“Uning boyliklari umrlarga teng”. Shoirning hamrohi xayol, hayoti xayol, qismati xayol.

Bolaligimda akamga qo‘shilib chamasi olti oylar maktabga borganim esimda. Shunda o‘qituvchi endi harf o‘rganayotgan bolakaylarga ertagu dostonlar, she’ru matallar o‘qib berardi. “Oygul bilan Baxtiyor” ertak-dostoni barcha o‘quvchilarning diliga hayratu hayajon bag‘ishlagani yodimdan chiqmaydi.

 

O‘sha kezlari bu go‘zal doston muallifi haqida hech nima bilmaganman. To‘g‘ri-da, bu yoshda yod olgan she’ringu eshitgan doston, ertagingni kim yozgani bilan ishing bo‘lmaydi. Ammo bitta haqiqat bor, katta ijodkorlar katta va go‘zal asarlar yozishadi va ularning yozganlari aslo yosh tanlamaydi. Barchaning qalbu shuuriga o‘zining pokiza ne’mati — kamolot sari intilish orzusini beraveradi. So‘z yuritmoqchi bo‘lganim Hamid Olimjon asarlari ana shunday quvvatga ega bebaho ganjdir. 

Bu hassos shoirning keyinchalik she’rlarini, dostonlarini yod oldim. Bugun ularni farzandlarimga aytib bermoqdaman. Uchrashuvlarga borganimda ham Hamid Olimjonning satrlaridan misollar keltiraman. Undan olgan ulgularimni so‘zlab beraman. Va bu atoqli ijodkorning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi haqida o‘ylasam, hayratim olam-jahon bo‘lib ketadi. O‘ttiz besh yoshida yorug‘ olamni tark etib ketgan zotdan shunday ulug‘ meros qolishi hazil gap emas, albatta! 

Hamid Olimjon  tabiat manzaralarini tasvirlashdagi mahorati, yil fasllari, daryolar, yurt go‘zalligidan hayratlanish tuyg‘ularini ifodalashdagi betakror usuli bilan boshqa shoirlardan ajralib turadi. Nihoyatda tiniq va yorqin obrazlar o‘quvchini ohanrabodek tortadi. “Tashna ko‘ngilday chanqagan barglar...” deb yozadi “Zarafshon qo‘ynida” she’rida. E’tibor bering, borliq va inson tuyg‘usi, tabiat va ko‘ngil, ruhiy dunyo va moddiy dunyo muqoyasa qilinmoqda. Barglarning ko‘rinishini, holatini tashna ko‘ngilga o‘xshatmoqda. So‘lg‘in barglar, quriyotgan barglar degan iboraning o‘rniga shoir ko‘chma ma’nosini keltirmoqda va go‘zal obraz yaratmoqda.  

Zarafshon nomi bilan ataladigan yurt, Zarafshon nomi bilan ataladigan daryoga bo‘lgan mehri va muhabbatni haroratli satrlar ila izhor etadi. Tuyg‘ularning samimiyligi va ehtirosi kitobxonni hayajonlantiradi. Lirik qahramon yurtni, daryoni yorni sevgandek ardoqlaydi. Shoir go‘yo tabiatga emas, insonga murojaat qilgandek bo‘ladi. Mana shu hodisa shoir she’riyatining yuksak badiiyatini namoyon etadi. Quyidagi satrlarda lirik qahramon qizga emas, daryoga qarata shunday deydi:    

 Ko‘p uzoq yo‘llar, quvladim... yetdim,

Men senga oshiq ko‘rgali keldim.

Men seni ko‘rdim, sevinchga botdim,

Shakar lablardan bo‘salar oldim,

Bo‘salar oldim.

 Badiiy so‘z nafosati, go‘zal istioralar o‘quvchiga zavq bag‘ishlaydi. Yurtning go‘zalligini ayolning husni jamoli va tarovatiga qiyoslaydi. Ehtiros bilan o‘z muhabbatini izhor etadi. Axir, yurt deganda sevimli yor ham tushuniladi-ku.  Faqat o‘z yurtini sevgan insongina haqiqiy muhabbatni chin yurakdan his etadi. Axir, jondan ham aziz-ku Vatan. Vatan uchun jon fido qilish er yigit uchun shon-sharaf-ku! 

“Bahorni sog‘inganda” she’rida Hamid Olimjon ko‘hna turkiy she’riyat an’analarini davom ettirganini ko‘ramiz. Mavsum qo‘shiqlarining ohanglari yangicha jilo bilan tovlanadi. Qahraton ayoz zabtiga olmoqda, bo‘ron qutirmoqda, degan so‘zlashuv nutqidan, bayonchilikdan qochib, shoir musavvirona manzaralarni so‘z bilan chizadi. “Qish cholar cholg‘usin...” degan birgina satrda qishning hamma manzaralari yorqin jonlanadi.  

