Kulrang bo‘ri

O‘rin cho‘ponning qo‘y boqishga ishqi tushdi, o‘zimning chorvam bo‘lsin, yoniga qo‘shnilarning qo‘yini qo‘shib, toqqa haydayman dedi. Shu-shu har yili yerdan qishning hovuri ko‘tarilishini kutadi. Bahorning ilk chechaklari nishlay boshlagach kayfiyati ko‘tariladi, uzoq yurtlarga safarga chiqayotgandek tayyorlanadi, ko‘ch-ko‘ronini tartibga soladi. So‘ng qo‘shnilarni daraklaydi, qo‘ylarni jamlab toqqa haydaydi...

Ko‘ngilga tushadigan zavqning lazzatini O‘rin cho‘pon yaxshi biladi. Har tong Hisor tog‘ ortidan yorishayotgan kunga qarab-qarab qo‘yadi, ko‘ksi cho‘qqilar tarafdan esayotgan dilxush havoga to‘yinadi, yuragi depsinib,  ko‘tarilib-ko‘tarilib tushadi...
O‘rin cho‘pon qo‘ylarini qishloq chetidagi zovur bo‘yiga o‘tlatgani olib bordi. Qarasa, maysalar quloch yozib qolibdi, qo‘yning tishiga bemalol ilashadi. Buni ko‘rgan O‘rin cho‘pon maysalarni kafti bilan siladi. Ko‘zlari xumor-xumor boqdi. Lablariga nimxush kulgu yoyildi. Endi uning na yotishida, na turishida ma’ni qoldi...
— Onasi, bilasan, tog‘ning havosi namxush keladi, ayniqsa tun yarimlaganda. Mening pufaykamga qo‘shib, qalin paxtalik shalvarimni ham tugib qo‘y. Hademay Abdalim shofyor mashinasida kelib qoladi, — dedi saharmardondan turib.
—  Mayli, — dedi Enagul opa.
— Shu, baytalimni uyda qoldirib ketsam, u-bu yumushinga yarab turardi, yuvvoshgina, sen nima deysan …
— O‘zingiz bilasiz…
Ko‘chadan avval chang ko‘tarildi, so‘ng mashina signali eshitildi. O‘rin cho‘pon joyidan jildi. Bu paytda xotini chorvani qo‘radan oldi, qo‘lidagi tutning qurigan cho‘pi bilan haydab shag‘al to‘kilgan, mashina yuraverganidan o‘ydim-chuqur bo‘lib qolgan yo‘lga soldi, serka yo‘l boshladi. O‘rin cho‘pon xotini choyshabga tugib bergan yuklarini birma-bir mashinaga ortdi. So‘ng qorabayir otini egarladi....
O‘rin cho‘pon tog‘ etagidagi chog‘roq joydan shox-shabba bilan aylantirib o‘rab, qo‘ylariga qo‘ra qilgandi. Yonidan vaqtincha yashab turishga mo‘ljallab ochiq ayvonli bir xonali uy, uy bag‘irlatib usti to‘silgan, atrofi ochiq oshxona qurgandi. U qo‘tonga oyoq bosganida Abdalim shofyor yuk ortilgan mashina kabinasida uxlab yotardi. Aslida, Abdalim shofyorni odamlar polvon deb chaqiradi. Kelbatli odam. O‘rin cho‘ponning bo‘yinsasi, yoshligida to‘ylarda birga kurash tushib katta bo‘lishgan.
—  Polvon aka, — qochiriq qildi O‘rin cho‘pon, — otgan xurragingizdan tog‘ gumbirlaydi-ya, qo‘ylar hurkayapti...
—  A, — Abdalim aka o‘rnidan uchib turdi. — Ey seni, odamni cho‘chitding-da, sekin uyg‘otsang bo‘lmaydimi?!
— Cho‘chidim deganingga ishondi deysanda-a, tur, o‘choqqa o‘t qala, kecha O‘ktam qassobdan yangi so‘yilgan qo‘y go‘shtidan olganman, cho‘poncha qovurdoq qilamiz. Tog‘ning ovqati boshqacha-da...
O‘rin cho‘pon ochiq ayvonga dasturxon tuzatdi. Ikki oshna ko‘rgan-kechirganlarini bir-biriga aytib ko‘ngil yozishdi. Kun peshinga yaqinlashganda:
—  O‘rin, jo‘rajon, endi menga ruxsat, men boray, Xudoning panoyiga, — dedi Abdalim shofyor.
—  Qolsang bo‘lardi, toqqa olib chiqaman, biror kun dam olsang...
— Menga indama, berganinga rozi bo‘l. — Abdalim shofyor O‘rin cho‘ponning gapini bo‘ldi.
— Biron gap bo‘lsa chaqirtiraman, kelarsan!..
—  Xo‘p, jo‘ra, xo‘p..

