Gavharni chag‘ir toshga almashtirmaylik

Izg‘irin esib turardi. Havo sovuq. Poytaxtimizdagi mashhur tug‘ruqxona yonidan o‘tib qoldim. Oynavand peshayvon oldida tumonat odam. Sal nariga ikki-uch qimmatbaho, qop-qora zulukday, xorijiy rusumdagi avtoulov qantarib qo‘yilgan. Karnay-surnay tovushidan quloqlar badang. Hatto, shoshilib turgan yo‘lovchilar ham qiziq bir tomosha ilinjida shu tomonga yopirilib kelishardi. Bunday dabdabali marosimning sababi ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldi.

 

Qaysidir boyvachcha amaldor ilk ko‘rgan nevarasini tug‘ruqxonadan chiqarayotgan ekan. Uch-to‘rt kun avval ko‘zi yorigan juvon eshik yonida qimtinibgina turibdi. Op­poq, harir matolarga o‘ralgan chaqaloq allaqachon qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Gumbazday-gumbazday ayollar galma-galiga norasida go‘dakning yo‘rgagiga dasta-dasta pul qistiradi, qaybirlari yo‘r­g‘alab borib yosh onaning egniga qimmatbaho, rang-barang kiyimliklar iladi, boshidan changal-changal pul sochadi. Bahaybat o‘yinchog‘u aravachalar qo‘ltiqlab qutlov uchun navbat kutib turganlarning keti ko‘rinmaydi. Karnay-surnay tovushiga mastona qiyqiriqlar, bunga esa quloqni qomatga keltiruvchi hofizning ashulasi qorishib ketgan. Birov birovning gapini eshitmaydi. O‘ziga ko‘r­satilayotgan shuncha izzat-ikrom bilan shubhasizki, uch-to‘rt kunlik chaqaloqning zarracha ishi yo‘q. U big‘illab yig‘laydi. Hoynahoy, sovqotdi u, hoynahoy, onasining issiq bag‘riga singib, tamshanib-tamshanib emgisi kel­di. Ammo bu jajji vujudning xohish-istagi tevarakdagi olomonni qiziqtirmaydi. Ular kim o‘zarga sov­g‘a-salom qistirib, sohibu sohibalar ko‘ziga yaxshiroq ko‘rinishga intilish bilan ovora. Suratchilar paytdan foydalanib, fotoanjomlarini shaylab ona va bola yonida rasmga tushishga ishtiyoqmandlarni ko‘zlaydi. Tala-to‘p, g‘ala-g‘ovur kuchaygandan kuchayib borardi. Tomoshatalablar safi ham dam sayin quyuqlashib, ba’zilar havas, ba’zilar hasad bilan dabdabali marosimni kuzatadi.

— Men birinchi bolamni tuqqanimda qaynotam eski “Moskvich”ida amal-taqal opketgandi, — deb o‘zicha hasrat qildi qandaydir juvon, so‘ng hammasiga bola aybdorday o‘g‘ilchasining qo‘lidan zardali tortqilab nari ketdi.

Oy-kuni yaqin kelinchak, aftidan eri bo‘lsa kerak, yonidagi oriq-ozg‘in yigitga savol nazari bilan ko‘z tashladi: “Bizani ham tug‘ruqxonadan shundog‘ olib chiqasizmi?”

Er sinovchan nigohlarga dosh berolmayyerga qaradi. Kelinchak arazlab lab burdi.

— Qanday baxtli oilalar bor-a, — deb bosh tebratdi semiz bir ayol havasu hasad aralash, — bir parcha etga shuncha to‘y-u tomosha...

