“...Yaxshilar oldidagi qarz”

Kitobxonlik

Balki kimdir bizni ham xotirlab qo‘ysa zimdan,

Parchalab qabr toshin dermiz: “Labbay!”,  u zamon.

Abdulla ORIPOV.   

Umrining sururli yillarida shoir shunday lutf qilgandi. Tafakkurining ummoniy teranligini inkishof etganidek, tiriklik bozorida ko‘p narsa unutiladi, biroq, “unutilmas aslo yaxshilar oldidagi qarz”! Bugun taqdir hukmi ana shu yozuqni o‘qib turibdi: shoir foniy dunyoni tark etdi, endi uning yaxshiliklari eslanadi: kimgadir ko‘rsatgan iltifoti, insoniy yordami va albatta, minnatdor o‘zbek xalqi uchun milliy adabiyot rivoji yo‘lida qilgan ezgu amallari!

 

Binobarin, akademik Akmal Saidov va jurnalist  G‘ulom Mirzoning  “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” xotiralar kitobi ana shunday mehr-oqibatning samarasidir, deyish mumkin. Albatta, tuyg‘ular izhorini ulug‘ shoirdan o‘tkazib ifodalash qiyin. Kitob nomi ham ulug‘ shoirning  mash­hur she’ridan olingan.

To‘plamga hafsala va did bilan tartib berilgan. Unga jamlangan har bir bitik zohiriy mavzu yuzasidan va shoir umrining dolg‘ali yillaridagi botiniy hikmatdan so‘zlayotgandek bo‘ladi. Zero, unda sof rasmiy yoki diplomatik yozuvlarning kiritilishi ham ma’lum haqiqatlarni dalillaydi. Negaki, o‘z davrida Abdulla Oripov nafaqat shoir, balki yirik davlat va jamoat arbobi sifatida ham ulkan mahobat kashf etgandi. Bu tabarruk ism-sharif tarixga doir ko‘plab hujjatlarda darj etilgan. Shu tufayli “Abdulla Oripov siyrati” deb nomlangan birinchi qism ham, “Jondek aziz xotira” deb atalgan ikkinchi bob ham tarozi pallasidek mantiqni ushlab turibdi. Umuman davlat madhiyalari yoki “Dante Aligeri” haqidagi teran mulohazalar ham, samimiy va ehtirosli xotiralar ham yorqin timsolni yaxlitlikda tasavvur etishga samarali xizmat qiladi.

Albatta, kelajakda “o‘tlug‘ ilhom” bilan yozilgan har bir she’r turli o‘lchamlarda tahlil qilinadi, bu nodir san’atning sirini inkishof qilishga uriniladi, ammo shu izlanishlar qatorida mustaqil davlat madhiyasi yaratilishi bilan bog‘liq tafsilotlar ham yangi tadqiqotlarda, qolaversa, shoir ijodiy olamini tasavvur qilishda asqotadi. Yoki bir paytda “Bugun demam u manim,  manim” tarzida inkor etilgan mavzuning shoir ijodida o‘zgacha ko‘lam kashf etish tadrijini tasavvur qilishda shubhasiz  akademik Akmal Saidovning mulohazalari yo‘lchiroq vazifasini bajarishi mumkin. Shuningdek, shoir Abdulla Oripov ijodida anchayin dard va shodumonlik kashf etgan “Ilohiy komediya” tarjimasi, Dante yurtida ko‘rsatilgan e’zoz haqidagi haroratli qaydlar  ulug‘ shoir ijodining umuminsoniy mohiyatini anglashda, ham  iqtidorining eng qiyin sinovlarga qandayin dosh berganini e’tirof etishda hujjatli dalil bo‘lib xizmat qiladi. Tarjimonning o‘zi tan olganidek, Dante uni jahoniy sarhadlarga olib chiqqan edi. Yana kitobning qimmatli tomonlaridan biri shundaki, muallif  buyuk italyan shoiri ma’naviy dunyosini to‘la tasavvur eta olgan tadqiqotchi sifatida Abdulla Oripovning milliy Danteshunoslikka qo‘shgan hissasini yaxlit va komil tarzda ko‘rsatib bera olgan. Bu mulohazalar shu yo‘nalishdagi keyingi tadqiqotlarda kompas vazifasini bajarishi mumkin.

Aytish mumkinki, Abdulla Oripov dastlabki she’rlari tilga tushib, e’tirof etilganidan so‘nggi kunlarigacha she’r ahlining mayog‘iga aylandi, ularga ustoz maqomida turdi. Bugungi kunda o‘zbek she’riyati yangi va mislsiz to‘lqin bilan to‘lishgani e’tirof etilmoqda. Bu hol,  avvalo, buyuk Navoiy sohir nafasining avlodlarigayetib borganida zohir bo‘lsa, ikkinchidan, zamondosh shoir Abdulla Oripovning she’rga, uning har bir satriga, eng mayda unsuriga nihoyatda talabchanlik bilan yondashganligining ibrati sifatida tan olinmoqda. Abdulla Oripov she’riyatida bironta bo‘sh qofiya, sakta satr yoki yuksiz qolgan so‘z yo‘q. Ijodda bunday komillikka erishish  juda kam insonlarga nasib etadi. Hozirgi yoshlar ana shu talabdan kelib chiqib yozganlariga yondashmoqlari, o‘zlariga baho berishlari, ta’bir joiz bo‘lsa, avval Abdulla Oripovning “imtihoni”dan o‘tib, keyin qalam tutmoqni ixtiyor etmoqlari joizdir.

Ko‘p asrlik she’riyatimizda Abdulla Oripov she’riy shaklni san’atkorlarcha sayqallagan shoir edi, quvonarlisi  bugungi avlod ana shu yuksaklikdan parvozga shaylanmoqda. To‘plamga “Kitob nima uchun shunday nomlandi?” degan muxtasar so‘zboshi yozilgan. Uning har bir fasliga shoirning  mohiyatni yana ham ravshanroq ifodalaydigan go‘zal she’rlari berilgan. Bu hol xuddi uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashgan, har bir sahifadan go‘yoki ulug‘ shoir boqib turgandek va e’tiroflarga o‘zi javob berayotgandek bo‘ladi. Umuman, bu kitobning yuzaga kelishi Abdulla Oripov dunyosini inkishof etishda ko‘plab yangi dalilllarga boyligi bilan qimmatli. O‘z davri adabiy muhitida po‘rtana yuzaga keltira olgan mo‘’tabar zot — “o‘zimizning Abdulla akamiz” haqida hali ko‘plab kitoblar yaratiladi. Bu to‘plam shu qatorda munosib o‘rin egallashi shubhasiz.  

Hakim   SATTORIY.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.