O‘zbek olimi Xitoyda e’tirof etildi

O‘zbekiston azaldan yetti iqlimga dong‘i ketgan olimu fuzalolar, Islom tamadduniga munosib hissa qo‘shgan muhaddisu avliyolar, or uchun maydonga tushib, el sha’nini himoya qilgan alpqomat o‘g‘lonlar yurti bo‘lgan. Ular sabab ko‘pgina sohalar rivoj topib, ham o‘zbekning dovrug‘i dunyoga taralgan. Ilm-fan taraqqiyotiga kashfiyotlari, ilmiy izlanishlari bilan katta hissa qo‘shayotgan zamondoshlarimiz ham ko‘p. 

 

Ana shunday fidoyi, zahmatkash yurtdoshlarimizdan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Solihovdir. U kishi yaqinda Xitoy Fanlar akademiyasining «Xalqaro ilmiy hamkorlik uchun» mukofoti bilan taqdirlanib, yurtimiz nomini yana bir karra ulug‘ladilar.

Shavkat Solihov nafaqat o‘z kasbining ustasi, ilm-fan fidoyisi, balki yurt ravnaqi uchun ertayu kech hormay-tolmay mehnat qilayotgan chinakam vatanparvar inson hamdir. Yarim asr umrini o‘z sohasi rivoji yo‘lida tinimsiz izlanishda o‘tkazgan olim o‘tgan yillar davomida oqsil kimyosi, toksinlar kimyosi va biotexnologiya sohasida taniqli olim, biologiya fanlari doktori darajasigacha ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi unvoniga sazovor bo‘ldi. U ilmiy faoliyati davomida tabiatdan olingan biologik aktiv toksinlar, fermentlar va boshqa moddalarning tuzilishi va funktsiyalarini o‘rganib, fanda birinchi marta O‘rta Osiyo hayvonlari zaharlaridan toksik xossalarga ega bo‘lgan 50 dan ortiq fiziologik faol oqsil va peptidlar ajratib olinishiga sababchi bo‘ldi. Shuningdek, paxta chigitidan gossipol moddasini ajratib olish va uni katta miqyosda ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishda ham munosib hissasini qo‘shdi. Bundan tashqari kimyogar olim rahbarligida biologik faol birikmalarni ajratish va ularning tuzilishini hamda amalga oshiradigan mexanizmini o‘rganish asosida o‘ndan ortiq original dori vositasi ishlab chiqarilib, tadqiqotlar natijasida virus va yallig‘lanishlarga, shamollashga qarshi hamda qon to‘xtatuvchi ta’sirga ega dori vositalari ham yaratildi. Hozirgi kunda bu preparatlar tibbiy amaliyotda keng qo‘llanilmoqda.

Olimning yillar davomida olib borgan ishlari va izlanishlari samarasiz ketmadi. Mehnat o‘zining munosib bahosini oldi. Shavkat Solihovning ilm-fan va texnologiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan olib borgan samarali ilmiy hamkorligi uchun u 2017 yilning 10 noyabr kuni XXR Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi etib saylandi. Aytish joizki, Shavkat Solihov Xitoy Fanlar akademiyasiga O‘zbekistondan saylangan birinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan rossiyalik olim, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Jores Alfyorovdan keyin saylangan ikkinchi olimdir. 

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yilda Xitoy Fanlar akademiyasiga sakkiz mamlakatdan 16 olim saylangan. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindorlari, Manchester universiteti professori Andriy Geym (Buyuk Britaniya) va Shimoli-o‘arbiy universitet professori Jeyms Freyzer Stoddart (AQSh)lar ham bor. Bugungi kunda Xitoy FAning xorijiy a’zolari soni jami 800 nafarni tashkil etadi. Dunyoning ana shunday ko‘zga ko‘ringan olimlari qatorida yurtimiz vakili borligining o‘zi katta yutuq, albatta. Olimning o‘zi ham bu e’tirofdan behad mamnun. 

Ilm-fan fidoyisining sa’y-harakatlari bilan yurtimizda ilk bor Xitoy FAning birinchi xorijiy markazlaridan bo‘lgan dori preparatlarini tadqiq etish va ishlab chiqish Markaziy Osiyo markazi tashkil etilmoqda. Mazkur markazda yaratilishi ko‘zda tutilayotgan dori vositalari esa kelgusida Xitoy bilan birga boshqa ko‘plab xorijiy davlatlarga eksport qilinishi ham rejalashtirilgan.

Akademik ayni kunlarda Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi singari ko‘plab davlatlarning ilmiy muassasalari bilan xalqaro ilmiy-texnik dasturlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ishlarida ham jonbozlik ko‘rsatmoqda. 

Endigina yetmish yoshni qarshilagan Shavkat Solihov yangi izlanishlar, yirik loyiha va rejalar ustida ishlayapti. Biz olimga sharafli ishlarida yanada katta muvaffaqiyatlar tilaymiz.

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.