Adib, arbob va elchi

2018 yilning 5 aprelida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qamrovi kengligi va mavzu nuqtalarining aniqligi bilan qalam ahli tarixidagi mislsiz hujjatdir. Bu tarixiy qaror ba’zi adib va allomalar hayoti va faoliyatiga yangicha nuqtai nazardan qarashni ham taqozo qiladi. Sarvar Azimovdek ijodkorlar va ziyolilar g‘amxo‘rini yod etish, iste’dodli tashkilotchi, adib va arbob faoliyatini xolis baholash mazkur qaror mohiyatiga muvofiq ishlardan bo‘lgaydir.

  Atoqli ustoz Abdulla Oripov:

“Men ham yashayapman 

o‘z zamonimda,

Davrimdan qayga ham 

tushardim yiroq?!”  – 

deganlar. O‘tmish davri adib va arboblarini eslaganda ularning faoliyatini o‘z zamonasi nuqtai nazaridan baholasak, adolatli ish bo‘ladi.

Sarvar Azimov XX asr o‘zbek xalqi tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan yirik shaxsdir. Tarjimai holini kuzatsangiz, ijod sohasidan ko‘ra ilm va siyosat sohasida mavqedan mavqega o‘sib borganiga shohid bo‘lasiz. 1923 yilda tug‘ilgan, 23 yoshida O‘rta Osiyo davlat universitetini tugatgan, 45 yoshida filologiya fanlari doktori, 50 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, 60 yoshida O‘zbekiston xalq yozuvchisi bo‘lgan.

Endi ijtimoiy-siyosiy faoliyatini kuzating:  

25 yoshidan 30 yoshigacha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, tarmoq mudiri, direktor o‘rinbosari, 30–31 yoshida (ikki yil) davlat idorasida fan va madaniyat bo‘limi mudiri, 34–35 yoshida (ikki yil) O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi birinchi kotibi, 35–36 yoshida (ikki yil) O‘zbekiston madaniyat vaziri, 36 yoshidan 46 yoshigacha (o‘n yil) O‘zbekiston Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari, ayni vaqtda, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, 46 yoshidan 51 yoshigacha sobiq Sho‘ro ittifoqining Livandagi favqulodda va muxtor elchisi, 51 yoshidan 57 yoshigacha Sho‘ro ittifoqining Pokistondagi favqulodda va muxtor elchisi, 57 yoshidan 62 yoshigacha yana O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi birinchi kotibi, 65–68 yoshlarida yana O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri. 

Bu o‘rtada ijod bilan ham shug‘ullangan: «Qonli sarob», «Yulduzlar jamoli», «Zamon dramasi» degan pesalar, «Kamalak», «Ikki dil — ikki olam» kabi qissalar, yana hikoyalar va kinotsenariylar yozgan. Akasi, iste’dodli shoir Hamid Olimjon ijodini tadqiq etib, ilmiy maqolalar bitgan. 71 yoshida — 1994 yilning 3 noyabrida vafot etgan.

Mana, bir insonning umri manzarasi.

Hozirgi va kelajak avlod uchun bu adib va jamoat arbobi hayotining qanday ibratli jihatlari bor?

Sarvar Azimov har qaysi mavqeda o‘z vazifasini sidqidildan bajargani kuzatiladi. Inson o‘z ishini yaxshi ko‘rishi kerak va o‘ziga nasib etgan xizmatni chin dildan bajarishi kerak. Sarvar og‘a ana shunday shaxs edi.

“Kommunist” degan so‘z keyingi davrlarda yer yuzini va mamlakatni fasodga to‘ldirgan xudosiz shaxslar timsoli ma’nosida tushunila boshladi va aybnoma tusini oldi. Bunga asoslar ko‘p. Lekin aniq ravshanki, Sarvar Azimov bu istilohda yuksak axloqli, insonparvar, vatanparvar, to‘g‘ri va vijdonli shaxsni tushunar edi. U o‘z e’tiqodida sobit turish bilan aslida o‘zining axloqiy me’yorlariga sodiq qoldi. Vaqtida Nozim Hikmat kabi ulug‘ shoir ham “kommunist” degan aybnoma bilan vatan ahli tomonidan rad etilgan edi. Lekin endi uning ijodi qaytadan o‘rganilib, Turkiya xalqi uni o‘z bag‘ri va muhofazasiga olib, o‘z xalqi va vatanining benazir, fidoyi farzandi ekanligi e’tirof etilmoqda. Demak, ulkan shaxslar uchun muayyan mafkuraviy bir nom ostida ham o‘z xalqi, o‘z millati madaniyatiga xizmat qilish imkoni bor ekan. 

