UYG‘OQ YASHASH SAODATI

Davron elininig jismida jon bo‘lg‘il,

Ham jonlarig‘a moyai darmon bo‘lg‘il.

Alisher NAVOIY

 

She’riyat mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi viloyatda ikki yildan buyon uning ijodiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda. Bu yilgi shoirning tavalludi munosabati bilan boshlangan tantanalar to‘yga aylanib ketdi. Alisher Navoiy haykali atrofiga yig‘ilgan xalqning boshiyu oxiri ko‘rinmaydi.

 

YAXSHI YASHASHGA HAMMANING HAQQI BOR

Ushbu anjumanning tafti dillardan ketmay turib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashrifi viloyatda davom etayotgan quvonchli kunlarning davomi bo‘ldi.

Viloyatning eng uzoq tumani Tomdiga borganimizda bedor va tashvishli kunlaridan halovat topib yashayotgan insonlarga duch keldik.

Tuman markazi — Yangi Tomdidan 150 kilometr uzoqda joylashgan Shieli ovul fuqarolar yig‘ini “Obod mahalla” nomi bilan chiroy ochayotgan ekan. 

Prezident Tomdiga tashrif buyurgani, Tomdi aholisini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani ovozasi bir zumda jahon ahliga yetibdi. Tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasining raisi Ziba Tulekova tinimsiz jiringlayotgan telefoniga javob berdi. Bir guruh sobiq tomdiliklar:

— Yurtimizga qaytsak bo‘ladimi, eshitganlarimiz rostmi? — deb so‘rashayotgan ekan. Zibaning qondoshlariga javobini men ham daftarimga yozib oldim.

— Eshitganlaring rost. Eshitmaganlaring ham bilib olinglar. Yurtboshimiz Tomdiga tashrif buyurdilar. Suv, gaz, yo‘llar nosozligi, mutaxassislar taqchilligi, nimaiki muammolarimiz bo‘lsa, tingladilar. Nuroniy Satibaldi Aydarbekov o‘zlari yashayotgan ovul markazdan 80 kilometr uzoqlikda joylashganini ulov masalasi qiyinligini, tuman tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Venera Sibaeva tuman hududidagi aholiga tibbiy xizmatni yaxshilash uchun besh dona UAZ rusumli avtomashina ajratishni va boshqalar ham mavjud muammolarni aytishdi. 

Prezidentimiz barcha so‘rovlarimizga ijobiy javob berdilar. Gapimizni yerda qoldirmadilar. Bular hammasi emas.

Tuman Xalq qabulxonasining aralashuvi bilan ishsiz fuqarolardan 37 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi, 6 nafari ishga tiklandi. Kam ta’minlangan 11 oila, nogironligi mavjud 4 oila uy bilan ta’minlandi. Viloyat rahbariyatining yordami bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj 175 ta oilaga 276 million 850 ming so‘mlik 21 turdagi uy-ro‘zg‘or buyumlari, 40 ta xonadonga mayda shoxli mol va moddiy yordam berildi.

Prezidentimizning 2017 yil 12 sentyabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qarorga asosan 161 oilaga maishiy texnika vositalari topshirildi. 

 

OQKO‘NGIL ODAMLAR

— Samarqand Davlat tibbiyot institutini bitirib, Tomdi tumani Kerizbuloq qishloq vrachlik punktiga ishga kelgan edim, — deydi shifokor yigit Maqsudjon Norqulov. — Odamlari samimiy, oqko‘ngil kishilar ekan. Umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishladim. O‘z vazifamni o‘tar ekanman, tomdiliklarga mehrim tushib qoldi. 

O‘qishimni hozirgi Toshkent Pediatriya tibbiyot institutining Anestizologiya va reanimatologiya kafedrasida davom ettirib, bilimimni mustahkamladim. Yana o‘zim ishlab o‘rgangan Tomdi tuman tibbiyot birlashmasiga ishga qaytib keldim. Bu yerda mutaxassislar yetishmaydi. Ovullarning orasi uzoq. Yozining issig‘iga va qishining sovug‘iga har kim ham chidayvermaydi. Biroq yurt dasturxonini chorvachilik mahsulotlari bilan to‘ldirayotgan aholi sog‘ligini saqlash mening muqaddas burchim. 

