Gdlyanning millionlari: afsonami, haqiqat? Tergovchining diplomati pulga liq to‘la edi

Davomi. Boshi 42-45-sonlarda

Tintuvga chaqirilgan xolislarni topib, ularni so‘roq qila boshladik. E.Invareva bergan guvohligi g‘oyatda qiziqarli. Oliy pedagogika ma’lumotiga ega, vijdoniga aslo dog‘ tushurmagan, mutlaqo manfaatdor bo‘lmagan bu ayol shunday hikoya qiladi: “Tintuv tugagach, protokol tuzgan tergovchi tilla taqinchoqlar solingan uchta qutichani o‘z diplomatiga joyladi.

 Qutichalar fabrikaniki edi, rangi esimda yo‘q. Yana ikki qutichadagi tilla buyumlarni ham oldi, ulardan biri brilliant ko‘zli isirg‘a va brilliant ko‘zli uzuk — ikkalasi bir qutichada edi, ikkinchi qutichadagi ham isirg‘a va uzuk edi, ammo ko‘zi bor-yo‘qligi aniq esimda yo‘q, faqat shunisi esimdaki, ikkinchi qutichadagi isirg‘a va uzuk brilliant ko‘zli emasdi. Uchunchi qutichada ayollarning tilla bilaguzugi bor edi. Bu tilla taqinchoqlarni tergovchilar onasi yo qizlari turadigan xonalardan topishgandi. Men hozir ko‘rib turibman, bu qimmatbaho buyumlar tintuv protokolida o‘z aksini topmagan. Tergovchilar ana shu tilla buyumlar bilan birga diplomatiga solgan pullar protokolda ko‘rsatilgan. Nima sababdan tilla buyumlar protokolda ko‘rsatilmay qolgan, bunisini bilmayman, ammo shunisi aniqki, tergovchi ularni pullar bilan birga qora rangli, plastmassa materialdan ishlangan o‘z diplomatiga qanday solganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman...”

Biz tergov harakatlarini olib borishga boshqa ulgurmadik. Trubin qonunga xilof ravishda ishni tugatdi. Shunday qilib, Ro‘zmetovlarning arizasi oxirigacha tekshirilmay qoldi.

Faqat shugina emas. Shunga o‘xshagan boshqa talay faktlar ham oxirigacha tekshirilmay qolganki, har qalay to‘xtalib o‘tmoqchiman. Zora ular Gdlyanning ichki qiyofasini yanada to‘laroq ochib bersa, u va uning atrofidagilar haqida ro‘znomalar ko‘targan shov-shuvlar ustidagi pardani olib tashlasa ajabmas.

To‘g‘ri, hali uzul-kesil qaror qabul qilinmagan, faktlarni oshkor qilganligim uchun menga ta’na qilishlari mumkin. Ko‘pincha bildirilgan ta’nalar oqilona bo‘ladi, buni men yaxshi tushunaman. Ammo, bu yo‘lni men tanlaganim yo‘q-ku, uni Gdlyanning o‘zi birinchi bo‘lib tanlagan. Axir u hali tekshirib ulgurilmagan so‘roq protokollarini ro‘znoma sahifalarida bostirib chiqara boshlagan kezlaridayoq, uzul-kesil qaror qabul qilinguniga qadar tergov sirini oshkor qilganida shu yo‘lni tanlagan emasmidi. Shuning uchun men vijdonim oldida qiynalmayman, chunki tekshirilmagan faktlar haqida so‘zlab berishga ma’naviy huquqim bor, deb bilaman. Ularni sharhlab o‘tirmaslikka harakat qilaman, keltirilgan guvohliklar, ko‘zdan kechirish protokollaridan, tergov eksperimentlaridan keltirilgan misollar xususida yaxshisi kitobxonning o‘zi muhokama yuritgani ma’qul.

