QO‘SHIG‘U KUYLARDA BARHAYOT UMR

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Ofarin” mukofoti sohibi, taniqli kompozitor, professor Farhod Alimov serqirra ijodkor edi. Uning turli janrlarda yozib qoldirgan asarlari bundan dalolat beradi.

 

Farhod Alimov 1947 yil 23 oktyabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. U o‘sib-ulg‘aygan xonadonda musiqa sadolari yangrab turar, otasi o‘ulomjon aka mohir skripkachi edi. Ana shunday muhitda tarbiya topgan Farhodjonni otasi 1959 yilda R.Glier nomidagi maxsus musiqa maktab-internatining g‘ijjak sinfiga o‘qishga beradi. Bu yerda ustozi Tursunxo‘ja Nosirovdan ilk saboqlarni olgach, bo‘lajak kompozitor Obid Xolmuhamedov, Farrux Mirusmonovlar sinfida tahsil oladi. o‘ijjak bilan birga boshqa cholg‘ularni chalish sirlarini o‘rganib, 1965 yilda maktabni a’lo baholarga tamomlaydi. 

Yosh yigitning professional sozanda bo‘lib yetishishida musiqa maktabidan so‘ng Toshkent davlat konservatoriyasida (hozirgi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi) olgan bilimlari ham katta o‘rin tutdi. Bu dargohning xalq cholg‘ulari bo‘limini 1970 yilda a’lo baholar bilan tamomlagan san’atkor harbiy xizmatni ham o‘tab, 1971 yildan respublika radio qo‘mitasi qoshidagi xalq cholg‘ulari orkestri sozandasi sifatida mehnat faoliyatini boshlaydi. 

Sozandalik bilan shug‘ullanar ekan, san’atkor iste’dodi va imkoniyatlari ko‘lami kengroq ekanini dildan his etar, kun kelib, o‘zi ham hozir ijro etayotgan kuylari darajasidagi yuksak saviyali musiqiy asarlar yoza olishiga ishonardi. Ko‘nglida nish urgan umid va orzulari bora-bora jiddiy maqsadga aylanib, uni Konservatoriyaning kompozitorlik fakultetiga hujjat topshirishga undaydi. Yetarli bilim va tajribasi qo‘l kelib, 1972 yil o‘zi istagan fakultet talabasi bo‘lish baxtiga erishadi. Bu yerda ustozlari G.Mushel va B.Gienkolardan kompozitorlik sirlarini o‘rganadi. Konservatoriyada o‘qib yurgan davrlarida “o‘ijjakchilar kvarteti”, kamer orkestr uchun 3 qismli syuita, torli cholg‘ular uchun “Kvartet” asarlarini yaratadi. 1976 yilda konservatoriyani ikki qismli simfoniya asari bilan muvaffaqiyatli tamomlaydi. 

Farhod Alimov 1975 yildan 1995 yilga qadar Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat) institutida, 1996 — 2013 yillarda esa O‘zbekiston davlat konservatoriyasida yoshlarga saboq berib, ularning o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lishlariga salmoqli hissa qo‘shdi. 

Farhod Alimov ijodida xalq cholg‘ulari orkestri uchun asarlar muhim o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishda kompozitor ijodiy o‘zligini topgan. Milliy madaniyat, xalq ohanglari, o‘zbek xalq cholg‘ulari xususiyatlarini mukammal bilgani bois xalq cholg‘ulari orkestri uchun bir qator sara asarlar yaratdi. “To‘yona”, “Shodiyona”, “Tabriknoma” uvertyuralari, “Kontsert”, “Poema” kabi asarlari shular jumlasidan. Ular jozibali va yorqin ohanglari, ko‘tarinki ruhi, bayramona kayfiyat baxsh etishi, yengil cholg‘ulashtirilgani bilan ajralib turadi. 

Ustoz san’atkor xalqona kuylar bastalash bilan birga turli xalq kuylarini orkestr uchun moslashtirib, bu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishdi. 