Ko‘nglim xijil tortdi. Ishqilib, biror xorijlik mehmonmi, sayyohmi ko‘rib qolmasin-da, degan o‘yda yon-atrofimga ko‘z tashladim. Chunki ular sinchkov bo‘lishadi. Bizga chinakam shodiyona, baxt va iqbol mujdalari bo‘lib tuyulgan bunday marosimlarning asl zamirida johillik, kibr, soxta tabassum yashirin ekanligini nozik ilg‘ashadi. Samarqandlik mohir tarjimon va shoir Murodxon Ergashev shunday hikoya qiladi: “Bir kuni shahrimizga bir guruh farang sayyohlari tashrif buyurishdi. Ularga hamrohlik qildim. O‘zbek xalq to‘ylarining dovrug‘i oz-moz qulog‘imizga chalingan, ba’zi bir mutaxassislarning tadqiqotlaridan o‘qib bilganmiz, mana, yurtingizga o‘z oyog‘i­miz bilan keldik, agar joiz bo‘lsa, mahalliy to‘ylarning birida qatnashib, uyerdagi go‘zalliklarni ko‘rib hayratlansak, deb qoldi guruh boshlig‘i. Men bajonu dil rozi bo‘ldim. O‘sha kuni shahar chetidagi restoranlarning birida uzoq bir tanishimiz to‘y qilayotgan ekan. Faranglarni o‘sha yoqqa boshlab bordim. Ammo ming afsuski, tantana yarim bo‘lmasidanoq xorijiy mehmonlar to‘yxonadan qochib chiqishdi. Qo‘rquv-vahimadan ko‘zlar ola-kula. Ba’zi birlari tinchlantiruvchi dorilardan yutib olishga ham ulgurishdi. To‘yxonadagi kuy-qo‘shiqlarning tomni ko‘chirib yuborgudek shovqin-suroni, mast-alast davralar, behayo-beo‘xshov qiliqlar sayyohlarni shu ko‘yga solgani aniq. Murod, menga ayt-chi, deb qoldi keksaroq xonim, goh kelin-kuyovning, goh ashulachining boshidan pul sochishyapti, buning ma’nosi nima? Kelin teskari turganicha qo‘lidagi gul­das­tani uloqtirib yubordi, nima, u xafami yo boshqa biror sababi bormi deb so‘radi yana bir farangi. Ochig‘i, qanday tushuntirishni bilmay, gapni hazil-huzulga buribgina qo‘ya qoldim. Yaxshiyam, o‘rtamiyona qabilidagi to‘yga boshlab boribman, deyman o‘zimga o‘zim, agar ba’zi bir boyvachchalarning “yulduz” to‘ylariga olib borsam, uyerdagi dabdabani, manmanlikni ko‘rib ne ko‘yga tushardi bu ajnabiylar! Xullas, fa­rang­lik sayyohlar hafsalasi pir bo‘lgan ko‘yi vatanlariga qaytishdi. Men esa hali-hanuz xorijliklarning o‘sha kungi savoliga javob izlayman”.

