Bolalar dunyosida yashayotgan adib. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi TO‘XTABOYEV bilan suhbat

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, davlat mukofotlari laureati, bolalarning sevimli yozuvchisi  Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlari nemis, italyan, frantsuz, ecton, latish, fin, chex singari dunyoning o‘ttizdan ortiq tillariga tarjima qilingan. Teleromanlari asosida ekranlashtirilgan filmlar yosh tomoshabinlarning mehrini qozona oldi.

 

— Siz bola ruhiyatini yaxshi o‘rgangan yozuvchisiz, asarlaringizda ularning dardi sizning dardingiz, quvonchi quvonchingiz ekanligi sezilib turadi. Siz bolalar dunyosidan o‘zingizni topa olgan yozuvchisiz...

—  Bolalar yozuvchisi yosh bolaga o‘xshaydi. Mana, hozir ham o‘zimni boladay his qilyapman. Erkalik qilib, sizga bir maqtanay-da! Yosh do‘stlarimga atab yozgan asarlarim sabab mehrini qozondim. Ularning g‘aroyib olamidan o‘zimni topdim.

Mark Tven, Janni Rodarilar o‘z asarlarida ilmga intiluvchan, sargushatga qiziquvchan, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan, tengqurlariga yordam beruvchi qahramon obrazini yaratishgan. Albatta, ular ham bolalar olamidan olib, badiiylashtirib yana bolalarning o‘ziga asar holida qaytarishgan. Ana shunday asarlar o‘lmaydi, qayta-qayta nashr etiladi. 90 yoshli ukrinalik yozuvchi Grigoriy Tutunyukni shogirdlari bir burchakda yig‘lab o‘tirganini ko‘rishgan. Keksayganda ham beg‘uborligini saqlab qololgan adib, haqiqiy bolalar yozuvchisidir.  

Menga bola yig‘lasa ko‘zimga yosh quyilib kelishini ko‘p aytishgan. Ba’zi yozuvchilar qahramonlarni xayolan qidiradi, yolg‘on to‘qimadan iborat sarguzashtga o‘ralashib qoladi. Aslida, qahramonni hayotning o‘zidan qidirish kerak, ular har qanday fantaziyani yo‘lda qoldiradi. Masalan, shaxmatchi Islombek Sindarov besh yoshida butun dunyoni lol qoldirdi. Uning iqtidorini tasavvurda jonlantirib, fantaziya janriga xos, bolalarbop go‘zal asar yaratsa bo‘ladi. Deylik, o‘smirlar o‘rtasida bir-biri bilan hisobli do‘stlashish, so‘kinib gaplashishdek qusurlar uchraydi, ayniqsa, kattalarni hurmat qilish kabi insoniy fazilatlar kamayib borayotgandek, ana shuning o‘zidan tarbiyaviy ahamiyatga molik asarlar paydo bo‘ladi. Bolalar yozuvchisi bolalar dunyosida yashashi kerak. 

Shuningdek, “Men hammadan yaxshiman, eng yaxshi kiyimlarni men kiyishim kerak”, “Men darsda oldingi partada o‘tirishim shart”, “Meni hamma hurmat qilishi lozim”, deya o‘ziga yuqori baho beradigan bolalar bor, ular bilan hamsuhbat bo‘lib, ichki dunyosini o‘rganish, aniqrog‘i, xudbinlik kayfiyatining sabablarini bilish bolalar yozuvchisi uchun zarur. Ana shunda hayotiy asarlar yaratiladi. 

Siz, bugun bolalar uchun namoyish etilayotgan multfilmlarga bir e’tibor bering-a, qahramonlari ajdaholar, qaroqchilar, jodugarlar, nega shunday? Biz farzandlarimizning qalbini chetdan kirib kelayotgan tajovuzkor narsalardan ehtiyot qilib, o‘rniga ajdodlarimizdan yetib kelgan qadriyatlarni singdirishimiz kerak. Millatni millat qiladigan narsa — bu uning ma’naviy qadriyatidir.

 

— Boladagi ayrim illatlar oiladan yuqqan bo‘lsa, siz tarbiya bilan to‘g‘ri yo‘lga solsa bo‘ladi deb o‘ylaysizmi?..  