“So‘g‘diyona” davlat o‘zbek xalq cholg‘ulari kamer orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, dirijyor Feruza Abdurahimovaning ta’kidlaganidek, “Farhod Alimov xalq kuylarini qayta ishlashga g‘oyatda mohir edi. U “So‘g‘diyona” davlat xalq cholg‘ulari kamer orkestrining shakllanishi va ijro repertuarini takomillashtirishga katta hissa qo‘shdi. O‘zbek kompozitorlari bilan bir qatorda jahon musiqa namunalarini, chet el kompozitorlari asarlarini mazkur orkestr uchun moslashtirgan. Orif garmonning “Andijoncha” kuyini, “Qo‘shchinor” o‘zbek xalq kuyini chang va orkestr uchun qayta ishlagan. Bundan tashqari, kompozitorning “Sen mening vatanimsan”, “Sevgi favvoralari”, “Nodirabegim” spektaklidan Nodira ariyasi”, “Fig‘on kuyi” asarlari orkestr tomonidan muvaffaqiyatli ijro etilgan”. 

Farhod Alimovning yaqin do‘sti, talabalik davrlaridan uni yaxshi tanigan taniqli kompozitor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Habibulla Rahimov shunday xotirlaydi: “Farhod Alimov deganda ko‘z o‘ngimizda o‘zbek musiqasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ijodkor namoyon bo‘ladi. U o‘zining ijodi bilan barcha janrlar rivojiga samarali hissa qo‘shdi. Kompozitor ijod orqali o‘zligini angladi. Uning o‘ziga xos betakror ohanglari boshqa ijodkorlarnikidan alohida ajralib turadi. Bu ayniqsa, musiqali drama va komediyalarida yorqin namoyon bo‘ldi. “Yusuf va Zulayho”, “Fotima va Zuhra”, “Nodirabegim”, “Devona Mashrab”, “Toptalgan tuyg‘u” musiqali dramalari, “Super qaynona -1, -2”, “O‘lding, aziz bo‘lding”, “Soyibxo‘ja operatsiyasi” komediyalari xalq orasida mashhur. Qisqa davr mobaynida kompozitor birin-ketin yaratgan musiqali dramalar Muqimiy nomidagi musiqali teatrda anshlag bo‘lardi. Mazkur teatrning asosiy repertuarini F.Alimov asarlari tashkil etadi. Farhod birinchi o‘zbek videofilmlariga ham musiqa bastalagan. Ular orasida “Mehrobdan chayon”, “Yusuf va Zulayho” videofilmlarini alohida ta’kidlash joiz”. 

Darhaqiqat, F.Alimov musiqali sahna janrlarida katta yutuqlarga erishdi. Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri kompozitorning ijod maskaniga aylandi. 20 dan ortiq sahna asarlarida kompozitor tarixiy siymolar va ular amalga oshirgan ishlarni ko‘rsatib berdi, zamondoshlar hayotini drama va hazil-mutoyiba orqali ochib, xalqning kundalik tashvishi, o‘y-xayollarini musiqa yordamida keng rakursda ochib bera oldi. Jahon adabiyotiga murojaat etgan holda, Sofoklning “Elektra”, V.Shekspirning “Qirol Lir”, F.Dyurenmattning “Bir eshak hangomasi”, Pirondelaning “Payvand” spektakllariga musiqa bastaladi. 

Farhod Alimov ajoyib qo‘shiqlar muallifi hamdir. Uning 100 dan ortiq qo‘shiq va romanslari, xor asarlari, bolalar qo‘shiqlari, estrada qo‘shiqlari o‘z muxlislarini topgan. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri bilan aytiladigan “Sen qaydan bilasan?”, “Ohu”, xalq shoirlari — Normurod Narzullaev, Xurshid Davron, shoira Halima Ahmedova she’rlariga bastalagan qo‘shiqlari mashhur. Ular Kommuna Ismoilova, Farrux Zokirov, Nasiba Abdullaeva, Zamira Suyunova, Maryam Sattorova, Hurriyat Isroilova kabi taniqli xonandalar repertuarlaridan mustahkam o‘rin olgan.

F.Alimov ko‘p yillar mobaynida konservatoriyada dars berib, bir qator shogirdlarni tarbiyaladi. Ular orasida yosh iste’dodli kompozitor Sarvar Yusupov ustozining yo‘lidan borib, bugungi kunda Muqimiy teatri repertuarini o‘z asarlari bilan boyitib kelmoqda. 

 

Muhayyo NABIYEVA,

 Musiqashunos

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.