Absurddagi ma’no va maqsad

Absurd haqida qachon, qaerda, qanday davrada gap ketsa, birinchi galda, u hayotning ma’nisizligini, yashashning qizig‘i yo‘qligini targ‘ib qiluvchi adabiy oqim ekanligi ta’kidlanadi. Shunda beixtiyor xayolimizga “Agar absurd, chindan ham, hayotning ma’nisiz, turmushning tuturuqsiz ekanligini targ‘ib qilsa, adabiyotning ma’nisizlik, mantiqsizlikni tasvirlashidan, targ‘ib qilishidan nima foyda? Axir, har qanday adabiy asar insonni hayotdan zavqlanishga, o‘z orzu-niyatlariga yetishga,  ma’lum maqsad bilan yashashga va unga erishish uchun kurashishga undashi shart emasmi?  Bu vazifasini bajara olmasa, uning insoniyatga nima keragi bor?

 

U holda adabiyot o‘zining insonshunoslik mohiyatidan uzoqlashib ketmaydimi? Axir, Yaratguvchi zot o‘z bandasiga so‘zlash va fikrlash qobiliyatini bejiz ato etmagan-ku? Taqdirini aql tarozusiga solib, fahm-farosat bilan ish tutsa bo‘lmaydimi? Umidsiz yashash mumkinmi?” degan talay savollar keladi. Jumladan, bu savollar meni ham ko‘p qiynaydi va ularga javob topishga tinimsiz urinaman. 

Ammo absurd ta’limoti haqidagi ilmiy manbalar kamligi, borlari ham bir-birini inkor etishi, fikrlarning xilma-xilligi, yetarli asoslanmaganligi kishini qoniqtirmaydi. Bu haqda ma’lumot olishni istaganlar asosan Frantsuz adibi va faylasufi Alber Kamyuning “Sizif haqida afsona” deb atalgan essesini tanlaydilar. Chunki bu asar absurd mohiyati to‘g‘risida ham nazariy, ham badiiy usulda yetarli ma’lumot bera oladi. Shunga qaramay, baribir, kitobxon qalbida yanada ko‘proq bilish, Sizifning ma’nisiz ishni amalga oshirish uchun nega uringanligini anglashga ehtiyoj tug‘ilaveradi.   

Xayriyatki, mana shu ma’naviy ehtiyojni qondirishga yordam beradigan kitob o‘zbek adabiyotida ham paydo bo‘ldi! Uni mutolaa qilgan o‘quvchi absurd nima, uning mohiyati, absurd qahramon, absurd asar qanday bo‘lishi kerakligini anglab olishi mumkin. Bu asar iste’dodli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” romanidir. Chunki bu asar yozuvchi tomonidan absurd nazariyasi va amaliyotiga oid ko‘plab ilmiy hamda adabiy manbalarni sinchiklab o‘rganish, o‘zaro taqqoslash, tahlil etish samarasi sifatida dunyoga kelganligi sezilib turibdi. Voqelik va muammoga ham olim, ham ijodkor nigohi bilan yondashgan X.Do‘stmuhammad Alber Kamyuning g‘oyaviy niyatlarini Sizif obrazi orqali yanada kengaytiradi, uning xarakteriga yangicha fazilatlarni qo‘shadi, boyitadi, badiiy jihatdan isbotlab beradi. Natijada absurd ta’limoti ma’nisizlik targ‘ibotchisi emas, aksincha, hayotni ma’no va mazmun bilan boyitish insonning o‘ziga bog‘liq ekanligini, buning uchun u umid bilan yashashi, fikr qilishi lozimligini bilib olamiz. Asar ana shu g‘oyaviy niyatni o‘ziga asos qilib olganligi va badiiy jihatdan ishonarli ifodalab bera olgani bilan ham qimmatlidir. 

