Har lahzada mazmun bor

Suratda: Abdumutalib Abdullaev (o‘ngda) hamkasblari davrasida.

Bu gaplarga hash-pash deguncha 43 yil bo‘libdi.  Biz endi jurnalistika olamiga qadam qo‘ygan paytlarimiz “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetasi tahririyatida  haftalik letuchka bo‘lyapti. Kamina sharhlovchi sifatida gazetada bosilib chiqqan Andijon viloyati muxbiri Abdumutalib Abdullaevning ocherki haqida so‘z yurityapman: “Ushbu ocherk shu qadar puxta yozilganki, uni tayyorlash jarayonida bitta ham nuqta-verguliga qo‘l tekkizmadik”.

 

Yig‘ilish tugagandan so‘ng tahririyatning tajribali jurnalistlaridan biri Ziyovuddin aka Oripov menga tanbeh berdi:

— Siz bu gapni bir aytdingiz, boshqa gapirmang.

— Nega, ko‘nglimdagi gapni aytuvdim...

— Agar bitta ham nuqta-verguliga qo‘l tekkizmasangiz, bu yerda nima qilib o‘tiribsiz?

O‘ylab qoldim. Bizdan ko‘ra hayotni ko‘p ko‘rgan, suyagi shu sohada qotgan insonning e’tirozini qabul qildim. Lekin baribir Abdumutalib Abdullaevning keyingi maqolalaridan ham olam-olam zavq olardim. Shu orada jurnalistning “Shapka”ning egasi kim?” degan maqolasi chiqdi. O‘sha davrga xos bo‘lgan illat — noyob tovarlarga “shapka” qo‘yib sotish haqida aniq manzilli chiqish ancha shov-shuvga sabab bo‘ldi. Abdumutalib Abdullaev mashhur bo‘lib ketdi. Yana bir-ikki yil o‘tgach, muxbirimiz Andijon viloyat  obkomiga ishga o‘tdi.

— Tabriklaymiz, ko‘tarilibsiz, — dedim ko‘rishganimizda.

— Aslo ko‘tarilganim yo‘q. Men uchun gazetada ishlash zavqi bo‘lakcha. Ustozim Sobir Shokarimovning taklifiga yo‘q deyolmadim. Jurnalistning obro‘yi viloyatimizda yuqori sanaladi. Yaqinda viloyat miqyosida katta tantanali tadbir bo‘lganda viloyat muxbirlariga  alohida taklifnoma berildi. Biz chekkada qoldik. Baribir  ijodiy ish ijodiy-da.

Shunday qilib, Abdumutalib Abdullaev o‘z aqidasiga sodiq qoldi. Boshqa nashrlarning  muxbirligidan tashqari, turli yillarda ikki marta viloyat gazetasida bosh muharrirlik lavozimida ishladi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga sazovor bo‘ldi. 2006 yilda “Oltin qalam” xalqaro tanlovining “Milliy matbuotga qo‘shgan samarali hissasi uchun” nominatsiyasining ilk sovrindori bo‘ldi.

— Abdumutalib aka viloyat gazetasida bosh muharrirlik qilgan paytlari xizmat safari bilan Andijonga borganda, albatta, u kishining  huzuriga kirardim, — deydi jurnalist Dilmurod Qirg‘izboev. — U kishi rejamiz haqida qiziqib, to‘g‘ri maslahat berardi. Viloyatdagi vaziyatni kaftdagidek aniq ko‘rib turardi. Hamkasblarga ko‘mak berish orqali maqsad sari harakatga  sur’at baxsh etardi.

Publitsistik maqolalar, ocherklar ketma-ket to‘plam shaklida kitob bo‘lib chiqa boshladi. Dastlab “Ko‘ngil tinchirmidi?”, “Muhabbatdan so‘z ochma menga” sarlavhali kitoblar ma’naviy-ma’rifiy mavzularda yozilgan bo‘lsa, keyinroq “Siyratga sayr”, “Dunyoning kaliti”, “Alushtaning ertagi”, “Ishqqa davo yo‘q” kitoblari ijodkor so‘zining yillar mobaynida takomilga yetishini ko‘rsatdi. Jurnalist  hayotning turfa xil manzaralarini qalamga olar ekan, yirik janrlarga  ham murojaat etdi. Chunonchi, “Umrki, bir sinoat” hujjatli qissasi tibbiyot sohasidagi fidoiy zamondoshimiz intilishlarini yoritsa, “Movarounnahr” nashriyotida chop etilgan “Qaqnus” sarlavhali kitobi inson e’tiqodining ezgu mevalari haqida hikoya qiladi. Shuningdek, “Yigit yig‘lamasin”, “Muhabbat maktublari”, “Andijonnoma” mutoyibalari” kabi kitoblar ham  kitobxonlarga manzur bo‘ldi.

Mehnat faoliyati davomida ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Uning ustoz-shogirdlik masalasida o‘z qarashlari bor.