Asta-sekin tog‘ bag‘riga cho‘ponlar kela boshladi. Sakkiz tayoq naridagi qo‘tonda to‘xtagan hamqishlog‘i ovoz berdi:
 — O‘rin aka-ov, hov O‘rin aka. Keldingizmi-a? Keling-da, aka. Sizni kutayotuvdim-da, ikkov qo‘ylarni birga boqsak, nima deysiz-ov? Navbat-navbat xabar olib turardik. O‘tgan yili bir o‘zimga qiyin bo‘ldi-da...
Eshimboy bu yil toqqa qor ko‘p tushganini eshitib tashvishlangandi, bunday havoda bo‘ri yemish axtarib pastga enadi...
— Mayli Eshimboy, bir kishidan ko‘ra ikki kishi yaxshi-da. Bu yil toqqa qor ko‘p tushibdi deyishayapti, o‘zi..
— Tushsa tushar, ikkita bo‘ribosar itim bor, bo‘ri tugul ayiqni ham otarga yaqinlashtirmaydi!..
Tong yorishar-yorishmas O‘rin cho‘pon Eshimboyni uyg‘otdi, otarni tog‘ yonbag‘iriga qarab haydab ketishdi...
O‘rin cho‘pon atrofga razm soldi, tanish joylar, yovvoyi o‘tlarning hidi dimoqni qitiqlaydi. Ular chorvani tog‘ning sero‘t joyiga boshqarib qo‘yishdi. Serka degani sabrsiz bo‘ladi, otarni tinch qo‘ymaydi. Sakragani-sakragan. O‘zi shunisi yaxshi, qo‘y jonivor tog‘ giyohlarini chimdib-chimdib yeydi, shundan go‘shti shifobaxsh...   
— Eshimboy, qo‘ylar tepaga enmayaptimi?..
— Enib-enib o‘tlaydi-da.
— Mayli-ku, qara, tog‘ning tepasidagi qor qalinga o‘xshaydi, sovug‘i bilinayapti...
— Bo‘ribosarlar bor, ovoz beradi...

Kunlarning birida qo‘shni adirdagi cho‘ponlarning hayqirig‘i eshitildi.
— Nima gap ekan, Eshimboy? Quloq tutchi?..
— Ot, ot, deyishayapti-ku...
— E-e, shunaqami, yurchi, qo‘ylardan xabar olaylik...
— A, o‘tlab yurishibdi-ku...
Shu payt miltiqdan uzilgan o‘q tog‘ cho‘qqilarini gumbirlatib yubordi. Ikkisi ham atrofga olazarak bo‘ldi...

