Oltin vasvasasi. Buxoro amirligining maxfiy xazinasi qayerda?

Asli kasbi qishloq xo‘jalik texnikasi bo‘yicha muhandis-mexanik va konstruktor bo‘lgan ushbu esse muallifi J.Murtazoev uzoq yillar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tizimida xizmat qilgan fidoyi hamyurtlarimizdan. Mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligini mustahkamlash yo‘lida jasorat namunalarini ko‘rsatgan. Qator davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Esse to‘liq holda “Yoshlik” jurnalida chop etiladi.

 DONISHMAND MALIKANING QAH-QAHASI

“Yaltiragan narsaning hammasi ham oltin emas”, deydi xalqimiz. Lekin tillasi bor aksariyat odam o‘zini ko‘z-ko‘z qilgisi kelaverishi bor gap. “Ko‘z-ko‘z”i uning o‘zini tutishi, yashash tarzi, dadilligi, ancha-muncha qiyinchilik va muammolarni nazar-pisand qilmasligida namoyon bo‘ladiki, hammasi tillaning “quvvati”ga borib taqaladi. Ayni paytda u “ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” qabilida ish tutib, bosar-tusarini bilmay qolsa,  xasislik va qurumsoqlik botqog‘iga botib ketishi ham mumkin. 

Oltinni ko‘rganda kaltaroq o‘ylaydigan har qanday odamning ko‘ngli sust ketadi. Umuman olganda, oltin asl metall. Aslida shundaymi? Uning zamirida nima ko‘proq — ezgulikmi yoki yovuzlik? Oltinning qanday maqsadda kovlab olingani-yu, qo‘lga kiritilganini bilmasdan turib, bu savolga aniq javob berish mushkul. 

Rossiyalik olim L.Gutov o‘zining “Xudojestvennoe lite iz dragotsennыx metallov” (Moskva-1988 g., str.3-8) kitobida yozadiki, “ibtidoiy odamning metall bilan tanishuvi yerda yombi shaklda uchraydigan oltin bilan misdan boshlangan...”  “Kichik va O‘rta Osiyo, shuningdek, Oltoyda 4,5 ming yil burun oltin qazib olingan va qayta ishlangan”. Bashariyat tarixining barcha davrlarida oltin va tilla taqinchoqlar boylik, dabdaba va hashamdorlik timsoli bo‘lib kelgan. “Iskandar Zulqarnaynning istilochilik yurishlaridan keyin Yunonistonni oltin bosib ketgan. Ayni paytda Eron shohlari saroylaridagi kabi dabdaba va mahobatga havas ham kirib kelgan. Rivoyatlarga qaraganda, Iskandar  Eron shohi Doroning xazinasini o‘marib ketganida o‘n ming tuyaga yuk bo‘lgan”.  

Yirik oltin konlari va oltin zaxirasiga ega davlat tez rivojlanadiki, buning muhim sharti o‘sha katta boylikdan, xazinadan to‘g‘ri va samarali foydalanishiga borib taqaladi. Misol uchun, Buxoro xoqonlari yuz yillar mobaynida boylik to‘plagan, boshqacha aytganda, “oltin bilan brilliantning ustida o‘tirgan”, amirlik xalqi esa qashshoqlik va xor-zorlikda yashagan. Afsuski, qimmatbaho metallarning ko‘pligi boshga balo ham olib keladi. Zero, oltin bosqinchilik urushlaridan qaytmaydigan dushmanlarning ko‘zini o‘ynatadi.

Urushqoq saltanatlar uzoq va yaqin davlatlarning boyligini talash uchun yillar mobaynida vayronkor muharobalar olib borishdan qaytmaganiga tarixda misollar ko‘p. Bunday saltanatlarning hukmdorlari butun-butun mintaqalarning boyliklarini qo‘lga kiritish imkoniyatlaridan ham o‘zlarini tiyib tura olmagan. 