Mana, tug‘ruqxona yonidagi uncha-muncha aqlni shoshirib qo‘yadigan “tomosha”ni ko‘rib meni ham o‘sha xil savollar iskanjaga oldi. Turmush tarzimizga bunday dabdababozlik, milliy qadriyatlarimizga yot an’analar qaydan suqilib kirayapti? Biz o‘zimizni kimga ko‘z-ko‘z qilayapmiz? Qay bir jihatlarimiz bilan maqtanayapmiz? Kim o‘zarga amalga oshirilayotgan to‘yu marosimlar urf-odatimizga aylanib ulgurdimi? Odatda, hayotimizda biror bir illat paydo bo‘lsa, darhol Yevropa yoxud Amerikaning yoqasiga yopishamiz. Go‘yo “Omma­viy madaniyat” niqobi ostida ular yot g‘oyalarni bizning beg‘ubor qalblarimizga singdirayotgan bo‘ladi. Ammo o‘zgalarni yomon otliq qilishdan avval ozgina insof bilan, torozi pallasini teng tutib qaraylik. O‘shanda Yevropa yoxud Amerika xalqlarini malomatga qo‘yish emas, aksincha ulardan hatto ba’zi bir narsalarni o‘rganishimiz lozim ekanligi ma’lum bo‘ladi. Masalan, g‘arbliklar bizlarniki kabi to‘ylar qilishmaydi, bizlardagi yanglig‘ gulotar, parda yirtar, uy bezash, charlar degan g‘ayri tabiiy odatlari yo‘q ularning. Holbuki, germaniyalik oddiy bir ishchining ham uncha-muncha boyvachchalarimizdan ziyodroq to‘y qilib berishga qurbiyetadi, ammo bunday dabdababozlikni ular g‘ayri insoniy, g‘ayri tabiiy hisoblashadi, ular to‘ylarni chinakam shodiyona deb bilishadi va to‘rt-besh do‘stu yoron davrasida chinakamiga o‘y­nab-kulishadi. Biz ham to‘y­larga shodu hurramlik sifatida qaraymiz, ammo o‘sha tantana kuni na mezbon, na mehmon ko‘ngildagiday yayraydi, jonsarak sohibu sohibalar nozik mehmonlarning ko‘nglini topish, kim qanday tuhfa — to‘yona qilganligini ziyrak kuzatish, shunga qarab tashrif buyurganlarga muomala qi­lish bilan ovorayu sarson bo‘ladi. Yurakda, xayolda quvonchu baxtiyorlik, huzur-halovat hislari o‘rniga qandaydir “buxgalteriya” raqamlari kezib yuradi, xolos. Agar biz ayni manzaralar yuzasidan xulosalarni jamlaydigan bo‘l­sak, xorijliklarning o‘sha savoliga qisman javob topganday bo‘lamiz. Ko‘p hollarda biz moddiyatni ma’naviy qadriyatlardan ustun qo‘yamiz. Yon-atrofga moddiy imkoniyatlarimiz bilan maqtanishni, yon qo‘shnimizga undan ko‘ra boy-badavlatroq ekanligimizni isbotlashni, dabdaba-yu as’asamizni ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘ramiz. Eng yomoni, aziz umrimizni xuddi shu moddiy ne’matlarni yaratishgagina sarflab yuborayotganimizni goho sezmay qolamiz. Holbuki, g‘arb kishisi moddiylikni yashash uchun, ma’naviy jihatlarni yuksaltirish uchun qulay vosita deb qaraydi, xolos. Ular pul-boyliklarini hayotdan ko‘proq lazzatlanishga, dunyo kezishga, o‘z intellektini rivojlantirishga, moddiy va ma’nan hur bo‘lishga sarflaydi. Biz ham go‘yoki xuddi shunday orzu-niyatlar og‘ushida yashayotganday bo‘lamiz, ammo aksariyat hollarda bir umrga tatishi kerak bo‘lgan zavq-shavqimiz dang‘illama hovli-joy qurib, kimo‘zar to‘ylar qilib, allakimlarnidir “ang­raytib” tashlash bilangina qanoatlanadi. Eng achinarlisi, turmush tarzimizdagi xuddi shunday illatlarni “o‘zbekchilik”, “milliy mentalitet” deya atab o‘z-o‘zimizni ovutamiz. Modomiki, biz ming-ming yillik milliy urf-odatlarimizni ardoqlab, ularni hayotimizga tatbiq qilishni istar ekanmiz, eng avvalo, tug‘ruqxona eshigi oldida tantanali marosim o‘tkazish, uch-to‘rt kunlik chaqaloqni qo‘lma-qo‘l qilishning o‘rniga qirq kunlik chilla saqlash odatini mukammal ado etishimiz, ko‘zi yorigan onani, chaqaloqni begona ko‘zlarga ko‘rsatmasligimiz, go‘dakni beshikka belash tartiblariga, an’analariga, to‘g‘ri ovqatlantirish qoidalariga e’tibor qaratishimiz, qat’i amal qilishimiz lozim. Xuddi shunday yondashuv, menimcha, chinakam “o‘zbekchilik” sanaladi. Qiz uzatar, o‘g‘il uylantirar to‘ylarimizda ilgari oyna ko‘rsatar, oyoq bosar, vakil so‘ratar, yuz ochar kabi azaliy-an’anaviy qi­ziqar­li, mazmunli marosimlar amalga oshirilardi. Xorijlik mehmonlar to‘y-tantanalarimizning aynan o‘sha jihatlarini tomosha qilishga ishtiyoqmand, ular, xalqimizga xos dunyo qarashdan, falsafiy tutumdan zavqlanishni, ibrat olishni istashadi. Aynan shu jihat ham biz tez-tez malomat qilib turadigan g‘arbliklarning nechog‘lik ma’naviyatga e’tiborli ekanligini ko‘rsatadi. Biz ularni yuz kilo osh damlaganimiz yoxud to‘y davomida qay bir mashhur yallachini bo‘kirtib qo‘y­ganimiz yoki quda tomonga qirqdan ziyod tog‘ora jo‘natganimiz bilan aslo qoyil qoldira olmaymiz. Ming afsuski, biz yuqorida qalamga olgan go‘zal, chuqur falsafali, jozibador urf-odatlar bugungi kunda, hatto eng chekka ovul va qishloqlarimizda ham kamdan-kam uchraydigan bo‘lib qoldi. U yoq­larda ham tong otar ichkilikbozlik, qimmatbaho mashinalarda sayr etish, kelin-kuyov valsi singari sayoz va siyqa odatlar tobora an’anaga aylanmoqda. Boshqacha ta’riflaganda, biz hech bir ikkilanmay, hech bir kuyinmay qo‘limizdagi gavharni oddiy toshga almashtirmoqdamiz. Bir kun kelib xuddi shu tosh boshimizni yorishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmayapmiz. Shu o‘rinda kimlardadir e’tiroz tug‘ilishi, bunday dang‘illama to‘yu tomoshalar farovon, osoyishta hayotimiz belgisi, bundan faqat quvonishimiz, faxrlanishimiz kerak, deyishi mumkin. Men esa kim­o‘zar ma’rakayu marosimlarimizni to‘kin, tinch-totuv turmushimizga nisbatan noshukrchilik, nopisandlik deb atagim keladi. Prezidentimiz, huku­matimiz tomonidan aho­li turmush darajasini oshirish, xalq hayotiga farovonlik olib kirish borasida oqilona, odilona siyosat yuritilayotgan ekan, bundan ko‘z­langan asl maqsad moddiy qulayliklar, shart-sharoitlar, imkoniyatlar zamirida intellektual salohiyati baland, hur fikrli,yetuk shaxsiyatli fuqarolarni, eng avvalo, navqiron avlodni tarbiyalab, voyagayetkazishdir. Bunday ulug‘vor murod-maqsadlarga qasrmonand hovli-joylar qurib,yetti mahallada duv-duv gap bo‘ladigan marosim-ma’rakalar o‘tkazib yoxud qadimda yashab — faoliyat yuritgan ota-bobolarimiz bilan maqtanib yuribgina erishib bo‘lmaydi. Ko‘zni kattaroq ochib dunyo­ga teran nazar tashlashimiz, shaxs ma’naviyati tarbiyasiga jiddiy e’tibor berishimiz lozim.