Gapni tergov bo‘limi boshlig‘i G.Karakozovga nisbatan bizda shubha poydo bo‘lganidan boshlay qolay. Gldyanning ko‘tarilishida u beqiyos rol o‘ynadi. Uningsiz Gdlyan biz ko‘rishga odatlangan Gdlyan bo‘la olmas edi. Karakozovning tavsiyasi bilan uni SSSR Bosh prokurori huzuridagi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchi etib tayinlashdi. Chamamda, bu yerda ikkalasi ham kelib chiqishi jihatidan arman millatiga mansubligi katta rol o‘ynagan bo‘lsa kerak. Gdlyan o‘zining bu homiysidan ko‘p narsalarni o‘rgandi. Shuni aytish kifoyaki, ishlardan materiallarni ajratib olib gumdon qilish odati Gdlyan tergov bo‘limiga kelmasdan oldin ham bor edi. Gdlyanni O‘zbekistonga to‘g‘rilagan ham Karakozov bo‘ldi. Uning o‘zi bu respublikada bir necha bor bo‘lgan. O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Yahyoevni yaxshi bilgan. Hatto Yahyoevni o‘ziga o‘rinbosarlik lavozimiga tavsiya etgandi ham.

Shu bilan birga, Karakozov huquqni bilishi, o‘qimishli va vazminligi bilan Gdlyandan farq qilardi. Ammo vaqt o‘tishi bilan u Gdlyanga emas, balki, aksincha, Gdlyan unga ta’sir o‘tkaza boshladi. Unda asta-sekin protsessual me’yorga mensimay qarash, huquqiy “siyosatni” ustun qo‘yish holatlari paydo bo‘la boshladi. Gdlyan, albatta, o‘z boshlig‘ini obdon o‘rgangan, uning kuchli va zaif tomonlarini bilib olgan, fursati keldi deguncha bundan o‘z manfaatlari yo‘lida ustalik bilan foydalanardi. Karakozov dabdabani, nom chiqarishni, “million”larni yoqtirishini Gdlyan bilardi. Chunki, buning uchun axir mukofot olishardi. Ish shungacha borib yetdiki, boshliq emas, u boshliqqa aylanib qoldi.

Karakozov katta miqdorda pul, qimmatbaho buyumlar musodara qilinayotgan paytda shaxsan qatnashishi mumkin bo‘lgan holatni aslo qo‘ldan boy bermasdi. 1986 yil oktyabrda u Toshkentga keladi, bu yerda Gdlyan va boshqa tergovchilar bilan birgalikda Urgenchga uchadi. So‘ngra hammalari mashinaga o‘tirib Turkmanistonning Toshovuz viloyatidagi Kalinin nomli jamoa xo‘jaligi tomon yo‘l olishadi. U yerda Yo‘ldosh Saidovning uyini qidirib topishib, pullarni chiqarib berishini talab qilishadi. U e’tiroz qilib o‘tirmay, tergovchilarni og‘ilxonasiga boshlab kiradi va yerni kovlab ikkita xaltani olib beradi. Xaltalardan pul solingan jomadon va portfel chiqadi. Hammasi 50 va 100 so‘mlik pullar edi. Topilgan pullarni uyga olib kirishadi. Karakozov pullarni sanab o‘tirmay, saralash kerakligini aytadi. 50 va 100 taliklarni alohida taxlab, diplomatga, qolganlarini jomadonga joylashadi. Karakozov diplomatga pullarni o‘zi joylaydi. Diplomat jomadondan chekkaroqda, ya’ni deraza oldida turardi. Karakozov pul uyumidan dasta-dasta pullarni olib, diplomat tomon yo‘naladi. Shu tariqa birmuncha vaqt uyning birinchi yarmida uning yolg‘iz o‘zi qoladi. Tergovchi Ibrohimov hamda chaqirilgan xolislar esa uyning ikkinchi yarmida edi.