“Oltin, mohiyatan qaraganda, yumshoqligi sabab inson uchun eng keraksiz, bir pulga qimmat metall, biroq uning iblisona sehri zaminni larzaga solib, odamlarning boshiga ta’riflashga til ojizlik qiladigan ko‘rgiliklar keltiradi”.  (G.Levitskiy, “Samыe bogatыe lyudi Drevnogo mira”, Moskva-2011 g. str. 6).    

Buxoro amirligining kechmishi bunga bir misol.

Mo‘’tabar kitoblarimizda yozilmishki, nafsini tiygan, o‘zini balo-qazolardan asraydi.

“Molparastlik ahli basharning barcha davrlarda oromini o‘g‘rilab kelgan. Pul, oltin va yana bir doimiy hamroh — hokimiyat vasvasasi manaman degan buyuk shaxslarni ham o‘z nafsining quliga aylantirib qo‘ygan”. “U (forsiylar saltanatiga asos solgan Kir) bosib olgan Vavilonda donishmand malika — Nitokrisning daxmasi osoyish topgan edi...” Daxma darvozasining peshtoqiga: “Mendan keyin Vavilonning qay bir podshosi pulga muhtojlik sezsa, ushbu daxmani ochsin va istaganicha mol-dunyo olsin. Biroq,  uni behuda ochmasin. Aslida, iloji bo‘lsa, uni umuman ochmagani ma’qul”, degan so‘zlar naqsh etilgandi”. (O‘sha kitob, 5-, 116-betlar.)  “Daxmani ochgan Doro undan hech qanday xazina topolmaydi. Topgani: “Agar sen bunchalar ochko‘z bo‘lmaganingda, marhumlar ruhini chirqillatib, qabrini oyoq osti qilmagan bo‘larding”, degan bitik bo‘ladi. (O‘sha kitob, 117-bet.) 

Misrda  3000 yil ilgari ham oltin qazib olingan. Ko‘rib turganingizdek, qadim zamonlardan odamlar uning qadrlanishini, oltini bor kas jamiyatda munosib mavqega ega bo‘lishini,  boshiga kutilmagan kulfat yoki qiyinchilik tushsa, asqotishini yaxshi bilgan.   

Tilla “uzuk barcha zeb-ziynatlar ichida eng an’anaviy va ko‘p uchraydiganidir. Eramizdan uch ming yil ilgari odat tusiga kirgan bu taqinchoq barcha qadimiy tsivilizatsiyalarga xos. Gerodot Vavilon davlatida muhr o‘yilgan uzuklardan foydalanilgani haqida yozadi. Qadimiy Yunonistonda greklar faqat bitta muhrli-uzuk taqib yurishgan va uzuklarni barmoqlariga huda-behuda “qalashtirib tashlaydiganlar”ga yovvoyilar deb qarashgan. (O‘sha kitob, 16-bet.)  

Turkiston o‘lkasida ham odamlar oltinni yuksak qadrlagan va ham Qizilqum cho‘llarida,  ham Zarafshon va o‘arm daryolarining boshlang‘ich irmoqlaridan  qazib olishgan. 

Jamiyatning eng quyi bo‘g‘ini — oilada tillaning mavjudligi ahli odamga qanday ta’sir qilganini, qanday qadrlanganini aniq misollar orqali ko‘rsatib berging keladi. Ayniqsa, ayollarning unga mehr-e’tibori g‘oyat balandligining sababi nimada? Balki tilla ular uchun ham taqinchoq, ham oilaning “qora kuni”ga yarashi mumkin bo‘lgan tayanch, zaxira, himoya vositasidir.

Modomiki, oltin insonning e’tiborini o‘ziga ohanrabo kabi tortar ekan, bandasi ham unga doim egalik qilishga urinadi. Tillaning borligi yoki yo‘qligining dastidan ba’zan aka-uka, qarindosh-urug‘, oilalar boshiga ne bir kulfatlar yog‘ilmaydi deysiz. Zotan, oltin o‘z egasining taqdiriga salbiy ham, ijobiy ham ta’sir etishi mumkin. Bu insonning qanday ijtimoiy-siyosiy sharoitda yashashiga, tillani qanday niyatda yiqqani-yu sarflaganiga  bog‘liq. 

