“Vatandan ayri ko‘ngilni, bilingki, yayratib bo‘lmas” yoxud muhojirotdagi o‘zbeklar hayotidan lavha

Ona Vatanimiz, jafokash xalqimiz boshidan o‘tgan turli savdolarga ko‘hna tarix sahifalari guvoh. Yana shunday jonli guvohlar borki, ularning hayoti bilan yaqinroq tanishsangiz, eng qiziqarli asarni ham  bir chetga surib qo‘yasiz. Zero, ular hayot daftarining o‘zi bir asar...

 

 

Chorizm istilosidan so‘ng ko‘hna zaminimiz Turkistondagi notinchlik 1917  yilning oktyabr to‘ntarishidan keyingi qirg‘inlar bilan davom etdi. Aholining uy-joyi, yeri, butun mol-mulki tortib olindi. Kommunizm quramiz, hamma teng yashash huquqiga ega bo‘ladi mazmunidagi shior bilan boshlangan harakat niqobi ostida, aslida, millatning barcha huquqlaridan mahrum qilishdek yovuz niyat yashirin edi. O‘z erkini talab qilganlar otildi, uzoq yillarga qamoqqa tashlandi. Sarmoyadorlar “mushtumzo‘r-quloq” sifatida surgun qilindi. Xalqimizning qanchadan qancha sheryurak vakillari istilochilarga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘targan, ammo harbiy jihatdan qudratli bosqinchilarga bas kelolmagan. Oqibatda ularning ko‘pchiligi vatandan yiroqqa ketishga majbur bo‘lgan. Ulardan biri marg‘ilonlik Abdulhamid Ko‘char edi. U 1908 yili ana shu azim shaharda tug‘ilgan.  Xalqimiz uchun o‘z yurtida to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri yashashga imkon qolmagach, islomiy ahkom asosida tarbiya olgan Abdulhamid Ko‘char 1930 yilda buvisi, ammasi va uning to‘rt yashar qizchasi bilan hijratga chiqib ketadi. U o‘zi singari ko‘plab vatandoshlar qatori avval Tojikiston, so‘ng Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Iordaniya, Suriya, Saudiya Arabistonini sarson-sargardon kezgan. Keyin Turkiyaning Adana shahriga borib, muqim yashab qolgan. Bu orada yaqinlaridan ayrilib, to‘rt yoshli jiyani bilan muhojirlik azoblarini boshdan kechiradi. U Shermuhammadbek qo‘rboshi, uning ukasi Nurmuhammadbek, Mubashshirxon al-Tiroziy, Sadriddinxon Muftiy Muhammad Sharifxo‘ja singari vatandoshlari bilan ko‘rishib, erk, ozodlik harakatlari faoliga aylanadi.

Mashaqqatli hayotiga qaramasdan Olloh unga ulkan sabr va qariyb yuz yil umr ato etdi. To‘qqiz farzand ko‘rib, ularni ilmli, vatansevar qilib tarbiyaladi. O‘g‘illaridan biri bugun mamlakatimizda ham ko‘pchilikka tanilib kelayotgan adib va jurnalist, suhbatdoshimiz Chig‘atoy Ko‘chardir.

— Chig‘atoy og‘a, har bir insonning bolaligi, orzulari, xotiralari o‘qilmagan asar singari boshqalar uchun qiziq...

— To‘g‘ri aytasiz. Ayniqsa, biz kabi bolaligi u yurtdan bu yurtga ko‘chish bilan o‘tgan bo‘lsa, yanayam qiziq tuyulsa kerak. Men 1946 yilda Afg‘oniston (Xuroson)da tug‘ilganman. Kichikligimda oilamiz bilan Pokiston, Hindiston, so‘ng Saudiya Arabistonida yashaganmiz. 1952 yilning oxirigacha shu yurtda bo‘ldik. Keyin Iordaniya, Suriya orqali Turkiyaga o‘tib, Adana shahrida joylashdik. Bu vaqtda men olti yashar bola edim. Maktabga berishganda, avvaliga tilni o‘rganguncha rosa qiynalganman. Chunki uyda o‘zbekcha gaplashardik. Saudiyada bo‘lganimizda, to‘rt-besh yashar paytim og‘alarim bilan arab maktablarida ham o‘qiganman. Otam bolalarim arablashib ketishini istamayman, deb hammamizni Turkiyaga olib ketgan. Chunki muhojirotda eng qiyini — ona tilini saqlash. Tilni saqlay bilmadimi, kishi o‘zligini yo‘qotadi, bir-ikki avloddan so‘ng butunlay boshqa xalqlarga qorishib ketish mumkin. 

