Klara JALILOVA: Taqdirimdan minnatdorman...

Uchrashuv

Yurtimizda “Maftuningman” filmini ko‘rmagan, “Do‘ppi tikdim” qo‘shig‘ini eshitmagan san’at ixlosmandi bo‘lmasa kerak. Suhbatdoshimiz O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilova bosh­qa hamkasblaridan, umuman, tengdoshlaridan farq qiladi. Dilidagi tilida bo‘lgan aktrisa bilan suhbatlashish maroqli. Negaki, so‘zlarini ortiqcha bo‘yoqlar bilan boyitmaydi, ko‘nglida borini tiliga chiqaradi. Ko‘plab kino va teatrdagi rollari orqali tomoshabinlar e’tiborini qozongan, el suygan bu ayol bilan “Hurriyat” gazetasi uchun diydorlashdik.

 

Bolaligim — poShsholigim bO‘lmagan...

Bolaligimni eslasam, ko‘z oldimga qiyinchilik bilan oilasini boqayotgan oila boshliqlari keladi. O‘sha vaqtlarda ikkinchi jahon urushi endigina tugagan, hamma uchun birdek og‘ir bo‘lgan zamonlar edi. Yashash qiyin edi-ku-ya, lekin bizning oila uchun hammasidan qiyin bo‘lgan. Sababi, oilada besh farzand edik. To‘ng‘ich farzand bo‘lganligim uchun ham oilaning barcha og‘irligini his qilardim va ota-onamga oz bo‘lsa-da, ko‘mak berishga oshiqardim. Uyimiz shundoqqina “Chorsu” bozori oldida, hozirgi kitob do‘konlari o‘rnida edi. Kichkinagina hovlimiz bo‘lardi, hatto joy torligidan onam bizga tomga joy solib berardilar. Tomda uxlashning zavqi boshqacha. Qoyil qolganim barchaning tomidan tortib, taom­lari-yu, kiyinishida katta farq yo‘q edi. Qo‘shnilarning bir-biriga ahilligini aytmaysizmi? Yo‘qchilik zamoni bo‘lishiga qaramasdan, do‘ppidekkina osh qilsak-da, qo‘ni-qo‘shniga ham ilinardik. Tomdan-tomga sakrab hansiragancha kelardim. Qarang, shu darajada sho‘x bo‘lgan ekanman. U zamonlar butun boshli “Chorsu” mahallasidagi xonadonlarda ikkitagina televizor bor edi. Jamiki mahallamiz ahli bilan ularning uyiga chiqib, kontsert ko‘rardik. Bag‘rikeng oilalar edi, dar­hol televizorni hovliga olib chiqishardi, ko‘plashib ko‘rardik. Oilamga moddiy yordam bo‘lsin deya, suv sotardim. Yozgi kinoteatr­da o‘sha paytning eng mash­hur hind filmi “Daydi” qo‘yilardi. Suvning puli esa ro‘zg‘ordan ortay demasdi. Chiptaga pulimyetmagani uchun yozgi kinoteatrga kirolmasdim. Kino ko‘rishga bo‘lgan qiziqishimning yuqoriligidan daraxt ustiga chiqib, tomosha qilardim. Uning zavqini sizga tushuntirib berolmayman. Yo‘l-yo‘lakay filmdagi qo‘shiqlarni kuylab kelardim.

Onam farrosh, dadam oddiy xizmatchi edi.

Birinchi yoki ikkinchi sinfda bo‘lsam kerak, o‘sha paytdayoq jimitdekina jussam bilan onamga maktab polini yuvishda yordamlashardim. Xullas, qo‘limdan qanday ish kelsa, bajarardim. Musiqa, adabiyot va biologiya fanlaridangina yaxshi o‘qirdim. Qolgan fanlardan olgan bahoim esa “3” bo‘lgan. Xirgoyilarimni eshitgan o‘qituvchilarim, “Sen baribir artist bo‘lasan”, deb baholarimni qo‘yishardi.

“Sen artist bO‘lasan!”