Buxoroda amirlik hokimiyati qulab, bolsheviklar hukmini o‘tkaza boshlagan, hatto uyidan bitta oltin tanga yoki tilla taqinchoq chiqqan odamning boshiga ne bir savdolar solinganini yodga olaylik: mazlumning barcha mol-mulki musodara qilinib, barcha oila a’zolari hibsga olingan, zindonga tashlangan.      

 OLTINNI HAM ZANG BOSADI

 Turkistonning Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarida o‘tgan asrning yigirmanchi yillarigacha ko‘plab mohir va talantli zargarlar ish yuritgan. Ular yasagan taqinchoqlar o‘zining jim-jimasi, gullari va rang-barangligi bilan ajralib turgan. 

Zargarlar barcha davrlarda jamiyatning alohida e’tiborida bo‘lgan. “Uyg‘onish davrida (XV-XVI asrlarda) zargarlik san’atining nufuzi baland bo‘lganini shundan ham bilish mumkinki, o‘sha zamonning eng atoqli allomalari, musavvirlari va me’morlari Verokkio, Golbeyn, Dyurer kabi zargarlar ustaxonalaridan chiqqan...” (“Xudojestvennoe lite iz dragotsennыx metallov». Leningrad-1988 g.str 11). 

Rossiya haqida gap ketganida manbaalarga murojaat qilamiz. “Dastlabki yillarda bunday hashamatli buyumlarni Parij yetkazib bergan, sababi Rossiya o‘arbiy Yevropa bilan o‘zaro savdo-sotiqni keng yo‘lga qo‘ya boshlagan, so‘ng zargarlar kirib kelgan... Pyotr I zamonida esa amaliy san’atning gurkirab rivojlanishi uchun faqat tamal toshi qo‘yilgan. Harbiy va qurilish ishlari ehtiyojlariga g‘oyat katta hajmda mablag‘ sarflangani sababli, shuningdek, o‘zining oltin va kumush konlari bo‘lmaganidan  bu san’atning rivoji to‘xtab qolgan.

60-yillardan keyin SSSRda oltin qazib olish ko‘payishi bilan birga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish hajmi ham oshgan. Moskva, Leningrad, Kiev, Boku, Yerevan, Tbilisi, Lvov, Tallin, Riga va Sverdlovsk kabi shaharlarning zargarlari kumush va oltin buyumlarni yasashda yuksak mahorat ko‘rsatgan”. (O‘sha kitob, 35-bet).

Zargarlik buyumlari bilan  qadimdan dong taratgan Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi shaharlar joylashgan O‘zbekiston qani? Bu ro‘yxatga kiritilmagan. Kira olmas ham edi. Chunki, kimki bunday hunar bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ayniqsa, o‘z sulolasiga ega zargarlar, Sovet hokimiyatining dastlabki yillaridayoq qatag‘on qilingan, boshqacha aytganda, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan mohir zargarlar jismonan yo‘q qilingan. 

O.A.Suxarevaning “Buxara XIX – nachalo XX veka”  kitobida qayd etilganidek, “zargarlar va misgar ustalar yuksak madaniyat sohiblari bo‘lgan. Ular an’anaviy uslublardan ijodiy foydalangan holda uzoq va mashaqqatli izlanishlari samarasida o‘zlarining yangi va o‘ziga xos shakllari va gullarini yaratgan”. Kitobda “ajdodlari zargar o‘tgan Qosimjon Miroqov hamda XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan buyuk zargar Usto A’lo” haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ayni paytda alohida ta’kidlanadiki, “ular o‘z davrining taniqli ijodkori bo‘lgan va xalqining ma’naviy mulkini, madaniyatini, an’analarini boyitishga katta hissa qo‘shgan”. 