Xullas, o‘rta maktabni bitirib, Istanbul universitetining avval iqtisod, so‘ng adabiyot bo‘limida o‘qidim. Keyin bir yarim yil harbiy xizmatni o‘tadim. Xizmatdan keyin Olmoniyaning Myunxen shahridagi “Ozodlik Radiosi”ning o‘zbek shu’basi bosh muharriri Vali Zunnun (asli ismi Abdulloh To‘lagan) taklifi bilan ushbu radioga ishga kirdim. Yigirma bir yil ana shu dargohda ishlab, Turkiston va muhojirotdagi o‘zbeklar hayoti haqida eshittirishlar, maqolalar tayyorladim.

Bolalik xotiralarim haqida gapirganda oilamizga tegishli bir odatni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Otam rahmatli bomdod namozidan so‘ng, ayniqsa, ro‘zai ramazon kunlarida qaytib uxlashga izn bermasdi. Atroflariga hammamizni yig‘ib, boshidan o‘tgan voqealarni so‘zlab berardi. O‘zbekiston, ona shahri Marg‘ilon haqida shunday to‘lqinlanib gapirardiki, ko‘z yoshlarini tiyolmasdi. Biz ham qo‘shilishib yig‘lardik, ota-onamizning vatanga bo‘lgan sog‘inchini yurak-yurakdan his qilib turardik. Hadeb farzandlarimning yuragini siqavermay derdimi, ba’zan kuldirib ham turardi. Oila davrasidagi ana shunday dilovar suhbatlar sabab biz ota yurtimiz O‘zbekistonga o‘zgacha mehr qo‘yib o‘sdik. Onam Olima aya ham asli marg‘ilonlik bo‘lgan. Taqdir ularni o‘zga yurtlarda uchrashtirgan. Biz og‘a-inilar birimiz Afg‘oniston, birimiz Hindiston, Saudiya Arabistoni, yana birovimiz Turkiyada tug‘ilganmiz. Turkiyada muqim yashab qolguncha, boshqa o‘lkalarda tug‘ilganlar pasportida ona yurti Turkiston deb yozilgan. Otam azbaroyi vatanni qo‘msayverib, bir qizining ismini Farg‘ona deb qo‘ygan edi.

 — “Ozodlik Radiosi”ning faoliyati siz ishlagan davrda, taxminan 20-30 yil avval qanday bo‘lgan? Bugun nimalar o‘zgardi?

— U davrda radio o‘z nomi bilan vatan ozodligi, hurlik uchun kurash, millatga, xalqqa nisbatan qilingan tazyiqlar xususidagi mavzularga e’tibor qaratgan. Misol uchun paxta monokulaturasi, uni yetishtirish mashaqqati, og‘ir mehnatga majbur qilingan xotin-qizlar hayoti, mayib-majruh tug‘ilayotgan chaqaloqlar, sog‘ligi xavf ostida qolayotgan yosh bolalar, qurib borayotgan Orol dengizi haqida tayyorlagan eshittirishlarimiz, maqolalarimiz kechagiday yodimda. Qisqasi, biz ma’lum bir g‘oya uchun ishlar edik. Ya’ni mamlakat ozodligiga qanday erishish mumkin, ushbu g‘oyani xalqaro ko‘lamda yoyish uchun nima qilish kerak, degan savol atrofida fikr-mulohazalar bo‘lgan...

 — Bugun “Ozodlik Radiosi” desa, ko‘pchilik hushyor tortadi, ushbu radio haqida biroz salbiy fikr uyg‘onadi. Bunga sabab nima? Xolislikning yo‘qligimi? Matbuot, ommaviy axborot vositalariga qo‘yiladigan eng asosiy talab haqqoniylik va xolislik emasmi?

— Men bu radioni anchadan buyon tinglamayman. Shuning uchun bir narsa deyishim qiyin. Gunoh-savobi o‘zlariga, noo‘rin gapirib qo‘ymay, chunki ularning bugungi faoliyatidan bexabarman. Faqat bitta fikrni aytishim mumkin, bir tomonlama yozilgan maqola yo tayyorlangan eshittirish bu jurnalistik ish emas.

