Ulug‘larni ulug'lagan yurt

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning atoqli alloma, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqidagi fikrlarini o‘qib qalbimiz faxrga to‘ldi. Ulug‘ allomalar, buyuk faylasuflar, donishmand insonlar haqida gap ketganda uzoq tarixga xayolimiz ketadi. Zamondoshlarimiz ichida ham ilmi, tafakkuri, zakovati bilan dunyoga tanilgan yurtdoshlarimiz borligiga ko‘pincha e’tibor bermaymiz. Jumladan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari xuddi shunday ulug‘ allomalardan biri edi. Yaqinda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan poytaxtimizning Chilonzor tumanida qad rostlaydigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishi haqidagi xushxabardan yosh tarixchi olim sifatida, qolaversa, ulug‘ ustozning shogirdi qatorida behad suyundim. Zero, bu qanchalik quvonchli, hayajonli voqea ekanligini sobiq Sho‘ro davrida yashagan, yarim asrlik yaqin tariximizni yaxshi biladiganlar yanada ko‘proq his qiladilar.

 

 

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida vafot etgan bobom, Naqshbandiya tariqatining silsilasi tarkibida o‘ttiz birinchi halqada turadigan, O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasida ism-shariflari qayd etilgan Ismoilxon Faqiriy hazratlari (Alloh rahmat qilsin) “Hech bo‘lmaganda hayit bayrami kunlari radiodan tabriknoma o‘qishsa edi”, deb orzu qilgan ekanlar. U zotning qalbidan kechgan tuyg‘ulari 2004 yil “Adolat” nashriyotida chop etilgan “Bayozi Faqiriy” kitobida ham o‘z aksini topgan.

Albatta, u zamonlardagi qiyinchilik, ilm olish mashaqqatini ko‘pchilik nadomat bilan yodga oladi. Bobomizning madadlari, duolari sharofatidan Hazrat Do‘stmuhammad domla bobo (1938—2013) va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952—2015)dek insonlarning shogirdi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Ustozlarim umri davomida mehnat, sa’y-harakat, tinimsiz izlanishlar natijasida bizga, kelajak avlodga dinni yetkazishdek, katta va savobli xizmatlarni bajarganlar. Birlari asosan shogird tayyorlagan bo‘lsalar, yana birlari kitob yozish bilan mashg‘ul bo‘lganlar. 

Yurtimizning yirik ulamolari suhbatlarida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lganman. Ayniqsa, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, u kishining noibi Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari bilan bo‘lgan suhbatlar o‘ta ilmiyligi bilan ajralib turar edi. 

Do‘stmuhammad domladan keyin esa olti yil shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlaridan ta’lim olishga, ilm o‘rganishga musharraf bo‘lganman. Bu kishining katta shaxsligi hammaga ma’lum. Mayda-chuyda narsalarga e’tibor qilmaydigan, maqsadi oliy bo‘lgan katta olim edilar. U zot faoliyatlari haqida Erkin Malikning “Shayx hazratlari Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” deb nomlangan kitoblaridan o‘qib bilishimiz mumkin. Shuningdek, shayxning ukalari tomonidan yozilgan “Islomga baxshida umr”, deb nomlangan kitob ham ustozning umr yo‘llari haqida hikoya qiladi. 

Biz ham shogird sifatida ustozning ayrim qirralarini eslasak, haqiqatdan ham qoyil qolarli xislat egasi ekanliklarini fahmlaymiz. Masalan, dars berayotgan paytlarida o‘n qatorlab, hatto xatboshi tugagunga qadar bir tugal fikrni arab tilida o‘qisak, uni o‘zbekchaga badohatan, bittada shunday go‘zal tarjima qilib, chiroyli ma’no-mazmunini tushintirar edilarki, uni qayta tahlil qilishga o‘rin qolmas edi. Donishmandlarning fikricha, inson qanchalik hozirjavob, xushmuomala, nutqi ravon va chiroyli bo‘lsa, bu uning yetukligini bildirar ekan. Ustozimizning tarjima chog‘ida gapning ega-kesimi o‘rnini hech adashtirmasdan ishlata olishlari, lug‘at izlab qolmasliklari yoki o‘zbekchasini topolmasdan biror ajnabiy tildagi so‘zni qo‘llamaganliklari u zot tafakkur quvvatlarining qanchalik kuchli ekanini bildiradi. Shayximizning ma’ruzalarini tinglaganlar bo‘lsa, albatta fikrimizni tasdiqlashadi. Boisi, ularning nutqlarida biror arabcha yoki ruscha so‘z qatnashmasdi, fikrini sof o‘zbek tilida ifoda etar edilar. 