— O‘rin aka, qishloqdagilarga hayronman-da.
— Nimaga-yay?
— Yil o‘n ikki oy qishloqdan chiqmaydi, daladan beri kelmaydi. Bundoq tog‘ bag‘rida dam olishni ham bilish kerak-da! Toza havodan nafas olsang tanang yayraydi, eskilar: “Toza havo — tanga davo”, deb bejiz aytishmagan. Qarang, badanga yoqishini.
Eshimboy ovozini balandlatib gapirardi, atrofda biron yovvoyi jon bo‘lsa hadiksiraydi deb.
— Endi, ko‘rayapsan-ku, bola-chaqa tashvishi qimirlatadi-da odamni. Yerni yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi, Eshimboy. Yer bilan tillashgan odam yutadi...
Yolg‘izlikda hamsuhbating bo‘lgani yaxshi, kun o‘tgani bilinmaydi, ko‘ngling xotirjam tortadi...
Javzo oyoqlayotgan paytda Eshimboy belini zaxga oldirib qo‘ydi, beli oz-oz chimdib og‘riydigan bo‘ldi. Arzimas ko‘ringan shamollashdan asorat qolsa yomon, davosini qilish kerak. O‘rin cho‘pon Eshimboyning beliga tog‘ning asalidan singdirib surtdi-da, paxtalik ro‘mol bilan aylantirib bog‘lab qo‘ydi... Eshimboy yonida O‘rin cho‘pon borligidan sevindi... Ammo, hadeb bir joyda yotaverish uni zeriktirdi:
 — O‘rin aka, men yaxshiman, bugun qo‘ylardan o‘zim xabar olaman, — dedi oradan hafta o‘tib. Aslida, har kuni qo‘ylardan O‘rin akaning xabar olayotganidan Eshimboy  uyalgandi. Kap-katta odamning adirda tosh-shag‘al oshib yurishini ko‘rib, o‘zining navqiron kelbatidan ranjigan bo‘ldi, qomatini tik qildi, so‘ng yerga egildi, yana rostladi-da, gavdasini u yon, bu yonga aylantirdi. Keyin:
— Ko‘rdingizmi! — dedi.
— Hali quvvating yo‘g‘-ov...
— E-e, shu bahonada bir atrofni aylanib kelay...