— Olimlarning aytishicha, ona qornidagi chaqaloqda oldin miya, keyin qalb shakllanar ekan. Qarang, avval ong, so‘ng botiniy ko‘z, undan so‘ng boshqa a’zolar shakllanadi. Keyin ko‘rgan narsalari yoki eshitgan ertaklari orqali olamni anglay boshlaydi. Bolaning o‘zini anglashi va aqliy faoliyatida 3-5-7 yosh asosiy bosqich vazifasini o‘taydi. Barcha tushunchalar, taassurotlar o‘sha yoshning ustiga quriladi. Oiladan o‘tadigan ayrim qusurlarni inkor etmayman. Salbiy xislatlar atrof-muhit, maktab va kattalar ta’sirida paydo bo‘ladi. Bari bir ta’lim va tarbiya ko‘p narsani o‘zgartirishga qodir. Boladagi mehnatsevarlik yoki ijodiy qobiliyat ta’lim, tarbiya vositasida rag‘batlantirilmasa rivojlanmay qoladi. Mas’uliyat bo‘lmasa noyob iste’dodlar soyada qolib ketishi mumkin. Iste’dod tarbiyaga muhtoj.    

Hazrat Navoiyda “El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam”, degan betakror satr bor, buni eslaganim, men bolaga o‘zini anglashiga yordam berish kerak demoqchiman. Bolani ruhan va jismonan tarbiyalashni Janubiy Koreya va Yaponiya yaxshi yo‘lga qo‘ygan. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’limni yangicha shaklda, keng miqyosda shakllantiraylik deyapti.  Bu gendagi qobiliyatni ertaroq anglashga va rivojlantirishga yordam beradi. O‘zim ba’zida ko‘rib qolaman: “Men bugun hammadan yaxshi chizaman”, deb chopqillab bog‘chaga ketayotgan kichkintoylarni yoki “Men bugun, albatta, besh baho olaman”, deb shahdam qadamlar bilan maktabga ketayotgan o‘g‘il-qizlarni, shu damlarda beixtiyor o‘zimning bolaligim yodimga tushadi... 

...Bolaligim urush avjiga chiqqan pallaga to‘g‘ri kelgan. Onalar: “Ey Alloh, shu qishdan bolalarimni sog‘-omon olib chiqarmikanman”, deb zorlanardi. Qish bo‘lishiga qaramay, maktabga yupun kiyinib borardik. Qo‘limizga yarimta non tegsa, bir burdasini yeb, bir burdasini singlimizga olib kelardik. Otam Ukrainaning Xerson viloyatiga quloq qilingach, onam o‘zidan 40 yosh katta, besh bolali cholga turmushga chiqqan. Ana shunday murakkab sharoitda mashaqqatli kunlarni boshdan kechirganman. Bolaligim azob-uqubat, xo‘rliklar ichida kechgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘zimdagi jismoniy va ruhiy holatni saqlay olganman. Yetimlik kishini tezroq chiniqtirarkan, kamolotga yetkazarkan... 

Bugungi bolalar — Mustaqillik farzandlari. Tinch, osuda, farovon hayotda bilim olishmoqda. Bunga faqat shukr qilish kerak!

 

— Asarlaringizdagi qahramonlar 13-17 yoshli bolalar. Bu paytda beg‘uborlik bilan birga mas’uliyatli davr boshlanadi. Endi bola o‘z uyiga sig‘maydi. Ota-onasi va muallimlar bergan ta’limga qanoat qilmaydi, Hoshimjondek dunyoga chiqqisi, qahramonliklar ko‘rsatgisi keladi...

— Ha, albatta, bu yoshda bolalar dunyoni egallagisi keladi. Ularda mas’uliyat paydo bo‘ladi. Endi u o‘zini boshqalarga ko‘rsatgisi keladi. Iste’dodini yuzaga chiqarishga intiladi. Dunyoni o‘rgana boshlaydi. 

Bilasizmi, ko‘chada biron bolaga duch kelsam kelib menga dardini aytadi, bundan sevinaman, yozganlarim behuda ketmabdi deb. Ba’zan esa mahalla-ko‘y, maktab, qo‘ni-qo‘shnilar orasida bezori, o‘g‘ri, janjalkash deb nom chiqargan yosh do‘stlarim bilan suhbatlashganimda, ularning vujudida favqulodda qaynab yotgan iste’dod borligini ko‘raman. Bunday paytda qattiqqo‘llik bilan bosim o‘tkazish emas, bolaga qobiliyatini tashqariga chiqarish, o‘zini ko‘rsatish uchun sharoit yaratib berish kerak. Gohida bu kuchni boshqarishga o‘zining kuchi yetmasligi mumkin. Bolaga har tomonlama mukammal tarbiya berish qiyin, albatta. Lekin, yaxshi ta’lim-tarbiya bilan odati yomon boladan elga munosib farzand yetishib chiqishi mumkin. 

