SHAXSIY KUTUBXONALARNING AHVOLI QANDAY?

Esimizni tanibmizki, qulog‘imizga ona allasi bilan birga ertaklar, jiddiy adabiyotlar or­qali qancha latif so‘zlar kirgan. Bu go‘zallikni hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi. Chunki, go‘zal so‘zga tashnalik va azal-abad shunga intilib yashash faqat insoniyatga berilgan ilohiy ne'mat.

yeling, uzoqqa bormaylik, yaqin o‘tmishimizda yashab ijod etgan shoir va adiblar, ilm salaflarining nafaqat she'riyati, nasriy asarlari, balki adabiy-tanqidiy maqolalari ham ma'naviyatimizni boyitishga beqiyos xizmat qilib kelmoqda. Xayolimizda ular yozgan asarlar bitmas-tuganmas nur manbaidek tuyuladi. Ammo o‘z vaqtida ularning kitoblarini ehtiyot qilib, qo‘lyozmalari va rasm­larini yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bugungi avlod, avvalo, ularning merosxo‘rlarining vazifasidir.  

Mustaqillik sharofati bilan ma'naviyatimiz, xususan, ijod ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor va g‘amxo‘rliklarni sanab ado etish qiyin. Birgina yaqin o‘tmishda nomlarini tilga olish ham taqiqlab qo‘yilgan Abdulla Qodiriy, Fitrat, CHo‘l­ponning adabiyotimiz tarixiga qaytganining o‘zi hayotimizda katta voqyea bo‘l­di. O‘zbekiston milliy bog‘iga Alisher Navoiy bobomizdan tortib, yana bir qancha xalqimizning buyuk farzandlariga mahobatli yodgorliklar o‘rnatilgani, uy-muzeylari tashkil etilgani alohida ehtiromga sazovor. Biroq, hammani ham G‘afur G‘ulomning qizi Olmos opa, ikki daryoni bag‘rida birlashtirgan, Oybek domlaning kelini, Zulfiyaxonimning qizi Hulkar opadek bunday xayrli ishlarga bosh qo‘shib, ota-onalarining uy chirog‘ini munosib yoritishga qunti va saboti yetavermaydi. Bunday keskin fikr-mulohazalarga borishimga, bir dilsiyohlik sabab bo‘ldi.

YAqinda nafaqat yozuvchilikda, hatto dramaturgiyada ham o‘ziga xos iz qoldirgan bir adib yashab o‘tgan xonadonga borganimda qiziqishim sabab, ijodxonasiga bosh suqdim. Tomidan chakka o‘tib, qanchadan-qancha kitoblarning uvadasi chiqib ketganini ko‘rib, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Ayniqsa, jahon adabiyotining durdona asarlarini aytmaysizmi?! Ko‘pchiligi hozir sotuvda yo‘q. Yozuvchi yaxshi niyat bilan ijod stolida qoldirgan qoralamalarni qalin chang bosib yotibdi. Bularga shunday ulug‘ zotning ko‘z nuri va qalb qo‘ri to‘kilganiga odamning ishongisi kelmaydi. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, deb shuni aytsalar kerak-da! Sarg‘ayib ketgan qog‘ozlarni tartibga sola turib, ne baxtki, adibning shaxsiy arxividan hali hech qayerda e'lon qilinmagan taxlam-taxlam she'rlari, tarjima asarlari va do‘st-yorlari bilan yozishgan yuksak badiiy saviyaga ega maktublari chiqdi. Bulardan ayrimlarini saralab, gazeta-jurnallarga keltirib berdim. Bu bilan ko‘nglim biroz tasalli topgandek bo‘ldi.

