Ozod domlaning ikkinchi yo‘li

Shunday kitoblar borki, ularni har qayta o‘qiganingda  yangi asarni qo‘lingga olgandek bo‘lasan, tanish qahramonlar bilan qayta uchrashasan,  muloqotga kirishasan, bahslashasan, tafakkuring tiniqlashadi, o‘y-fikring o‘zgaradi. Faqat kitoblarni emas, yuksak ijodiy salohiyat, jur’at va jasorat bilan yozilgan mashhur publitsistik asarlarni o‘qiganingda ham shunday bo‘ladi.

 

Adabiyot ixlosmandlariga yaxshi ma’lum — ijtimoiy yuki baquvvat, tili shirali publitsistik asar  roman yoki qissa kabi yillar davomida yozilishi, buning uchun ko‘p vaqt sarflanishi mumkin. Bunga Lev Tolstoyning “Iqrornoma”sini, Onore de Balzakning “XX asr frantsuz yozuvchilariga maktubi”ni, Fitratning “Sharq siyosati” asarini yoki Uels shahzodasi Charlzning “Islom va o‘arb” esse-ma’ruzasini misol sifatida keltirish mumkin. Ularni qalam bilan emas, qalb amri bilan yozilgan asarlar desak to‘g‘riroq bo‘ladi. 

Har gal shu kabi mashhur asarlarni qo‘limga olganimda, mualliflarning boshqalarnikiga o‘xshamaydigan o‘y-qarashlari, aniq faktlar, real hayotiy voqelikka asoslangan, kuchli mantiqqa qorilgan  mushohadalari  vujudimni chulg‘ab oladi. Tolstoyning bunday buyuk iqrorga kelishi qanday kechdi ekan, Fitrat domla ovrupoliklarning Sharqqa yurishlari zamiridagi maqsad-muddaoni avvalo o‘zi tushunib olishi va uni bizga sodda-ravon tilda tushuntirib berishi uchun qancha vaqtini sarfladi ekan, degan savollar girdobida qolaman.

Ustoz Ozod Sharafiddinovning donishmand Suqrot haqidagi “Haqiqat izlagan donishmand” maqolasini shu asarlar yoniga bemalol qo‘yish mumkin. Uni o‘zim uchun qayta-qayta o‘qiyman, dorilfunundagi saboqlarimda talabalarga tushuntiraman, suhbatlarimda iqtiboslar keltiraman. Har galgi mutolaa menga yangi-yangi ma’no-mushohadalarni hadya etadi, Ozod domla bitgan  satrlar orasidan yangi-yangi xulosalar, tushuncha va idrok hosilalari bo‘y ko‘rsataveradi, bu yorug‘ olamda yashash, umrguzaronlik qilish to‘g‘risidagi tasavvurlarim goh yuksaklikka ko‘tarilsa, goh chilparchin bo‘lib ketadi. 

Suqrot umr bo‘yi haqiqatning chin va o‘zgarmas mohiyatini izlab yashadi. Falsafa ilmining ma’no-mag‘zini  idrok etdi, adolat va razolat, sadoqat va xiyonat, yaxshilik va yomonlik kabi bir-biriga mangu hamroh tushunchalar borasida boshqalardan ko‘ra ko‘proq bosh qotirdi. Suqrot topgan Haqiqatni kattakon  bog‘ga qiyoslasak, Ozod domlaning ushbu maqolasi ana shu bog‘ eshigi peshtoqiga yozib qo‘yilgan kirish so‘zlaridir.

