E’tiqodda sobitlik muhim. Toshkent shahar bosh otinoyisi bilan suhbat

Oila, farzand, er-xotin munosabatlari jamiyatning doim dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Ajralishlar, «tirik yetim» bolalar — jamiyatning dardi, kulfati. Ayollarimizning o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilmasligi, diniy tushunchalardan bexabarligi ham noxushliklarga sabab bo‘lmoqda. Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, shahar bosh otinoyisi Dilbar OTABOYeVA bilan muloqotimiz aynan xotin-qizlar va din mavzusiga bag‘ishlandi.

— Assalomu aleykum va rahmatullohu va barokotuhu!

— Vaaleykum assalom rahmatullohu va barakotuhu!

— Sizga Dilbar opa deb murojaat qilaymi yoki otinoyi, ikkilanibroq turibman?..

— O‘zingizga ma’quli bilan murojaat etavering, qizim. Istang, otinoyi deng, xohlang hoji ona. 

— Hoji ona, avvalo, yaqinlashib kelayotgan eng katta ayyomimiz — Ramazon hayiti muborak bo‘lsin. Hamisha sihat-salomatlikda, el-yurt xizmatida yurishingizni nasib etsin, ilohim.

— Rahmat, qizim. O‘zingizga ham ayyom muborak bo‘lsin. Jamiki musulmon ahlining orziqib kutadigan ayyomlaridan biri — bu. Ilohim shunday muborak oyda, farahbaxsh kunlarda qilgan duo va niyatlarimiz ijobat bo‘lsin. 

— Aytganingiz kelsin. Biz shu kunga qadar muftiy, imom-xatib kabi diniy lavozimlarni bilar edik. Biroq otinoyi haqida uncha to‘liq tasavvurga ega emasmiz. Dastavval otinoyi so‘zining mazmun-mohiyati haqida so‘zlab bersangiz.

— O‘tmishda otinoyi deyilganda, xotin-qizlar o‘qituvchisi, din va shariat bilimdoni tushunilgan. Uning lug‘aviy ma’nosi esa “otin” — “muallim”, “olima” deganidir. “Otin” so‘zi hurmat ma’nosida ma’rifatparvar ayollar ismiga qo‘shib aytilgan. Ular Qur’oni Karim qiroati, tafsiri, payg‘ambarlar tarixi, xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilishgan.

Bizning davrda ushbu tushunchaning mazmun-mohiyati ancha kengaydi. Bugungi otinoyilar bilim o‘rgatish, xotin-qizlarimizni to‘g‘ri yo‘lga da’vat etishga burchli. Qolaversa, ular nizoli oilalarni pand-nasihat, tushuntirish yo‘li bilan murosaga keltiradi. Shuningdek, uni to‘y-hasham, aza marosimlarini me’yorida o‘tkazish borasida ayollarimizga bosh-qosh bo‘lgan obro‘-e’tiborli kayvoni ayol, mahalla vakilasi, desak bo‘ladi.

— Siz Toshkent shahri bosh otinoyisisiz. Demak, sizdan quyida ham otinoyilar faoliyat yuritadi?

— Albatta, respublikamizdagi barcha viloyatlar o‘z bosh otinoyisiga ega. Ulardan quyida tuman va mahalla otinoyilari faoliyat olib boradi. Poytaxtimiz misolida ko‘rsak, ayni kunda bu yerda jami 153 nafar otinoyi bor. Aytishim kerakki, bugun ularning har biriga muayyan mahallalar biriktirilgan. Olmazor tumanidagi 58 mahallaga 15 nafar otinoyi to‘g‘ri kelsa, Shayxontohur tumanidagi 56 mahallada 27 nafar otinoyi faoliyat yuritmoqda. Hududlar katta, mahallalar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, hali biror mahallada otinoyidan norozilik paydo bo‘lgan emas. Chunki ularning barchasi yetarlicha tajriba va bilimga ega.

— Otinoyilikka qanday kirib kelganingiz, oilangiz haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz. Menimcha, bu gazetxonlarimiz uchun ham  qiziq. 

