KITOB - NUR, ZIYO

Avtobus bekati har qachongidan ham gavjum. Bekatdagi uch nafar qiz e’tiborimni tortdi. Ulardan biri kitob­dan ko‘z uzmay o‘qib turar, ikki dugonasi esa allaqanday fasondagi tor shim kiygan, poshnabaland, planshetda yozishmadan ortmasdi.

Ochig‘i, kitob o‘qi­yot­gan qiz haqida “hoynahoy o‘zini aqlli ko‘rsatmoqchi” degan o‘y o‘tdi menda. Uning mutolaa­ga shunchalar berilib ketganini dugonalari avtobusga chiqqaniyu, navbatdagi bekatlardan birida tushib qolganida ham payqamaganidan sezdim.

Avtobus siyraklashib, qiz tomonga yaqinroq borsam, “Kecha va kunduz” asarini o‘qib ketayotgan ekan. Men qachon shu qadar berilib kitob o‘qiganim haqida o‘yladim.

Eslayman, bolaligimda otam “O‘zbek xalq ertaklari” kitobini sovg‘a qilgandi. Uning shunchalik quvonch hadya etadigan mo‘’jiza ekanini o‘shanda chindan his etgandim. Ertaklarni har tun miriqib o‘qirdim. So‘ngra uyqu oldidan uni yostig‘im ostida olib yotardim. Uchar gilam, ochil dasturxonlar tushlarimga kirib chiqardi.

YAqinda kitob do‘konlaridan biriga kirib, xayo­lim shoshdi. Nashriyotlar barcha turdagi kitoblarni nashr etishgan. Turli yosh va saviyadagi kitobxonlar uchun rang-barang adabiyotlar bisyor. She’riy to‘plamlar, qissa va romanlar, ilmiy adabiyotlar... Bolalik tuyg‘ularimni qo‘zg‘ab yubordimi, nima bo‘lganda ham, menga do‘konning “Bolalar adabiyoti” bo‘limi yoqdi. Rangin muqovali ertak kitoblar shu qadar ko‘p, xilma-xilki, ko‘rib diling yayraydi.

Kitobxonlardan biri qo‘sha-qo‘sha kitob olayotganidan xursand bo‘lib turuvdim hamki, ularning nomlariga ko‘zim tushib xafsalam qaytdi.

Bugun qanday kitoblar ko‘proq mutolaa qilinmoqda, degan xayolga bordim. Yosh nuqtai nazaridan olib ko‘rilsa, katta yoshdagilar ma’noli, saviyali kitob­larni o‘qishi bor gap. Lekin yoshlarning aksar qismi o‘z tili bilan aytganda “yengil hazm bo‘ladigan” asarlar shaydosi. Ayniqsa, “Millioner bo‘lishgacha o‘n qadam”, “Baxtli bo‘lishning o‘n beshta siri” qabilidagi adabiyotlarning bozori chaqqonga o‘xshaydi.

Shunday kunlarning birida yaqin tanishimiznikiga - o‘g‘lining muchal to‘yiga bordik. Qarindosh-urug‘ o‘g‘ilni sovg‘a-salomga ko‘mib tashlashdi. So‘nggi rusumdagi audio-video anjomlar, uyali telefon... Bir payt tug‘ilgan kun egasining sinf rahbari tashrif buyurib, yaxshi tilaklar bilan ixchamgina sovg‘a berdi.

Bolakay ertasi kuni ustozining “arzimas” kitob sovg‘a qilganini, shunchalar ham past­nazar ekanini aytib qoldi. Aslida, kechagi bazmda eng yaxshi sovg‘a kitob edi, chamamda.

To‘g‘ri, axborot jadal suratlar bilan taqdim etilayotgan bir paytda ularning yaxshisini yomonidan ajratish uchun, tabiiyki, ommaning ma’naviy immuniteti mustahkam bo‘lishi darkor. Bunda yoshlarni, farzandlarimizni internet vositasida amalga oshirilayotgan axboriy xurujlardan, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi yolg‘on-yashiqlardan asrab-avaylash uchun ham kitobning ahamiyatini tushunmoq kerak. Aynan, kitob o‘qigan odamlar har qanday yot ta’sirlardan muhofazalana oladi.

Shundanmi, ayrim xonadonlardagi kitob javonlarini ko‘rib havasing keladi. O‘shalarning ham ayrimlarida kitob­larning o‘qilmay, muqovalariga chang qo‘nganidan asabing taranglashadi. So‘rasa­ngiz: “Otam rahmatli ko‘p kitob o‘qirdilar” deyishadi. Shunday damlarda ustoz Ozod Sharafiddinovning shogirdlariga vasiyat tariqasida aytgan: “Kitoblarimni asrang...” so‘zlari mohiyatini tushunganday bo‘laman.

Darhaqiqat, kitob - nur, ziyo. U insonlarni ezgulikka, mehr-muruvvatli bo‘lishga undaydi. Kitob o‘qigan kishining gap-so‘zi teran, fikri tinik, nutqi ravon bo‘ladi. Bunday insonlar bilan muloqot qilganing sari zavqing oshadi.

 

Nargiza FAYZIYEVA,

o‘qituvchi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.