“Suqrot inson hayotidagi lazzatlarni ikki guruhga bo‘ladi,  — deb yozadi ustoz,—ularning biri insonni nobud qiladigan, halokatga boshlaydigan, nafsini qondirishga qaratilgan lazzatlardir. Sharob, lazzatul-niso, qimor va hokazolar shular jumlasidandir. Ayni choqda, san’at asarlaridan, haykallardan, notiqlik san’atidan olinadigan lazzat bor. Bu lazzat inson ruhini yuksaltiradi, unga qanot bag‘ishlaydi. Ammo odamlar ko‘pincha go‘zallik lazzatiga befarq qolib, butun vujudlari bilan nafs lazzatiga sho‘ng‘iydilar. Suqrot buning asosiy sababini nodonlikda ko‘radi. Keyinroq, atroflicha mulohaza yuritish natijasida dunyodagi har qanday yovuzlik, har qanday yomonlikning ildizi nodonlikda, bilimsizlikda, bexabarlikdadir, degan xulosaga keladi”.

 Bu dunyoda odamlar yoppasiga falsafa bilan shug‘ullanmaydilar va  to‘g‘ri qiladilar. Hamma olim, ayniqsa, faylasuf bo‘lib ketsa, hayot deganlari bilimdonlik musobaqasidan iborat bo‘lib qolardi. Ne baxtki, bunday emas.   Binobarin, atrofimizda Suqrotdek donishmandni o‘qimagan, bilmagan kishilarning ko‘pligiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Biroq, Ozod domlaning maqolasida Suqrotning ixtiyoriy bir tanlovi haqida g‘oyat chuqur va ta’sirchan gap boradiki, uni bilib qo‘yish nafaqat faylasuflarga, boshqa jamiki kasb egalariga ham zarur deb o‘ylayman. 

Suqrot o‘zining o‘ta hayotiy, ta’sirchan mulohazalari, keskin, ammo rad etib bo‘lmaydigan xulosalari bilan xalq, ayniqsa, yoshlar orasida katta obro‘-e’tiborga ega bo‘ladi. Uning kuchli mushohadalari oldida ojiz qolgan, bahsda  yengilgan,  savollariga  javob bera olmay mulzam bo‘lganlar, xuddi bugungidek, hasad o‘tida yonib, olimga tuhmat qilishadi. “Suqrot yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmoqda, noto‘g‘ri, zararli tashviqot yurgizmoqda”, deb Afina kengashiga shikoyat yozishadi. “Kengash yig‘ilib, Suqrotning ishtirokida g‘animlar yozgan shikoyatni ko‘rib chiqadi. Suqrot  so‘zga chiqib,  o‘ziga qo‘yilayotgan ayb butunlay asossiz ekanini, uning yoshlarni yo‘ldan urishi  aqlga to‘g‘ri kelmasligini isbot qilib beradi. Ammo o‘sha vaqtlarda ham haqiqatni tuhmat va ig‘vodan farqlay olmaydigan kimsalar uchun mantiqiy dalillarning qadri bo‘lmagan ekan. Shahar kengashi ko‘pchilik ovoz bilan Suqrotni aybdor deb topadi, uning ulug‘ xizmatlarini  inobatga olmay, olimni o‘lim jazosiga hukm qiladi. 

O‘sha davrda Afina sud-huquq tizimida shunday odat bor ekan. Kengash sudlanuvchi odamni aybdor deb topgach, mahkum ikki yo‘ldan birini — maxsus tayyorlangan zaharni ichib o‘lishni yoki  umrining oxirigacha Afinaga qaytib kelmaslik sharti bilan shahardan chiqib ketishni tanlar ekan. Suqrotgacha aybdor deb topilgan mahkumlar badarg‘a bo‘lishni afzal ko‘rishgan va shu  bilan jonlarini saqlab qolishgan. Suqrot esa o‘z ixtiyori bilan zahar ichishni tanlaydi. Shogirdlarining “Ustoz, nega bunday qildingiz?”, degan savoliga: “Eh, nodonlar, men umr bo‘yi nimani izlagan edim, bugun uni topganimda Haqiqatdan yuz o‘giraymi?”, deb javob beradi.

O‘limga mahkum  kishi har kunni emas, har soat, har soniyani qanday  o‘tkazishini tasavvur qilishning o‘zi azob.  Suqrot umrining  so‘nggi o‘ttiz kunini — u ichishi kerak bo‘lgan zahar tayyor bo‘lgunicha — sadoqatli shogirdlari davrasida yana o‘sha sevimli mashg‘uloti — falsafiy bahslar, munozaralar, tafakkur saboqlari bilan o‘tkazadi. Umrining so‘nggi soatlarida ham qo‘lidan kitob tushmaydi. 