Said Ahmad domla: “Bolalar yozuvchisi bola haqida asar yozayotganda asari tugaguncha bola bo‘lib turmasa, uni hech kim o‘qimaydi”, degandi. Chunki bolalik orzulari bir nuqtada turmaydi. Yozuvchi ular olamini yaxshi bilishi, o‘y-xayollari, simobdek beqaror hayotini sinchkovlik bilan o‘rganishi, o‘zi ham har narsaga qiziquvchan bo‘lishi kerak.  

 

— Dunyo adabiyotida bolalar uchun yigirma to‘rt janrda asarlar yoziladi. Bu janrlarda ijod qilish Germaniya, Angliya va Janubiy Koreyada yaxshi rivojlangan. Bizda bolalar adabiyotida janr qashshoqligi tufayli ertak, tarjima asarlar, “O‘zing bo‘ya” seriyasidagi yupqa kitobchalarni qayta-qayta nashr qilish ayrim nashriyotlarning asosiy daromad manbaiga aylanib qolmayaptimikan...

— To‘g‘ri, shu kunlarda bolalar adabiyoti, ayniqsa, nasriy asarlarga juda katta ehtiyoj sezayapti. Bu turda bolalar sevib o‘qiydigan asarlar yaratilmayapti. Aytganingizdek, kitob rastalarini takror bosiladigan ertaklar, “O‘zing bo‘ya” seriyasidagi yupqa kitobchalar egallab olgani bor gap. 

Men respublikamizning turli viloyatlarida ijodiy uchrashuvlarda bo‘laman, “Qani, bolalar, kim qanday kitob o‘qidi?” — deya savol beraman. Ba’zan biror o‘quvchidan sado chiqmay, zal sukunatga cho‘madi. O‘qituvchisi yordamida zo‘rg‘a “Tohir va Zuhra”, “Zumrad va Qimmat”, “Uch og‘ayni botirlar”ni sanaydi. Ertaklarga ortiqcha ruju qo‘yib, bugungi kun bolalar hayotiga bag‘ishlab kitob olib kelgan yozuvchini kamsitadigan noshirlar bor, ularga alamli so‘z aytgim keladi. Afsuski, aytolmayman. Aytsam, o‘zimning kitobimni ham chiqarmay qo‘yishadi.

Har yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘ladigan bolalar adabiyotining hisobot yig‘ilishida qatnashaman, bolalarga atab yozilgan she’rlar, hikoyalar tilga olinadi. Bu asarlar mutaxassislar tomonidan tahlil qilinadi. Ammo, natija yo‘q.

Janr masalasiga kelsak, hartugul e’tibor berilayapti. Hatto texnikaga oid asarlar adabiyot sifatida shakllanayapti. Bolalar shu paytgacha texnikaga oid bilimlarni faqat turli entsiklopediyalardan olardi. Texnika bilimi ham madaniyat. Bu intellektdagi rivojlanish omillaridan biri. Yevropa mamlakatlarida har bir bola uch sohani bilishi qa’tiy qilingan. Birinchisi — o‘zining qiziqqan sohasi, ikkinchisi — texnika bilimi ko‘nikmasi, uchinchisi — biror kasb-hunar egasi bo‘lish. Bugungi yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, biz ham bolalar adabiyoti degan o‘ziga xos olamni boyitishimiz kerak. Men bolalar uchun nafaqat texnikaga, balki o‘simliklar, hayvonlar dunyosiga oid asarlar yaratilishi tarafdoriman.  

— Shu o‘rinda, Turgenevning: “Bitta daraxtni o‘rganish uchun barcha daraxtlarni quchoqlab chiqish shart emas. Bitta daraxtni o‘rganishning o‘zi kifoya”, degan gapi yodimga tushdi. Muxbir sifatida bugun o‘ziga to‘q bitta oila farzandini qanday kitob o‘qiyotgani, qanday kinolarni ko‘rayotgani, qanday musiqa tinglayotgani bilan qiziqdim. Ba’zi oilalarda kitobxonlik u yoqda tursin, bola o‘z xatosini anglab yetishi uchun hatto birorta o‘zbekona ibora yoki maqol ishlatilmas ekan. Siz bizning ota-onalarimiz shu qadar erinchoq deb o‘ylaysizmi?