7-sinfni endigina tugatgan vaqtimda, mehnatkashlar va paxtakorlar uchun kontsert bo‘layotgan zalga borib qolganman. Ular orasida o‘tirgan Halima opa Nosirova qo‘shig‘imni tasodifan eshitib qolib: “Sen albatta qo‘shiqchi bo‘lishing kerak, o‘zim senga qo‘shiqlar o‘rgataman” deb, bir manzil yozilgan qog‘oz berdilar. Shu-shu Halima opa bilan hamkorligimiz meni katta san’atga boshlab keldi. Tez-tez Muxtor Ashrafiy, Tamaraxonimlar bilan uchrashardim. Halima opa chindan ham menga ko‘plab qo‘shiqlar o‘rgatdi. Bir kuni Tamaraxonim birorta qo‘shiq kuylab ber-chi, deb qoldilar. Halima opaning quyidagi qo‘shig‘ini aytdim:

Qoshing bilan ko‘zingga, ko‘zingga

Oshno bo‘ldim o‘zingga, o‘zingga

Aytolmayman yuzingga, yuzingga

Insof bersin o‘zingga, o‘zingga…

qo‘shiqni raqsga tushib aytib berganman. O‘tirganlar kulgudan o‘zlarini tiya olmagan, chunki endigina o‘n beshga chiqqan, uning ustiga jussasi kichikkina qiz bo‘lganim, kamiga sevgi-muhabbat haqida aytgan qo‘shig‘im ularning kulgusiga sabab bo‘lgan. Ovozim va o‘zimni tutishim ularga manzur kelganidan so‘ng o‘n olti yoshgayetmasimdan ham katta ansamblga yakkaxon xonanda sifatida tayinlashgan. Ansamblda o‘rgangan ilk ashulam “Diyorimsan” bo‘lgan. Farog‘at opa Rahmatova ko‘plab qo‘shiqlar o‘rgatganlar, o‘zim ham u kishining ijodlaridan kuylab yurardim. 1957 yilda oltinchi jahon yoshlari festivaliga qatnashish uchun Moskvaga borib, ikki marta oltin medal olib kelganman.

MashHurlikka intilmay turib tanilganman

Ha, rost, mashhur bo‘lishga harakat qilmaganman. San’atga yuragimga taskin berish maqsadida kirganman. Qolaversa, ansamblda ishlab oilamga yordam bera boshlaganimdan ichimda yo‘q quvonib yurganman. Kutilmaganda, yulduzlik onlari juda erta keldi. Bugun qo‘shiq aytib chiqsam, ikki kundan so‘ng butun O‘zbekiston yoshlari kuylab yurardi. Repertuarimda ozarboyjon, turkman, qirg‘iz, tatar, tojik xullas, tilimizga yaqin bo‘lgan ko‘plab tillarda qo‘shiq bo‘lardi. Ko‘chaga yolg‘iz chiqishga qo‘rqardim. Kim ko‘rsa kelib sevgi izhor qilardi. Uyimizga sovchi jo‘natganlarning oxiri uzilmasdi. Hattoki Afg‘onis­ton qo‘shiqchisi Xiyol ham ota-onamning oldiga kelib, “Klarani menga uzating” deb aytgan.

Elimizning eng suyukli san’atkorlarining shogirdi bo‘lganman. Mukarrama opa Turg‘unboeva, Yunus Rajabiy, Doni Zokirov, Kommuna opa Ismoilovalar qo‘ldan kelgancha menga yordam berishgan.

Baxtimni topishim…

Aktyor Yoqub Ahmedov bilan o‘rtada mehr-muhabbat ila turmush qurganmiz. To‘ng‘ich o‘g‘lim tug‘ilganidan so‘ng, o‘z ixtiyorimiz bilan ajrashganmiz.

“Bahor” ansambliga ishga kirgan vaqtimda turmushimdan ayrilgan edim. Ansamblda Rustam Negmatov degan iqtidorli changchi ishlardi. Garchi turmushdan ajrashgan, qolaversa, o‘g‘lim bo‘lishiga qaramasdan bo‘ydoq Rustam akaning muhabbatiga sazovor bo‘l­ganman. Besh yil davomida muhabbatimizni sinaganmiz. So‘ngra Rustam aka bilan turmush qurib, haqiqiy ayollik baxtini his qilganman. Hayotimning eng baxtli damlari Rus­tam aka bilan o‘tgan, desam yanglishmayman.

Dadam olti oy gaplashmagan…

Hozirgi kunda san’atkor bo‘laman deganga qarshiliklar yo‘q, nazarimda. Ammo bizning yoshligimizda san’atkor bo‘laman deyishning o‘zi katta jasorat edi. Mening ota-onam ham san’atkor bo‘lishimni xohlamagan. Endi-endi qo‘shiqlar o‘rganib, sahnaga chiqayotgan pallalarim dadam mendan xafa bo‘lgan va umuman gaplashmay qo‘ygan. Bu nihoyatda ta’sirchan mendek qizga og‘ir botgan. Ansamblimiz bilan katta kontsert qo‘yadigan bo‘ldik. Tayyorgarliklar avjida. Ertalab uydan chiqib ketayotganimda, dadamning qo‘llariga chipta tut­qazib, kontsertga taklif qilib, o‘rtoqlaringiz bilan o‘ting deganman. Kontsert boshlanay deyapti-yu ikki ko‘zim tomoshabinlar qatorida. Dadamni intiq kutyapman, ko‘zlarim to‘rt bo‘lib kutyapman. Bir vaqt dadam mahallamizdagi o‘rtoqlari bilan kirib keldilar! Tanamga qaerdandir kuch yog‘ilib kirgandek bo‘ldi. Ularni tashkilotchilar birinchi qatorga joylashtirishdi. Ko‘nglim yorishdi.

