib, bolalarning xatti-harakatini erinmay kuzatdi va bo‘ynimga osib olgan yog‘och «qurol»imga diqqat bilan tikilib, uni qo‘li bilan ushlab ham ko‘rdi. So‘ngra ancha ma’yus tortib, boshini ko‘proq, chap qoshini esa sal ko‘targancha olislarga qarab, uzoq xayolga cho‘mdi. Birozdan keyin esa Halima opaning ko‘zlari yoshga to‘lib, bir-ikki tomchisi yuziga oqib ham tushdi. O‘sha damda opaning xayolidan nelar kechganini faqat yoshim ulg‘ayib, bir necha farzandlarning otasi bo‘lganimdagina aniqroq tasavvur qila boshladim. Ehtimol, ushbu o‘yinimiz timsolida Halima opaning ko‘zi urushning jirkanch qiyofasiga nogahon tushgach, yuragining tub-tublarigacha botib ketgan ezgu armonlari har galgidan ortiqroq azob bergan bo‘lsa, ne ajab.

Mahalla, ko‘cha-ko‘ylarda boshiga bejirimgina do‘ppi-yu, egniga yalt-yalt liboslarini kiygan yosh kelinchaklarni uchratganimda ana shu voqea beixtiyor xotiramdan o‘tib, tomog‘imga nimadir tiqiladi.

Mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlariga turli g‘arazli niyatlari bilan suqilib kirmoqchi bo‘lgan bosqinchi to‘dalarga qarshi beayov kurashda mardlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarning onasi yoki turmush o‘rtog‘ini ko‘rib o‘tirib ham, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo «Singlimga» deb atalgan she’rini radioda o‘zi o‘qib berganini eshitganimda ham xuddi shunday ahvolga tushganman. Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan talaba yoshlar, kollej, litsey, maktablardagi mafkuraviy immuniteti mustahkam o‘quvchi qizlarni ko‘rib esa ko‘z quvonadi, yurakka umidbaxsh iliqlik keladi.

Mana shunaqa gaplar. O‘zbek ayollari kerak bo‘lsa, butun dunyoni lol qoldiradigan darajadagi ajabtovur xislatga egadirlar, faqat ularni sal e’tibor va sinchkovlik bilan qalban seza olsangiz bas. O‘z navbatida, biz erkaklar ayollarimizdagi mavjud salohiyat va iqtidorini ham yuzaga chiqarishda ko‘maklashish, ularning bu imkoniyatlaridan o‘z o‘rnida foydalanishda asosiy kuch bo‘lmog‘imiz darkor.

Shukronalar bo‘lsin, bugun xalqimiz tinch-osoyishta va farovon hayotimiz, farzandlarimizning baxtiyor kamolga yetayotgani nechog‘li bebaho ne’mat ekanini chuqur his qilib, yurtimizning jahon maydonidagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirish yo‘lida daxldorlik tuyg‘usi bilan yashamoqda. Aslida-ku, men har bir onaxonu opa-singillarimiz aksida Nodirabegim, Zebuniso, Uvaysiylarni ko‘raman va shu tufayli yuragimni cheksiz faxr tuyg‘usi bosib to‘ldiradi, hayotga bo‘lgan ishonchim yanada mustahkamlanib, muhabbatim oshaveradi. Yurtimiz ayollarini qanchalik ko‘p hurmatga loyiq ko‘rsak, yana shuncha kamdek ko‘rinaveradi, ularga hamisha ta’zim bajo aylasak, ko‘zlari nurga to‘ladi, zero, ushbu munosabatga to‘la ma’noda haqlidirlar.

 

Fikrlarimni qo‘limdan kelgancha bayon etishga urinib ko‘rdim deb o‘ylaymanu, kamchiliklari bo‘lsa, zukko o‘quvchi kechirsin. Bu ko‘hna olam sinoatlarini anglash juda qiyin. Shunday bo‘lsa-da, sizni Uvaysiy ijodining yuksak badiiyligini yaqqol ko‘rsatgan anor haqida quyidagi she’ri misolida yakunlasam, maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. She’rni o‘qib sizning ham ko‘nglingiz birmuncha zavq-shavqqa to‘lgan bo‘lsa, o‘zimni baxtiyor his etgan bo‘lardim:

Bu na gumbazdir, eshigi, tuynugidan yo‘q nishon, 

Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdir makon. 

Tuynugin ochib, alarning holidan olsam xabar, 

Qizlarga parda tortug‘lik tururlar, bag‘ri qon.

 

Saydahmad MAKSUMOV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.