O‘lkamiz zargarlari haqida gap ketganda, yana bir muhim voqea esga tushadi. 1972 yili Surxondaryodagi Dalvarzintepa shahristonida umumiy hajmi 36 kilogrammdan ortiq turli bezaklar, taqinchoqlar, oltinlar shodasi va boshqa zeb-ziynat buyumlari (jami 115 dona) topilgani dunyoda katta shov-shuv bo‘lgan edi. Tarixchi va  qadimshunoslarning ta’kidlashicha, “Dalvarzintepa xazinasining eng qimmatli jihati, uning antik dunyo san’ati qatorida tutgan muhim o‘rnidir. Zero, milodiy asr boshlarida Kushon, Xorazm, Sug‘d kabi qudratli davlatlar, saltanatlar o‘tganki, ular o‘sha davrlarda gullab-yashnagan yirik shaharlari, mahobatli qasrlari, saroylari bilan olamga dong taratgan. Shu bois, bugungi O‘zbekiston hududidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termiz, Qo‘qon singari qadimiy kentlarda zargarlik, haykaltaroshlik, kulolchilik va hunarmandchilikning boshqa turlari qadimdan gurkirab rivojlangani yana bir bor ayon bo‘ladi”. (S.Tursunov, T.Pardaev va boshqalar, “Surxon vohasi moddiy madaniyati tarixi”, Toshkent-2013, 112-bet).       

Boshqa mintaqalardagi kabi Turkistonda ham zargarlarga juda jiddiy munosabatda bo‘lingan. Ayni paytda, usta-hunarmandlar o‘z nomini asrab-avaylagan. Bilganki, qalloblik qilsa, holiga voy: “Firibgardan zargar chiqsa, oltinni ham zang bosadi”. 

Turli arxivlarning hujjatlarida o‘tgan asrning 20-yillaridan keyin qatag‘on qilingan zargarlar haqida ayrim materiallar uchraydi. Saqlanib qolingan materiallarni o‘rganish ishlari tashkil etilsa va Turkistonning xalq ustalari — mohir zargarlarining pok nomlari tiklansa, adolatdan bo‘lar edi.   

60-yillargacha Buxoroda odamlar bu mavzuda gapirishga ham qo‘rqar edi. Aholisi kambag‘al-qashshoq shaharda zargar ne qilsin! Zeb-ziynat, hasham haqida gap bo‘lishi mumkinmi?

 IKKI YOVUZ GIRDOBIDA

 To‘xtasin Mo‘minov o‘zining “Turkiston ikki asr girdobida” kitobida yozishicha, Buxoro amiri Rossiya bilan munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, Astraxanda ruslarga qarshi ko‘tarilgan isyonda ishtirok etgan va asrga tushgan buxorolik oltin toparlarni ozod qilish maqsadida Pyotr birga qimmatbaho buyumlar yuklangan yuzta tuya jo‘natadi. Karvonga to‘pchiboshi Xonquli (islom dinini qabul qilgan rus asiri Andrey Rodikov) boshliq etib tayinlanadi. Rossiya imperatori Pyotr I murojaatga rozi bo‘lmaydi. Buxorolik Ashur (Xonqulining o‘g‘li), Olim Shayxov va Bahodir Toshimov oltin konlarini izlash uchun Sibirga surgun qilinadi. 

Ashur O‘rol tog‘larida katta oltin va kumush konlarini topadi. Olim Shayxov ham keyinroq Pyotr birinchi tomonidan Germaniyaga ana shunday vazifa bilan — oltin konlarini topish maqsadida jo‘natiladi. U Germaniyada bu borada o‘zini ko‘rsatadi. Uzoq yillar Drezden universitetida tog‘-kon ishidan talabalarga dars beradi. 97 yoshgacha yashagach, universitet bog‘iga musulmon ahkomlari bo‘yicha dafn etiladi. Bahodir Toshimov esa O‘rol tog‘larida bir necha kumush va qo‘rg‘oshin konlarini topadi. (T.Mo‘minov, “Turkiston ikki asr girdobida”. Toshkent-2013 yil, 16-17- betlar).   