Sahnaga chiqishim bilan xalq olqishlar bilan qarshiladi. Dastur tugaguncha gullarga ko‘milib ketdim. Yig‘ilgan gullardan olib, dadamning poyiga tashladim. Mana shu kunda san’atimni davom ettirishim uchun dadam oq fotiha berdilar...

SaHnaga mendan keyin Hech kim chiqa olmasdi…

Xalqning mehri menga tushganidan minnatdor yurardim. Sahnada kuylab bo‘lganimdan keyin qarsaklarning ovozi ancha paytgacha tinmasdi.

Bir kuni mendan keyin sahnaga chiqqan bir san’atkorni zal qabul qilmay chiqarib yuborgan. Endigina kiyimlarimni almashtirib turgan joyimga kelib, o‘sha san’atkor meni do‘pposlab, tars-turs urib ketgan. Bizni zo‘rg‘a ajratishgan. Ochig‘i, kuchimyetmagan, kichkina jussali qizcha edim, u esa mening hozirgi holatimdagidek. Bu ko‘ngilsiz vaziyat kontsert tashkilotchilarigayetib borib, meni dastur oxiriga qo‘yadigan bo‘lishgan.

“Maftuningman” filmidan minnatdorman!

Aslida “Maftuningman” filmigacha odamlarni o‘zimga maftun qilib bo‘lgandim (kuladi). Rahmatli shoir Turob To‘la stsenariysini menga atab yozgan. Ammo suratga olish ishlari boshlanay deganda rejissyor Yo‘ldosh A’zamov meni bosh rolda o‘ynashimga rozi bo‘lmagan. Hammaning oldida “Bu qiz hali kichkina bo‘lsa, qanday bosh rolga olaman. Na bo‘yi, na qomati bor” deb aytgan. Shunda Turob aka “Stsenariy faqat Klara uchun yozilgan. Undan boshqa qiz suratga tushishi mumkinmas” deganlaridan keyingina tasvirga olish ishlari boshlangan. “Maftuningman”chalik hech qaysi filmda bunchalik qiynalmaganman. Yoz fasli, havo issiq. Meni to‘laroq ko‘rsatish uchun qavat-qavat kiyintirishardi. San’at akagayetkazish uchun oyog‘im tagiga taxtalar qo‘yib, ijodiy guruh ter to‘kardi. Bastakor Mutal Bur­honov “Filmdagi roling va “Do‘ppi tikdim” qo‘shig‘ing bilan o‘zingga haykal o‘rnatding”, — deb aytgandilar. Haqiqatan ham qaerga bormay, shu film bilan meni tilga olishadi. Ushbu kino olti oy mobaynida butun respublika bo‘ylab tinimsiz qo‘yilgan ilk film bo‘ladi. “Maftuningman” Moskvada ham qo‘yilgan va o‘n kunning ichida uyerda ham eng ko‘p tomoshabin yiqqan film bo‘lgan ekan.

To‘yda hech qachon pul olmaganman

Xalqimiz hozirgacha xizmatlarga, to‘ylarga chaqiradi. O‘zining quvonchli kuniga havas qilib chaqirsa, nima uchun men pul olar ekanman? Xalqimning menga bergan mehridan bo‘lak hech narsasi kerakmas! Hayotda oddiy yashadim. Mening oddiy turmush tarzimni ko‘rganlar hayronligini yashirmaydi. Uchastka qilmadim, tillaga burkanmadim. Oddiy va halol yashadim. Iymonim butunligidan mana bugun yuzim yorug‘, ko‘nglim xotirjam.

