Jadvalga tizilgan tasavvur yoxud IKROM OTAMURODning «JADVAL» dostoni haqida

Olam haqida so‘z ketganda darhol xayolga berilamiz. Olamni har kim o‘zicha tasavvurga oladi. So‘z tuyg‘usi Ikrom Otamurod ijodida Vaqtga rang berishdan boshlangan edi. O‘sha ranglar  shoir Olamida qushlarga aylangandi. Bu qushlar qay bir manzillarni ko‘zlab kelajak sari intildilar, parvoz qildilar. So‘ng bu hislar ufqlar kengligida bir dard shaklini oldi.

 

Aslida olam o‘zgarmadi. Shoir teran nigohi ila manzara holatlarini bir-bir nigohdan o‘tkaza boshlagandi... Ba’zan biz o‘zgargandek tutsak-da o‘zimizni, olam o‘z zamoni, inson o‘z zamonida edi. Ya’ni  olam o‘zgargandek tuyulsa, biz o‘zgargandek bo‘ldik. Atrofimizdagi manzaralar biz bilan, biz esa ular bilan, navbatma- navbat evrila boshlagandik. Olam qayg‘usi odamiy tirikchilikda emas, vijdon, qalb tuyg‘ulari mas’uliyatida edi.

Shu yerda yana bir suhbat inson tuyg‘usining Xaritaga tushmagan joyi So‘z shaklida dunyoga keldi. Bu suhbatlar asno Zamon Vaqt oralig‘idagi dunyoqarash tarzida ifoda topdi. Endi fikrlash mezonlarini anglash qoldi. O‘zgacha olamni anglash uchun o‘zgacha olam shakliga kirish kerak... Insoniyat Dunyo axborotlar bilan zeriktiradigan zamonga yetib keldi. Go‘yo bu hol birdaniga sodir bo‘lgandek, sodir bo‘lganini bilmay qoldik. Ana shu paytda fikrlash jarayonini chizmaga tushirish va ro‘yxatga solishga to‘g‘ri keldi. JADVAL — shu! Jadvalning ochqichi esa Fariduddin Attorning savoli: 

“Kishi bilgaymu, ne sirri jahon bul, 

Ne sir ermishki, nuri aqli jon bul?”

Ha, bu OLAM shu mo‘’jaz so‘z talqinida, biroq  behad ko‘rkam, olam yoqasini izlasang yo‘ling tugamaydi.

Dostonning... Olam... bosqichli sarhadlari she’rxonni baqadrihol cheksiz manzillarga boshlab, ham yana ma’no qatlamida shu so‘z falsafasidan olib o‘ta boshlaydi. Satr OLAM kombinatsiyasida bayt shakliga kirib o‘quvchini tin olishga  va botiniy ko‘tarinkilikka undaydi. Zero, xavotirli dil “Olam”dek keng bo‘la olmaydi. Shuning uchun ham “Olam” mo‘’jaz baytlar butun doston davomida goh orom olishga, goh ogoh bo‘lishga, dam dard tortishga, dam quvonishga ishoratlar bo‘lib keladi. Shuning uchun ham olambaytlar takror shaklda keltirilib, katta Olamni anglab olish oldidagi shoir uyg‘oq xavotirining vazifasini bajaradi. Bu Jadvalga tuzilgan tuyg‘ular ma’nosiga yuk bo‘lib, shunday ham serso‘zlikdan zerikkan XXI asr kishisini zo‘riqishdan asraydi.

Kurrai zaminda ovozi ila yo‘l boshlagan, kamol topgan Inson bu kun Surat shamoyilini oldi. Zamon Odami o‘zi bilan hamroh qilib sukunatini olib yo‘lida davom eta boshladi.

Sukunat qalbda ne yuz bersa shuni aytib beradigan, tozalab beradigan Vaqtning aslini, tillasini ajratib olishga madad beradigan—Mahak toshidir! Sabr ham shu, qalbdagi xotirjamlikning a’losi...

Satrlarga berkingan lavhalar tabiat manzaralari o‘tib, inson botinidagi suvratlarni ifoda etadi. Har bir satr orasida yozilmagan majoz ishoratlar bor  Jadvalda. Bu —  Olam chiziqlari belgilari odam jismidan emas, qalb olamidan o‘tadi bu yo‘l,

Olam  odamiga mengzaladi bu YO‘L

Olamda ne yuz bersa shu Odam

Odamda ne yuz bersa shu Olam. Ko‘zguga o‘xshaydi... Jadval

Sirlar sari manzilga otlanishda JADVALni bir qur o‘qish kor bermaydi, qayta-qayta o‘qish makonga yetaklaydi. O‘qib, o‘qigan sayin fikrlaring sayqallashib, qalbingda o‘z ovozing paydo bo‘ladi. Va qo‘shiqday jaranglaydi.  Uni qayta o‘qib anglash mumkin: Mehr bo‘lsa qandayindir  ruh mavjud erur olam makonida... Olam makonida ruh — sir... Ha bu SIR.... Bu xirgoyi qalbdan chiqqan un. Tinglash uchun ham mushtarak Dil bo‘lishi lozim va shart. Yo‘qsa, yo‘lga chiqib molini yo‘qotib qaytib kelgan savdogardek bo‘lasan. Qalb uni balki jaranglamas, balki u anglanar... Yo‘qsa,  pardalariga tusha olmay qolish mumkin va nechanchi o‘lcham bilan fikrlayotgan Odam Olamiga va Olam Odamiga sayohati ma’nisiz bo‘lib chiqadi...

Dostonda ... Olam... bayti qayta-qayta besh joyda keladi. Oltinchi marta kelganida Olam — jadval so‘zi bilan yo‘ldoshlanadi. Bu oraliqda Olam so‘zining go‘yo kod ma’nosi ochilgandek, oldingi takrorlar ma’no kasb etadi. O‘tayotgan Vaqt oralig‘ida inson doim o‘zini bir shamoyilda ushlab turolmaydi. Ya’ni Vaqtning o‘zida bo‘lish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu she’riy doston go‘yo zamon kishisiga vaqt zamonida bo‘lishning hikmatini ochayotgandek o‘ziga tortadi. Endi esa fikrlash tarzini yangilab, Shoir ko‘rsatib turgan Olamlarga yo‘l olish qoladi, xolos. 

Biroq bu dunyoga kirish uchun o‘zingiz qalbdan qadam tashlamog‘ingiz kerak. Imkon qo‘lingizda JADVALga tizilgan imkonlarda. Balki buni qayta-qayta o‘qib uqib yetarmiz. Bu ma’naviyatimiz va tasavvurimiz ta’biga bog‘liq. Uning “jo‘g‘rofiyasi bo‘lgaydir albatta keng...” Bu yo‘lda ne topsak Olamdan, ne yo‘qotsak o‘zimizdan bo‘lsa ajabmas.

 

Davron RAJAB

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.