Turmush o‘rtog‘im Muharram oliy hamshiralikni tugatgan. Hozir tug‘ruq ta’tilida. Tez orada oilamni ham bu yerga ko‘chirib kelaman. Mehmondo‘st tomdiliklarga yordamim tegayotganidan xursandman.

— Dastlab ishimni kichkina do‘konchada boshladim, — deydi yangi Tomdi tuman markazida ishlayotgan tadbirkor Ixtiyorjon Roziqov. — Keyin yer olib, kattaroq do‘kon qurdim, yonidan oshxona qurdim, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ochdim, ishchi o‘rinlari yaratdim. 

O‘zim Qiziltepa tumanida tug‘ilib o‘sdim, kollejni tugatdim. Ba’zan tanishlarim, jo‘ralarim, nega cho‘lga borib ishlayapsan, deb so‘rashadi. Men xorijga ketmadimku, o‘z yurtimdaman, O‘zbekistondaman, deyman. 

Yurtboshimizga taqdim etilgan ijtimoiy loyihalardan biri — Tomdi tumanida “Shodlik” mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bolalar shaharchasi quriladi. Maydoni 4,3 gektar bo‘lgan shaharchada bolalar uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Qurilish ishlari mart oyida boshlanib, yil oxirigacha yakunlanadi. Tuya, yilqi, qo‘y kabi chorva mollarini ko‘paytirish, qozoq tilida o‘qitilayotgan maktablar uchun mutaxassislar yetkazib berish, o‘zbek shoirlarining kitoblarini qozoq tiliga tarjima qilish masalalariga ham to‘xtaldi.

Tomdida bu yil ikkita jinoyat ishi qayd etilgan, ajralish yo‘q, giyohvandlik yo‘q, deyishdi. Bu yurtda kelajakka umid bor. Odamlar qalbida ezgulik atalgan ganjina bor. Yurtboshimizning tashrifi bu umid va ishtiyoqni yanada alangalatib yubordi.

 

SAHRODAGI JANNAT

Tomdi ziyoratidan qaytib, Zarafshon shahriga burildik.

Zarafshonning g‘oyat ajoyib tarixi bor. Salkam yarim asrga teng vaqt ichida bu yerda butun boshli avlod voyaga yetdi. Sahroda jannat yaratish ishtiyoqida tashrif buyurgan mutaxassislar bu yerni o‘zlariga vatan deb tanladilar, konlar ochdilar, 250 kilometr uzoqlikdan suv keltirdilar, daraxtlar ekib o‘stirdilar, binolar tikladilar. Yangi oltin konlari ochildi. Zamon va jamiyat bilan hamqadam shaharda ko‘pmillatli bunyodkorlar qo‘lni qo‘lga berib mehnat qilmoqdalar. Sofligi bo‘yicha jahonda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega — 99,99 foiz toza oltin shu yerda eritiladi.

Zarafshonliklar nafaqat oltini va urani bilan, balki maktablarda, kollejlarda kamol topayotgan yoshlarining sport va fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlari bilan ham faxrlansa arziydi.

Bu shahar aholisining yarmini yoshlar tashkil qiladi.

Zarafshon shahrida yiliga 4,5 ming tonna armatura, 10 million kvadrat metr oyna, 250 million dona shisha idish ishlab chiqarish, qariyb ikki ming boshga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi, sig‘imi 500 va 200 tonna bo‘lgan muzlatkichli omborxonalar barpo etish, aholi bilan birgalikda 100 ming boshdan ziyod parranda boqish, baliqchilik xo‘jaligi, issiqxonalar tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.

 

EZGULIK SHAMINI YOQIB

Maktab atalgan bu ulug‘ imoratga har gal toza qalb, toza ruh, toza niyatlar bilan kiradilar. Har bir saboq, har bir dars, har bir tarbiya — sajda kabi ulug‘, toat, kabi tozadir.

