Badianavislarning orifi, oriflarning komili

Yil boshi, bir tomondan, yangi dastur va rejalar asosida yangicha azmu shijoat bilan ish boshlash pallasini anglatsa, ikkinchi tomondan, yakuniga yetgan yil nechog‘lik samarador bo‘lganini yana bir bor sarhisob etish fursati hamdir. Shu ma’noda, o‘tgan 2017 yil mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari qatori madaniyat, xususan, adabiyot sohasida esda qoladigan voqealarga boy bo‘ldi.

 

 Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yil 3 avgustida yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvi soha rivojida yangi tarixiy davrni boshlab berganini alohida ta’kidlash lozim. Binobarin, aynan o‘sha uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilindi. Sohada mavjud muammolarni hal etish yo‘llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar ko‘rsatib berildi.

Bularning barchasi bejiz emas. Zero, har bir millatning madaniyati, shu jumladan, adabiyoti va san’ati uning g‘urur-iftixor manbaidir. Buyuk kelajagimizni barpo etar ekanmiz, albatta, uning madaniy va ma’naviy asoslarini mustahkam qurishimiz shart. Bunday yondashuv, o‘z navbatida, xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy yuksalishida madaniyat va san’at ahli zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.  

Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, bir yil ichida madaniyat, adabiyot va san’at, ommaviy axborot vositalari sohasiga taalluqli 12 ta muhim hujjat qabul qilingani katta ahamiyat kasb etdi. 

O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Do‘stlar klublari” tashkil etildi. Bu esa yurtimizdagi ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yo‘lida alohida o‘rin tutmoqda. 

Yana bir muhim yangilik – Toshkent shahridagi Milliy bog‘ hududida muhtasham Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi, Qoraqalpog‘istonda va bir qator viloyatlarda ulug‘ adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablari barpo etildi. 

Agar Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi haqida muxtasar so‘z yuritsak, ikki qavatli zamonaviy binoning 150 o‘rinli faollar zali va ko‘rkam xonalarga ega birinchi qavatida «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi» va «Zvezda Vostoka», «Yoshlik» jurnallari tahririyatlari, «Ijod» jamoat fondi joylashishi ko‘zda tutilgani e’tiborni tortmasdan qolmaydi. Ikkinchi qavatda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi ma’muriyati, turli tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkaziladigan bitta 50, ikkita 30 o‘rinli zallar o‘rin olgani, binoda kutubxona va muzey borligi ham tahsinga loyiqdir.

Dekabr oyining oxirida atoqli tarjimon, adib va olim, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim o‘afurov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlangani, shubhasiz, ma’naviy hayotimizdagi ana shu yangiliklarning uzviy va mantiqiy davomi bo‘ldi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari yo‘llagan samimiy qutlovda ta’kidlanganidek, el-yurtimiz Ibrohim o‘afurovni noyob iste’dodi va samarali ijodi bilan jamiyatimizning ma’naviy va ijtimoiy ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan atoqli ma’rifatparvar adib, yirik olim, faol jamoat arbobi sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

O‘z navbatida, Ibrohim aka yangi nashrdan chiqqan kitobida shunday deydi: “Men o‘zimni kamtar bir qalamkash – badianavis deb bilaman, layoqatimni badianavislikda ko‘raman. Elliginchi yillarning o‘rtalarida yoza boshlagan barcha mashqlarimga o‘ylar, izhorlar va nihoyat, esselar, mansuralar deb nom qo‘ydim. Taqrizlar, maqolalar, risolalarni ham badia, o‘y, izhor tarzida yurakdan chiqarib, tafakkur bulog‘idan sug‘orib yozish mumkin, deb o‘yladim. Adabiyotshunoslikni o‘yshunoslikka yaqinlashtirdim. Shunda hayot yurakka yaqin bo‘ladi, deb xayol qildim.

Albatta, Ibrohim aka o‘zini “badianavis” deb atar ekan, bir tomondan, ilmiy-ijodiy yo‘nalishdagi serqirra faoliyatini to‘liq qamraydigan juda aniq va asosli tushunchani odatdagidek teran zakovati ila topa bilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, nozikfahm ijodkor bo‘lgani uchun bu o‘rinda ham yana kamtarinlik ko‘rsatgan deb o‘ylaymiz. Aslida, Ibrohim akani ma’rifatli jamoatchiligimiz g‘oyat daqiq badianavis sifatida taniydi va tan oladi. Ibrohim o‘afurov – tom ma’noda badianavislarning orifi, oriflarning komilidir. 

Men zabardast adabiyotshunos olim, hassos publitsist, mohir tarjimon va talabchan murabbiy Ibrohim o‘afurovning ilmiy-ijodiy faoliyati bilan yoshligimdan, qariyb ellik yildan buyon yaxshi tanish bo‘lsam-da, o‘zaro yaqin munosabatlarimiz birinchi va ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis deputatlari sifatida 1999—2008 yillardagi qonun ijodkorligi jarayonlari bilan bevosita bog‘liq.

