Gdlyanning millionlari:afsonami, haqiqat? Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi

Davomi. Boshi 42-46-sonlarda

Shunda birdan Ismoilov men tomonga tez-tez yurib keldi, u o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, hayajonlanardi. Menga murojaat qilib, Karakozov Ibrohimovdan pullarni olgach, orqasini o‘girib diplomat oldiga kelganligini, tik turgan holda pullarni diplomatga joylaganini va payt poylab turib, hech kim kuzatmayotganiga ishonch hosil qilgach ikki dasta pulni kitelining ichki cho‘ntagiga solganligini, buni o‘z qo‘zi bilan ko‘rganligini aytdi. Keyin Islomov bu 50 va 100 talik pullar edi, deb tushuntirdi. Biz ehtiyotsizlik qilib, bemalol gaplashibmiz.

 

Deraza ortida turgan Karakozov ovozimizni eshitib, tezda tashqariga chiqdi, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, qo‘llari qaltirar, titragan ovoz bilan tutila-tutila: begona kishilarni ko‘rmadinglarmi, deb so‘radi. Keyin Karakozov bizdan va uydan uzoqlashdi. Birmuncha vaqtdan keyin qaytib keldi. U bizni uyga kirishga taklif qildi. Avvaliga men buni istamadim, keyin mayli deb xonaga kirdim, pullar sanalmasdan joylanib bo‘lgandi. Pullarni o‘z xohishi bilan chiqarib berganligi haqida protokol tuzilib, ushbu tergov harakati ishtirokchilari tomonidan imzolandi. Keyin biz Urgench shahriga jo‘nab ketdik va bo‘lib o‘tgan voqealar xususida Ismoilov bo‘linma boshlig‘i Anisimovga axborot berdi. Kelasi kuni Anisimov pullarni olish chog‘ida yuz bergan voqea haqida tergovchi Gdlyanga ma’lum qilingan emish. Safardan Toshkent shahriga qaytganlaridan keyin Golovin bilan Ismoilov xuddi Yu.N.Anisimovga bergan axborotlarini O‘zbekiston Respublika DHK raisi V.A.Golovin nomiga yozib berishdi.

O‘zbekiston DHK boshqarmasi boshlig‘i Yu.Anisimov Golovin bilan Ismoilov bergan guvohliklarini tamomila tasdiqlaydi. Ular Toshovuz viloyatidan Urgench shahriga qaytib kelishlari bilanoq yuz bergan voqea haqida axborotnoma yozganlar. Har ikkalasi ham Karakozovni fosh qilish yuzasidan qat’iy choralar ko‘rishni taklif qilishgan. Ammo vaqt o‘tgan edi. Oradan bir necha soat o‘tgach Anisimov Gdlyan biron bir chora ko‘rar degan umidda yuz bergan voqea haqida unga xabar qiladi. Ammo Gdlyan bu gapni Ivanov bilan o‘rtoqlashish mumkinmi yo yo‘qmi, deb so‘rash bilan cheklangan xolos.

Yu.Anisimov yana quydagilarni aytdi: “Mening axborotimni olgach tergovchi Gdlyan men keltirgan faktlarni rad etib ham o‘tirmadi va “Shunday odamlar bilan ham ishlashga to‘g‘ri keladi”, — deb qo‘ydi. Tergovchi Gdlyan Karakozovning qilgan ishidan darg‘azab bo‘ldi va Karakozovning xatti-harakatiga huquqiy baho berib, uni davlat mulkini katta miqdorda o‘g‘irlashdan iborat deb baholadi”.

Men kishilarga baho berishda Gdlyan singari bir narsaga qat’iy yopishib olmoqchi emasman. Karakozovga o‘g‘irlik qilgan, degan aybni qo‘ymadik. Ammo Anisimovning Gdlyanga bu haqida ma’lum qilgani Karakozovga nisbatan shunday “tushov” bo‘lganki, bu Gdlyanga o‘z rahbarini “tushovlab olish” imkonini bergan, deb o‘ylashim uchun menda asoslar bor edi.

Toshovuz voqeasi haqidagi hikoyaga nuqta qo‘yishdan avval kichik bir qo‘shimcha qilmoqchiman. Biz xolislarni, tergovchilarni so‘roq qildik. Ular ham uyda pullarni musodara qilish va saralash bilan bog‘liq holatlarni tasvirlab berdilar, ammo o‘g‘irlikdan xabarlari yo‘qligini, ehtimol buni ulardan yashirincha qilgan bo‘lishlari mumkinligini aytdilar. Biz voqea sodir bo‘lgan joyga borib, guvohlarning aytganlarini tekshirib ko‘rdik, tergov eksperimenti o‘tkazdik. Tekshirishlar Yo‘ldosh Saidovning uyi derazasi orqali uy ichida yuz berayotgan hamma voqealarni ko‘rish, hatto xonaning derazaga yaqin joyida yotgan kitobning nomini o‘qish ham mumkin ekanligini tasdiqladi. Ammo isbotlanganlik yoki isbotlanmaganlik masalasi baribir ochiq qoldi. Bosh prokuror Karakozovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni tugatgan bo‘lsa-da, ammo Toshovuz voqeasi haqida lom-lim ham demadi. Nima ham derdik, u ish materiallaridan mutlaqo bexabarligidan bundan boshqacha yo‘l tuta olmasdi ham.