Ma’naviy tarbiya oqsagan joyda kishilar, ayniqsa, yoshlar ongida, qalbida ulkan bo‘shliq paydo bo‘ladi. Bu bo‘shliqni yot g‘oyalar, sarob xayollar, tajovuzkor mafkuralar osongina egallab oladi. Qolaversa, moddiy unsurlarni har ne qadriyatlardan ustun qo‘yishlik, ortiqcha zebu hashamga, shonu shuhrat,  kibru havoga berilish, oxir-oqibat boshqa illatlarni, hatto jinoiy moyillikni paydo qiladi. Qay yo‘l bilan bo‘lsa ham ko‘proq molu dunyo to‘plash, dang‘illama uy-joylar qurish, shov-shuvli marosimlar o‘tkazish, hamma-hammani hangu mang etib tashlash jazavasi ko‘ngil ko‘zini ko‘r, quloqni kar qilib qo‘yadi. Aynan shunday girdobga tushib qolgan kishilar yovuz tar­g‘ibotlar, g‘ayriinsoniy aqidalar jilvasiga tez beriladi. Bunday noma’qul moyillik qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini jafokash ona zaminning ko‘plab hududlarida yuz berayotgan qonli to‘qnashuvlar, vayronagarchiliklar misolida ham ko‘rib-kuzatib turibmiz. Bu tala-to‘plar, nizolar tub zamirida, biz sanab o‘tganimiz, ma’naviy qashshoqlik, fikriy qaramlik, olomonchilik tushunchasi yotibdi.

Biz ulug‘ ajdodlarning ulug‘ avlodlarimiz. Har qanday muammolarni ham oqilu donishlik bilan bartaraf etishga harakat qilib kelganmiz. Chunki, bunga bizda barcha imkoniyatlaryetarli.  Demak, shunga munosib bo‘lishimiz lozim.

 

Luqmon BO‘RIXON,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.