Shu bois, ijozat bersangiz, davlat va jamoat arbobi Ibrohim o‘afurov faoliyatining o‘zim shaxsan amin bo‘lgan uchta yo‘nalishi haqida muxtasar to‘xtalsam.

Birinchi yo‘nalish – Ibrohim o‘afurovning deputat, Oliy Majlis Matbuot va axborot qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hamda  Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi a’zosi maqomidagi faoliyati. 

Biz Ibrohim aka bilan o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida Oliy Majlis deputatlari sifatida bitta binoda, yondosh ish kabinetlarida qonun ijodkorligi faoliyati bilan shug‘ullandik. 

U kishi mamlakatimizda erkin bozor iqtisodiyoti va demokratiya tamoyillarini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari tufayli bugungi o‘zbek tili rang-barang xalqaro istilohlar va tushunchalar bilan boyib borayotganiga nisbatan ham xalq deputati, ham  millat ziyolisi sifatida hamisha uyg‘oq fikr, bedor tafakkur bilan yondashganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

Jumladan, Ibrohim o‘afurov “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun matni haqida so‘z yuritib, “rieltor” va “dallol” so‘zlari garchi aynan bir xil tushunchani, ya’ni “vositachi” degan ma’noni anglatishiga qaramasdan, “dallol” tushunchasi “rieltor” tushunchasiga haqiqiy ekvivalent bo‘la olmasligini asosli tahlil etib berganlari esimda. 

Boshqa bir gal esa milliy qonunchilik tilida qo‘llanib kelingan “oltin probasi” degan tushunchadagi “proba” atamasi o‘rniga “asllik darajasi” tushunchasi qonun matniga kiritilishiga munosib hissa qo‘shganlar.

Yaqinda parlamentning Qonunchilik palatasida Ibrohim o‘afurov ishtirokida juda qiziqarli uchrashuv tashkil etilgani bejiz emas. Chunki mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining huquqiy asoslarini mustahkamlagan eng asosiy qonunlar aynan o‘sha davrda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov, Ibrohim o‘afurov, Xurshid Do‘stmuhammad kabi adiblarimizning sa’y-harakatlari tufayli ishlab chiqildi, maromiga yetkazildi hamda qabul qilindi.

Ikkinchi yo‘nalish – Ibrohim o‘afurovning siyosiy partiya yetakchisi va fraktsiya rahbari sifatidagi faoliyati. 

Ibrohim o‘afurov nafaqat davlat arbobi, balki jamoat arbobi sifatida ham jamiyatimiz ravnaqida o‘z in’ikosini topgan ezgu xizmatlari bilan har qancha faxrlansalar arziydi. Gap shundaki, o‘z davrida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yetakchisi bo‘lgan Ibrohim aka ushbu siyosiy partiyaning shakllanishi, oyoqqa turishi, bugungidek yuksak maqomga – parlament partiyasi darajasiga erishishi yo‘lida astoydil jonbozlik ko‘rsatdilar. 

Uchinchi yo‘nalish – Ibrohim o‘afurovning partiyaviy matbuotni va siyosiy publitsistikani rivojlantirish borasidagi faoliyati. Men bu o‘rinda u kishining “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri sifatidagi faoliyatini nazarda tutayapman. Qolaversa, Ibrohim aka milliy istiqlol g‘oyalarini demokratik tamoyillar asosida targ‘ib etishga qaratilgan siyosiy publitsistika janrining ilk mualliflaridan hisoblanadi. Ibrohim akaning deputat, siyosiy yetakchi, bosh muharrir maqomida olib borgan – ham milliy, ham xalqaro tamoyillarga mos – samarali faoliyati meni doim hayron qoldirgan.

Bundan uch asrcha ilgari yashab o‘tgan mashhur frantsuz adibi va huquqshunosi Mishel de Monten shunday degan ekan: “Biz inson haqida uning tabiatan iste’dodli ekanligini aytishdan ko‘ra yaxshiroq maqtov o‘ylab topishga qodir emasmiz”.

Shunday ekan, birinchi navbatda, Ibrohim o‘afurovdek iste’dodli insonni yaratgani, yana deng, bizning davrimizda, bizning yurtimizda yaratgani uchun ham Yaratgan Egamga qulluq, deymiz. 

Ibrohim akaga esa shu qutlug‘ yosh ostonasida o‘z oldiga katta vazifayu rejalar qo‘yib, ularni ko‘ngildagidek darajada ro‘yobga chiqarishlari uchun sakson yigitning shavqi va g‘ayrati to‘la sururli ijod jarayonlari har doim hamroh bo‘lishini tilab qolamiz!

Akmal SAIDOV,

Akademik

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.