RANGLAR JILVASI

Ruhiyat, qalb va dunyo musavvir mo‘yqalamida boshqacha jilvalanadi. Xuddi yomg‘ir  shivirlaridek dilga yaqin,  ishq azobidek qadim va navqiron, tirik lahzalardek rangin. Ana shunday haroratli tuyg‘ularni o‘z asarlariga olib kirgan rassom Xolmat Fayziev o‘zining ichki nigohiga ega. Har bir asarining o‘z “taqdiri” bor.

 

Musavvirning “Ota hovli” asarida dasturxon atrofida bir oila jam qilib tasvirlangan. Qadrdon tabiat manzaralari, bizni to‘lqinlantiruvchi tanish qiyofalar va bolalikning hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan sog‘inchi. Bunga rassomning butun ruhiy olami singib ketgan. “Eski tandir” kartinasida ham ijodkor issiq ranglardan foydalanadi. Ranglarning tusi fasllarga qarab o‘zgaradi, o‘zgargan sari ruhiyat ham teranlashib boraveradi. Bu oddiy tasvir emas, u tandirdan kulcha uzib bergan onamizni eslatadi, dunyo tashvishlari bilan andarmon odamni ham kutilmaganda o‘ylantiradi, go‘zal xotiralarini uyg‘otadi, ko‘ngliga taskin beradi. 

Bir qaraganda, tabiat manzaralarini fotoapparat yordamida ham qalbga muhrlash mumkin. Shunga shuncha qalb qo‘ri va ko‘z nurini to‘kishni nima keragi bor, deguvchilar ham topilar. Ammo ijodning quvonch va iztiroblari – butunlay o‘zgacha olam. Har bir rang  rassom nigohida boshqa dunyo yuzini ko‘radi. Masalan, o‘zaniga sig‘may oqayotgan “Toshqin daryo” asari hayotning so‘nmas nafasini eslatadi. Hatto qirg‘oqdagi toshlarning ham rangi yorqin, dov-daraxtlar mangu yashillikka burkangandek, osmonga tutashib ketgan tog‘larning boshi ko‘m-ko‘k. Tabiat bilan hayot shu qadar bir-biriga uyg‘unlashib ketganki, beixtiyor o‘zini inson tabiatning bir bo‘lagi etib his qila boshlaydi. Qalbida hissiyotlar jo‘sh uradi. Go‘zallikka to‘ymay boqadi. “Hovlidagi gullar”da ham xuddi shu manzaraga duch kelasiz. Undan olgan taassurotlaringiz tuvakgullaridan butunlay farq qiladi. Qizg‘ish, sarg‘ish ranglarga qorishib ketgan shafaq izlarini ko‘rasiz. Hovlida qolgan qadrdon iforlarning ranglarini ich-ichingizdan his etasiz.   

Har bir ijodkorning o‘z yo‘li bor. Xolmat Fayziev ham hamma tasvirlagan manzaralarni emas, qalbi buyurgan narsani qanday bo‘lsa, shundayligicha matoga tushiradi. Ortiqcha bo‘yoqlar bilan bezamaydi. Bu kimgadir oddiy, sodda tuyulishi mumkin, lekin ana shu oddiylik zamirida shunday murakkablik borki, buni ilg‘ash uchun tasviriy san’atga mehr bo‘lishi kerak. Uning “Kungaboqar” asari ham mazmunan falsafaga boy. “Qaldirg‘och uyasi”da bolalari uchun hamma narsaga tayyor jafokash ona timsoli tasvirlangan.  “Orol baliqlari” ham katta qalb iztirobi bilan chizilgan. U o‘lik baliq emas, tovada harakatlanadi. Boshqa tomondan esa buni qo‘yib yuborish ham, pishirib yeyish ham insonning qo‘lida ekanini his qila boshlaysan. Demak, inson qudratli yaratiq. Unga ko‘p narsa bog‘liq. Rassom har bir asarida aynan, ana shu g‘oyani ilgari suradi. Inson tabiatga qanday munosabatda bo‘lsa, tabiat ham unga shunday javob qaytarishini ko‘rsatadi. 

Xolmat Fayziev Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1956 yilda P.P.Benkov nomli bilim yurtining “Rang-tasvir” bo‘limini bitirgan. Keyinchalik Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetida tahsil olib, butun umrini bolalarga rassomchilikdan dars berishga bag‘ishlagan. Bir necha bor shaxsiy ko‘rgazmalari tashkil etilgan. Yaqinda poytaxtimizdagi “Yangiobod” mahallasida rassomning ijodiy ishlari namoyish etildi. Farzandlari, nabiralari, shogirdlari ardog‘ida. Lekin tasviriy san’atga bo‘lgan mehri hamon bo‘lakcha.

— Bolaligimdan tasviriy san’atga mehrim bo‘lakcha. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda  darslarda rasm chizib o‘tirardim. Ijodiy to‘garaklarga bordim. Shu yo‘nalishda butun umr bolalarga saboq berdim. Hayotimdan juda mamnunman, — deydi biz bilan suhbatda rassom. — Ko‘rgazmamga boshqa mahallalardan ham kelishdi. Taniqli rassomlar asarlarimga ijobiy baho berishdi. Bundan xursandman. Rassom — bu ko‘ngil odami. Qalbi buyurgan narsani matoga tushirishi kerak. Asarlari ko‘p emas. Har birini yaratish uchun yillab tayyorgarlik ko‘rganman. Shaxsiy ko‘rgazmamni qilishga hech qachon shoshilmaganman. Har qanday mehnat agar u sidqidildan qilingan bo‘lsa, yuzaga chiqarkan. 

Ha, o‘z ishning ustalarini qalamga olganda, ko‘ngling yorishadi. Buning ustiga u ranglarni so‘zlatgan rassom, go‘zallik shaydosi, butun hayrat-hayajonini o‘z asarlarida bergan bo‘lsa! Dala o‘ngirlarida xayoling yuguradi. Olisdan yovshanlarning hidi anqiydi. Naqadar muattar, nafis va jozibador... Hammasi bor-yo‘g‘i birgina rasmda o‘z ifodasini topgan. Oddiy manzaralardan buyuk hikmat topa olgan Xolmat Fayzievga ijodiy barkamollik tilab, yangi asarlarni kutib qolamiz.

Adiba UMIROVA

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.