MADANIYATLAR MUSHTARAKLIGI — maqsadlar mushtarakligi

Keyingi bir yarim yil mobaynida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Markaziy Osiyoda joylashgan qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarning faollashtirilgani, chegara va to‘siqlarning ochilishi, davlat rahbarlarining muntazam rasmiy tashriflari, qolaversa, iqtisodiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorliklar barcha mintaqa ahlini bab-baravar quvontirmoqda. Darhaqiqat, ushbu mintaqada ming yillardan buyon devor-darmiyon bo‘lib yashab kelgan xalqlarni ta’bir joiz bo‘lsa, bir daraxtning gurkiragan novdalari deyish mumkin.

 Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida” va “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi. Aynan mana shu ikki qaror misolida ham Chingiz Aytmatovning “buyuk bobolarimizning ijodiy meroslari ham O‘rta Osiyo xalqlari uchun umumiy bo‘lishi kerak” degan fikrlari bugun o‘z tasdig‘ini topayotganiga guvoh bo‘lamiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida ta’kidlanganidek, buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bugungi kunda Abay Qo‘nonboev singari ulug‘ allomalarning o‘lmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ma’no va ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, Abay o‘zining «Nasihatlar»ida shunday yozadi «Hozirda ko‘rmoqdamanki — o‘zbek dehqoni yetishtirmagan o‘simlikning o‘zi yo‘q, o‘zbek savdogari qadami yetmagan joy yo‘q, ular yasamagan buyum yo‘q. Ahillikda yashashadi, adovat qo‘zg‘ashmaydi. Rus savdogarlari yo‘qligida qozoqlarga kiyim-kechak va marhumlariga kafanlik keltirib berishdi... Ruslar zamoniga kelib esa yangiliklarni boshqalardan oldinroq o‘zlashtirishmoqda. Taniqli boylari, bilimdon mullalari, hunarmandchilik va mo‘l-ko‘llik deysizmi, boadablik deysizmi – hammasi ularda bor...»

Xuddi shuningdek,  Chingiz Aytmatovning mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib borganini yaxshi bilamiz. 

O‘tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog‘ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Chingiz Aytmatov o‘zbeklar borasida hamisha iliq gaplarni aytgan. 80-yillarda markaziy matbuotda xalqimiz sha’niga quruq tuhmatlar aytilayotgan bir vaqtda “Pravda” gazetasida Chingiz Aytmatovning ijobiy maqolasi chiqishi ko‘nglimizni tog‘dek ko‘targani sir emas. 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

1998 yilda davrimizning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi o‘laroq dunyoga kelgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobida “Ko‘zadan chiqqan bosh chanoq yoki turkiylarning tarixiga bir nazar” bobida qiziqarli mulohazalar bildirilgan. Adib, kamtarlik bilan malakali tarixchi emasligini, arxivlardan hujjatli dalil-dastaklar qidirmaganini, qadimiy shajaralaru solnomalarning changini yutmaganini qayd qiladi. Biroq tarixga yozuvchi nigohi bilan nazar tashlaydi. Jumladan, sohibqiron Amir Temur, Boburshoh, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘zbek xalqidan yetishib chiqqan sarkarda, olim, allomalar haqida nihoyatda samimiy va iliq fikrlarni aytadi. Masalan, Oltin O‘rdaning yemirilishi borasida shu kungacha tarixchilar Kulikovo jangiga katta urg‘u berib kelishar edi. Biroq bu borada Chingiz Aytmatov birinchilardan bo‘lib tarixiy haqiqatni aytadi. Oltin O‘rdaning “uzil-kesil tarix sahnasini tark etishiga sabab – O‘rda bilan Amir Temur davlati o‘rtasidagi qarama-qarshilikdir. Amir Temur donoligi, olijanobligi bilan dong taratdi. U davlat arbobi sifatida san’at, ilm-fan ahlini davrasiga chorlagan, ularga homiylik qilgan” deya ta’kidlaydi Chingiz Aytmatov.

“Axir Bobur, Ulug‘bek kabi buyuk tarixiy shaxslar, hukmdorlar to‘g‘risida ham zamondoshlarimizga qiziqarli voqealarni so‘ylab berishimiz mumkin-ku! Shoir, tarixchi, faylasuf Boburshoh Hindistonda Buyuk saltanatga asos soldi. U ilgari O‘sh, Andijon viloyatining hokimi bo‘lgan edi. Amir Temur kabi Bobur ham Afg‘onistonda, Hindistonda buyuk g‘alabalarni qo‘lga kiritadi. Darvoqe, u 11 yasharlik paytida otasidan ayriladi. Uning keyingi faoliyati noyob iste’dod sohibi bo‘lganidan darak beradi. O‘rta asrlarni tadqiq etgan tarixchilar, yozuvchilar shoh Boburning jasorati to‘g‘risida ko‘pgina kitoblar yaratganlar. Shohning o‘zi yozgan “Boburnoma” esa dunyoning bir nechta tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunimizgacha o‘zining tarixiy qimmatini yo‘qotgan emas” deydi  Chingiz Aytmatov. 