— Yoshlik paytlarim uyimizda ko‘plab diniy tadbirlar o‘tkazilardi. O‘shanda bir qancha otinoyilar bilan tanishishga muyassar bo‘lganman. Ularning suhbatini tinglab, dinga bo‘lgan qiziqishim ortgan.  Maktabda ham, institutda ham ruscha o‘qishimga qaramay, oilamizdagi diniy ta’lim sabab o‘sha kezlari keng yoyilgan ateizm g‘oyalari ruhiyatimga ta’sir ko‘rsatolmagan. 

Diniy bilimlarni buvimdan olganman. Filologiya fakultetining ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni tamomlagach, bir necha yil o‘qituvchi, rahbarlik lavozimlarida ish yuritdim. Nafaqaga chiqqach, otinoyilik lavozimiga tayinlandim. 

Allohga shukur, farzandim, ikki nevaram va bitta evaram bor. Umr yo‘ldoshim bilan turmush qurganimizga ellik yil bo‘lsa-da, sen-menga bormadik. Sababi, bir-birimizni tushunib, har sohada qo‘llab-quvvatlab keldik. Bugungi yoshlarimizga ham shuni maslahat bergan bo‘lardim. Oilada erkak shoshib qaror qabul qilishi mumkin, lekin ayol o‘sha vaziyatdan vazminlik bilan chiqib keta olsa, sabr qilsa, o‘ylaymanki, turmushi chiroyli va farovon bo‘ladi.  

— Respublikamiz tuman va qishloqlarida norasmiy faoliyat yuritayotgan otinoyilar ham bor. Ularning ro‘yxati shakllantirilib, litsenziya berish boshlangani haqida eshitdik...

— Joriy yildan boshlab joylarda faoliyat yuritayotgan barcha otinoyilar ro‘yxatini shakllantirish ishlari boshlandi.

2013 yildan boshlab imtihon asosida otinoyilikka qabul qilish va ularga litsenziya berish yo‘lga qo‘yildi. Imtihon fiqhiy, aqidaviy va dunyoviy masalalarga oid savollar, Qur’on tajvidi hamda hadis sharhi ilmi asosida o‘tkaziladi. 

Ayni kunlarda Toshkent shahrida otinoyilikka qabul jarayonlari boshlangan. Sababi, aytganimdek, poytaxtimiz mahallalariga otinoyilar yetishmaydi. 

Hayotiy tajribaga ega, diniy va dunyoviy ilmdan boxabar, muhimi, oilasi namunali ayollar mazkur lavozimga o‘tishlari mumkin.

— Ayrim joylarda norasmiy otinoyilar tomonidan «Mushkulkushod», «Bibi seshanba» kabi marosimlar o‘tkazilayotgani sir emas. Vaholanki, islomda yolg‘iz Allohga e’tiqod qilish va Undangina najot so‘rash aytiladi.

— Islom dini yolg‘iz Allohga sig‘inish va Ungagina toat-ibodatda bo‘lishni buyuradi. Biroq, qiziga sovchi kelmaganda, yigitga munosib qiz topilmaganda, biror ishi yurishmaganda qilinadigan xurofot amallar — “Mushkulkushod” va “Bibi seshanba” marosimlari dinimizda yo‘q. Mazkur marosimlardagi turli taomlar tayyorlash, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, aziz-avliyolar mozoriga atab qurbonlik qilishlar islom dinida qat’iy man etilgan.

Biroq, ochiq aytish kerak, ayollarimizning bu borada diniy tushunchalari hali ancha past. Joriy yildan boshlab O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan bid’at tadbirlarni o‘tkazayotgan norasmiy otinoyilarni aniqlash, ular bilan yakka tartibda tushuntirish olib borish yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimizda uch oylik «Qur’oni Karim va tajvid» o‘quv kurslari ochilgani ham xotin-qizlarimizning diniy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. 

— Qo‘ydi-chiqdilar ko‘paymoqda. Nega?