Tadbir ishtirokchisi Rahim Ismoilov so‘zi: “Birmuncha vaqtdan keyin Karakozov men bilan Golovinga xonani bo‘shatib qo‘yish va biron kimsa yaqin kelmasligi uchun ko‘cha tomondan uyni qo‘riqlashni ta’min etish haqida buyruq berdi. Shaxsan menga bu buyruq juda g‘alati tuyuldi. Men bilan Golovin xonani tark etdik. Chunki bu tekshiruvda ikkalamiz ham Karakozovga bo‘ysunardik. Xonada Karakozov, tergovchi Ibrohimov va, familiyasi esimda yo‘q, yana bir odam qolishdi. Xonada chiroq yonib turardi, ko‘cha esa qorong‘i edi. Ko‘chada turganimda xonadagi voqealarni ko‘rib turardim. Men va Golovin bir-birimizdan 3-4 metr uzoqroq masofada edik. Hammayoq jimjit. O‘zaro gaplashmasdik. Men deraza orqali xonaga ko‘z tashladim. Shunda Karakozov xonaning Ibrohimov turgan qismidagi poldan ikki dasta pulni olib, diplomatga joylayotganini ko‘rdim. Yana bir safar Karakozovning bir qo‘lida dasta-dasta 100 talik, ikkinchi qo‘lida esa 50 talik pullar borligini aniq ko‘rdim. Karakozov avval yonveriga alanglab olib, tergov ishi ishtirokchilariga bilintirmay kitelining ichki cho‘ntagiga ikki pachka pulni solayotganini ko‘rdim. Bu vaqtda diplomat pulga liq to‘la edi. Karakozov cho‘ntagiga solgan pullar necha so‘mlik ekanini aytolmayman, ammo shuni bilamanki, diplomatga Karakozov 50 va 100 talik pullarni joylayotgan edi. Men uning qilgan ishidan g‘azablanib, derazadan nari ketdim va Golovinga: “Karakozov qandaydir hunar ko‘rsatyapti”, — dedim. Karakozov ikki dasta pulni ichki cho‘ntagiga solib qo‘yganini Golovinga gapirib berdim. Biz deraza yonida turgan paytimizda Karakozov bizning gaplashayotganimizni eshitib derazani ochdi va vaziyat bilan qiziqdi. Biz hammasi joyidaligini aytdik. Shundan so‘ng Karakozov xonaga kirishimizga ruxsat etdi. Biz endi xonaga kirmoqchi bo‘lib turgandik, shu vaqt Karakozov bizga ro‘baro‘ keldi, u chuqur hayajonda edi. So‘ngra uyning so‘l tomoniga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Besh minutlar chamasi o‘tar-o‘tmas u qaytib keldi. Pullar ro‘yxat qilib bo‘lingandan keyin men, Golovin, Karakozov — uchchalamiz bir mashinada Urgench shahriga keldik. Men bo‘lib o‘tgan voqeani Anisimovga gaprib berdim. Toshkent shahriga yetib kelishimiz bilan O‘zbekiston Respublikasi DHK sobiq raisi V.A.Golovin nomiga axborotnoma yozdim. Yozgan axborotnomamni shundan keyingi taqdiri menga noma’lum. Nazarimda bu masalani tekshirib ko‘rish bilan hech kim shug‘ullanmagan.

Men qat’iyan shuni aytamanki, bu odam German Petrovich Karakozov edi. Pullarni olib kelish uchun yo‘lga chiqishimizdan oldin tergovchi Gdlyan uni guruhimiz rahbari, deb tanishtirgan edi”.

Endi bu haqida Golovinning aytganlariga quloq soling: “Karakozov dasta-dasta pullarni joylayotgan diplomat stul ustida turardi, uni ko‘cha tomondan deraza orqali yaxshi ko‘rish mumkin edi, ayni chog‘da pullarni joylash bilan mashg‘ul bo‘lgan boshqa kishilarga Karakozovning harakati yaxshi ko‘rinmasdi. Uy atrofida bo‘lgan vaqtimizda Ismoilov bilan mening oramdagi masofa uncha katta emasdi, o‘tkazilayotgan tadbirni qo‘riqlash bo‘yicha vazifamizni bajararkanmiz, biz bir-birimiz bilan gaplashmasdik. Uyni aylanib yurib, Ismoilov deraza yonidan chiqdi va bir zum uning oldida turib qoldi. O‘sha paytda uy ichida nimalar bo‘layotganini men ko‘rganim yo‘q.

Davomi bor. 

Viktor ILYUXIN

yuridik  fanlar doktori,

professor

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.