Mirzo Ulug‘bek haqida esa quyidagilarni o‘qiymiz: “Ulug‘bek Xitoydan Vizantiyagacha, Erondan Usmonlilar saltanatigacha bo‘lgan mamlakatlardan – butun dunyodan olimlarni o‘z bag‘riga chorlaydi, ularga homiylik qiladi. Olimlar esa riyoziyot, handasa, tabiatshunoslik kabi aniq fanlar sohasidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashadilar, samarali ilmiy izlanishlar olib boradilar. Ulug‘bek, ayniqsa, san’at va adabiyotga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. U xukmdor bo‘lgan davrda madaniyatning mana shu sohalari yanada gullab-yashnaydi. Faqat birgina “Ziji Ko‘ragoniy” asarining o‘zi uning nomi asrlar davomida avlodlar xotirasida yashashi uchun yetarlidir. Afsuski, o‘sha davrda turkiy xalqlar madaniyati va ilm-fanining boshida turgan Ulug‘bek 55 yoshida qatl qilinadi”.

O‘zbek – turkman do‘stligi, ular o‘rtasida madaniy aloqalar xususida gap ketar ekan, albatta, eng avvalo atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Mahtumquli xayolimizga keladi. Ayniqsa, uning Buxorodagi Ko‘kaldosh, Xivadagi Sherg‘ozi madrasalarida tahsil olganining o‘ziyoq ko‘hna O‘zbekiston zamini azal-azaldan ma’rifat-madaniyat beshigi bo‘lganidan dalolat beradi. Mahtumquli bir qancha lirik she’rlar, lirik-epik dostonlar, g‘azal va muxammaslar yozgan. Bizgacha uning lirik, falsafiy, pand-nasihat xarakteridagi 10 ming misradan ortiq she’rlari yetib kelgan. Mahtumquli she’rlarida turkman xalqining hayoti, urf-odatlari, o‘z davrining muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalari, shoirning ichki kechinmalari teran ifoda etilgan. Shoir she’rlarida payg‘ambarlar, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy singari ulug‘ zotlar juda ko‘p tilga olinadi. Shoirning purma’no misralari turkman millatining hikmatli so‘zlari, aforizmlar qatoridan o‘rin olgan. Mahtumquli she’riyati barcha turkiy millatlar, jumladan, o‘zbeklarning ham ma’naviy mulkiga aylangan. Bir necha marta she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Ko‘plab she’rlari hofizlar tomonidan kuyga solib aytiladi. 

Madaniyatlarimiz, adabiyotlarimiz mushtarakligi xususida so‘z ketar ekan, albatta, ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy va tojik shoiri Abdurahmon Jomiy o‘rtasidagi yaqin do‘stlikni eslamay bo‘lmaydi. XX asr o‘zbek va tojik adabiyotlariga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Ayniy mohir olim, tarixchi va adabiyotshunos sifatida o‘zbek va tojik adabiyoti tarixi yuzasidan katta ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. Uning O‘rta Osiyolik buyuk shoir va olimlar — Rudakiy, Sa’diy, ibn Sino, Vasfiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. Adib O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi hamda Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi qilib saylangan. Bir necha yillar davomida Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat dorilfununining professori va Tojikiston Fanlar akademiyasi tashkil topgan kundan boshlaboq uning prezidenti sifatida xizmat qilgan. Mashhur darg‘alarimiz o‘afur o‘ulom, Oybek, Komil Yashin, Mirzo Tursunzoda va Zulfiyaxonimlar ham ustod Ayniy deb ardoqlagan va e’tirof etgan ulug‘ siymo edi.

1978 yilda esa ustod Ayniy tavalludining 100 yilligi YuNYeSKO qarori bilan keng nishonlandi. Mustaqillik davrida Vatanimizning ulkan mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Ayni kunda Markaziy Osiyo mintaqasiga toza nafas, toza havo kirib keldi. Bugun do‘stu qadrdonlar, qavm-qarindoshlar bir-birini yo‘qlamoqda, bir-biriga oshiqmoqda. Zotan, bu do‘stu qadrdonlikning mustahkam va teran ildizlari uzoq o‘tmishlarga, ulug‘ ajdodlarimizga borib taqaladi. Bu so‘zsiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan, mintaqa rahbarlarining sa’y-harakatlari, bir-birini tushunishlari va anglashlari tufayli yuz berdi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanib, gullab-yashnasin!

Sharofiddin TO‘LAGANOV

   

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.