Rizq

Odatda aksariyat odam rizqi kamayib, ro‘zg‘orining kemtik bo‘lishidan hadikda yashaydi. Bu kemtiklarni to‘ldiraman, deb ertadan-kechgacha zir yuguradi. Bu yo‘lda aql bovar qilmaydigan «tadbir»larga, hatto hiyla-nayranglarga ham qo‘l uradi. Oqibatda ruhiy xotirjamlikdan mosuvo bo‘ladi.

Rizq-ro‘z — inson va boshqa maxluqotlarga Yaratgan tomonidan ularning doimiy manfaatlanishi uchun beriladigan yemish, ichimlik, kiyim, maskan, shuningdek yaxshilikka yo‘llab qo‘yishdir. Yer yuzida o‘rmalagan jonzot borki, hammasining rizqi berib qo‘yilgan. O‘tib bo‘lmas changalzorlaru qumdan iborat sahrolarda, tog‘-toshdayu abadiy muzliklarda ham rizq topish imkoni mavjud.
Biz odatda jonsiz deb o‘ylaydigan, ammo boshqa mavjudotlar kabi tirik daraxtning hayotini kuzataylik. Uning yashashi uchun quyosh nuri va harorati, suv, havo, o‘g‘it, meva tugishi uchun gullarini changlash zarur bo‘ladi. U boshqa maxluqlarga o‘xshab ucholmasa, yurolmasa, suza olmasa bu narsalarni qanday topadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ammo daraxt joyidan qimirlamasa ham bu rizqni olaveradi. Ko‘rinadiki, odamdan farqli o‘laroq, barcha jonzotlar rizq talabida ilohiy tuyg‘uga bo‘ysunib, ertaning g‘amini yemaydi. 
E’tibor berganmisiz: uyingizga uya qurgan qaldirg‘och inidagi poloponlarini ovqatlantirish uchun kuniga yuz martalab havoga parvoz qiladi. Unga kimdir yemish tayyorlab turmaydi yoki falon joyda hasharot ko‘p deb ma’lumot bermaydi. Har gal u yemish izlash uchun tavakkal qilib ko‘kka ko‘tariladi. Va har gal noumid qaytmaydi. Tumshug‘ida qandaydir luqma-emak bo‘ladi.
Kapitan Kusto tasvirga tushirgan filmlarni tomosha qilib, bunga o‘xshash ko‘p mo‘’jizalarga guvoh bo‘lasiz. Ummonlar tubida qimirlamay yotgan baliqlar ham rizqdan benasib emas. Ular rangini muhitga moslab, qumga ko‘milib indamay og‘zini ochib yotadi, o‘ynab yurgan mayda baliqlar o‘zi bilmagan holda uning og‘ziga kirib ketadi. U faqat og‘zini yumib, liqqa yutishga hafsala qiladi, xolos. Kuniga tonnalab yemish tanovul etadigan ulkan kitlarning rizqi aslo kamayib qolmaydi. Abadiy muzliklarda ovqat izlab yurgan oq ayiqlar ham rizqini topib yeydi, baquvvat qo‘llari bilan muzni teshib, suvdagi baliq va boshqa jonzotlarni tutib oladi.
Qish uyqusiga hozirlik ko‘rayotgan qo‘ng‘ir ayiqlarning uzoq uyqu oldidan yog‘ to‘plash «tadbiri» odamni hayratga solmay qolmaydi. Ular urug‘ qo‘yish uchun dengizdan daryoning boshlanishiga tomon «yo‘lga chiqqan» baliqlarni kutib, daryo bo‘yida soqchilik qiladi va oqimga qarshi suzayotgan baliqlarni «og‘iz ochib» kutib oladi. Yoki yemish izlab ummon ustida uchayotgan dengiz qushlari uchun suv tubidagi mayda chavaqlarni yuqoriga haydab, chiqarib beradigan «aqlli» baliqlarga kim farmon berishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Insondan boshqa jonzotlar rizq topish uchun odamzotchalik jon kuydirmaydi, ertangi kun uchun yemish saqlab o‘tirmaydi, g‘amlaganlarini o‘zlari bilan ko‘tarib yurmaydi. Ular «kunlik rizq» qonuniga qanoat va amal qilib, faqat buguni bilan yashaydi, har kuni Yaratgan albatta rizq yuborishini botiniy bir tuyg‘u bilan «sezib» turadi.