 — Demak, ko‘p yillar mehnat qilgan dargohingizning bugungi faoliyati sizni qoniqtirmaydi, shuning uchun tinglamay qo‘ygansiz...

— Ha, meni qiziqtiradigan mavzular yo‘q, desam ham bo‘ladi. Biz mamlakat ichki ishlariga aralashmasdan, aniq hujjatlar, O‘zbekistonda chop etiladigan gazeta-jurnallarga tayanib ishlaganmiz. O‘sha paytda ayrim nashrlarda onda-sonda chiqib turadigan ijtimoiy muammolardan xabardor bo‘lardik. Shunga yarasha fikr yuritib, maqola, eshittirish tayyorlaganmiz. Hozir qanday tartibda ishlashlaridan xabarim yo‘q. 

 — Chig‘atoy og‘a, Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek, vatan va ahli diyorning qadri musofirotda ma’lum bo‘lur. Siz ota yurtdan uzoqda tavallud topgansiz, yashagansiz. Qaysi davlatni o‘z vataningiz deb bilasiz?

— Bu savolingiz bilan meni yig‘latasiz...

 — Ming bor uzr, og‘a, buni istamagandim...

— Mayli, qo‘yavering. Bilasizmi, men ilk bor O‘zbekistonga kelganimda, Chilonzor dehqon bozoriga bordimu o‘zbekcha so‘zlashuv, mulozamatni ko‘rib, ko‘z yoshlarimni tiyolmadim. Bir chetga o‘tirib, rosa yig‘ladim. Keyin atrofdagilar bu odam nega bunday ahvolda, jinni-pinni emasmi, deb o‘ylamasin dedimu o‘zimni qo‘lga oldim. Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Rahmatli otam ham, biz ham vatanimiz O‘zbekistonning mustaqillikka erishganini ko‘rdik, emin-erkin kelib-ketish ham nasib etdi. Buni qarangki, bir umr vatan sog‘inchi bilan yashab, uning ozodlikka erishishini istagan, shu yo‘lda “Turkistonliklar yordam jamiyati”ning faol a’zosi, raisi bo‘lgan padari buzrukvorim oradan 61 yil o‘tib, O‘zbekistonga kelganida ajib bir tasodif ro‘y beradi. Marg‘ilonga borib qarindosh-urug‘larni izlab topganlar. Bir oylik safarlari oxirida qarindoshlardan birining uyida o‘tirishsa, mehmonxonaga jiyanlari kirib kelib, “Tog‘a, men sizlarga televizorni qo‘yib beraman, davlat rahbari bir muhim masala haqida gapiryapti”, deydi. Televizor qo‘yilgach, Islom Abdug‘anievichning deputatlar qarshisida jon kuydirib gapirayotgani ma’lum bo‘ladi. So‘ng uning “O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilaman!”, degan so‘zlari yangraydi. Yig‘ilganlardan sado chiqmagach, Birinchi Prezidentimiz “Nega jim o‘tiribsizlar, nega qarsak chalmaysizlar?” deya qayta-qayta murojaat qiladi va shundan so‘nggina zalni gulduros qarsaklar tutib ketadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borilgan ushbu ko‘rsatuvni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish nasib etgani zahmatkash otam uchun yaratganning in’omi, tortgan azoblari mukofoti edi go‘yo. Ana shu mukofot ramzi sifatida bugun ham O‘zbekiston bayrog‘i uyimizning to‘rida turadi.

 — Mamlakatimizda kechayotgan bugungi islohotlardan xabardor bo‘lsangiz kerak...