 — Bunga bitta sababni ko‘rsatish juda qiyin. Ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan bugungi iqtisodiy, siyosiy, ma’rifiy islohotlar jamiyatni birdan uyg‘otib yubordi. Ota-onalarning bola oldidagi mas’uliyati oshirildi. Ayniqsa, boshlang‘ich ta’limgacha bo‘lgan tarbiyaga alohida e’tibor qaratilgani Yurtboshimizning “Ey ota, Ey ona, Ey murabbiy! Bola tarbiyasi uchun javobgarsan”, degan murojaati bo‘ldi. Xo‘sh, bugun necha foiz onalar farzandlariga xalq dostonlarini o‘qib berayapti? Allani qaysi ohangda aytayapti? Bu savolga hech kim javob berolmaydi. “O‘zing bo‘ya” seriyasidagi yupqa kitobchalar hozirgi ota-onalarni erinchoq qilib qo‘ydi. Farzandlarini kitobga qiziqtirish o‘rniga, televizor oldida dumalab  katta bo‘lishi uchun sharoit yaratib berayapti. Bolaning xotirasidan ko‘p narsalar o‘chib ketishi mumkin. Ammo o‘qigan asar qahramonlari va uning qiliqlari unutilmaydi. Ota-onalar farzandini moddiy jihatdan ta’minlash bilan birga, ma’naviy dunyosini boyitish haqida ham o‘ylashi kerak. 

— Siz tabarruk yoshda ijodiy safarlarga chiqib turasiz, bu sizga ilhom beradimi?   

— Ha, albatta. Respublikamizning turli viloyatlarida, xususan, Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Bekobod va Zangiota tumanlarida bo‘lganimda, yosh fermerlar bilan uchrashdim. Hatto kechasi bir fermerning chaylasida yotib qoldim. 87 gektar yeri bor ekan. 10 gektaridan urug‘lik chigit olarkan. Fermer paxta hosilga kirguncha necha marta chopiq qilinishiyu necha marta suv ichishini maroq bilan so‘zlab berdi. Ertasi kuni chorvadornikida mehmon bo‘ldim. Ukrainadan echki olib kelibdi. Kuniga 6 litr sut berarkan. Bundan ta’sirlanib yozgan “Yangi ohangda kuylayotgan viloyat” sarlavhali maqolam “Xalq so‘zi” gazetasida chop etildi.   

To‘g‘ri, dalada mehnat qilayotgan yosh do‘stlarimning erishgan yutuqlaridan quvonsam, kamchiliklarini ko‘rib ko‘nglim to‘lmadi. Ba’zilari tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman deb davlatdan olgan kattagina mablag‘ni arzimagan ishlarga sarflayotir. Olis hududlardagi unumdor va serhosil yerlar bekor yotganiga kuyindim. Bolalarning fantaziya, bilimi va mehnatsevarligini oshiradigan, qishloq hayotini yoritib beradigan to‘kis asarlar zarurligi ko‘nglimdan kechdi.  

— Gazeta — axborot yetkazuvchi vosita. Bilmoqchi bo‘lganim, jamiyatni tozalashda feletonning ahamiyati bormi? Siz adolatsevar feletonchisiz. Lekin, hadeb o‘g‘rilar, piyonistalar, poraxo‘rlar to‘g‘risida yozaversang, yaxshi odamlar ham ko‘zingga shubhali ko‘rinadigan bo‘lib qolarkan. Sizda ham shunday bo‘lganmi? 

— Gazeta axborot tashuvchi bo‘lgani bilan unda katta gap aytmasang, katta jurnalist bo‘lolmaysan. To‘g‘ri, feleton yozish kerak. Ammo, har sohaning o‘z mutaxassisi bo‘lgani yaxshi. Feleton hayotga maftun, odamlardan go‘zal fazilatlar qidiradigan, zavq-shavq bilan tasvirlaydigan iste’dodli yozuvchilarni yo‘ldan toydirishi mumkin. 

“Toshkent haqiqati”, “Qizil O‘zbekiston” hozirgi (“O‘zbekiston ovozi”) gazetalarida 14 yil feletonchi bo‘lib ishladim. 300 dan ortiq feletonlarim T.Xudoyberdiev, N.Karimov, N.Baranova, I.To‘xtaev degan nomlar ostida bosildi. 

Men o‘shanda adolatsizliklarga qarshi feletonlarim bilan kurashdim. Bir ustozim: “Feletonlaring bir kuni boshingga balo bo‘ladi. Yaxshisi sen roman yoz. Ta’siri kuchli bo‘ladi”, degandi. Shu gapi ta’sir qilib, bolalar adabiyotiga o‘tib ketdim. 

 

Adiba UMIROVA   

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.