Zarafshon shahar 1-ixtisoslashgan maktab-gimnaziya direktori Dilbar To‘xtaeva bilan suhbatlashgan sari dilingiz yayrab ketaveradi. Uning fikrlari, mag‘zi to‘q falsafasi eng qiziqarli dars kabi tuyuladi. Uning mehr bilan limmo-lim qalbini, yonib turgan yuragini oddiy qog‘ozlarga qanday joylasam ekan, deb o‘ylanib qolaman.

Dilbar Rajabovna o‘zidagi barcha ezgu fazilatlarini o‘zgalarning sharofatidan deb biladi.

— Mabodo, ozgina mehnatim ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan bo‘lsa, meni tarbiyalagan, rahbarlik namunasini ko‘rsatgan Olmaliq shahar, 5-maktab direktori Zilxa Fozilova sababchi! Qolaversa, mening kamchiliklarimdan ko‘z yumib, o‘zlariga sardor deb bilgan, Olmaliq shahar 19-maktab jamoasi sababchi. Ularning ko‘llab-quvvatlashidan o‘sganman, o‘zimga ishonganman. Bilganlarimni o‘rgatib, bilmaganlarimni o‘rganganman.

Taqdir taqozosi bilan, O‘zbekistonning marvarid shaharlaridan biri Zarafshonda ishlab, yashamoqdaman. Shunday orasta, chiroyli shaharda, ma’naviyatli, tartibli, yangilikka intiluvchi odamlar orasida yashayotganimdan, ularga xizmat qilayotganimdan baxtiyorman.

Dilbar Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Kattaqo‘rg‘on ziyolilari, olimlari, shoirlari bilan mashhur shahar. Bu yerda respublikaga dong‘i ketgan muallimlar dars berishadi. 

Dilbar ana shu shaharda o‘qib, muallimalariga havas qilib ulg‘aydi. O‘qituvchi bo‘lishni niyat qildi.

Maktabni a’lo baholarga bitirgach, O‘zbekiston Jahon tillari universitetini tugatdi. So‘ng maktab. Olmaliq shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 5-gimnaziya maktabida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ishladi.

1996—2001 yillarda Olmaliq shahar XTBida uslubchi va uslubxona mudirasi. So‘ng 19-maktab direktori bo‘lib ishladi. 2006 yildan Zarafshon shahridagi 1-ixtisoslashgan gimnaziya maktabi direktori.

U qaysi o‘quv dargohida ishlamasin, sidqidildan, vijdonan mehnat qildi. Har tong mitti qalb egalarini qarshilab olarkan, ularning qalbiga ezgulikning bir shamini yoqmay jo‘natmadi. Avvalo, muallima sifatida qiziqarli, mazmunli darslar o‘tib, o‘zining iqtidorini namoyon etdi. So‘ng uning darslari keng miqyosda ommalashdi. Eng ilg‘or uslublar tadqiqotchisiga aylandi. Rahbar sifatida hammadan yaxshi dars o‘tishni talab qildi. O‘tgan yillar ichida Dilbar ko‘ksida “Xalq ta’limi a’lochisi” nishoni porlab turgan, sevimli ustoz — Dilbar Rajabovnaga aylandi. 

Bu maktab o‘quvchilari har doim fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Xalqaro tanlovlarda, ingliz tili fani o‘quvchilari yuqori ko‘rsatkichlarga erishdilar.

2007 yilda 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning ingliz tili fani o‘qituvchilari, o‘quvchilar bilan Italiyada o‘tkazilgan xalqaro simpoziumda, 2009 yilda Finlyandiyadagi xalqaro konferentsiyada ishtirok etdi. 2009 yil yana “Yilning eng yaxshi ixtisoslashtirilgan maktabi” tanlovida qatnashib, viloyatda 1-o‘rinni, respublikada 2-o‘rinni egalladi.

Bitiruvchilar O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida, MDH davlatlaridagi, shuningdek, AQSh, Germaniya, Finlyandiya, Chexoslovakiya, Italiya, Angliya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda.

Maktab 2009 yilda YuNYeSKO qaroriga ko‘ra ekologiya muammolari bo‘yicha “Eng faol maktab” medalini oldi. Shahardagi “Umid nihollari” tanlovida maktabning 74 nafar o‘quvchisi qatnashib, 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.