— Albatta. 2008 yilda kelganimda, rivojlanish uncha ko‘zga tashlanmagan, 2013 yildagi safarim chog‘ida esa ahvol ancha yaxshilanib qolganiga guvoh bo‘ldim. Hozirgi kun o‘zgarishlariga qarab, moshalloh, ko‘z quvonadi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar o‘z samarasini bergani ko‘rinib turibdi. Xalqning turmush darajasi ancha yuqori. O‘zbek yoshlari chet ellarga o‘qishga yuborilyapti. Ular dunyoviy bilimlarni egallab qaytgach, jamiyat rivoji, vatan ravnaqiga, albatta, hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik yozuvchilar qalamiga mansub, ayniqsa, tarixiy shaxslar hayotiga doir asarlarni ko‘rib xursand bo‘ldim. Xususan, Shermuhammadbek, Madaminbek to‘g‘risidagi tarix haqqoniy aks etgan kitoblar o‘quvchilar qo‘liga yetib borishi maqsadga muvofiq ish. Yoshlar o‘z xalqiga, milliy qahramonlarga muhabbatli bo‘lishi uchun bu asarlarning o‘rni katta.

 — O‘zbekiston matbuotini ham kuzatib borasizmi? Qaysi nashrlar sizga ma’qul? Bizga takliflaringiz bormi?

— Ha, kuzatib boraman. Faqat Adanaga yetib boradigan nashrlarni kuzatish imkonim bor. Masalan, “Sharq yulduzi”, “Saodat”, “Xalq so‘zi”ni o‘qiyman. “Hurriyat” bilan ham tanishman, eshitganman. Har bir nashr o‘z o‘quvchisining qiziqishlariga qarab, mavzular belgilab olishi kerak, deb o‘ylayman. Buning uchun, avvalo, anketa-so‘rovnoma berib, muxlislar qiziqishlarini aniqlash kerak. 

Men sizlarga hamkorlik taklifini ham bildirmoqchiman. Nashrlaringizda muhojirotdagi o‘zbeklarning o‘tgan va bugungi hayoti haqida turkum maqolalar berib borilsa, bunga o‘zim mas’ul bo‘lardim. Bundan tashqari, har yili 15-20 talaba biz tomonga, Turkiyadagi xuddi shuncha yoshlar O‘zbekistonga kelib, yashab-o‘qisa, degan orzuim, taklifim bor. Bir-birimizning hayotimiz bilan yaqindan tanishsak, muhojirotdagi yoshlar ota-bobolari yurti — O‘zbekistonga mehr qo‘ysa, deyman. Yana bir taklifim — yozuvchilar o‘rtasidagi hamkorlik masalasi. O‘zbek yozuvchilarining Turkiyada bo‘ladigan anjumanlarda qatnashganidan xabarim bor. Bizga Qozog‘iston va boshqa qardosh respublikalardan murojaat etishyapti, mavzular berib, konferentsiyalarda ma’ruza qilishimiz uchun takliflar bo‘lib turibdi. O‘zbekiston tomonidan ham shunday takliflar bo‘lsa, bajonidil qabul qilar edik... 

        Samimiy suhbatingiz uchun rahmat, O‘zbekistonga xush kelibsiz, deya mehmon va uning qizi Yorqinoy bilan xayrlashar ekanmiz, vatan haqidagi savolimizdan so‘ng har ikkisining ko‘z yoshlarini ko‘rib, qahramon shoirimiz Abdulla Oripovning mashhur satrlaridagi haqiqatga yana bir bor amin bo‘ldik:

Vatandan ayri ko‘ngilni, 

bilingki, yayratib bo‘lmas,

Baayni bandi bulbulni 

chamansiz sayratib bo‘lmas. 

Bu inson Turkistonga oid turli hujjatlar, jurnallar, kitoblarni yig‘ib, noyob kutubxona tashkil etgan. “Otayurtdan onayurtga kelgan turkistonliklar”, “Chukurovaning ozod etilishi kurashida qatnashgan turkistonliklar” singari bir qancha kitoblar nashr ettirgan. “Turkistonga tegishli maqolalar” kitobi uchun 1994 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ta’sis etgan Mahmud Qoshg‘ariy xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan. Otasi og‘zidan yozib olib chop ettirgan “Qullikdan hurlikkacha” badiiy-publitsistik xotira kitobi yozuvchi Nabijon Boqiy tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Kitobni o‘qir ekansiz, 13 yoshidan ro‘zg‘or tebratish zimmasida qolgan o‘smirning bir insonday yashash uchun chekkan zahmatlari o‘z vatanidan boshlanib, o‘zga yurtlarda sarson kezish bilan davom etganiga va nihoyat bugungi saodatli kunlar shukronasiga guvoh bo‘lasiz.

Xolida FAYZIYEVA.

  Sholaziz SHOXIDOYEV fotosi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.