Kamyuning “Sizif haqida afsona” essesi bilan “Donishmand Sizif” romanini taqqoslab o‘qish absurd mavzusining mohiyatini chuqurroq anglab yetishga imkoniyat yaratadi. Muallifning o‘zi ham Sizif xarakterining shakllanishini, donishmandlik darajasiga ko‘tarilish jarayonini tasvirlashda Kamyuning falsafiy qarashlariga asoslanganligi voqealar davomida aniq seziladi. Asar markazida xudolar qahriga uchragan birgina Sizifning taqdiri turadi. Ma’lumki, Kamyu Yunon mutafakkirlari va Yevropa olimlaridan farqli o‘laroq, xarakteridagi o‘jarlik, qaysarlik, bo‘ysunmaslik odatlarini asragan holda Sizifni birinchi galda Inson sifatida qabul qiladi: “Men tuganmas azob-uqubatlari tomon horg‘in, biroq shaxdam qadamlar bilan tushib kelayotgan ODAMni ko‘rib turaman, — deb yozadi Kamyu. — U shu paytda nimalarni o‘ylayotgan ekan? Shu asnoda nafas olishi bilan hamohang ravishda uning ongi ham uyg‘ona boshlaydi. Quyiga, xudolar tomonidan mangu in’om etilgan g‘origa qaytar ekan, Sizif har daqiqada o‘z qismatidan yuqoriga ko‘tariladi. U o‘z toshidan ham qattiqroq irodaga ega bo‘la boshlaydi”. 

Xurshid Do‘stmuhammad Sizifni xuddi Kamyu ta’riflaganidek, ongining shakllanishi jarayonini ifodalashga ko‘proq e’tibor beradi. U ahdidan qaytmaydigan qat’iyatli, yuksak irodali inson sifatida tasvirlanadi. Hukmni ijro etishga kirishar ekan, “Men insonman! Meni yengib bo‘lmaydi! Zinhor yengilmayman!” deya ahd-paymon qiladi. “Xarsangtoshni ho-ov anavi cho‘qqiga olib chiqish uning yagona maqsad-maslagiga, umrining ma’no-mazmuniga aylanib” qoladi. U “shu xarsangga kuchi yetmay mag‘lub bo‘lishini tasavvuriga sig‘dirolmaydi, zinhor-bazinhor sig‘dirolmaydi ham! Mana shu baqaloqqa kuchim yetmasa, insonligim qayda qoladi” degan gapni qayta-qayta takrorlayveradi. Muallif qahramon tabiatidagi bu fazilatni “Sizif shunaqa inson. Nimagaki qo‘l ursa, dadil va ishonch bilan kirishadi” degan ta’rif bilan yanada mustahkamlaydi. 

Absurd qahramon ma’nisiz hayotni mazmun bilan boyitish uchun qat’iy iroda va yuksak aql-farosat bilan ish tutishi lozim. Shu ma’noda yozuvchi o‘z Sizifini g‘oyat irodali inson qiyofasida aks ettiradi: “Sizif uchun o‘z irodasidan bo‘lak madadkor, xaloskor yo‘q edi”. Iroda esa insonda sabr-toqat, bardosh tufayli shakllanadi. Agar Sizifdan “kimdir isming nima deb so‘rasa, hech ikkilanmay, ismim matonat yoki ismim bardosh” deb javob bergan bo‘lardi. Ana shu irodasi, sabr-bardoshi tufayli u “arslon — izidan, erkak — so‘zidan” qaytmaydi deya ishga astoydil kirishadi va g‘olib chiqadi. Tabiatidagi bu fazilat Sizifni o‘zbek o‘quvchisiga yanada yaqinlashtiradi. Chunki o‘zbek millatiga xos ahd-paymonli yigitgina shu maqolni shior qilib olishi mumkin.

Sizifning ongi, tafakkuri asosan xarsangtosh bilan muloqotda kamolga yetadi. Uningcha “toshda ham fikr va ruh mavjud”. U bilan suhbat Sizifga “anglash, idrok etish imkonini” beradi. Toshni tepalikka dumalatib chiqish, uning ortidan yana quyiga tushishda “istaydimi-yo‘qmi, o‘y-xayoli tinim bilmaydi, ushbu tinimsizlikdan taskin topadi”. Ana shu tinimsiz mashg‘ulot Sizifning “fe’li-xo‘yini o‘zgartirdi, u boshqacha odam, boshqacha inson”ga aylandi. Tafakkuri doimiy harakatda bo‘lganligi tufayli Sizif oxir oqibatda donishmandlik cho‘qqisini zabt etadi. Tosh bilan muloqot va tinimsiz mashaqqatli mehnat Sizifning hayotiga mazmun, quvonch olib kirdi.  