O‘rin cho‘pon o‘choqqa qozon osdi, yarimlatib suv quydi, qo‘y go‘shtiga aralashtirib giyohlardan soldi, siyoh rangli piyozni obdan to‘g‘rab aralashtirdi, qizil sabzi soldi. Kartoshkani pishar oldi soladigan bo‘ldi. Eshimboy uchun bir sho‘rva qilib beray dedi, buni ichgach otday bo‘lib ketadi. Sho‘rva suvining qaynayotgan joy-joyidan tobini keltirib shopirdi. O‘zi sho‘rva e’tibor talab, suvi pishmasa shirasiz bo‘lib qoladi. Shopiraverib odamning bilagi toladi. Lekin, nima desa ham, sho‘rva porimli, shifobaxsh ovqat. O‘rin cho‘pon shu xayollar bilan o‘choqqa quruq shoxchalardan qalay boshladi.
— O‘rin aka! Hov, O‘rin aka! Buyoqqa, choping!.. — deb Eshimboy vahimali ovoz berdi.
O‘rin cho‘pon shoshib o‘rnidan qo‘zg‘aldi, qo‘liga ilashgan pufaykasini kiydi, boshqa hech narsaga qaramadi. Yugurmoqdan beri bo‘lib, tog‘u-toshlar oralab yuqoriga ko‘tarilib bordi.
— Ha-a, nima gap?
— Ana uni qarang! Ana uni qarang! Qarang-da! Sovliq siznikimi deyman...
O‘rin cho‘pon qarasa bir kulrang bo‘ri bo‘g‘oz sovluqni bo‘g‘zidan tishlab ag‘darmoqchi bo‘layapti. Bo‘ribosar itlar atrofida vakillab aylanib chopardiyu yaqiniga borolmasdi. Cho‘pon bir lahza karaxt bo‘lib qoldi. Ikki ko‘zi sovliqda. Bildi, bu qo‘y yon qo‘shnisiniki, bo‘ri chavaqlasa atay qilgandek bo‘ladi. Borib bo‘rining og‘zidan tortib olishga avvaliga yuragi betlamadi. Bo‘ri borki, haybati bor. Har qanday odamni qo‘rquv bosadi. Yon-verini paypasladi. Shoshganidan na pichoqni olibdi, na tayog‘ini, eh, attang! Birdan xayoliga bo‘rilar o‘ljasiga yakka hujum qilmaydi, gala-gala bo‘lib tashlanadi, nega bu yolg‘iz? degan o‘y keldi. Biron bo‘ri ovga yaramay qolsa sardori to‘dadan ajratib, yolg‘izlatadi. Endi u o‘zining yemishini o‘zi topishi kerak. Bu kulrang bo‘rining qismatida bor ekanmi yo qarisimikin, yakkalanib qolibdi. Nazar solib qaradi, ko‘kish juni badanining har-har joyidan to‘kila boshlagan. Cho‘pon bildi, bo‘rining darmoni yo‘q, anchadan buyon go‘sht yemagan. To‘yib ovqat yemaganidan sovluqqa tashlanayapti.
 O‘rin cho‘pon tetiklashdi. 
— Eshimboy, beriroq kel, atrofga qara, menga bir zarang tayoq top!
— O‘rin aka, men qo‘shni otardagilarni chaqiray, ikkovimiz eplolmaymiz-ov, — Eshimboy shosha-pisha adirladi...
— Ey, otangni go‘riga... shoshma!.. ey, senday sherikning...
O‘rin cho‘pon sezdi, o‘zi qoldi. Avval ovozi boricha baqirib bo‘rini haydashga tushdi. Yerda yotgan shoxchalarni qo‘liga olib mahkam siqdi, yerga qattiq-qattiq urdi. Bo‘ri boshini xiyol ko‘tarib, ilkis qaragan bo‘ldi. Buni ko‘rgan O‘rin cho‘pon shoxchalarning ovozi vahimaliroq chiqsin deb yanada qattiqroq silkitib toshga urdi, ammo shoxchalar mo‘rt keldi, belidan qarsillab sinib ketdi. Qurolidan ayrilgan jangchidek, O‘rin cho‘ponni vahima bosdi, atrofiga olazarak qaradi. Bir amallab o‘ng qo‘liga qirrali tosh oldi va bo‘riga qarab otdi. Kutilmaganda bo‘ri o‘lja talashayotgandek, tishlarini irjaytirdi, pastladi, cho‘ponga yaqinlashdi. Ularning orasidagi masofa qisqarib bordi. O‘rin cho‘pon bo‘rining ko‘zlari qonga to‘lib, qizarib ketganini, hadeb ijirg‘anib, g‘ijinaverganidan og‘zidagi so‘lagi jag‘idan pastga oqib tushayotganini yaqqol ko‘rdi...
O‘rin cho‘pon bilan bo‘ri yuzma-yuz keldi. Bo‘ri har nafas olganida ikki biqini ichiga botib, so‘ng ko‘tarilib chiqardi. Vajohat bilan tashlanishga payt poylayotgandek, joyida depsinib-depsinib qo‘yardi. Sakramoqchi bo‘lgandek ko‘kragini yerga bosib yana ilkis ko‘tarib olardi. Ammo sakray olmasdi...
O‘rin cho‘pon qo‘lidagi qurigan shoxning sinig‘ini dast ko‘tarib bo‘riga xezlandi, bo‘ri hamlaga shaylangandek, lablarini tirishtirib tishlarini g‘ijirlatdi. Ko‘nglidagi hadik hali tarqamagan O‘rin cho‘pon ham oyog‘i bilan yerni bor kuchi bilan tepib-tepib qo‘ydi. Uning bilgani shu — yirtqichning oldida tik turgan ma’qul, engashib yoki o‘tirib qolsa bo‘ri o‘zicha tushunadi, hujumga o‘tadi. Qochib ham bo‘lmaydi, bo‘ri quturib ketadi. Birpasda yetib olib g‘ajib tashlashi mumkin.

