Umrboqiy merosimizga ziyon yetmasin

Xalqimizning faxrlanishga, dunyoga ko‘z-ko‘z qilishga arzirli boy madaniy-ma’naviy merosi, qadriyatlari ko‘p. Necha ming yillarni qamrab olgan tariximiz, ilm-fanimiz, madaniyatimiz, urf-odat va an’analarimiz bunga dalil. Noyob me’moriy yodgorliklarimiz — ularning muhim bo‘lagi. Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz kabi shaharlarimizdagi qadimiy va o‘lmas obidalar asrlar osha betakror jozibasi bilan jahon ahlining hayrat va havasini tortib kelayotir. Zotan, bu buyuk va umrboqiy meros.
Mamlakatimizdagi me’moriy yodgorliklarni muhofaza qilish, tiklash, ta’mirlash ishlari fidoyilaridan biri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining Me’morchilik bo‘limi mudiri, me’morchilik fanlari doktori Mavluda YUSUPOVA bilan shu haqda suhbatlashdik.

— O‘zbekistonimiz jahon sayyohlarining chinakam Makkasiga aylanadigan va iqtisodiyotimizga katta daromad keltiradigan ulkan va noyob me’moriy merosga ega, — deydi olima. — Mamnuniyat bilan aytgim keladiki, davlatimiz rahbari buyuk ajdodlarimiz yaratgan bebaho me’moriy merosning ma’naviy va iqtisodiy taraqqiyotdagi muhim ahamiyatini doim alohida ta’kidlaydi. Mamlakatimizning xalqaro tarixiy-madaniy maqomi anglangani holda me’moriy yodgorliklarni muhofaza va restavratsiya qilish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Inchunun, tarixiy obidalar va qadimiy shaharlar rekonstruktsiyasi uchun katta mablag‘lar sarflanayotir. Bular o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q va biz ushbu hayrli ishlarning qadriga yetishimiz, doim shukronalar keltirib yashashimiz darkor.
Istibdod zamonida zabunlik qa’riga otilgan, oyoq osti qilingan, qadimiy, ayniqsa, diniy obidalarimiz, qadamjolarimiz, tabarruk ziyoratgohlarimiz mustaqillik yillarida qaytadan tiklangani, obodonlashtirilgani va bugun xalqimizning, Vatanimizning faxr-iftixoriga, nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarning ham sevimli maskanlariga aylantirilayotgani barchamizni quvontiradi. Zero, bunday hayrli amallarning savobi, ahamiyati va nafi-foydasi ming yillarga tatiydi. Ulardan kelgusi avlodlarimiz ham bahramand bo‘ladi.
Ayni paytda, qadimiy obidalarimizni saqlash, tiklash-ta’mirlash, restavratsiya qilish ishlari ba’zi joylarda masalaning nozik jihatlariyu ulkan ahamiyatiga yetarlicha e’tibor bermasdan ado etilayotgan holatlar ham, afsuski, uchrab turibdi. Bunday shoshma-shosharlik, ishga yengil-elpi qarash, malakasizlik sohada bajarilayotgan g‘oyat ulug‘ ishlarga soya solib qo‘yayotgani, yanada achinarlisi, me’moriy yodgorliklarning tarixiy va yuksak badiiy ahamiyatining pasayishiga olib kelayotgani sir emas. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizning ravnaqi, xalqaro obro‘-e’tibori va sayyohlik salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Ochig‘i, bizda restavratsiya ishlarining sifatini zamon talablari darajasiga ko‘tarish borasida hali talay tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi xususida anchadan buyon gapirib kelinayotir. Aslida, bunday gaplarga xalqaro darajadagi e’tirozlar ham sabab bo‘layotir. Misol uchun aytay. Dastlab 2013 yilda Samarqanddagi ayrim obidalarni ta’mirlashda bunday e’tirozlar paydo bo‘lgan edi. Keyinroq, 2016 yilda Shahrisabzning Eski shahar qismini tiklashda ayni holat yana takrorlandi.