Shunday qilib, Pyotr birinchi Turkiston  o‘lkasiga har xil ekspeditsiyalar jo‘natib, Markaziy Osiyodagi oltin konlarining va qazib olinayotgan qimmatbaho metallar hajmini aniqlashning uddasidan chiqolmagan bo‘lsa-da, nomlari zikr etilgan buxorolik mutaxassislarning yordamida o‘z davlatida yangi konlarni kashf etgan. 

Qisqasi, Rossiyaning Pyotr birinchidan keyingi hukmdorlarining, jumladan, bolsheviklarning ham fikri-xayoli Amirning xazinasini qo‘lga kiritishga qaratilgan bosqinchilik harakatidan iborat edi.

Buxoro Amirining xazinasi haqida ko‘p yozilgan, ayniqsa, so‘nggi yillarda. Ularda tarixchilar va boshqa sohalar mutaxassislari ayni masalaga o‘zlarining qarashlarini, xazinaning taqdiri-yu miqdorini bayon etishgan. Tarixchi Qahramon Rajabovning fikricha (“Fayzulla Xodjaev”, Tashkent — 2011 g, str 14), 1920 yili xazinaning talon-taroj qilingan oltin va boshqa qimmatbaho ashyolari hajmi bugungi narxlarda taxminan 80 milliard dollardan kam emas. O‘sha yillari bu boylik, deb ta’kidlaydi muarrix, taxminan 77  mln. tilla rubl deb baholangan. “Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, deb yozadi Nikolay Kucherskiy, Buxoro Amirining 1920 yildagi  oltin zaxirasi 250 tonna bo‘lgan”. (N.Kucherskiy, “Zoloto Kzыlkumov”, Tashkent-2002 g, str 25).

Biroq bu xazina qaerga va qanday yo‘qolgan? Mang‘it xonlari sulolasining Amirlikdagi yuzlab yillik hukmronligi davrida to‘plangan boylik, haqiqatan ham, shunchalar ko‘p bo‘lganmi? Lekin yana xayolga xalqona bir hikmat keladiki, “yo‘qolgan pichoqning sopi oltindan”. 

Arxiv materiallarini o‘rganish jarayonida har xil papkalardan joy olgan ishlar (delolar), shuningdek, operativ, kuzatish, tergov va boshqa hujjatlar to‘plamlarida saqlanayotgan alohida,  “yo‘l-yo‘lakay” yig‘ilgan, muayyan vaqt, joy va shaxsga unchalik bog‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga ham duch keldikki, shunga qaramay, mazkur epizodlarning Buxoro Amiri xazinasiga daxldorligi bor, deb o‘ylash uchun asos bo‘la oladi. Ushbu materiallar umumlashtirilsa, Buxoro hukmdorining boyligi atrofida yuzaga kelgan vaziyat haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini beradi. Ayni paytda, xazinaning talon-taroj qilinish ko‘lamiga yaqin manzara ham namoyon bo‘ladi. 

Avvalo, xazinaga oid ochiq ma’lumotlarni shunchaki o‘rganib chiqishning o‘zidan ayon bo‘ladiki, saltanatda qancha oltin, brilliant va boshqa qimmatbaho boyliklari bo‘lganini, hatto Amirning o‘zi ham bilmagan. 1918 yilda Rossiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan keyin “qullar va ochlar dunyosi”ning kurashlari bu o‘lkalarga ham yetib kelishini, shuningdek, Qo‘qonda yuz bergan qonli voqealarni hisobga olib, hukmdor xazinasida hisob-kitob o‘tkazish va uni talon-tarojdan muhofaza qilish lozim degan xayollarga borgandir. Ishlari o‘ngidan kelsa, mavjud xazinaning muayyan qismini xorijiy mamlakatlarning banklariga omonatga qo‘yib, foyda olishni ham o‘ylagandir. 