Faqat maxluqlarning eng oliysi va eng onglisi insongina rizq kelmay yoki tugab qolishidan cho‘chib yashaydi. Shu bois haftalarga, oylarga, yillarga yetadigan oziq-ovqat g‘amlaydi. Ayrimlar esa hayot mazmunini rizq-ro‘z uchun muntazam kurash olib borishdan iborat, deb tushunadi. Ular rizqni o‘zimizning sa’y-harakatlarimiz, yelib-yugurishlarimiz evaziga yoki “falonchi akamning ko‘rsatgan marhamati tufayli qo‘lga kirityapman”, deb o‘ylaydi. Vaholanki, rizq insonni xuddi ajali uni quvgandek quvib yuradi. Birovning rizqi adashib boshqanikiga o‘tib qolmaydi. Biror kishi rizqini to‘la olmagunicha bu dunyo bilan vidolashmaydi.
Keling, shu o‘rinda hayotiy misollarga nazar solaylik.
Yakka xonaga qamab qo‘yilgan bir mahbus devor burchagida to‘r tortgan o‘rgimchakni ko‘rib: «Xonaning hamma yog‘i tosh-devor bo‘lsa, tashqariga igna siqqulik teshik bo‘lmasa, bu o‘rgimchak nima bilan ozuqlanar ekan?» degan o‘yga boribdi. U xayoliga g‘arq bo‘lib o‘tirganida turma nazoratchisi eshikdagi tuynukchani ochib, mahbusga ovqat uzatibdi. Shu asnoda allaqayoqdan bir pashsha uchib kiribdi-da, to‘g‘ri borib o‘zini boyagi o‘rgimchak to‘riga uribdi. Bu hodisa keyin ham bir necha bor takrorlanibdi. Buni kuzatgan mahbus hayratini yashira olmay, rizqning har yerda ham kelib turishiga imon keltirgan ekan.
Ibrohim Adham Balx o‘lkasining podshohi edi. Unga behisob shon-shuhrat, amal-martaba, mol-davlat berilgan edi. Bir kuni u ovga chiqdi. Ov qilayotib xizmatkorlaridan uzoqlashib ketdi. Yuraverib qorni ochdi. Xaltasidan non-suv olib dasturxon yozdi. Shu payt bir qarg‘a uchib keldi-da, dasturxondagi burda nonni ko‘tarib qochdi. Ibrohim Adham qarg‘aning bu ishiga chidolmay ortidan quva ketdi. Qarg‘a baland tog‘ cho‘qqisi sari uchdi. Podshoh ham o‘sha tomonga otini burdi. Nihoyat, yuksak qoyalardan birida qarg‘a yerga qo‘ndi. Yetib borib qarasaki, qarg‘a yerda oyoq-qo‘li bog‘liq bir odamning oldiga tushibdi. Boyagi burda nonni maydalab unga yediryapti. Bu holdan taajjubda qolgan Ibrohim Adham otdan tushib, notanish odamni savolga tutibdi:
– Ey inson, sen kimsan? Ne holki, bunda oyoq-qo‘ling bog‘liq yotibsan?