O‘zbekistonda, 2017 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2079 me’moriy yodgorlik, 4308 arxeologik ob’ekt davlat muhofazasiga olingan. Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqand qadimiy shaharlar sifatida xalqaro miqyosda tan olinib, ulardagi osori-atiqalar YUNESKOning Butun jahon madaniy merosi noyob ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Jahon hamjamiyatining bebaho boyligi sanalgan o‘rta asrlarning me’moriy yodgorliklarini zukkolik bilan restavratsiya qilish va avaylab-asrash ustidan Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza bo‘yicha xalqaro kengash (IKOMOS) ham nazorat olib boradi.
Restavratsiya borasida, beozor aytganda, notugal qabul qilingan yechimlar tufayli Samarqand shahriga YUNESKOning kuchaytirilgan monitoringi o‘rnatildi. Shahrisabz shahri esa 2016 yilda “Butun jahon madaniy merosi xavf ostida” ro‘yxatiga kiritildi. Chunki YUNESKO va IKOMOS ekspertlari ularda me’moriy yodgorliklarni asrash borasida belgilangan xalqaro me’yorlar buzilganiga duch kelgan edi.
 Jumladan, Shahrisabzda Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davridagi o‘rta asr inshootlariga tutash va o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan an’anaviy turarjoy binolari buzildi. O‘rnida zamonaviy binolar qurildi. Bu esa qadim Kesh — Shahrisabzni “Butun jahon madaniy merosi xavf ostida” xalqaro ro‘yxatiga kiritilishiga sabab bo‘ldi. Yangi imoratlar va zamonaviy usuldagi xiyobon va landshaftlarni barpo etish zarur. Lekin bunday hayrli ishlar tarixiy obidalarimizga ziyon-zahmat yetkazmasdan amalga oshirilsa, ahamiyati yanada ortgan bo‘lar edi.
Shukurki, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Shahrisabzga YUNESKO tomonidan yana bir imkoniyat berilib, shahar Butun jahon madaniy merosi noyob ob’ektlari ro‘yxatida qoldirildi. Xususan, yaqinda Bahraynning Manama shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Butun jahon madaniy merosi qo‘mitasining 42- sessiyasida shunday qarorga kelindi. Sessiyada qatnashgan mamlakatimiz Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokchilarni Shahrisabzda olib borilgan ishlar bilan batafsil tanishtirdi. Qadimiy shahrimizni YUNESKOning xalqaro talablari darajasida reabilitatsiya qilish, ya’ni mutaxassislar ishtirokida uning tarixiy muhitini tiklab, imkon qadar avvalgi uyg‘unligiga keltirish zarurligi ta’kidlandi. Shubhasiz, bu yangilik hammamizni quvontirdi.
— Qadimiy me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va restaviratsiya qilish ishlarida bunday holat boshqa shaharlarimizda ham uchraydimi?
 — Afsuski, “ha” deb javob bermay ilojim yo‘q. 2017 yili Buxoroda madaniy qatlamlarni birmuncha pasaytirishga qaror qilindi. Ammo bunda ishlatilajak og‘ir texnika vibratsiyasi tarixiy binolarni yemirilishiga olib kelishi hisobga olinmagani sezilib qoldi. Eng achinarlisi, ayni ishlar odatdagiday ilmiy asoslangan loyihalarsiz, mutaxassislarning dastlabki tadqiqotisiz amalga oshirildi. Aslini olganda, madaniy qatlamni kamaytirishga juda katta zarurat ham yo‘q edi. Chunki o‘tgan asrning 80-yillarida mazkur shahardagi madaniy qatlam XVI-XVII asrlar darajasiga keltirilgan edi. Bugungi kunda saqlanib qolgan mahobatli tarixiy obidalarning aksariyati, poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilganidan so‘ng, aynan o‘sha — XVI-XVII asrlarda bunyod etilgan.
 Xullas, Buxorodagi o‘tgan yilgi urinishlar oqibatida XVII asrning betakror va go‘zal obidalaridan biri — Abdulazizxon madrasasi yon tarafining markaziy qismi qulab tushdi.
 Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan madrasalarning eng qadimiysi – Mirzo Ulug‘bek madrasasi (XV asr) ham nurash arafasida. Bu ikki obida “Qo‘sh madrasa” nomli Buxoro tarixiy qismining markaziy ansamblini tashkil etgan. Ayni paytda Masjidi Kalon va Mir Arab madrasalarida restavratsiya ishlari olib borilmoqda. Ularning yonida joylashgan “Qo‘sh madrasa” esa yanada ko‘proq ta’mir talab. Zudlik bilan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmasa, ulardan ajralib qolishimiz mumkin.