Asar voqealari Sizif — insonning mashaqqatli mehnat tufayli g‘alaba qozonishi, makkor Zevs boshchiligidagi xudolar hukmini muvaffaqiyat bilan bajarganligi sahnasi bilan tugaydi. Sizif bir tomondan ma’budlarning hukmini ado etgani uchun quvonadi, faxrlanadi. Ikkinchi tomondan, qilgan ishidan qoniqmaydi. Axir, u “yumaloq, dumaloq, yapaloq xarsangtoshni” butunicha baland qoyaga dumalatib olib chiqishi lozim edi-da! Tosh esa dumalayverib-dumalayverib, insonning irodasi, sabr-toqati va mashaqqatli mehnati oldida yengilib, parchalanib ketadi. Sizif ana shu parchalarni ko‘tarib tepalikka olib chiqib o‘rnatadi. Zero, yozuvchi X.Do‘stmuhammadning o‘jar, qaysar Sizif haqida roman yozish istagi ham ana shu g‘oya bilan hamohangdir. Bu bilan adib “Tinimsiz mashaqqatga, jamiki uqubatga” yolg‘iz inson chidashi, bardosh berishi mumkin, ammo na tosh, na temir, na metin, na boshqa mavjudot dosh berolmaydi degan g‘oyani ilgari suradi va yana insonning yengilmas irodasi, sabr-toqati, qat’iyati kabi fazilatlarini ulug‘laydi. 

“Donishmand Sizif”da bu dunyo o‘tkinchi, unda shaxsiy manfaatlar quliga aylanmaslik, aksincha, oldingga aniq maqsadni qo‘yib, kuchli iroda bilan yashasang, albatta murodingga yetasan, degan yuksak falsafiy g‘oya ilgari suriladi. Shu jihatdan bu asarni tom ma’nodagi falsafiy-intellektual roman deb atash mumkin. U o‘quvchini jiddiy mushohada va mulohazaga undaydi. Sizif timsolida yozuvchi “Odam yengilmadi, tosh yengildi, toshga qo‘shib tog‘ yengildi, cho‘qqi yengildi, ma’budlarning ma’budi yengildi” degan muhim g‘oyani ilgari suradi. Sizif chindan ham mashaqqatli mehnati tufayli g‘alaba qozonadi. Uning bu g‘oliblik g‘ururidan o‘quvchi “Mehnat mashaqqatidan odam o‘lib qolmasligiga amin bo‘l(a)di. Mehnat qilgan yashaydi. Baxt — mehnatsevarniki, mehnat mashaqqatlaridan qo‘rqmaganniki” ekanligiga ishonadi. 

Xullas, Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” romanini o‘qib, absurd hayotning ma’nisizligi, yashashning mantiqsizligini targ‘ib etuvchi, shu g‘oyasi bilan insonning hafsalasini sovutishga xizmat qiluvchi tushkunlikka asoslangan oqim emas, balki umid bilan yashagan odam maqsadiga albatta erishadi degan qutlug‘ g‘oya targ‘ibotchisi ekanligiga amin bo‘lamiz.  Chunki Kamyu ham, X.Do‘stmuhammad ham insonning bu ma’nisiz dunyoda umid bilan yashashi lozimligini ta’kidlaydilar. Zero, umidbaxshlik absurd ta’limotining muhim qirrasini tashkil etadi. Buning yorqin misoli umidini so‘ndirmay g‘alaba qozongan Sizifdir. Umid, aniq maqsad bilan yashashga intilish, iroda va mehnatsevarlik unga baxt va omad keltirdi. Romanning muhim tarbiyaviy ahamiyati ham ana shundadir.

 

Yo‘ldosh SOLIJONOV

filologiya fanlari 

doktori, professor

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.