Jajji qo‘llar bunyod etgan o‘yinchoqlar, buyumlarga qarab ko‘zingiz to‘ymaydi. Ertaklar va go‘zallik olamiga kirib qolganga o‘xshaysiz. Natalya Tiunova, Gurali Chadui, Shavkat Nosirov, Gulshod Sochakova, Sofiya Dehqonova, Lyubov Kuznetsova, Irina Chukrova kabi muallimlar maktabning suyanch ustunlari.

Maktab respublikamizdagi o‘n mingga yaqin maktablar orasida birinchi o‘ntalikka kiritildi.

— Dilbar Rajabovna siz va maktabingiz haqida ilgari maqola yozgan edim. Siz rahbarlik qilgan maktab o‘quvchilari bilan ajoyib tashabbuslar kiritdingiz. Sahrodagi saksovullarni himoya qilayotgan edingiz...

— Ha, saksovullarimiz Qizil kitobga tushib qolmasin, deb qo‘rqdik. Qishin-yozin ko‘k bo‘lib turadi. Qo‘yib bersangiz, daraxtga aylanadi. Qum ko‘chkilarining yo‘lini to‘sadi. Qo‘ylar uchun foydali va to‘yimli ozuqa. Koreyadan kelgan vakil hayron bo‘lib, bizda ham cho‘llar bor, ammo saksovul yo‘q degan edi. Ayniqsa, saksovulni odamlar o‘tin qilish uchun kesib keta boshlaganlarida, uni asrash uchun butun maktab bilan oyoqqa turdik. Matbuotda chiqishlar qildik. Saksovulni ekib ko‘paytira boshladik.

— Bugun 2-maktabga rahbarlik qilyapsizmi?

— Vatanparvarlik ruhida chuqur tarbiya beradigan maktablar tashkil qilinib, bizning shahrimizdagi 2-maktab shunga ixtisoslashtirildi. Meni direktor qilib tayinlashdi. Maktabda 2000 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. 205 nafar pedagoglar va xodimlar bor jamoamizda. Yangi nafas kirsin deb, tozalikka e’tibor berdik, gullarni ko‘paytirdik, o‘quv xonalarini jihozladik. 

Jismoniy tarbiyani asosiy fanlar qatoriga qo‘ydik. Sog‘lom bo‘lmagan bola a’loga o‘qiy oladimi? Barcha omadlar sog‘liqdan boshlanadi. Momolarimiz duolarini “Tani sihatlik — xotirjamlik” deb boshlashlarida hikmat ko‘p.

Insonning qalbi va aqli ham xuddi ona tili kabi Vatan timsolidir, degan ekan faylasuf Larofushko. Biz muallimlarning vazifamiz — bolalarimizning qalbini avaylamoq, aqlini charxlamoqdir. Yuraklariga Vatan mehrini joylamoqdir. Vatan ona kabi muqaddasligini anglatmoqdir. Yurtboshimizning ilmu fanga, maktablarga, bolalarga yaratib berayotgan oliy darajadagi sharoitlaridan keyin hech kimning yomon o‘qituvchi bo‘lishga haqqi yo‘q.

Zarafshon shahridagi “OMAD BIZNES ZARAFSHON” MCHJ rahbari Ulug‘bek Fayziyev bilan suhbatimiz juda qiziq kechdi.

— Shu paytgacha 30-40 ta davlatda bo‘ldim, — deydi U.Fayziev. — Ulardan ish o‘rganaman, yangi texnologiyalarni o‘zimizga ko‘proq keltirib o‘rnatishga harakat qilaman. Ularda texnologiya rivojlangan. Bizda esa xom ashyo va ishchi kuchi yetarli. O‘rganganlarimni hayotga tatbiq etaman.

Avvaliga Xitoy va Rossiyadan buldozer, ekskvator, yuk ko‘targich kran, karer mashinalari keltirdik. So‘ng ohak kuydirish tsexi, pishiq g‘isht zavodini qurdik. Juda ko‘p vaqt xorijda bo‘lishga to‘g‘ri kelyapti. Bir haftaga bormay yurtimni sog‘ina boshlayman. O‘zimizdagi mehr degan tuyg‘u hech joyda yo‘q.