Qirchillagan qishdan bezgan shoir tasavvurida bahorni yaratadi va unga shunday murojaat etadi.

 Shunda cho‘pon kabi kezib tog‘lar,

Men seni bir o‘pay, quchoqlay-da...

Suv – buloq bo‘ylarinda charchay-da,

So‘ngra qo‘yningda erkalab uxlay. 

 Tabiat qo‘ynida ko‘klam mo‘’jizalaridan zavqlanish tinch, osoyishta, farovon hayotning timsolidir. Ozod va emin-erkin sayr etish, cho‘pondek tog‘larni qadamma-qadam kezish — baxtu saodatdan nishona. She’rning betakrorligi bahorni jonlantirishda, kelinchakdek go‘zal faslni odam kabi tasavvur etishdadir. 

Shoir bahorga “Men seni bir o‘pay, bir quchoqlay-da” deydi. Boladek beg‘ubor va nafis tuyg‘ularini izhor etadi. Faqat shoirgina yurt go‘zalligi, tabiat chiroyiga o‘z tuyg‘usini ana shunday izhor etishi mumkin. 

“Ozar qizi” she’rida shunday satrlar bor:

 Tingladim yoqimli kuylarni,

O‘pdim men turmushning yuzidan.

 Hayotsevarlikni bunday avj pardalarda kuylash har kimga ham nasib etavermaydi. Shuning uchun Hamid Olimjonni zamonamizning eng iste’dodli shoirlari o‘z ustozi, deb bilishgan. Shoirning badiiy mahoratidan saboq olishgan, shoirning she’rlaridan so‘z ranglari bilan qanday manzaralar chizish sirlarini o‘rganishgan. Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Yo‘ldosh Eshbek... Bugun o‘z mahoratini namoyon etayotgan navqiron shoirlar ham Hamid Olimjon maktabining o‘quvchilaridir.

O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ustoz Hamid Olimjon mahoratini shunday e’tirof etadi:

“Hamid Olimjon, avvalambor, lirik shoir. Biz ko‘pincha lirika deganda mazmuniga ko‘ra muhabbat yoki manzaraga oid she’rlarni tushunib yuramiz. Xolbuki, quruq bayonchilikdan iborat “lirika”lar ham yo‘q emas. Haqiqiy lirik asarda ko‘z ham, quloq ham ilg‘ay olmaydigan, faqat ruhning torlarigina seza oladigan titratmalar mavjud bo‘ladi. Go‘zal va teran lirik holatni eng buyuk rassomlarning rangtasvirlarida ham uchratamiz. Bunday asarga yillab termulsangiz ham to‘ymaysiz, u sizning holatingizni butunlay boshqa o‘zanga burib yuborishga qodir. 

O‘zbek she’riyatida lirikaning eng go‘zal va nafis namunalari, albatta, bor. Lekin Hamid Olimjon lirikasi boshqa birorta shoirning lirikasiga aslo o‘xshamaydi. Bu lirika marmar kabi tiniq, lekin sovuq emas. Unda tasvir ham, ohang ham bo‘lakchadir: “Shivirlaydi betinim daryo, Shig‘irlaydi vahm to‘la jar”, “Xolbuki, tun — bunda odatda, Butun borliq uxlarday sokin”, “Xayolimda bo‘lding uzzu-kun, Seni izlab qirg‘oqqa bordim. Och to‘lqinlar pishqirgan tunda Topib ber, deb oyga yolvordim”.

Ushbu sehrli misralarni oyning nim qorong‘usida sokin shivirlayotgan soy bo‘ylarida jimgina takrorlash naqadar yoqimli... Demak, lirika ruhning suratidir.

Hamid Olimjonning she’riy misralarni sayqallash ustida bahodirona ter to‘kish mahorati ham hali necha-necha avlod shoirlarga ibrat bo‘lib qolgusidir”.

Shoirning “Qish” sarlavhali she’ri lirikaning eng go‘zal namunalaridan. Agar boshlovchi shoirga she’riyatning kitoblarda yozilmagan sirlarini o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, Hamid Olimjonning mana shu she’ri eng yorqin va eng namunali misol bo‘ladi. She’rda voqelik bayon qilinmaydi, badiiy so‘z bilan tiniq manzaralar chiziladi. Mana, qish oqshomi oq dengizga o‘xshatiladi. Odatda dengiz hamisha shovullab mavjlanib turadi. Bu “dengiz” esa to‘lqinsiz uxlaydi. Hamma tomon oppoq qor bilan qoplangan, degan gapni aytmasdan, shoir quyidagicha ko‘rsatib bermoqda:

 Oqshom.. Borliq oq dengiz

To‘lqinsiz uxlar...