Endi yana Gdlyan haqida. U Yu.Anisimovning axboroti xususida SSR Ittifoqi Prokuraturasi rahbariyatiga ma’lum qilmaganligi turgan gap. Holbuki olingan axborot to‘g‘riligi yoki noto‘g‘riligidan qat’i nazar, rahbariyatga ma’lum qilishi shart edi. Gdlyan badnom qiluvchi materiallarni to‘plab borishni yaxshi ko‘rardi. Shunday materiallar yordamida u o‘z guruhidagi ayrim tergovchilarni “gah” desa qo‘liga qo‘nadigan itoatgo‘y, sadoqatli qulga aylantirib olardi. Tergovchilardan qaysi biri qaerda va kim bilan bo‘lgani, ichkilik ichgan-ichmaganligini, ayollar bilan bo‘lgan-bo‘lmagani, nimalar xarid qilgani haqida unga va Ivanovga yetkazib turishardi. Bu — ishning bir tomoni edi. Uning boshqa yana bir muhim tomoni bor. Gdlyan illatning oshkor bo‘lib qolishidan juda-juda cho‘chirdi, chunki o‘zi ham yomon ahvolga tushib qolishi mumkin edi-da. U 1986 yilning oxirlarida qiyin ahvolga tushib qoldi: A.Ro‘zmetov avtomashinasidagi buyum va qismlar o‘g‘irlangan, soxta akt tuzilib videokassetalar ro‘yxatdan chiqarilgan, bir qancha odamlar o‘z joniga qasd qilgan,  bularning hammasi u yoki bu darajada uning tergoviga borib taqalardi. 

Biroq biz Gdlyanga nisbatan ancha jiddiy arznomalarga ham duch keldik. Men yuqoridagi mulohazalarimga ko‘ra, ulardan ayrimlarini keltirib o‘tish joiz deb bilaman.

Gapni Gdlyan guruhida tergovchi bo‘lib ishlagan Yu.Pisarevskiy bergan guvohligidan boshlay qolay. U quyidagilarni aytib berdi:

“Diplomatni ochib ko‘rilganda unda 458 ming so‘m bor edi. Bu pullarni po‘lat sandiqqa solib qo‘ydik. Kalitining bittasi menda edi, ikkinchisini Gdlyan yoki Ivanov olgandi. Po‘lat sandiqni Gdlyandagi muhr bilan surg‘ichladik. Menda bunaqa muhr yo‘q edi. Barcha tergovchilar DHKda soat 2000 gacha bo‘lishlari mumkin edi, ammo Gdlyan bilan Ivanov bundan mustasno edi. Men DHKdan xolislar bilan birga chiqib ketdim. Ertasi kuni erta bilan pul qo‘yilgan po‘lat sandiq turgan DHKning 330-xonasiga Respublika prokuraturasining kassiri, buxgalteri — Zorya Alekseevna va Rita, guvohlar, Respublika prokuraturasi maxsus texnika bo‘yicha injeneri Volodya ismli yigit taklif qilindi. Qo‘yilgan pullar qayta sanab chiqildi. Shunda kecha qo‘yilgan pulga nisbatan 2000 so‘m yetmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Gdlyan menga da’vo qilib qoldi. Men unga bu yerdan soat 2000 da xolislar bilan birga ketganligimni aytdim. Yana unga: ikkinchi kalit ham sizda, qimmatdorliklarni surg‘ichlashda qo‘yiladigan muhr ham sizda, dedim. Buni eshitgandan keyin Gdlyan jim bo‘ldi. Shundan so‘ng yangidan ko‘zdan kechirish protokoli tuzildi — bunisida endi yangi summa — 456 ming so‘m ko‘rsatilgandi. Protokol ham, xolislar ham endi boshqa edi”.

Vidodil Izzatovning bergan guvohligidan: “Gdlyan Bosh prokuror ko‘rsatmasi bilan kelganligini va ko‘p odamlarni qamoqqa olajagini aytdi... Shundan so‘ng u: sen turksan, men bo‘lsam armani, yurtdoshlar sifatida umumiy til topishishimiz kerak, dedi. Mening: “Buni qanday qilish kerak?” — deb bergan savolimga, Gdlyan: sen menga o‘n ming so‘m pul berasan dedi va Buxoro viloyati bo‘yicha uning odami bo‘lib qolishimni aytdi.

Anvar Madaminov — Toshkent viloyati ijroiya qo‘mitasi ichki ishlar boshqarmasining davlat avtomobil nazorati sobiq boshlig‘i: “1984 yil 24 mayda mening xonamga Gdlyan kirib keldi, yakkama-yakka gaplashdik. U menga 70 ming so‘m berishim kerakligini va u meni darhol bo‘shatishini, ammo u bilan hamkorlik qilishimni aytdi...”

Shamsi Rahimov: “Gdlyan mendan 50 ming so‘m berishimni talab qildi. Shu maqsadda u bir yarim yil mobaynida omonat kassaga — mening, xotinim va o‘g‘limning nomiga qo‘yilgan omonat pullarni xatga olmay turdi”.

Bizga Calim Rahmonovdan arznoma tushdi. U arznomasida: SSSR Prokuraturasining tergov bo‘limi xonasida T.Gdlyanga yuz ming so‘m berganligi, og‘ir jazodan qutilib qolish maqsadida shunday qilgani, bu pullarni Gdlyanning o‘zi talab qilgani haqida yozadi. 

Gdlyan sha’niga bunday ayblar qo‘yishayotganiga biz befarq qarab turolmasdik. Tekshirib ko‘rish, Gdlyanga nisbatan aytilgan bu gaplarning  tagiga yetish kerak edi, zero “shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi”.

(Davomi bor)

Viktor ILYUXIN

yuridik  fanlar doktori,

professor

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.