Ammo, ro‘zg‘or yumushlari bilan buyum bozoriga tushib, el tanigan va e'zozlagan yana bir shoirning shaxsiy kutubxonasidagi ne-ne tarixiy romanlar, she'r to‘plamlari, klassiklarimizning devonlari savdo rastalarida yoyilib yotganini ko‘rib, yonidan beparvo o‘tib ketolmadim. Bular orasida anchadan buyon axtarib yurganim Mirtemir domlaning dastxati tushirilgan kitobning ham borligini ko‘rib, bir xil bo‘lib ketdim. Buni ochiq-oydin yozayotganimdan ming andishadaman. Lekin nachora, bunga xonadon egalari loqayd  qaramoqda. Ayrimlar yaqinlaridan qolgan shunday noyob kitoblarni o‘z manfaati yo‘lida duch kelgan  kishiga topshirib yuborayotgani odamga alam qiladi, axir! Bularda xal­qimizning orzu-armonlari, dardu hasratlari, g‘amu anduhlari bitilgan. Ma'naviyatimiz tarixida nom qozongan ulug‘larning ma'naviy boyliklarini shaxsiy mulk sifatida qabul qilib, bundan no­o‘rin foydalanish uchun hech kimga huquq berilmagan. Keyin bu odamgarchiligimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Aytishlaricha, marhum yashagan uyda uning ruhi doim kezib yurarmish. Agar shu rost bo‘lsa, bunday xunuk ishlarni kuzatib turgan ustozlar: “Eh, bo‘talarim, qancha mashaqqat bilan shunday durdona asarlarni arzimagan manfaatlaring yo‘lida qurbon qilish uchun yiqqanmidik”, deb bizga ta'na-malomat qilmayaptimikan?! Bilamiz, ko‘pchilik ijodkorlarning farzandlari ota-onalarining nomini abadiylashtirish maqsadida qator asarlari, zamondoshlarining xotira kitoblarini nashr ettirmoqda. Buning yomon tomoni yo‘q, albatta. Biroq, mar­hamat qilib, bunday ezgu ishni yaqinlari ijodxonasini obod qilishdan boshlasalar tuzuk bo‘lardi. Buning uchun ortiqcha sarf-xarajat qilishga hojat yo‘q. Ota yoki onasining ijod stolini saranjom-sarishta qilib, ularga qadrdon va aziz bo‘lgan narsalarni uyning bir burchagida e'tibor va did bilan joylashtirishning o‘zi kifoya. Bu yerga ijodiy o‘ylar bilan kelgan kishi ijodkor yoki olim yashagan xonasidan xuddi hozir chiqib ketganu, tezda qaytib keladigandek chuqur taassuroti soxta ko‘tar-ko‘taru, hashamatli yubileylardan ustun emasmi? Agar bunga farzandlarining imkoniyati yetmasa, ma'naviy ko‘makka tayyor ser­himmat homiylarni jalb etish kerakdir? Axir, bir inson butun umrini adabiyot, ilm-fanga bag‘ishlab, yaxshi niyatda o‘zidan qanchadan-qancha noyob kitoblar qoldirishi hazilakam ish emas. Nima bo‘lgandayam, shunday ajoyib kitoblar o‘qilmasdan, tokchalarda sar­g‘ayib yotganidan yoki shunchaki “makulatura”ga aylangandan ko‘ra, yurtimizdagi Mehribonlik  uylariga hadya etilsa, katta savob bo‘lardi.          

Gap qaysidir shoir yoki yozuvchining xizmatiga me'yordan ortiq yoki past baho berishda emas, balki ulardan qolgan noyob asarlarni asrab-avaylab kelajak avlodga yetkazish haqida boryapti. Bu kitoblar orasida qanchadan-qancha tarixiy ahamiyatga ega asarlar bo‘lishi shubhasiz. Agar respublika miqyosida dunyo­dan o‘tgan ijodkorlarning ma'naviy merosi daxlsizligini ta'minlash maqsadida  shaxsiy kutubxonalardan tarkib topgan yana bir kutubxonami, yoki adabiyot muzeyi tashkil etilsa, yaxshi bo‘lar edi. Bu yerga ularning yaqinlari qo‘lyozma va kitob­larni ixtiyoriy ravishda, topshirishiga imkoniyat tug‘ilardi. Bu bilan kutubxonaning har bir burchagidan o‘rin olgan ijodkorlarning hayoti va ijodi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirgan bo‘lardik. Qolaversa, dunyodagi noyob eksponatlar saqlanadigan mashhur muzeylar, galereyalar ham avval shaxsiy kitoblarni, mashhurlar dastxatiyu qo‘lyozmasini  yig‘ishdan boshlangani hech kimga sir emas-ku! Insonga hayrixohlik va rag‘bat faqat tirikligida emas, har doim kerak. Ayniqsa, shoir, yozuvchi va rassom kabi ijodkorlarga! Ota-bobolarimiz bir zamonlar Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari qattiq ta'qib ostida olingani va bu kitobni odamlar berkitib o‘qiganini qanchalar iztirob bilan bizga hikoya qilib bergani nahotki, yodimizdan chiqdi? Bundan tash­qari, hazrat Navoiy, Bobur, Ulug‘bek kabi ulug‘ allomalarning kattagina ijodiy merosidan xalqimizni xabardor etish ziyolilarga oson bo‘lmaganini hamma yaxshi biladi. Xuddi shuningdek, yaqin o‘tmishda yashab o‘tgan adiblarning ma'naviy merosi va ma'rifatini keng targ‘ib qilish - kelajak avlod oldidagi ma'naviy burchimiz ekanini unutmaylik. 

 

Adiba UMIROVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.