Soz sehriga oshufta qiz

Bugungi yoshlarga har qancha havas qilsang arziydi. Qaysi sohaning etagini mahkam tutsa, iqtidorini yuzaga chiqarish imkoniyati bor. Ayniqsa, inson ma’naviy kamolotida katta o‘rin tutuvchi san’at, musiqaga munosabat—e’tibor yoshlarda yuqori. Davlatimiz esa iste’dodli yoshlarga otalarcha g‘amxo‘rlik qilib, qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016–2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi qabul qilinib, undagi vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir. O‘tkazilayotgan nufuzli tanlovlar yildan-yilga yangi-yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilayotir. 

 

 Shu yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘rilgan 28 nafar qiz orasida R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi 9-sinf o‘quvchisi Dilnoza Asadova ham bor. Otasi Jovli Asadov bir paytlar to‘rt yoshli qizalog‘ining musiqaga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib, uning iqtidorini yuzaga chiqarishni istagan va shunga yarasha sharoit hozirlab bergan. 

— Qizimni olti yoshida litseyning birinchi sinfiga — kamonli-torli bo‘limiga qabul qilishganda, g‘oyat sevingan edim, — deydi u. — O‘zim orzu qilib, erisholmagan yutuqlarga bolalarim erishsin, deb niyat qilgandim. Rahmatli akam Ismatilla Asadov aktyor edi, ancha yil Muqimiy teatrida ishlagan. Farzandlarimga shularning yo‘lini bersinu yuzimni yorug‘ qilsin, degandim. Shu yillar orasida bolaning iqtidorini yuzaga chiqarish birgina o‘qituvchining emas, ota-onaga ham bog‘liq ekanini angladim. Dilnoza uchun avvaliga fortepiano sotib oldik. Litseyda o‘qish boshlagach, u violonchelga qiziqib qoldi. So‘ng ushbu sozdan ham olib berdim. Xudoga shukr, 14 yoshigacha ko‘plab xalqaro tanlovlarda qatnashdi, g‘olib bo‘ldi. Bu ustozlarining ham mashaqqatli mehnati mevasidir. Muhimi, u to‘xtab qolgani yo‘q, fortepiano va an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida ham professional dars olib kelyapti... 

Dilnozaning violonchelga mehri  o‘zgacha. Qolaversa, uning harakatlari, bo‘y-bastiyu barmoqlari ham ushbu sozga mos keladi. U ayni paytga qadar ustozi Dilorom Botirova yordamida o‘zbek va chet el kompozitorlarining ellikdan ortiq asarini o‘rgandi. Muxtor Ashrafiyning “So‘zsiz qo‘shiq”, Komil Kenjaevning “Alla”, xalq kuylaridan — “Chaman yalla”, “Shodlik raqsi”, chet el kompozitorlaridan — David Kopperning “Tarantella”, Ahmed Jubanovning “Romans” asarlarini katta zavq bilan ijro etadi.    

— Orzu tinimsiz mehnat bilangina yuzaga chiqishi mumkin. Dilnoza mehnatdan qochmaydigan o‘quvchi bo‘lgani bois ham ko‘plab yutuqlarga erishib kelyapti, — deydi ustozi D. Botirova. — Violonchel murakkab cholg‘u asbobi, unda xoh o‘zbek, xoh xorij musiqasi bo‘lsin, bir xilda sabot bilan mashq qilish talab etiladi...

Lochin o‘z polaponini parvozga o‘rgatish uchun tumshug‘i bilan uning ko‘ksini tinimsiz cho‘qilab turarkan. Shunda, polapon beixtiyor qanotlarini qoqib, uchishga shaylanar ekan. Dilorom opaning to‘qqiz yillik mehnati samarasi va so‘zlaridan sezilib turgan qattiqqo‘lligi lochinning shiddati-yu g‘amxo‘rligini eslatadi. Qolaversa, o‘smirda ustozi aytgan sabot bor ekanki, ko‘plab xalqaro tanlovlarda tilga tushdi. Yaqinda poytaxtimizda respublika musiqa maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan ochiq tanlovda ham 1-o‘rinni egalladi. Uning diplom va sertifikatlarini sanab o‘tirishning imkoni yo‘q, faqat bir necha tanlov nomini keltirishni lozim topdik. 2013 yilda Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Serebryanыy kamerton”, 2016 yilda Qozog‘istonning Chimkent shahrida tashkil etilgan “Darыn — 2016”, 2017 yilda Olma-otada o‘tkazilgan Ahmed Jubanov nomidagi xalqaro tanlovlarda 1-o‘rin, 2017 yilda Ilyos Ibrohimov nomidagi violonchel va kontrabas yo‘nalishlari bo‘yicha Toshkentda o‘tgan tanlovda Granpri sohibi bo‘lgan.

— Violonchelning asli nomi “Violodogamba”. O‘n oltinchi asrda Italiyada yaratilgan, — deydi sehrli barmoqlar egasi — Dilnoza. — O‘sha paytda beshta tori bo‘lib, shpili bo‘lmagan. Keyinchalik yangicha ko‘rinishda yasalgan. Ya’ni hozirgidek to‘rtta tor va shpil kiritilgach, nomi ham o‘zgargan. Mana shu soz hayotimning bir bo‘lagiga aylandi. Zulfiyaxonim qizlari qatoridan o‘rin olishimga sabab bo‘ldi. Bu ulug‘ mukofot menga kuch, ilhom, shu bilan birga, yanada katta mas’uliyat berdi. 

Dilnoza singari iste’dodli yoshlarning ko‘payishi nafaqat yaqinlari va ustozlari, balki Vatanimiz uchun ham faxr-iftixordir. 

 

X. AHMADJONOVA.

Sholaziz Shoxidoyev 

fotosi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.