– Men bir badavlat savdogar edim. Battol qaroqchilar yo‘lda meni tunab, butun boyligimni tortib olishdi. O‘zimni esa oyoq-qo‘limni bog‘lab, mana shu kimsasiz cho‘qqiga tashlab ketishdi. Ilojsiz, imkonsiz Allohning taqdiriga ko‘nib qolaverdim. Uning qudratini qarangki, tutqunlikning ikkinchi kuni ochlik va tashnalikdan bemajol yotsam, oldimga bir qarg‘a kelib qo‘ndi. Og‘zida burda non. Uni maydalab, og‘zimga sola boshladi. Nafsim orom oldi. Keyin qarg‘a bir parcha  ho‘l lattani og‘zimga qo‘yib ketdi. Uni shimib yotib tashnaligimni qondirdim. Bir necha kunki, Alloh qarg‘a vositasida rizqimni yetkazib turibdi.
Bu voqeadan ta’sirlangan podshohning saltanatdan ko‘ngli qoldi. Saroyni, mol-dunyoni tark etib, shohlik libosini darveshlik xirqasiga almashtirdi…
Xo‘sh, nega odamlar ato etib qo‘yilgan rizqqa qanoat qilmay o‘zlarini har tarafga urishadi? Faqat halol yo‘l bilan, kasb-hunar orqasidan tirikchilik o‘tkazish buyurilganiga qaramay, harom yo‘llardan rizq izlashadi? O‘zgalarni aldashadi, haqiga xiyonat qilishadi, aldov va zulm bilan mol-mulkini tortib olishadi, yomon mollarini aldab sotishadi, tarozidan urishadi, sudxo‘rlik qilishadi, pora olib-pora berishadi, harom narsalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishadi. Berilgan rizqqa rozi bo‘lmay, oilasini tashlab o‘zga yurtlarga rizq axtarib ketishadi. U yerlarda iymonlariga, e’tiqodlariga, ibodatlariga, milliy asoslariga zavol yetayotganiga ham parvo qilishmaydi. Janubiy Koreyaga ishlashga ketgan o‘zbek yigitlaridan bir nechasi yaqinda nasroniy diniga kirganini afsus bilan so‘zlab berishdi. Agar ularni ochlik, muhtojlik issiq o‘rinlaridan haydab chiqarganida holatlarini tushunsa bo‘lardi. Asosan orzu-havas, havoyi nafs, «boshqalarga o‘xshab yaxshi yashash» vasvasasiga uchib, o‘zga yurtlarda xor bo‘lib yurishibdi. Bular hammasi qanoat, shukur yetishmasligi, sabr qilmaslikdan, albatta.
Haqiqatan, inson qancha yelib-yugurmasin, o‘zini har ko‘yga solmasin, belgilangan kunini ko‘radi, atalgan rizqini yeydi. Undan bir daqiqa ham, bir misqol ham ortiq yoki kam bo‘lmaydi. Ammo nafs balosiga uchib, uning quliga aylanadi. Boyigan sari, yana ko‘proq bo‘lsin deydi. Nafs, shayton uni mol dunyo vasvasasiga soladi. Aslida, nafs insonning o‘zligidir. U avval o‘zligini tarbiyalashi kerak. Nafsiga qul odam faqat o‘z rohatini, osoyishini, kayfu safosini va manfaatlarini o‘ylaydigan bo‘lib qoladi. Ana shu nafs ko‘yida o‘zgalarga yomonlik, zulm qilishdan qaytmaydi. Yaratganning o‘lchov va chegaralarini buzib, insoniylikka xiyonat qiladi va oxiri razolat yo‘lini tutadi.
Yana bir mulohazaki: insonlarning rizq talabida yelib-yugurishlari, harakatga tushishlari, intilishlari, orzu qilishlari tabiiy bir holat. Chunki Alloh rizqni yashirib qo‘ygan. Bu esa insoniyat taraqqiyotiga, jamiyat ravnaqiga xizmat qilib, hayotning tinimsiz charxpalak kabi aylanishini ta’minlaydi. Agar rizq qaerdan, qachon, qancha kelishi ma’lum bo‘lganida insonlar tanballik bilan rizq kelishini poylab yotgan bo‘lar edi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Toshkent shahar, Yunusobod tumani
bosh imom-xatibi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.