Yulduz go‘yo oltin qiz,

Jimlikni tinglar...

 Tabiatdagi narsalar yana odamga o‘xshatilmoqda. Yulduz — oltin qiz... U jimlikni tinglamoqda... Naqadar ajoyib tasavvur. Naqadar ajoyib surat. Ana shu manzarani musavvir mo‘yqalamda tasvirlasa, durdona rangtasvir asari paydo bo‘lardi. Lekin bu badiiy so‘z durdonasini Hamid Olimjon qalam bilan yaratib qo‘ydi. Mana, zavqlanib tomosha qiling:

 Past-past uylar, devorlar

Oq ko‘ylak kiygan.

“Muz tog‘i”dek u tomlar

Tinchlikka cho‘mgan.

Uylar, tomlar aysberglarga — muz tog‘larga o‘xshatilmoqda. Qishloqdagi uylarning hammasi qor bilan qoplangan, tomlarning usti muzlab yaltirab qolgan. Oqshom hammayoq sokin, butun borliq qahratonda muzlab qolgandek go‘yo. Odamlar, turli jonivorlarning qorda yurgani aniq bilinib turadi: 

Tamg‘a kabi taniqli

Har yerda bir iz...

Lekin shunday ayozli tunda muzlab qolgan tabiatga bir ovoz jon bag‘ishlaydi. Beshikdagi bolasini allalab uxlatayotgan onaning ovozi tabiatni batamom muzlab qolishdan omon saqlaydi. Bola obrazida kelajak avlod, inson hayotining davomchilari nazarda tutilgan.

 “Muz tog‘”lardan chiqadi

Bir alla sozi ?  

Yosh go‘dakni yupatgan 

Ona ovozi. 

 Xalqimizning ulug‘ baxshisi Fozil Yo‘ldoshga bag‘ishlangan “Kuychining xayoli” she’rida yaratilgan obrazda Hamid Olimjonning shoirlik mahorati ham tasvirlanganini anglaymiz. 

 Bu xayol so‘ngsizdir, osmon kabi keng,

Bu xayol tugamas hech hali-beri.

Uning boyliklari umrlarga teng,

Hamon belgisizdir boshlangan yeri.

 Shoirning hamrohi xayol, hayoti xayol, qismati xayol. Ijodkor xayolni chizadi. Xayolning parvozi buyuk kashfiyotlarni yaratadi. Xayolning qanotidan tutib, uni so‘z bilan oq qog‘ozga abadiy muhrlagan shoirning asarlari umrboqiy yashaydi.

Hamid Olimjon Ona Vatanimiz O‘zbekiston timsoliga so‘z bilan haykal qo‘ygan shoirlardandir. Yillar o‘tdi, avlodlar almashdi, lekin bu she’r o‘z go‘zalligi bilan o‘quvchilarni o‘ziga rom etaveradi. 

Vodiylarni yayov kezganda

Bir ajib his bor edi menda.

Bunda bulbul kitob o‘qiydi,

Bunda qurtlar ipak to‘qiydi,

Bunda ari keltiradi bol,

Bunda qushlar topadi iqbol,

Bunda qorning taglarida qish

Bahor uchun so‘ylaydi olqish.

Kelgusi yili 110 yilligi nishonlanadigan ulug‘ shoir Hamid Olimjon g‘oyat tahlikali, tahdidlarga to‘la murakkab davrda qalam tebratdi. Millat va xalq fidoyisi sifatida xalq og‘zaki ijodi namunalarini elning atoqli baxshilaridan yozib olish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qilgan paytlarda Fozil shoir va Islom shoirlarga munosib shart-sharoit yaratib berdi. Xalq og‘zaki ijodi bilimdonlari ko‘magi bilan baxshilarning termayu dostonlarini yozib olib, nashr ettirdi. Bu xayrli ishlar shoir ijodida ham muhim iz qoldirgani sir emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida yurtimizda milliy adabiyotimiz rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday g‘amxo‘rlik samarasida Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktablarining ochilishi ulkan voqeadir. Shu ma’noda, shoirning boy badiiy va ma’naviy merosi ko‘ngillarga ajib tuyg‘ularni armug‘on etaveradi. 

 

G‘ayrat MAJID

shoir

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2019
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.