Bola bozorga solinmaydi

...Qishloqqa — Samarqandga borsam,  uyga jomadonimni qo‘yaman-da darhol buvimnikiga qarab yo‘l olaman. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Bolaligimning eng zavqli damlari o‘tgan buvimning jannatdek hovlisiga kirib bordim. Umri mehnatda o‘tgan buvimni doim biror yumush ustida uchratardim.  Bu safar...

 Sakson yoshga yaqinlashib bir hovuchgina bo‘lib qolgan buvim mung‘ayib o‘tiribdi. Kelganimni sezmadilar ham.  Salomlashgach, xomushliklarining sababini so‘radim.

— Jurnalistsan. Hamma yangilikni  eshitasan. “Ona o‘z farzandini falon pulga sotmoqchi bo‘ldi” degan gaplardan boxabar bo‘lsang, sen ham seskanib ketasanmi?

Gangib qoldim. 

Buvim  davom etdi: 

— To‘ng‘ichim — onang o‘shanda 5-sinf, xolang Zulfiya ikki oylik chaqaloq edi. Bobong kutilmaganda vafot etdi-yu, bir etak bola bilan hayhotdek hovlida yolg‘iz qoldim. Bobong yetimlikda katta bo‘lgan, bizni qo‘llaydiganimiz yo‘q. Otam o‘lgan, o‘gay ona esa o‘zidan oshinib, menga bir burda non tutadigan ahvolda emas. Qaqshab yig‘layman. Qani edi yig‘lash bilan dardim arisa... Qattiq ezilganimdan bo‘lsa kerak, ko‘kragimdan sut kelmay, chaqalog‘im risqsiz qoldi. Qo‘ni-qo‘shni chiqargan yarimta non va bir kosa ovqatni  bolalarimga bo‘lib beraman-u o‘zim och qolaman. Yeyman-ichaman deb turgan olti boshni qanday boqishni o‘ylayman. Hayolimda “Ertaga non topib berolmasam, sillam qurib yotib qolsam, bolalarimga kim qaraydi?” degan o‘ylar aylanaveradi. Qo‘rqinchli o‘ylar bundan-da battar vahimani   yuragimga soladi. Bir-ikki bor “Selsovet”da ishlaydigan vakillar kelib: “Bolalaringizni boqishga qurbingiz yetmasa, “detdom”ga topshiramiz” deyishdi. Yurakkinam yorilib ketay dedi: “Oxirgi nafasim chiqquncha ularni o‘zim boqaman!..” Vakillarni haydab soldim.  Fermaga sog‘uvchi bo‘lib ishga kirdim. Orada uyga kelib, bolalarimdan xabar olib, yana ishga qaytaman. Shu alfozda farzandlarimni  peshona terim bilan boqdim. Birovdan kam bo‘lmay voyaga yetdi. Olti qizimning birortasining “gapi” chiqmadi. Qizlarimning bo‘yi yetganda, ostonamizni  sovchilar bosib ketdi. Mana, qizlarim bilan qurgan uyda nevaralarimni boqdim, endi evaralarimni boqayapman, ammo  bugun televizordan bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayol haqidagi gaplarni eshitib, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladim...”

Buvimga tasalli berolmadim. 

Zero, buvim aytganidek o‘zbek ayollari qachondan bolasini sotishgacha bo‘lgan holatga yetib keldi? Qachondan boshlab o‘z bolasiga narx qo‘ya boshladi! Shu ayolning otasi, hech bo‘lmaganda, aka-uka, boshqa qarindosh urug‘i, ularning ori, insofi  yo‘qmikan?  Qaysi yurak va qaysi qo‘l bilan farzandini yetti yot odamga mol sotgandek pullab yubora oladi? 

O‘tmishga nazar solaylik. Urush yillarida, qahatchilik zamonlarida kunjara-yu, kepak bilan kun kechirgan odamlar ham bolasini ko‘chaga otmagan, bozorda sotmagan. Aksincha, urush davom etayotgan hududlardan ko‘chirib keltirilgan yetim-esirlarni bag‘riga olgan. Bir burda nonini baham ko‘rgan.  

“Ona”, “Ayol” so‘zlari bilan yonma-yon bu so‘zlarga mos chiroyli ta’riflar, maqtovlar qidiramiz. Ko‘klarga ko‘taramiz. To‘g‘ri-da, Alloh o‘zidan keyin yaratuvchanlikni faqat ayolgagina bergan. Ona bo‘lish, onalik baxtiga sazovor bo‘lish baxt emasmi? Lekin, onalikni ortiqcha chiqim va oyog‘iga “tushov” deb biladiganlar ham afsuski uchrab turibdi. 

Har kuni xayrli yangiliklarga ko‘zim tushadi. Davlatimiz rahbari yuritayotgan xalqparvar, insonparvar siyosat berayotgan yuksak samaralarni ko‘rib, ko‘pchilik singari ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. Ayni paytda, ko‘ngilsiz xabarlar dilimni xufton qiladi. Sarlavhalari naqadar qo‘rqinchli. Gohida xabarni to‘liq o‘qishga-da bardoshingiz yetmay qoladi. “Toshkentda kvartira olish uchun 4 yoshli o‘g‘lini 14 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi”, “Toshkentda 1 yoshli o‘g‘lini 2000 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayolga jazo tayinlandi”, “Surxondaryoda 8 kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan farg‘onalik ayol qo‘lga olindi”, “Andijonlik ayol 2 yoshli qizini 18 million so‘mga sotmoqchi bo‘ldi”,  “Bola sotmoqchi bo‘lgan “oshiq-ma’shuq”lar ustidan hukm o‘qildi”, “Peterburgda o‘zbekistonlik ayol 4 yilga qamaldi”, “Chaqalog‘ini “Toyota”ga almashtirmoqchi bo‘lgan oila qo‘lga olindi”... 

Insonman deganning bu xabarlardan  ichiga olov tushishi aniq.  Gunohkordan sababini so‘rasangiz yo  tirikchilikni vaj qiladi  yoki sharmandagarchilikdan qo‘rqishini. Xo‘sh, “bahona”larni qalashtirayotgan ayollar shunchalik chorasizmi? Irodasizmi? Yo tanbalmi? Bu manfur ishlarni ayollar bajarayotgani insonni yanada o‘ylashga undaydi. 

...Yaqinda  uch yoshli bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayolning sud ishini televidenieda ko‘rsatishdi. Onaning pushaymonligini inobatga olib, sud unga qamoq jazosini qo‘llamadi. Sudda ishtirok etgan go‘dagining ko‘zlarini bir ko‘rsangiz edi… Hademay shu go‘dak ulg‘ayadi. Onasining bu mudhish jinoyatidan u xabar topsa, nima deb o‘ylaydi? “O‘g‘lim, seni sotvorishga majbur bo‘ldim, ter to‘kib ishlagim kelmadi” degan vajini u to‘g‘ri tushunadimi? Bugungi to‘qchilik zamonda bunday vijdonsizlikka qanday chidash mumkin? Umuman, biror-bir bahona bu ma’naviy gumrohlikni oqlashi mumkin emas. Bola-chi, bola bir umr “Men “tashlandiq” hech kimga keraksiz yuk bo‘lganman” degan o‘y uni qiynamaydimi? Qarang-a, hayotda kimdir bir tirnoqqa zor, kimlardir naqadar noshukr. 

...Qaytar dunyo. Ezgulikning ham, gumrohlikning ham hisob-kitobi, javobi bor. To‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin!

Feruza BERDIYEVA,

jurnalist.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30

.