— Agar naqqosh o‘z shogirdiga mahorat sirlarini o‘rgatmoqchi bo‘lsa, shaxsan muloqotda bo‘lishi, ilk daqiqadan noyob buyumlar yasashgacha ko‘rsatishi kerak. Bizning sohada qanday? Qog‘ozga qalamni qanday yuritish kerakligini ko‘rsatmaymiz-ku. Men o‘zim ixlos qo‘ygan ustozlarimni hayotda ko‘rmagan bo‘lishim mumkin, shogird sifatida ularning asarlarini sinchiklab kuzatish orqali yozishni o‘rganib kelganman. Ijodning ilohiyligi shundan.

Agar shunday mezon bilan yondashadigan bo‘lsak, Abdumutalib Abdullaev yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida qanchalar yosh qalamkashlarga namuna bo‘ladigan asarlar yaratdi.

Qahramonimiz qaysidir yili viloyatning chekka xududlaridan birida kichik bir janjalning ustidan chiqadi. Nima gap, deb qiziqsa, oddiy bir odam xo‘jalik rahbari adolatsizligidan norozi bo‘lib turgan ekan.

— Ustingizdan shikoyat yozaman-da, Andijonga, to‘g‘ri  Abdumutalib Abdullaevga arz qilaman.

— Siz u odamni taniysizmi? — so‘rashdi arzchidan.

— Yo‘q, ko‘rishmaganmiz, lekin yozgan maqolalaridan nihoyatda haqiqatparvar odamligi ko‘rinib turadi.

— Axir, manovi odam siz aytgan Abdullaevning o‘zi-ku…..

 Ul odam bu yerga kelgan mehmonga qarab:

— Yo‘g‘-e,  bu kishining gavdasi ushoqqina-ku, men bilgan Abdullaev basavlat, baland bo‘yli bo‘lishi kerak.

Abdumutalib Abdullaev masalani joyida o‘rganib, adolatni tiklashga yordam berdi. Bu haqda tahririyatga shikoyat yozishga hojat qolmadi.

— Ijodda mahoratni har kim o‘zicha kashf qiladi, — deydi suhbatdoshimiz. — Xalqning qalbiga yoqadigan qilib yozish kerakligi haqida  ko‘p aytishadi. Buning uchun xalq bilan hamnafas bo‘lish kerak. Yaqinda Xo‘jaoboddan Andijonga qatnaydigan avtobusga o‘tirdim. Odamlar suhbatiga quloq tutsam, naqd hayotning o‘zi namoyon bo‘ladi. Bir kishi sherigiga aytyapti: “Besh qo‘lini, hatto o‘n qo‘lini og‘ziga tiqqan  odamda insof nima qiladi. Bittasi o‘n qo‘liga qanoat qilmay, oyog‘ini ham tiqqanida muvozanatini yo‘qotib, ag‘anab tushdi”. Shunday ma’noli so‘zlar faqat xalqdan  chiqadi.

— Xalqimizning matbuotga e’tiqodi yuksak, — deydi u. — Ana shu ishonchni oqlash uchun elning dilidagi gaplarni  yozishimiz kerak. Qo‘lga qalam olib, qog‘ozni qoralar ekanman, bu so‘zlarga oddiy odamlar ishonadimi, yo‘qmi,  deb o‘ylayman.

— Bu yilgi nashrlarga obuna qilishda murakkabliklar uchradi. Bu haqda qanday fikrdasiz? — deb so‘raymiz hamkasbimizdan.

— Bilmadim, majburiy obuna kerak emas, deganlar ixtiyoriy obunani ham yo‘qotdilar. Qarang, majburiy ta’lim bor. Nega obunani targ‘ib qilish mumkin emas. Aslida, matbuot degani targ‘ibot degani-ku? 

Har bir ijodkorning tanlagan mavzui, doimiy e’tiboridan kelib chiqib, ijodiy tamoyili bo‘ladi. Abdumutalib Abdullaev qalamidan yaralgan satrlarni kuzatsangiz, Vatan mavzusi alohida diqqatingizni jalb etadi. Publitsistik chiqishlarida Vatanga muhabbat tuyg‘usi yorqin aks etadi. Nafaqat Vatan nomini ulug‘lab el ichra mashhur bo‘lgan shaxslar, balki Vatandan ayro tushib, tug‘ilgan tuprog‘iga zor-intizor yashayotgan odamlar kechmishini yoritishda ham o‘sha aqida ajib ma’no beradi. Ijodkorning “To‘ymi yoki tomosha” va “Andijonda nega ajralishlar ko‘p?” sarlavhali maqolalari  ayrim mutasaddilarni  bezovta qilsa-da, gazetxonlar tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Yetmish yosh inson hayotida bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlash pallasi. Agar Abdumutalib Abdullaev o‘z ijodiy yo‘lini ko‘z oldiga keltirsa, zarracha xijolatda qolmaydi. Bunga ijodkorning mehr bilan yaratgan obrazlari, kitoblarda bitilgan  siymolarning prototiplari guvoh bo‘ladi. Hayotning har lahzasidan ma’no-mazmun izlayotgan hamkasbimizga kuch-g‘ayrat, ijodiy parvozlar tilaymiz.

 

Shuhrat JABBOROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.