Ikki dunyo bir qadam. O‘g‘lim, bolangga yaxshilikni o‘rgataver, yomonlikni hayotning o‘zi o‘rgatadi

Bolakayga maktabdan o‘qituvchisi xat berib yubordi. Onasi maktubni ovoz chiqarib o‘qib berdi:

 OLIMNI YIG‘LATGAN MAKTUB

“Muhtarama... xonim, sizning o‘g‘lingiz daho! Bizning uni o‘qitish uchun bilim va tajribamiz yetarli emas. Sizga o‘g‘lingizni nufuzliroq maktablarda va bilimliroq o‘qituvchilar qo‘lida o‘qitishni tavsiya qilamiz. O‘g‘lingiz kelajakda, albatta, buyuk odam bo‘lib yetishadi”. 

Xatni o‘qib bo‘lgach, ona o‘g‘lini quchoqlagancha yum-yum yig‘ladi. 

Oradan yillar o‘tib, bolakay ulg‘ayib, ellikni qoralaganda onasi olamdan o‘tdi. Ruhan ezilgan, hayotning nogahoniy zarbasi qarshisida dovdiragan siniq bir kayfiyatda onasidan qolgan sanoqligina buyumlarga ko‘z yugurtirdi. Da’fatan sarg‘ayib, chetlari biroz idragan qog‘ozga ko‘zi tushdi. Ochdi. Bu o‘sha bir paytlar o‘qituvchisining onasiga yo‘llagan maktubi edi. O‘qish jarayonida xatning oxirgi satrlari uning ko‘z yoshlari bilan namlandi. Unda shunday so‘zlar yozilgandi:

“Muhtarama... xonim, sizning o‘g‘lingiz o‘ta nodon, o‘zlashtirishi g‘oyat achinarli. Bu boshqa o‘quvchilarning bilim olishiga o‘z ta’sirini o‘tkazishidan maktab ma’muriyati xavotirda. Vaqt borida boshqa maktab va boshqa o‘qituvchi toping, tokim uning o‘zlashtirishi maktabimiz yuziga dog‘ bo‘lib tushmasin. Kafolat beramanki, o‘g‘lingiz kelajakda hech narsaga yaramaydigan no‘noq bo‘lib yetishadi”.

Oradan yillar o‘tib, o‘sha xatni o‘qib, ko‘z yoshlariga g‘arq bo‘lgan “bolakay” mashhur olim Tomas Edison edi...

Bolaligimda “dunyo sovxoz idorasining orqasida tugaydi” degan g‘o‘r tushuncha bilan yashardim...

4-sinfda o‘qiyotganimizda tuman maorif bo‘limidan komissiya keldi. “Komissiya bovalar” tashrifidan oldin “bilmasvoy”lar orqa partalarga, bilag‘onlar old partalarga joylashtirildi. Kimga qanday savol berilishi-yu, qanday biyron javob berish kerakligi obdon o‘rgatildi. Men ham bilag‘onlar safida jon-jahdim bilan, tirishib-tirmashib harakat qildim. Axir, komissiya bizning sinfni “zo‘r” deb ketsa, qanday yaxshi. O‘shanda jinday ulg‘aygan shuurimda “dunyoning hamma ishida oldindan rejalashtirilgan tartib bor”, degan musaffo tushuncha shakllangan edi...

Dunyo esa sovxoz idorasining orqasida tugamas, hamma ishda ham tartib bo‘lavermas ekan...

 JAYDARI FALSAFA

 Men keyinchalik ovozim do‘rillab, mo‘ylabim sabza urganda qancha dunyolarni kashf qildim va tartibsizliklarga guvoh bo‘ldim. Biroq o‘jar Arximedday tayanch nuqtasini topib, yer sharini joyidan qo‘zg‘atishga o‘xshash urinishlarim ham abas ketdi. 

Saksonni qoralagan otam bir gapni doim ta’kidlaydilar: “O‘g‘lim, bolangga yaxshi narsalarni o‘rgataver, yomonini hayotning o‘zi o‘rgatib qo‘yadi”. Soqoli oqargan otamning bu “jaydari falsafa”siga yaqin-yaqingacha kinoyaomuz qarardim. Inson — hayot ummoniga irg‘itilgan no‘noq suzuvchi. Yo ummonni mahv etadi yoki dolg‘alarga dosh berolmay suv tubiga g‘arq bo‘ladi. “Faylasuf otam” shuni nazarda tutdimikan? 

Yashayversang, o‘qiyversang, ko‘p narsani ko‘rar, bilar ekansan.

Frantsuz klassigi Prosper Merime atoqli vatandoshi Gi de Mopassan haqida shunday yozadi:

“Frantsiyaning chekka provintsiyalaridan yoshgina qizaloq, Mopassan asarlarini o‘qib, adibni g‘oyibona sevib qoladi. Mopassan bilan ko‘rishmoq istagida yongan qizaloq orzu og‘ushida ishqdan qanot bog‘lab Parijga uchadi. Istak shu darajada kuchli edi-ki, u daryodan olib o‘tib qo‘yishni va Mopassan bilan tanishtirishni va’da qilgan qayiqchiga o‘z borlig‘ini tortiq qilishga ham rozi bo‘ladi. Axir, u kimsan Mopassan bilan tanishadi-ku! Kelishuvga binoan “ishq lahza”laridan bahramand bo‘lgan qayiqchi “asl qiyofa”sini namoyon qiladi. U umrining so‘nggi lahzalarida savdoyiroq bo‘lib qolgan Mopassanning o‘zi edi“.

Janob Merimening ushbu asaridan so‘ng ham Mopassan asarlari hamon sevib mutolaa qilinmoqda.

Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” asarida yozilishicha, Goa oromini zabt etmoqchi, shu bilan birga, Akbarshoh davlatini ichdan yemirmoqchi bo‘lgan portugallar Albert Pereyroni Boburiylar saroyiga yo‘llashadi. Pereyro o‘z ismini Alibekka o‘zgartirib, hatto islom dinini qabul qiladi va shahzoda Salimning eng ishonchli odamiga aylanadi. Pirovardida portugallar o‘z siyosiy maqsadlariga yetadilar. Hindiston ichidan yemirila boshlaydi.

Yolg‘on oiladan bir yoki bir necha shaxs vositasida jahon sahnasiga ko‘chadi.

 DIPLOMATIYA VA XANJAR

 Sobiq AQSh prezidenti Ruzvelt diplomatiya haqida shunday fikr bildirgan edi: “Diplomatiya — tabassum ila kurakka xanjar sanchish san’atidir”. Ruzvelt boboning bu iqtibosi AQShning hanuzgacha dunyoga hukmronlik qilish da’vosida, qat’iy pozitsiyasida aks etib kelmoqda. Tahlilchi yoki sharhlovchi emasman, lekin bir narsani aniq bilaman, ayni davrda ko‘pgina mamlakatlarning allambalo bloklaru tashkilotlarga intilishi janob Ruzveltning chiroyligina yolg‘oni hosilasi hamdir. 

Maktabda ilk geografiya darsida meni taajjublantirgan narsa geografik xarita bo‘lgandi. Garchi geograflar yer sharini janubiy va shimoliy yarim sharlarga bo‘lib tasvirlagan bo‘lsalar-da, men bu tasvirni yillar o‘tib, aniqrog‘i yoshim qirqni qoralaganda, boshqacha “kashf” qildim. “Kashfiyotim”da xaritadagi ikki pallaga bo‘lingan yer shari tasviri ostida tarozi bor edi... Taroziki dunyoni muvozanatda ushlab turuvchi, taroziki pallalardan birining dumalab ketmasligi uchun posangisi ortida dunyodagi tugamaydigan tartibsizliklar ham o‘ziga xos vazifa bajaruvchi.

 HIYLAYI SHA’RIY

 Rostgo‘ylikka chorlab yozilgan kitoblar, hatto  risolalarni ham qo‘shsak qanchalik ulkan “tog‘” paydo bo‘lishini tasavvur qiling. Bu da’vatda dinu shariatning salmoqli o‘rni bor. Shu o‘rinda yana ziddiyatga duch kelamiz. Shariatda orasi buzilgan odamlarni yarashtirib qo‘yish uchun yolg‘on ishlatish mumkin. Ehtimol, bu qarama-qarshilikmas, izndir? Izndir-ki, adib o‘afur o‘ulom yozgan “Hiylayi sha’riy”larga yo‘l ochib beruvchi.

Demak, yer shari borasida mening “kashfiyot”imda jon bor. Dunyo yaralibdiki, har bir holatning, har bir nafsning ziddi bor. Bir-biriga zid bo‘lgan tushunchalar, nazariyalar yer sharini ikki pallasiga bo‘linib olib, tarozini muvozanatda ushlab turmasmikan? 

Xo‘sh, yolg‘on faqat halokatga eltadimi? Tasavvur qiling. Yangi yil kechasi uyingizga Qorbobo tashrif buyurdi. O‘sha-o‘sha qolipdagi jumlalar, yodaki replikalar hamda uning sovg‘a xaltasi bilan birga xonadoningizga o‘zgacha shukuh kiradi. Endi o‘ylab ko‘ring: Qorbobo shartta kiyimlarini yechsa-yu, qo‘shningizmi, jiyaningizmi bo‘lib chiqib, siz bilan o‘tirib choy ichsa. Ha-a! Hafsalangiz pir bo‘ldimi? Bolalaringiz ko‘zidagi quvonchdan esa asar ham qolmaydi. Yolg‘on ishlatish kerakmas ekan, unda odamlar Qorboboni o‘ylab topgan. Qorbobo qiyofasida hayotdan izlangan ovunch mujassam, xolos. Go‘dak ham biladi Qorbobo yolg‘on personajligini. 

 TANAZZUL VA TARAQQIYOT 

Otam meni “uchirma” qilganda ham, hayot atalmish ummonning qirg‘oqlariga kelganimda ham, dunyoga boshqacha nazar tashlashni bilmasdim. Bir necha dolg‘alarga duch kelib, qirg‘oqdan ancha ichkarilaganimda esa dunyoning sovxoz idorasidan judayam-judayam narida tugashini, minglab, millionlab sovxoz idoralari jamlansa atigi birgina nuqtadek joy bo‘lishini angladim. Betartibliklar esa dunyo ichra o‘rnatilgan tartiblar ekan.

Oradan qariyb qirq yil o‘tib uniqib ketgan maktubni topib yig‘lagan buyuk fizik Edisonga onasi bolalik chog‘ida o‘qituvchisining xatidagi so‘zlarni ro‘yirost o‘qib berganida ehtimol, dunyo buyuk olimning kashfiyotlaridan bebahra qolarmidi. Xo‘sh, Edison nega yig‘lagandi?

Balkim dolg‘ayu po‘rtanalardan omon qolib, ummon uzra yongan mayoqqa birgina yolg‘on bilan yetib kelgani sababdir? Balki hayotda muqarrar adolat yo‘qligini anglaganidandir? 

o‘oyalar o‘zgaraveradi, mafkuralar o‘zgaraveradi, biroq har ikki holda ham yolg‘onning muqarrarligi ayon. Insoniyat bor ekan, yolg‘on bo‘ladi. U nafaqat halokatga, ba’zida buyuk ishlarga ham qodir.

Abdumansur G‘AFFOROV

Jurnalist

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.