— Kasbimiz taqozosiga ko‘ra, ajralish holatlari yuzasidan ko‘p ayollar bilan muloqotda bo‘lamiz. Oilaviy nizolarga ko‘pincha ayollardagi sharmu hayo, sabr-qanoat yo‘qolib kamayayotgani, o‘tkinchi hoyu havaslarga o‘chlik  natijasida erkaklarning ish izlab, xorijga ketib qolayotgani ham sabab bo‘lyapti.

Ayonki, oqila ayol eriga itoatda bo‘ladi. Chunki er — oila rahbari, boquvchisi. Ayolning erga itoatini ko‘rib, voyaga yetgan farzandlar ham otasining hurmatini joyiga qo‘yadi. Shunda oila mustahkam, do‘stlik, ahillik va muhabbat hukmron go‘shaga aylanadi.

Muayyan ayollarimiz moddiyatga mute bo‘lib qolgan, nazarimda. Natijada erga me’yordan ortiq talab qo‘yish, boriga qanoat qilmaslik kabi illatlar avj olib, oila atalmish qo‘rg‘onga darz ketadi. Uydagi gap ko‘chaga chiqib, qudalar orasiga nifoq solish vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda.

— Azaldan yollanma ishchilarning o‘z bozori bo‘lgan. Taassufki, ayni kunlarda axloqi buzuq, yengil oyoqlarning ham bozori paydo bo‘lyapti. Biri ishsizlikni ro‘kach qilsa, boshqasi bolasini boqish uchun shunday nopok yo‘lda ekanidan so‘zlaydi. 

— Bu zamonda hech kim g‘arib yoki och emas. Turmushidan ajragan bo‘lsa-da, uyda o‘tirib ham hunari ortidan ro‘zg‘or tebratayotgan, halol pul topib, ham o‘zini, ham bolasini boqayotgan onalar kammi? Ular tirikchilikni ro‘kach qilib, aslo yomon yo‘lga qadam bosmagan! Ish yo‘qligi, bolasini boqolmasligini sabab qilib, yengil yo‘llarga kirayotganlar, bir so‘z bilan aytganda, imoni sust ayollardir. 

Zinoga ulkan gunoh, kechirilmas ayb deb qaraladi. Zotan, Qur’oni Karimning «Isro» surasida Alloh taolo musulmonlarga xitob qilib aytadi: «Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fahsh ish va yomon yo‘ldir» (32-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhudan ham shunday rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Qaysi qavmda fahsh tarqalsa, ularning orasida unga ochiqchasiga amal qilinsa, ularning ichida o‘lat va ota-bobolari bilmagan kasalliklar chiqadi» (Bayhaqiy rivoyati). Bugun tibbiyotga ota-bobolarimiz bilmagan OITS, zahm, turli teri-tanosil kasalliklari kirib kelgani bejiz emas.

Bu yo‘llarda yurgan ayollar, avvalo, Allohning qahridan qo‘rqsinlar, jahannam azobini o‘ylasinlar. Farzandlari kelajagi haqida ham mulohaza yuritsinlar. Zero, erta xonadonlariga kelin olib kelish, o‘zga xonadonga qiz uzatishdek shirin tashvishlari bor. Jannati ayollardan ibrat olsinlar!

— Joylarda erta turmushlarning oldini olish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotir. Biroq mazkur muammoga to‘la barham berilganicha yo‘q. Otinoyilar bu borada qanday ishlarni bajarmoqdalar?

— Yosh turmushga uzatilayotgan qizlar baxtli yashab ketsa-ku mayli, ammo ro‘zg‘or tutumini puxta egallamagani, ham ruhan, ham jismonan onalikka tayyor emasligi sabab ayrim yosh oilalar tanazzulga yuz tutayotgani o‘ta tashvishlanarli. 