— Bu yillarda ish faoliyatingiz kengaygandir, albatta?

— Ha, avvaliga “Fayz” firmasini ochdim, ishlarimizda fayz bo‘lishini orzu qildim. Shaharga nimalar kerakligini o‘rgandim. 2000 yillarda bu yerda sifatli nonlar yo‘q edi. Non zavodini ochdim. Eng chiroyli nonlarni bizning korxonamiz ishlab chiqara boshladi. Ishchi o‘rinlari yaratildi. So‘ng benzin quyish shoxobchasi, supermarket ochdim. Avtobazaning 51 foiz aktsiyalarini sotib olib, eng halol, vijdonan ishlaydigan ishchilarni olib qoldim. Birinchi ishim o‘g‘irlik va poraxo‘rlikni yo‘qotish bo‘ldi.

Hozir jami 400 nafar ishchimiz bor. Shu yilning boshida xorijdan yangi texnologiyalar keltirib, g‘isht zavodimizda olovbardoshli g‘ishtlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2009 yilda 5 million 500 ming dona g‘isht ishlab chiqarib, respublikamiz korxonalari va tashkilotlariga yetkazib berdik.

Navoiyda Erkin iqtisodiy zona tashkil qilingani mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va taraqqiyotida muhim o‘zgarishlar omili bo‘ldi. Ushbu tadbir Navoiylik tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar eshiklarini ochdi.

Hukumatimiz bizning “Omad Biznes Zarafshon” mas’uliyati cheklangan jamiyatimizga katta ishonch bildirib, MOTEL va TIR park qurilishi uchun Erkin iqtisodiy zona hududidan 5 gektar yer ajratib berdi. Bu yerda umumiy bahosi 3 milliard 135 million so‘mlik 100 o‘rinli mehmonxona, yuk avtomobillari uchun texnik xizmat ko‘rsatish majmuasi, maishiy xizmat ko‘rsatish markazi qurilishini boshlab yubordik. MOTYeL va TIR atrofini obodonlashtirish, bog‘ qilish uchun 50 gektar yer ajratilgan bo‘lib, bu maydonga to‘liq ishlov berildi. Mevali va manzarali daraxtlar, tok ko‘chatlari o‘tqazildi. Niyatlarimiz ko‘p hali…

Tomdida joriy yilda 648 ishchi o‘rni yaratiladi, shundan 600 ishchi o‘rni yiliga 500 ming tonna tsement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavod hisobiga bo‘ladi, deb aytildi uchrashuvda. “Zarafshon tsement mahsulotlari” MChJ ta’sischisi Ulug‘bek Fayziev 600 ta ishchi o‘rin yaratishini va korxona to‘la quvvat bilan ishga tushishi uchun 125,7 milliard so‘m imtiyozli kredit kerakligini aytganida, yurtboshimiz tijorat banklariga 150 milliard so‘m ajratinglar deb topshiriq berdilar.

 

XALQIM, QUVON, BOSHINGGA SHARAF KELDI, SHON KELDI

Tomdidagi uchrashuvda Konimex tumani faollari ham ishtirok etishdi. Tumanda katta yo‘l bo‘yida tashkil etilgan tuyachilik majmuasiga o‘tgan yilda 61 ta davlatdan 3 ming sayyoh tashrif buyurgan. Albatta, majmuadagi sharoitlar talab darajasida emas. Bu yil Konimexda 1000 bosh tuya va 500 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi barpo etish rejalashtirilyapti. Umumiy qiymati 15,7 milliard so‘m bo‘lgan ushbu majmuaga xorijdan naslli echkilar sotib olinadi. Yiliga 1000 tonna tuya suti, 300 tonna echki suti qayta ishlanadi. Yiliga 10 ming sayyohni qabul qiladigan zamonaviy ekoturizm maskaniga aylantiriladi. Tuya sutining tarkibidagi vitaminlar, mikroelementlar, ko‘plab foydali moddalar qandli diabet, kamqonlik, gepatit, nafas va oshqozon-ichak yo‘llari, buyrak, yurak, asab kasalliklariga davo bo‘lib, immun tizimini mustahkamlaydi.