Sarvar Azimov mard va xalqparvar odam edi. Kamina O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shuhratning qamoqdagi hayotini o‘z og‘zidan yozib olganman va beg‘araz kotib sifatida “Ozod qalb” degan kitob tasnif etganman. Adibning qamoqdan qaytgandan keyingi davrda Sarvar Azimov rahbarligi (1957-1958) bilan bog‘liq ajib xotirasi bor. Shuhrat aytadi:

“(1958 yil) sentyabr o‘rtalarida Yozuvchilar uyushmasi raisi Sarvar Azimov meni yo‘qlab, odam jo‘natdi. Bordim. “Uyushmaga ishga keling”, — dedi. “Kimning o‘rniga?” — dedim. “Hech kimning o‘rniga emas”, — dedi. Darrov rozi bo‘ldim. Birovning o‘rniga bo‘lsa, bormoqchi emasdim (Chunki birov nohaq ravishda ishdan olingan bo‘lsa, adib uning o‘rniga ishga borib qolishdan hazar qilgan.) Shu payt Anna Andreevna degan kotiba ayol meni chaqirib,  ariza yozdirib oldi. Rais: «16-sentyabrdan ishga olinsin» deb imzo qo‘ydi. Adabiy maslahatchi bo‘lib ishlay boshladim”.

Qamoqdan chiqib kelgan bir kishini ishga olish har qaysi davrda ham oson emas. Sarvar Azimov bu borada boshqa mardliklar ham ko‘rsatganini adiblar bilishadi.

Istibdod qatag‘oniga uchragan bir qancha o‘zbek adiblari qatori Abdulla Qodiriyning ham nomi oqlanganidan keyin “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” asarlari Sarvar Azimov tahriri ostida nashr etildi. Oshkoralik va istiqlol davrlari kelgach, uning tahririni tanqid qiluvchilar topilib qoldi. Holbuki, muharrir shu asarlar xalqqa yetsin deb ba’zi joylarini bir oz qisqartirgan, ko‘hna nutqini bir oz soddalashtirgan, shu bilan Abdulla Qodiriyga taqalgan siyosiy ayblar noo‘rin ekanini isbotlamoqchi bo‘lgan. Abdulla Qodiriy asarlarini o‘z millatiga yetkazish tanqidga loyiq ish emas, balki o‘z davriga nisbatan jasorat va matonat namunasi edi deb baholansa, vijdonga muvofiq ish bo‘ladi. O‘shanda Sarvar Azimov og‘ir mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini qadrlash kerak. 

 

Istibdod, mustamlaka saltanatining davri o‘tdi. Yillar davomida xalqimizga yetgan ma’naviy va moddiy talofatlar, bosqin va tajovuzlar tarixlarda bitilgan. U davrning qaytishini hech bir sog‘lom vatandoshimiz orzu qilmaydi. Lekin o‘z xalqimizdan yetishgan nodir shaxslarni qadrlash ma’nosida aytish mumkinki, sobiq sho‘ro ittifoqi katta va qudratli mamlakat, davlat edi. O‘zbek farzandi, O‘zbekiston o‘g‘loni Sarvar Azimovning ko‘p yillar ana shu ulkan davlatning Livan va Pokistondagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib xizmat qilgani, diplomatik sohada marshal bo‘lgani tarixlar davomida eslanadigan muhim hodisadir.

Iftixorga loyiq ma’lumotlarga ko‘ra, (1965 yil) Sarvar Azimov jahon minbarida — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Assambleyasida “Jahonda tinchlikni barqarorlashtirish” mavzuida nutq so‘zlagan birinchi o‘zbek farzandidir. Bu voqea sharafiga o‘zbek shoirlari, jumladan, Ramz Bobojon (“Nutq”) va Turob To‘la she’rlar yozgan. Lekin shu nutqdan so‘ng dunyo matbuotida u kishini “ashaddiy kommunist” deb qoralovchi aybnomalar ham e’lon qilingan.

Yana bir olamshumul ma’lumot: 1966 yilning yanvarida Toshkentda Hindiston va Pokiston davlat rahbarlari tomonidan imzolangan va ikki mamlakatning yarashuv dasturi bo‘lgan Toshkent deklaratsiyasi degan tarixiy hujjatni eslaganda Sarvar Azimov nomini ham tilga olish mumkin.

Tarixdan ma’lumki, XX asrning ikkinchi yarmida Hindiston bilan Pokiston orasida ko‘p yillik keskin ziddiyatlar hukm surgan. 1965 yil sentyabrida ikki mamlakat o‘rtasida Kashmir masalasida qurolli to‘qnashuv bo‘lib o‘tgan. 

1966 yilning 4–10 yanvarida Toshkentda Pokiston Prezidenti Muhammad Ayyubxon bilan Hindiston Bosh vaziri La’l Bahodur Shastri uchrashdilar. Bu muloqotga bosh bo‘lib sobiq ittifoqning siyosiy arboblari (Kosigin, Gromiko) Toshkentga kelishgan. Ana shu uchrashuvda har ikki mamlakat tomonidan Toshkent deklaratsiyasi (1966) nomli tarixiy hujjat imzolandi va bu hujjat ikki notinch mamlakat o‘rtasidagi nizolarning tinch yo‘l bilan hal qilinishiga asos bo‘ldi. 

Bu davrda, (1959–1969 yillar) O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bo‘lishi bilan birga Vazirlar kengashi raisi o‘rinbosari hisoblangan Sarvar Azimov mazkur tarixiy voqealarda faol ishtirok etgani o‘z-o‘zidan ma’lumdir. 