Amirning o‘z xazinasining hajmini aniqlash masalasida  ayni qarorga kelishining boshqa talqini ham bor: masalan, Amirni bunday qarorga kelishga, qushbegi (Bosh vazir) Nasrullo undagan bo‘lishi mumkin. Qushbegining boshini esa chor Rossiyasining Buxorodagi siyosiy agenti A.Ya.Miller aylantirgan. (U 1917 yili Rossiya muvaqqat hukumatining ham Buxorodagi vakili bo‘lgan). A.Ya.Miller nega bunday qilganini anglash qiyin emas.

Darvoqe, tirix kitoblarida o‘z vaqtida “Kolesov fitnasi”  (1918 yilning marti) deb atalgan voqealardan ko‘p o‘tmay, arkoni davlatdagi Buxoro Amirining xazinasiga oid sirlardan voqif bo‘lgan yagona odam — qushbegi  Nasrullo o‘ldiriladi.

Demak, aniq bo‘ladiki, Amir o‘z xazinasini talon-tarojdan saqlab qola olmagan. 1920 yil sentyabr oyining boshida Buxoroni bosib olgan M.Frunze qo‘shinlari komandirlarining birinchi qilgan ishi aholiga — “ezilgan xalqqa” — g‘amxo‘rlik ko‘rsatish emas, balki Said Olimxon tashlab ketgan Arkdan Amirning xazinasini izlab topish bo‘lgan. Shunday qilib, bosqinchilar o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib izlab topgan xazinaning bir qismi temir yo‘l vagonlariga (ayrim manbalarga qaraganda — 14, boshqalarida qayd etilishicha — 18 vagon) zudlik bilan yuklangan va Markazga jo‘natilgan.

Buxoro amirlarining umumiy boyligi — xazinasining miqdori haqida har xil taxminlar yuradiki, qay biri haqiqatga yaqinligini aytishga til ojiz. Jumladan, nomi zikr etilgan “Turkiston ikki asr girdobida” kitobida (O‘sha kitob, 115-bet) qayd qilinishicha, xazinada quyidagicha boylik bo‘lgan:

- 1 mln.148 ming 380 dona Buxoro tilla tangasi. Qayd etilganki, tangalar 950 probali;

- 4 mln. 635 ming 100 dona rus tilla tangasi;  

- 17 tonna Gamburg oltini;

- 62 mln. 834 ming 780 dona Buxoro tilla tangasi.

Shaxsan Amirga va uning oilasiga 968 karat, yana 8617 karat har xil kiyimlarga qadalgan brilliantlar mansub bo‘lgan.  

Fikrimcha, bu uzundan-uzoq ro‘yxatni davom ettirishga ehtiyoj yo‘q. 

Xazinaning qancha qismini M.Frunze Moskvaga olib ketgani haqida aniq ma’lumot yo‘q, zero, hisob-kitob yuritilmagan. Ayni paytda, jo‘natilgan boylik Moskvagacha to‘la yetib bormagan. Buni M.Frunzening harbiy eshelonini Moskva shahrida F.Dzerjinskiy boshliq VChK (Butunittifoq Favqulodda Komissiyasi)  xodimlari kutib olganidan ham bilsa bo‘ladi. ChK Amirning ayrim (eng bebaho) qimmatbaho mulki yo‘lda yo‘qolganidan xabar topgan edi. Shaxsan V.Leninning aralashuvi bilan M.Frunze va uning komandirlari o‘zlarining boshiga tushishi mumkin bo‘lgan eng dahshatli balo-qazolardan qutulib qolgan. 

E’tibor bering, ana shunday sharoitda qurol-yarog‘ (1000 samolyot, 300 og‘ir artilleriya, 200 bronli avtomobil va hokazo) sotib olish uchun nemislar tomonidan maxsus tashkil etilgan “Vogra” harbiy guruhiga 1921 yilning avgustida 2 million rubl miqdoridagi oltin to‘langan. (O‘sha kitob, 15-17 betlar).

(Davomi bor).

Jumabekmurod  MURTAZOYEV

O‘zbekiston Respublikasi 

Davlat xavfsizlik xizmati faxriysi, iste’fodagi general mayor

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.