Otamni eslab...

…1941 yil 9 may. Birga baxtli hayot kechirishni orzu etgan ota-onamning nikoh to‘ylari. Urush ham tobora yaqinlashayotgan mahal. Baxtdan sarmast yuraklarda bir kemtiklik, bir hadik bor edi, o‘shanda ham.

Hadik chinga aylandi. Chillasi chiqib-chiqmagan otam urushga safarbar etildi. Ortidan yum-yum yig‘lab, qirq kunlik kelinchagi qoldi.

 

...Leningrad ostonasida vzvod komandiri bo‘lib jang qilgan otam urush tugashiga bir yil qolganda, qo‘lda hassa bilan uyga qaytdi. Dushman bilan bo‘lgan jangda kontuziya olib, yarim yilcha gospitalda yotgan otam urushdan keyin anchagacha o‘zini o‘nglolmaydi. Onam o‘sha kezlarni shunday eslardi: “Yarim kechasi “Vzvod, gotovsya”, “ogon!” degan baqiriqlardan uyg‘onib ketaman. Peshonasini sovuq ter bosgan otang ko‘zda mung bilan menga boqadi. Yupatishga harakat qilaman, ma’lum muddat yotgandek bo‘ladi, ammo yana shu hol takrorlanadi. Necha yillarni shu alfozda o‘tkazmadik, deysan, bolam?!”

Otam urushdan qaytgach, pedagogika institutiga o‘qishga kirdi. U yerni bitirib, Pskentdagi maktablarning birida o‘qituvchilik qildi. Keyinchalik “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasida muxbir, mahallada rais lavozimlarida faoliyat yuritdi.

Avvalgi Hamza nomli teatrning orqasida eski hovlimiz bo‘lardi. Uyimizda ko‘plab san’at ixlosmandlari, teatr aktyorlarining jamuljam bo‘lgani hamon yodimda. O‘shanda otam tufayli Sora Eshonto‘raeva, Shukur Burhonov, Olim Xo‘jaev, Tamaraxonimlar bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘lganman.

Urush yillari ko‘plab ukrain, belorus, moldav va boshqa millat vakillari yurtimizga kelib, shu yerdan qo‘nim topayotgan, xalqimiz ularga qo‘ldan kelgancha yordam berib, bolalarni asrab olayotgan bir davr edi. Dadam ham ana shunday himoyasiz ukrain bir oilaga baholi qudrat ko‘mak beradi. Qirg‘inbarotlardan, qonli urush “makon”idan tinchroq yerga panoh izlab og‘iroyoq Galya opa yonida yosh qizchasi bilan yurtimizgacha yetib keladi, ammo turmush o‘rtog‘i yo‘lda vafot etadi. Ana shu ayol bir muddat qizi bilan  biznikida yashagan. Ikkinchi qizi tug‘ilgach, dadam o‘zi yaxshi biladigan Turg‘unboy degan yaxshi bir insonga turmushga uzatgan.

Es-es bilaman, Galya opaning to‘ng‘ich qizi Zoya menga ko‘p g‘amxo‘rlik qilardi: o‘ynatardi, ovqatlantirardi. Xuddi o‘z opamdek mehribonlik qilardi. O‘zbekchani ham binoyidek gapirardi. Chunki otam uni o‘zbek maktabiga o‘qishga bergandi. Zoya bizga shunchalik mehr qo‘ygandiki, uyimizdan ketishni istamay yig‘lagani xotiramda qolgan.  1954 yilda Galya opa oilasi bilan yurtiga qaytdi. Shu-shu ularni qayta ko‘rmadik, ammo hanuz Zoya opa bilan telefon orqali suhbatlashib turamiz.

Otam bir odatni yaxshi ko‘rardilar — bayramlarda,  turli yig‘inlarda oila jamuljam bo‘lishi shart. Bir gal xizmat safari bilan chetga ketganim sababli “Yangi yil”ga kechikib bo‘lsa ham yetib kelganman. Soat tungi birlar chamasi. Darvoza oldida otam bilan onam yo‘limni poylab o‘tirishgan ekan. Uyga kirsam, dasturxonga qo‘l ham urilmagan, ukalarim allaqachon uxlab qolgan ekan. O‘shanda otam mendan qattiq ranjigandilar.

Otamning go‘zal insoniy fazilatlaridan biri boriga qanoat qilishni yoqtirardilar. Hatto urushga borib kelganlari uchun beriladigan imtiyozlardan ham foydalanmaganlar. Onamning aytishicha, urush qatnashchilariga navbatsiz mashina berilgan ekan. Onam: “Siz ham bormaysizmi, mashina so‘rab. Foydalanmaysizmi tayyor imtiyozdan?” desalar, “Urushdan sog‘-omon qaytganimning o‘zi men uchun imtiyoz. Birov qo‘lini berib keldi, birov oyog‘ini, yana birov hayotini... Men bo‘lsa, to‘rt mucham sog‘ qaytdim-ku!” der ekanlar.

1975 yili otam Mirshokir Mira’zamov “o‘alabaning o‘ttiz yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Mukofotni olganlariga bir oy to‘lar-to‘lmas, yurak xurujidan vafot etdilar.

Inson zoti borki, bu dunyoda o‘zidan yaxshi nom, solih farzandlar va ezgu amallar qoldirishga harakat qiladi.  Ham Vatan himoyasi uchun munosib hissa qo‘shgan, ham to‘rt farzandni voyaga yetkazib, oyoqqa turg‘izgan otam haqida mahalladagilar, do‘st-yorlari, tanishlaridan iliq so‘zlarni eshitsam, bo‘yim bir gaz o‘sgandek bo‘ladi. Shunday insonning farzandi ekanimdan faxrlanib ketaman.

 

Mirshukur MIRAZAMOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar  sudi  

maslahatchisi