 Bu kun mamlakatimizga yetti iqlimdan sayyohlar oqib kelmoqda. Bu oqim yildan yilga oshib, davlatimiz xazinasiga katta baraka inayotgani, el-yurtimizning xalqaro miqyosdagi nufuzi ortib borayotgani naqadar yaxshi. Kelayotgan sayyohlarning ko‘pchiligining orzusi – qadim shaharlarimizni, ulardagi me’moriy durdonalarimizning asrlar ortidagi va bugungi jozibasini ko‘rish, ziyorat qilish. Shunday bir paytda ayrim shaharlarimizda xalqaro standartlarga xilof ravishda osori-atiqalarimizning devorlariga taqab yoki ularning ko‘rkini, muhofaza hududini qo‘pol ravishda buzib, savdo do‘konlari qurilayotgani kishida taassuf uyg‘otadi.
Bunga yana o‘sha Buxorodan misol keltirishim mumkin. Yirik Poyi Kalon majmuasi hududida Miri Arab va Amir Olimxon madrasalari oralig‘iga tarixiy muhitga mos kelmaydigan baland va katta vitrinasimon oyna-romlarga ega zamonaviy inshoot barpo etilganini qanday tushunish mumkin? To‘g‘ri, sayyohlarning har tomonlama ko‘nglini olish, ularga qulay va rang-barang xizmatlar, jumladan, savdo xizmati ko‘rsatish muhim va zarur. Lekin ayni hayrli ishlar tarixiy obidalarimizning umriga-yu ko‘rkiga ziyon yetkazmasligi darkor.
Asl holicha saqlangan yoki mahorat bilan qayta tiklangan noyob yodgorlik o‘rnida uning azaliy ko‘rinishi, sifati va badiiy darajasiga mutlaqo nomuvofiq, zamonaviy qurilish va bezak materiallaridan bunyod etilgan inshootni ko‘rgan sayyohning xafsalasi pir bo‘lishi aniq.
 — Siz aytayotgan holatlar chindan-da, achinarli. Restavratsiya ishlari darajasi va sifatining pasayishiga nimalar sabab bo‘layotir, deb o‘ylaysiz?
 — Sabablari bir qancha. Avvalo, bajarilayotgan barcha ishlarda ham xalqaro andozalar to‘la hisobga olinmayotgani. Yana bir jihati — sho‘ro zamonidan qolgan “ko‘hna kasalligimiz”ga borib taqaladi: ishlarning shoshma-shosharlik bilan, muayyan sanani mo‘ljallab bitkazilishi. Oqibatda sifatga putur yetadi. Qolaversa, mohir usta-restavratorlar o‘rniga arzon-garov mardikorlarni jalb etish ham ish sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yuqori sifatli, o‘rta asrlarga xos g‘isht-kirpichlarga muqobil g‘ishtlar, me’moriy bezaklar, umrboqiy bo‘yoq va koshinlar tayyorlash masalasi ham juda dolzarb. Holbuki, yaqin-yaqingacha milliy hunarmand-ustalarimiz kulolchilik ustaxonalarida qadimgilardan deyarli farq qilmaydigan bezakli plitkalarni ishlab chiqarardi. Muammoning sabablaridan yana biri, dunyoga mashhur o‘zbek restavratsiya maktabining e’tibordan ancha chetda qolayotganidir.
 Ahvolni o‘nglash uchun, avvalo, me’moriy obidalarni restavratsiya qiluvchilar kasbi-hunarini tiklash zarur. Zero, mamlakatimizda asrlar osha shakllanib kelgan mahorat maktabi, qadimiy obidalarni tiklash borasida boy tajriba mavjud. 90-yillargacha Toshkentda Markaziy Osiyoda yagona O‘zbekiston arxitektura yodgorliklarini restavratsiya va konservatsiya qilish loyiha-tadqiqot instituti faoliyat ko‘rsatgan edi. Unda yodgorliklarni ta’mirlash va konservatsiyalash loyihasi yuzasidan uch yuzdan ziyod yuqori malakali mutaxassis ishlar, kimyoviy laboratoriyada esa qadimgi qurilish va bezak materiallarining tarkibi ilmiy asoslarda, puxta o‘rganilardi. Hozir deyarli barcha loyihalash yumushlari xususiy firmalar qo‘liga o‘tgan. Ular ko‘p hollarda to‘liq (arxeologik, konstruktorlik, me’moriy va boshqa) tadqiqotlarni o‘tkazmasdan, ilmiy asosga ega bo‘lmasdan, mutaxassislar xulosasini olmasdan loyiha tayyorlaydi. Holbuki, me’moriy merosni muhofaza qilish, ta’mirlash va undan foydalanish, birinchi navbatda davlatning vazifasi va huquqidir!