Bu biz — otinoyilarning e’tiborimizda turgan asosiy vazifalardan biridir. Har bir otinoyi o‘ziga tegishli hududdagi bo‘yi yetgan qizi bor oila bilan alohida suhbatlar o‘tkazmoqda. Erta turmushning xavfi va falokatli natijasini hayotiy misollar orqali tushuntirishga harakat qilishyapti. Eng katta qadamlarimizdan biri joriy yildan boshlab otinoyi hamda imom-xatiblarning FHDYo idoralariga biriktirilgani, ular bilan hamkorlikda ish olib borishi bo‘ldi. Endilikda otinoyi hamda imom-xatiblar FHDYo binosining o‘zida ariza topshirgani kelgan yosh kelin-kuyov bilan suhbat o‘tkazib, ularning turmushga tayyor yoki tayyor emasligi, quda-anda tutinayotgan oilalarning bir-biriga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar berishmoqda. Bu hamkorlik keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinayotganini ko‘rib turibmiz.

— Ibodatning libosi bo‘lmaydi, degan gap bor. Ammo ko‘pchilik hijobga diniy libos, deb qaraydi. Bu borada Siz nima deysiz?

— Aholimizning 94 foizdan ortig‘i islom diniga e’tiqod qiladi. Islomda «bunisi — islom kiyimi, bunisi esa islom diniga zid», degan tushuncha yo‘q. Holbuki, boshqa dinlarda ibodat marosimlari uchun alohida libos kiyiladi.

Bizda hijob diniy libos, deb noto‘g‘ri talqin qilinadi. Islom dini ta’limotiga ko‘ra, qanday kiyimda bo‘lsa ham, ibodatga mos va toza-pokiza libos bo‘lishi kerak.

— Otinoyilarimiz ayni kunlarda qanday ishlar bilan mashg‘ul?

— Xonadonlarimizda o‘tkazilayotgan ehson, mavlud tadbirlari otinoyilarsiz o‘tmaydi. Ularda Qur’on tilovati, ibratli hikoyatlar, hadislar tafsiri bilan birga Payg‘ambarimizning tug‘ilishlaridan to oxirgi kunlariga qadar bo‘lgan hayotiy lavhalar yaqindan tanishtirilyapti, ayollarimizning diniy savodxonligi oshirilyapti. Yaqinda missionerlik harakati oqibatida boshqa dinni qabul qilgan ikki yuzdan ortiq yurtdoshlarimizning islomga qaytishiga erishdik. Shuningdek, nogironligi bor, yaxshi eshitmaydigan, ko‘zi ojiz ayollarimizga ham diniy saboq berish harakatidamiz.

Er-xotin, qaynona-kelin munosabatlari, farzand tarbiyasi haqidagi ilmlarni ham diniy kitoblarimizdan misollar keltirish orqali xotin-qizlarimizga tushuntirishga harakat qilyapmiz. Erta turmushlarning oldini olish, ajrashishlarni kamaytirishga bor kuchimizni safarbar etayapmiz. Xususan, o‘tgan 5 oy ichida 567 oiladan 154 tasini saqlab qolishga erishgan bo‘lsak, diniy ekstremizmga moyilligi bor 509 nafar ayolning oilaviy sharoiti, turmush tarzi va muammolari o‘rganib chiqildi.

Biz, otinoyilar zimmamizga yuklatilgan mas’uliyatni to‘g‘ri va teran anglagan holda ish olib borishga harakat qilyapmiz.

— Vaqtingizni ayamay, biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘lganingiz uchun tashakkur!

— Shunday ulug‘ kunlarda siz bilan uchrashganimizdan biz ham xursandmiz. Muborak oyning so‘nggi kunlarida niyat qilgan bo‘lardimki, ilohim, yurtimiz tinch bo‘lsin, xonadonlarimizdan fayzu barokat arimasin! Ezgu amallar, xayrli ishlarga bosh bo‘layotgan Yurtboshimizni Alloh o‘z panohida asrasin! Jamiki bemorlarga O‘zi shifo berib, yaqinlari baxtiga sog‘-salomat yurmoqlikni nasib etsin! 

— Omin!

Go‘zal MALIKOVA,

«Hurriyat» muxbiri

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.