Suqrot haqida maqola yozgan Ozod domla ham umrining so‘nggi yillarida donishmand ustozi kabi taqdirning g‘oyat murakkab tanloviga duch keldi.  Og‘ir xastalikka chalinib, kuchli og‘riq azobi sillasini quritdi. Domla oldida ham ikkita yo‘l, birinchisi — taqdirga tan berib, qolgan umrini sihatgohu oromgohlarda, sayru sayohatlarda, shogirdlari, do‘st-qadrdonlari davrasida azizu mukarram bo‘lib yurish yoki mashaqqatli ijodni davom ettirish, kasallik xurujiga, og‘riq azobiga, yozish imkoniyatlari pasayib borayotgani, ko‘zlari xira tortayotgani, barmoqlari dosh bera olmay, satrlar bir-biriga mingashib ketayotganiga qaramay, jahon adabiyotining eng sara namunalarini  o‘zbek tiliga o‘girish, adabiyot va san’at fidoyilari haqida turkum xotiralar yozish, yosh ijodkorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish edi.

Domla ikkinchi yo‘lni tanladi. Bu yo‘l og‘ir xastalikdan qolishmaydigan darajada  azobli bo‘lsa-da,  Ozod domla uchun yagona halovat yo‘li edi. Bu yo‘l badiiy adabiyot ixlosmandlariga “Millatni uyg‘otgan adib”, “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?”, “Fan go‘zallik hissi bilan tirik” kabi yillar sinoviga dosh bera oladigan tadqiqotlarni, Salmon Rushdiga, Garri Kasparovga, Muhammadjon Obidovga, Ibrohim Haqqulga yozilgan maktublarini, jahon adabiyotining 150 dan ortiq  durdona asarlarining o‘zbek tilidagi matnini, jahon adiblarining adabiyot haqidagi durdona fikrlarini, “Dovondagi o‘ylar”ni, o‘zbek milliy matbuotining faxri-g‘ururi bo‘lib kelayotgan “Jahon adabiyoti” jurnalini berdi. 

Domla rahbarligida qisqa vaqt ichida jurnal o‘z yo‘li, ovozi va muxlislarini topdi. Sobiq ittifoqdosh jumhuriyatlarda adabiy-badiiy nashrlar inqirozga yuz tutib turgan, dovrug‘i olamga yoyilgan “Inostrannaya literatura” jurnali ham holsizlikdan cho‘kkalab qolgan bir paytda, o‘zbek kitobxonlari dunyo adabiyotining noyob namunalarini ona tilida o‘qiy boshladilar. “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur” kabi nashrlar o‘zbekona milliy g‘oya asosida qanday ulug‘ niyat va umuminsoniy qadriyatlar mavjudligining yorqin nishonasi  bo‘ldi.  Ozod Sharafiddinov buni g‘oyat yaxshi anglaganini e’tirof etish zarur. 

Ozod domla tanlagan ikkinchi yo‘l, u kishining ma’naviy jasorati — ustozni yanada yuksak cho‘qqilarga ko‘tardi. Biz bugun shu cho‘qqiga qarab, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning ijod ahliga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligidan, yaratilayotgan keng imkoniyatlardan, yurtimizda kechayotgan buyuk yangilanish jarayonidan ilhomlanib, domla boshlagan mas’uliyatli ishni davom ettirayotganimizdan, “Jahon adabiyoti” jurnali dunyoga yangi maqomda bo‘y ko‘rsatayotgan O‘zbekistonning ma’naviy minbarlaridan biri bo‘lib qolayotganidan g‘oyat minnatdormiz. 

 

Ahmadjon MELIBOYEV,

“Jahon adabiyoti” jurnali

 bosh muharriri.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.