Restavratsiya – necha asrlardan buyon zilzilalarga, sovuq va jazirama iqlimning boshqa injiqliklariga dosh berib kelayotgan qadimiy obidalarning tuzilishi va me’moriy-badiiy qiyofasini dastlabki ko‘rinishida yoki shunga yaqin holatda ilmiy asoslangan holda ta’mirlash, saqlab qolish san’atidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, har bir yodgorlik noyob va alohida, individual yondashuvni talab etadi. Bunda har bir bino va inshootni qay darajada ta’mirlash va konservatsiyalash, qanday uslubni qo‘llash kabi o‘ta nozik va ilmtalab masalalar olimlar va mutaxassislar bilan kelishilgan holda tanlanadi. Shu bilan birga restavratsiya – maxsus bilim, yuksak malaka va katta tajriba talab etadigan mashaqqatli yumush. Ta’mirlash loyihalarini ishlab chiquvchi mutaxassislar diplomli arxitektor yoki konstruktorlikdan tashqari, me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash borasida qo‘shimcha ixtisosga ega bo‘lishlari shart. Quruvchi ustalar shunchaki binokor yoki bezakchi emas, balki o‘rta asrlardagi qurilish materiallariga muqobil an’anaviy ashyolarni tayyorlash va ulardan foydalanishning hadisini olgan bo‘lishlari lozim. Restavratsiya ishida standartlar bo‘lmaydi hisob. Har bir yodgorlikka uning konstruktiv va me’moriy-badiiy jihatlaridan kelib chiqib, individual yondashish talab etiladi. Bular esa qurilish turi, vaqti, joyi va hududi, inshoot konstruktsiyasining o‘ziga xosligi va joriy holati bilan juda-juda bog‘liq.
 — Suhbatimiz ko‘proq sohadagi muammolar xususida bo‘layapti. Lekin bilamizki, dunyoda yechimsiz muammoning o‘zi yo‘q. Qadimgi yodgorliklarimizni kelgusi avlodlarga bekamu-ko‘st, eson-omon yetkazish uchun nimalar qilishimiz zarur?
— Mamlakatimizda ta’mirlash ishini yanada takomillashtirish va zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish uchun, avvalo, mutaxassislar bilan hamjihatlikda professional restavratsiyani amalga oshirishning davlat dasturini hamda shaharlar tarixiy qismini tiklash va muhofaza etishning izchil kontseptsiyasini ishlab chiqish zarur. Me’moriy obidalarni asrash va ta’mirlash bilan shug‘ullanadigan idoralarni tubdan yangilash va ishini takomillashtirish zarur. Aniqrog‘i, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda (masalan, Germaniya, Yaponiya) bo‘lganidek, bunday o‘ta mas’uliyatli ish – qadimiy obidalarimizni asrab-avaylab saqlash, ta’mirlash va restaviratsiya qilish bilan bevosita va ilmiy asosda shug‘ullanadigan qo‘mita yoki vazirlik darajasidagi alohida tashkilot barpo etish zarur. Toki, u xalqaro talablar doirasida professional ta’mirlash ishlarini olib borsin. Bajargan ishlarining uvol-savobi uchun o‘zi javob bersin. Hozir bizda bu masalalar asosan Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Joylardagi hokimliklar ham chetda qarab turmaydi, albatta. Lekin, insof bilan aytganda, mazkur vazirlikning zimmasidagi vazifalar shusiz ham g‘oyat ko‘pki, obidalar restavratsiyasidek o‘ta nozik va behad murakkab, ilmtalab ishni bir boshqarma mutaxassislari eplashi oson emas. Shu bois, tashkil etiladigan yangi tashkilotning har bir bo‘limiga me’moriy meros va ta’mirlash ishlarining asl jonkuyar va bilimdon mutaxassislarini jalb etish zarur. Ana o‘shandagina yodgorliklarimizning tarixiy qiyofasini saqlab qolish va kelgusi avlodlarga asl holida yetkazish, turizmni rivojlantirish imkoniyatlarimiz yanada oshadi.