Adabiyot muayyan xalq va millat ruhiy-ma’naviy hayotining bir qismidir. Shuning uchun adabiyot darsligini tuzish oson ish emas, deb o‘ylayman. Odatda, adabiyot darsliklari davr, tuzum mafkurasidan holi bo‘lmaydi. Sarvar Azimov adabiyotshunos (Hamzashunos) olim Yusuf Sulton bilan birga bitiruvchi sinflar uchun Vatan adabiyoti darsligini tuzgan mualliflardandir. 

U kishi sho‘ro mustamlakasi davrida (1987 yil) O‘zbekiston kompartiyasi markaziy qo‘mitasini, xususan, markazqo‘m kotibining adolatsiz va nojo‘ya ishlarini Yozuvchilar uyushmasi majlisida oshkor tanqid qilgan shaxsdir. U kishi o‘z vatanida hamma ishlardan chetlatib qo‘yilganda ham Moskvada tuzilgan Osiyo va Afrika xalqlari tinchlik harakatining raisi bo‘lib turgan edi.

 

Sarvar Azimov XX asrning 80-yillarida Vatanga qaytib, yana Yozuvchilar uyushmasiga rahbar bo‘lgach, favqulodda jasorat, matonat va fidoyiligini namoyon etdi. Iste’dod ahlini qadrlab, inqilobiy ishlarni bajardi. Qalam ahliga uy-joy va yozloq hovlilar ajratildi, iste’dodli adiblarning, xususan, yosh ijodkorlarning asarlarini nashr etish tartibga solindi, ijod ahlining mavqe va e’tibori yuksaldi. 

Kamina u kishining rahbarligi davrida — 1982 yil, 26 yoshimda Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinganman, kotibiyat majlisida Uyushma bo‘lim mudiri, taniqli shoir va mahoratli tarjimon Abdulla Sher tarjimai holimni o‘qib, arzimas ijodim haqida ma’lumot berdi, atoqli shoir Abdulla Oripov men kutmagan samimiy gaplarni aytdi, o‘sha mahaldagi rahbarim — “Mushtum” jurnali bosh muharriri, yozuvchi Ibrohim Rahim ijodim va faoliyatim haqida so‘z qildi, uning fikricha go‘yo men juda odobli va intizomli shaxs emishman. Sa’dulla Karomatov, Barot Boyqobilov menga savollar berdi. Ko‘p martalab ijarama-ijara ko‘chib yurgach, nihoyat, o‘sha davrda uylik-joylik — boshpanalik bo‘ldim. Bandaning yaxshiligidan minnatdor bo‘lmagan kishi Yaratgan Zotga ham shukr keltirmagan bo‘ladi. Men bu hodisani shukr va minnatdorlik bilan eslayman.

Sarvar og‘aning rahbarligi davrida o‘zbek xalqining olamshumul dardi va muammolarini ko‘taradigan xalqparvar, vatanparvar, millatparvar, insonparvar, jasoratli va matonatli, kurashchan bir avlod yetishdi. O‘zbekistondagi barcha ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy jabhalarda, Vatan istiqlolining ma’naviy asoslarini hozirlashda bu matonatli kuchlar jamoasining xizmat va harakatlari sezilarli bo‘ldi. 

Men Sarvar Azimov bilan suhbatlar qilmaganman. Lekin bir-ikki ko‘rishganimda u kishining soddadil, oqko‘ngil, ishda talabchan, hayotda mehribon shaxs ekanini anglaganman.

Aytganimizdek, albatta, Sarvar Azimov o‘z davrining odami edi. U o‘z iste’dodi va tashkilotchilik qobiliyati bilan davr mafkurasidan chiqa olmagan benazir shaxslardandir. Lekin u kishining mafkuralarga sig‘maydigan ulkan tashkilotchilik iste’dodi bor edi. Bu adib va arbob zotning o‘zbek xalqi va o‘zbek vatani, o‘zbek adiblari uchun qilgan xizmatlarini eslash insofdandir.

O‘zbek adabiyoti tarixida ko‘p jildlik xalq og‘azaki ijodining yozib olinishi va saqlab qolinishida Hamid Olimjonning xizmatlari beqiyos bo‘lsa, iste’dod ahlining mavqe va e’tibor topishida Sarvar Azimovning xizmatlari o‘ziga xosdir. O‘zbekiston ziyolilari, xususan, Yozuvchilar uyushmasi kechmishida naziri yo‘q shaxslar  bo‘lgan bu ikki aka-uka faoliyatining muhim  jihatlarini tadqiq etish, Jizzaxdagi Hamid Olimjon uy-muzeyida Sarvar Azimov bo‘limini ochish, unda adib, arbob va elchi faoliyati bilan bog‘liq xalqaro ahamiyatga molik hujjatlarni jamlash, asarlarini chop etish vijdon qonuniga muvofiq, davr ruhiga mos xayrli ishlardan bo‘lur. 

Mirzo KENJABEK, 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2019
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.