U kishining darsdan keyingi suhbatlari topilmas, qimmatbaho xazina edi. Ayniqsa, xizmat safariga borib kelganlarida safar tafsilotlarini bir boshidan, kamtarlik bilan “Bu sizlarga hisobot o‘rnida bo‘lsin”, deya so‘zlab berar edilar. Voqealar rivoji bilan tanishtirar ekanlar, izoh tarzida noto‘g‘ri va to‘g‘ri ishni, adashgan olimning noto‘g‘ri aqidalarini, mazhabsizlarning johilligini, dunyoda yuz berayotgan to‘s-to‘polonlarni kuyunchaklik bilan, qayg‘urib, so‘zlab berardilar. Yoki aksincha, safar chog‘ida guvoh bo‘lgan qadimiy obidalar, masjid-madrasalarni, inshootlarni ko‘rganlarida mamnuniyat bilan, xursand bo‘lib hikoya qilardilar. 

Shayximiz jahonda kamdan-kam insonlarga nasib etadigan uzoqni ko‘ra oladigan, voqealarni aniq ifoda etadigan fazilatlarga ega olim bo‘lganliklarini ko‘rishimiz mumkin. 

Ustozimiz mustaqillik davri haqida shunday derdilar: “Mustaqillikdan eng ko‘p musulmonlar foyda qilgan. Musulmonlar shuning uchun istiqlolni qo‘llab-quvvatlaydi, duo qiladi, xursand bo‘ladi. Insha Alloh hali ko‘p yaxshiliklar bo‘ladi, xayru baraka bo‘ladi”.

Bir so‘z bilan aytganda, yuqorida tilga olingan har ikki ustozimiz ham dunyo bo‘ylab tarqalgan Naqshbandiya tariqatining irshodli davomchilari edilar. Ya’ni ikkalalari ham Naqshbandiya tariqatining piru murshidi edilar. Demakki, ular asrlar bo‘yi yurtimizni dunyoga mashhur qilib kelgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari edilar. 

Bunday sa’y-harakatlar joriy yilda keng nishonlanishi ko‘zda tutilgan Abduxoliq o‘ijduvoniyning 925, Bahouddin Naqshbandiyning 700 yillik to‘ylariga munosib bir tuhfa desak, xato bo‘lmaydi.

Bahouddin Naqshbandiy: “Avliyolarni tanib qo‘yinglar, ularning nomlarini eslab qo‘yinglar, hech bo‘lmasa ular aytgan hikmatli so‘zlardan yodlab olinglar, chunki inson qiyomat kuni bir tang ahvolda qolsa, Alloh taolo: “Biron bir avliyoni taniysanmi?”, deb so‘rar ekan. Shunda “Ha, men falonchi avliyoni tanirdim, u kishining suhbatlariga, ziyoratlariga borib turardim”, desa “Unda man sani o‘sha kishiga bag‘ishladim”, deydi. Va o‘sha kishi boshchiligida bir jamoa bo‘lib, Jannatga kirib ketar ekan”. 

Shu o‘rinda hazrati ustozlarimizdan eshitgan hikmat va o‘git, tavsiyalardan bittadan namuna keltirishni joiz deb hisobladik.

Hazrati ustozimiz Do‘stmuhammad domla rahmatullohi alayh: “Dunyoga aldanib qolmaslik kerak” der edilar. Ya’ni inson boy bo‘lishi mumkin, mansabdor, kambag‘al, bemor bo‘lishi mumkin, har qanday holatda ham dunyoga aldanib qolar ekan. Masalan, bemor xastaligidan qiynalib, sog‘lig‘ining g‘amida bo‘lib ibodatdan qolib ketadi. Boy odam faqat boyligining ortidan yugurib, dunyodan kam bo‘lmay deb oxiratdan chalg‘ib qoladi”, degan edilar.

Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq hazratlari esa har tongda 120 marta “Astag‘firulloh” aytishni tavsiya qilganlar. “Astag‘firulloh”da juda katta xususiyatlar bordir. Ko‘plab istig‘for aytilaversa, yurtga mo‘l-ko‘lchilik kelishi, yomg‘irlar berishi, farzandi yo‘qlarga farzandlar berishi, istig‘for sababidan gunohlar kechirilishi, el-yurtda tinchlik xotirjamlik bo‘lishi Qur’oni karimda bayon etilgan. 

 

Yangi masjidning Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq nomi bilan atalishi Ulug‘larimizning qadr-qimmatini yana bir karra yuksaltirdi. Bu millatimiz, xalqimizning obro‘yini ko‘kka ko‘taradigan e’tiborli ish bo‘ldi. Va u kishining ruhini shod qiladigan, Alloh taologa xush keladigan xosiyatli amalga aylandi.

Prezidentimiz o‘z chiqishlarida, bu yerda ishlaydigan imomlarga va talabalarga u kishining ruhlari madad berib turadi, dedilar. Albatta, ustozlarimizning ruhlari butun xalqimizga, hukumatimizga, Alloh taolodan madad so‘rab turadi. 

Mas’udxon ISMOILOV,

O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti,

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti 

katta ilmiy xodimi tarix fanlari nomzodi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.