Me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash ilmiy tadqiqot loyiha instituti faoliyati tiklansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Yaqinda tiklangan restavratsiya bo‘yicha ilmiy-usulbiy kengash faoliyati va vakolatlarini yuksak malakali mutaxassislar bilan yanada mustahkamlash ehtiyoji yo‘q emas. IKOMOSning O‘zbekistondagi milliy qo‘mitasini barpo etish ham muhim ishlardan. Bunday tadbirlar istiqbolda xatolarning oldini olish, restavratsiya sifatini oshirish, yodgorliklar badiiy saviyasi va tarixiy ahamiyatini saqlab qolishda ishlatiladigan qurilish va pardozlash materiallarini sifatli tayyorlash, ta’mirlash ishlarining ilmiy asoslari, texnologiya va uslublarning to‘g‘ri qo‘llash ustidan nazorat o‘rnatishda qo‘l kelgan bo‘lur edi.
Me’moriy merosni asrash, ta’mirlash va boshqarish (menejment) bo‘yicha mutaxassislar — arxitektorlar, konstruktorlar, bezakchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bugungi kunda qanchalik muhim bo‘lsa, ertaga ahamiyati yanada oshadi. Rivojlangan davlatlarda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham me’moriy obidalarni saqlash va ta’mirlash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan maxsus oliy o‘quv yurtini ochish bunda ancha yordam berardi. Masalan, me’moriy yodgorliklari va qadimiy shaharlari biznikidan “yoshroq” Rossiya va Germaniyada restavratsiya san’ati institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozircha esa kollejlarda usta-kadrlarni tayyorlashga kirishish lozim. Toshkent arxitektura va qurilish instituti, Samarqand davlat arixtektura-qurilish instituti hamda Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn institutlarida yodgorliklarni ta’mirlash, konservatsiyalash va menejmenti bo‘yicha kafedralar ochilishi ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi, deb umid qilaman. Mahorat saboqlarida restavrator-ustalar an’anaviy xalq ustalari tajribasini o‘zlashtirsa, xalqaro darajada kadrlar tayyorlashga kirishilsa, bular ham o‘zining yuksak samaralarini berishiga aminman. Kadrlar tayyorlashda xalqaro tajribani o‘rganish va qo‘llashni yanada kengaytirish davri keldi. O‘zbekistonda bunday tajriba boshlangan edi. Jumladan, me’moriy yodgorliklar restavratsiyasi va menejmenti bo‘yicha Volkswagen kontsernining yirik granti ko‘magida Me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash, saqlash va menejmenti bo‘yicha O‘zbekiston – Germaniya markazi 2013-2015 yillarda faoliyat ko‘rsatgan. 2015 yilda 12 nafar O‘zbekistonlik magistrant Germaniyaning Potsdam restavratsiya institutini bitirgan edi. Bu tajriba Germaniya va boshqa rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda davom ettirilsa, albatta, yanada yaxshi samara beradi. Umid qilamanki, Yevropa darajasida tayyorlangan, lekin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha hanuzgacha ish topa olmayotgan 12 nafar magistrning yurtimizda ta’mirlash ishlariga jalb etilishi ham ana shunday hayrli ishlardan bo‘ladi. Zero, «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin» degan naql bejiz paydo bo‘lmagan.
Yana bir bor ta’kidlagim keladiki, yodgorliklar va tarixiy shaharsozlikning restavratsiyasi juda murakkab va nozik jarayon. U xalqaro qabul qilingan ilmiy uslublar va me’yorlar asosida ko‘p yillar davomida egallangan professional bilim, amaliy tajriba, har bir inshootga nisbatan individual va chuqur yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim.
 
Abdumajid AZIMOV
suhbatlashdi.
SH.SHOXIDOYEV (foto)

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.