Yigirma sakkiz yil deganda unvon olganman

Tan olaman, san’atda juda qiynalganman, ezilganman. Ijodimni boshlaganimdan keyin yigirma sakkiz yil deganda unvon oldim. Ko‘pchilik nega kattaroq unvon haligacha olmagansiz deyishardi. Har qanday mukofotdan ko‘ra, xal­qimning bergan mehri, e’tibori ko‘proq muhim deb javob beraman. Qanchadan-qancha tuhmat toshlari otishdi, bo‘htonlarning tagida qolib ketgan damlarim bo‘ldi. Lekin hammasini vaqtning izmiga qo‘ydim. Chunki haqiqat baribir yuzaga chiqar ekan. Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning ochilish marosimi bo‘lganida, davlatimiz rahbari rahmatli Islom Karimov fontan boshlanishidan to to‘xtagunga qadar Klara Jalilovaning qo‘shiqlarini qo‘ying, deganlarini eshitib, xursandligimdan rosa yig‘laganman.

Qanday qariganimni bilmay qoldim

Hozirgi kunga kelib filmlarimni “Oynai-jahon”dan berib qolsa, umrim shiddatli tarzda tez o‘tib ketganini his qilaman. Odam qanday qilib qariganini bilmay qolarkan. Yoshlik davrlariga baribir hech narsa tenglasha olmasligi haqiqat ekan. Agar o‘sha yoshligim hozir qaytib kelganida ko‘p narsalarni o‘zgartirgan bo‘larmidim?...

“Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi hangomalar

“Maftuningman”dan keyin “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmigacha ko‘nglimga yoqadigan filmda suratga tushmadim. Qashqadaryoga gastrol safariga borganimizda, televizorda berilayotgan kinoni ko‘rib yig‘lab o‘tirgandim. Rejissyor, rahmatlik Melis Abzalov qo‘ng‘iroq qilib, “Ertagayoq Toshkent­gayetib kel, hech qanaqa kastingsiz “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ga qabul qilinding” deganlar. Hozirgina yig‘lab o‘tirgan odam xushxabardan raqsga tushib ketganman...

…Ertasigayoqyetib kelganman. Rahmatli Obid Yunusuv bilan derazadan tashqariga chiqadigan sahnasini olishga butun boshli ijodiy guruh, ayniqsa, Obid aka qiynalib ketganlar. Sababi, hammaga ayon o‘sha vaqtlarda to‘lishgandim. Obid aka ko‘tarishga qiynalib, “Klara ozsang bo‘lmaydimi? ”deb, aytganlari hech yodimdan chiqmaydi.

Futbolning ashaddiy muxlisiman

Bolaligimda fe’lim yigitlarnikidan kam bo‘lmagan bo‘lsa-da, futbolning muxlisi bo‘lmaganman. Rustam akaga turmushga chiqqanimdan so‘ng, u kishi bilan futbol ko‘raverib, futbolsevar ayolga aylanganman. Hozirgacha birorta ham futbolni qoldirmayman.

Armonim…

Olti yil oldin o‘g‘lim saraton kasalligi tufayli 47 yoshida vafot etdi… Onaga farzandining o‘limidan ortiq azob bormikan. Ayniqsa, farzandi o‘lishini oldindan bilsa. Farzand borasida o‘zi armonim bor edi, o‘g‘limning vafoti bu armonni yanada og‘irlashtirib yubordi. Rahmatli o‘g‘lim juda kitobsevar edi. Ikki kunda katta-katta asarlarni o‘qib chiqardi. Qiz farzand ko‘rmaganimdan ko‘p kuyinardim, singlim olamdan ko‘z yumganida qizini o‘zim boqib olgandim. Xudoga shukrki, yaxshi tarbiya bergan ekanmanmi, qo‘li gul hamma ishni bajarib ketaverardi. Hozir eri bilan Amerikada yashaydi. Uzoq yurtda bo‘lsa ham doimo mening g‘amimniyeydi, tez-tez holimdan xabar olib turadi.

Taqdir haqida

81 yoshga kiribman... Bu yoshgayetganlar bor,yetmaganlar bor. Hayotim davomida ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdim. Boshimga tushgan eng og‘ir musibat, o‘g‘limni tuproqqa qo‘yganim bo‘ldi. Ishonasizmi, o‘sha damlarda bu dard meniyengadi,  sabr qilolmayman deb o‘ylagandim. Ammo... hayot davom etar ekan. O‘g‘limsiz – suyanchig‘imning birisiz yashash og‘ir edi. To‘ng‘ich o‘g‘lim Furqat yonimda bo‘ldi, dardimni biroz bo‘lsa-da oldi. O‘nta bo‘lsa o‘rni bo‘lak deganlaridek, baribir yuragimning bir bo‘lagi kichik o‘g‘lim bilan ketdi.

Shaxsiy hayotimda balki orzu qilganimdek yashamagandirman, ammo o‘tgan umrimga nazar tashlab, afsus qilmayman. Xalqimning mehrini qozondim. Shuning uchun taqdirimdan minnatdorman.

Feruza RAHIMOVA yozib oldi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.