Bo‘ri bir qonga belanib yotgan qo‘yga, bir cho‘ponga qaradi. Qo‘y endi o‘zining o‘ljasi ekanligini his qildi chog‘i, O‘rin cho‘ponga qarab yurdi. Guyo bo‘ri bo‘lajak jang oldidan raqibini o‘rganib bo‘lgandek edi. O‘rin cho‘pon chap oyog‘ini oldinroqqa cho‘zib yerga mahkamladi, o‘ng oyog‘i bilan tepishga shaylandi. Bo‘ri old oyoqlarini yerdan uzib, baravar ko‘tarmoqchi bo‘ldi, ammo balandlata olmadi. Chamasi u ham cho‘ponni qo‘rqitmoqchi edi.
Bo‘rining harakatidan O‘rin cho‘ponga jon kirdi. Belbog‘ini yana paypasladi, o‘rganib qolgan, pichog‘ini axtardi, ammo... Hafsala qildi, pufaykasining chap yengini barmog‘i uchigacha tushirib oldi.
Bo‘ri birinchi bo‘lib tashlandi. O‘rin cho‘pon bo‘rining katta ochilgan og‘zini ko‘rib seskandi, xuddi yuzidan tishlab oladigandek, chap qo‘li bilan yuzini berkitib oldi. Bo‘ri O‘rin cho‘ponning bo‘g‘ziga tish botirmoqchi bo‘ldi, cho‘ponning yuzini to‘sib turgan tirsagi bo‘rining og‘ziga tiqilib qoldi. O‘ng qo‘li bilan bo‘rining old oyog‘idan ushlab uloqtirgan bo‘ldi. Bo‘ri jon holatda osmonga sapchidi, O‘rin cho‘pon vahima ichida chap tirsagini yirtqich og‘zidan vajohat bilan tortib oldi va o‘ng mushti bilan bo‘rining ko‘kragiga qulochkashlab tushirdi. Musht zarbidan bo‘ri ag‘anab tushdi, yana sapchib turdi. O‘rin cho‘ponning oyoq-qo‘li qaltiray boshladi. Lekin bo‘rining oldingi vajohatidan asar ham qolmagandi. U ortiga tisrala boshladi. Uning bu harakati kuch yig‘ib, nafas rostlab yana tashlanmoqchidek ko‘rindi cho‘ponga, qo‘rquv alomati uning yuzlarida ham sezila boshladi. Ammo cho‘pon kutgandek bo‘lmadi...
Bo‘ri nolavash uvladi, boshini sarak-sarak qilib uvladi, osmonga bo‘ynini cho‘zib zorlandi, tumshug‘ini mayda tosh aralash tuproqqa ishqab-ishqab fig‘on chekdi. Kutilmaganda jonivorning ko‘zlaridan yosh sizib chiqdi. Tomchilarni O‘rin cho‘pon aniq ko‘rdi. Ayniqsa, og‘zidagi so‘lagi qon aralash ekanini bilib qoldi cho‘pon. Ikkisi ham turgan joyida bir pas to‘xtab qolishdi. So‘ngra bo‘ri goh O‘rin cho‘ponga, goh kelgan tarafiga qaray-qaray, ortiga chekindi...
Nima bo‘lganini avvaliga O‘rin cho‘pon anglolmadi. Xayolini bir joyga to‘plab olganda, chap tirsagida qattiq og‘riq turganini his qildi. Beixtiyor o‘ng kafti bilan tirsagini paypasladi, shu payt kaftini nimadir tirnagandek bo‘ldi, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, pufaykasi yengida bo‘rining ikkita suyloq tishi qadalib turardi...
O‘rin cho‘pon qo‘shnining qo‘yini ham unutib bo‘rining orqasidan angrayib qaradi. Bo‘ri hali ham o‘ljasidan umid uzolmayotgandek edi, ortiga o‘xtin-o‘xtin qarab qo‘yardi. Ammo endi u o‘ljaga boshqa tashlana olmasdi. Buni bilgan O‘rin cho‘pon unga achinib termuldi. Ichida: “Qari ekan, bechora, endi nima qiladi? Kim unga go‘sht beradi? Eh, shu qo‘ynimi... — cho‘pon boshini yerga egib, o‘zidan g‘azablangan bo‘lib, tebratdi, — o‘zi qariydi-da... qo‘shnimga o‘rniga-o‘rin berardim, bitta kam bo‘lsa kam edi-da... eh, jonivor... och ketdi-da...”, — dedi, nega shunday deganini o‘zi ham anglamadi. Bo‘riga rahmi keldimi yo keksa bo‘riga ko‘ngil tubidagi iliq mehr yana uyg‘ondimi, bilolmadi...
 — Cho‘po-on, bardam bo‘ling! — degan ovoz keldi orqa tarafdan.
O‘rin cho‘pon sergak tortdi. Qo‘shnisining sovlig‘i yoniga bordi. U allaqachon jon taslim qilgan edi...

Yusuf XUDOYQUL

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.