Bu yerga kelgan sayyohlar shifobaxsh sutdan ichish, cho‘l bo‘ylab tuya va kvadrattsikllarda sayr qilishlari mumkin. Prezidentimiz majmuani Mustaqillik bayramigacha bitkazish va sayyohlarga zarur sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.

 

MEN SHOIR BO‘LSAYDIM...

Xatirchi olimlari, shoirlari, usta dehqonlari, Uchqora mayizi bilan mashhur tuman. Ziyoratgoh joylari, ulug‘lari, avliyolari bor. 

Xatirchi tuman hokimligida viloyat faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat iqtisodini rivojlantirish, odamlar turmush sharoitini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratishga e’tiborni kuchaytirish, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi va Yurtboshimiz tomonidan ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatildi.

Yig‘ilishda yoshlar tashabbuskorligi mavzuiga alohida e’tibor berildi. Yosh fermer — “Ochil bobo 2000” fermer xo‘jaligi raisi Asliddin Ochilov o‘tgan yili o‘ziga qarashli 75 gektar yerning 32 gektariga g‘alla, 43 gektariga paxta ekib, mo‘l hosil olishga erishgan bo‘lsa, endilikda qo‘shimcha yer olib kungaboqar ekmoqchi. Kungaboqar yog‘ini qayta ishlaydigan tsex qurmoqchi. Avvaliga uchta ishchi o‘rni yaratgan bo‘lsa, yana qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratmoqchi.

Yana bir yosh fermer Feruz Mustafoev o‘tgan yili 45 gektar yerda g‘alla va paxta hosili yetishtirib, davlat rejalarini oshig‘i bilan bajargan edi. Yurtboshimizning yoshlarga, fermerlarga yaratib berayotgan sharoiti uni ham ilhomlantirib yubordi. U issiqxona qurib, limon ko‘chatlarini yetishtirmoqchi.

Xatirchi markazidan besh kilometr uzoqlikda joylashgan Xo‘jaqo‘rg‘on mahallasi obod qishloqqa aylanmoqda. 420 xonadon, ko‘chalar, tuman markaziy shifoxonasi yangicha chiroy ochmoqda.

Yig‘ilishning eng yosh ishtirokchisi, viloyatda o‘tkazilgan “Yosh navoiyxonlar” bellashuvining g‘olibi, Karmana tumanidagi 4-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Ibrohim o‘afforov Prezident sovg‘asi — “Spark” avtomobilini qo‘lga kiritgan edi. Ibrohim kelajak rejalari, orzulari haqida so‘zladi. Prezidentimiz:

— Men Alisher Navoiy bitiklarini yaxshi ko‘raman, Navoiydan o‘qib bering, — dedilar. Zalga jimlik cho‘kdi, Ibrohim o‘zi yod olgan minglab g‘azallaru ruboiylardan birini o‘qidi:

Tuxm yerga tushib chechak bo‘ldi,

Qurt jondin kechib ipak bo‘ldi.

Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmu?!

Pilla qurticha himmating yo‘qmu?!

Yig‘ilish qatnashchilari qarsak chalar ekanlar, ularning qalbidagi tuyg‘ular ko‘zlarini yondirardi. Katta yo‘lga tushib olgan, yaratish ishtiyoqida yonayotgan, ertasini yanada go‘zalroq qilishga intilayotgan odamlar yuragida ishtiyoq to‘lqin urardi. Besh asr narida turib ham insoniyatning buguniga sherik bo‘lib so‘z aytayotgan Navoiysini, xalqi uchun jon kuydirayotgan Yurtboshisini olqishlardilar.

Prezident Xatirchidagi yig‘ilishda Navoiydan g‘azal aytishni so‘rar ekan, shunday dedilar: “Men shoir bo‘lsaydim”...

Bu so‘zlar hamma ijodkorlar yuragiga yoqilgan o‘t emasmikin? Biz shoir bo‘lib nima qildik, buguni uyg‘oq yurtimiz sharafiga bir so‘z aytoldikmi? Xalqimiz kutib turgan eng kerak so‘zni topa oldikmi?

 

Xosiyat BOBOMURODOVA,

O‘zbekiston Respublikasida 

xizmat ko‘rsatgan  

madaniyat xodimi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.