BIR SHE'R TARIXI

Hurmatli Yurtboshimiz 1987 yili O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonimning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan yuborgan tabriknomasida bunday satrlar bor:

“Muhtaram Zulfiyaxonim!

Siz latif ijodingiz bilan millionlab kishilarga ezgulik, muhabbat va sadoqatdan saboq berdingiz.

 Hayot Sizni har doim ham ayagani yo‘q. Aslida bu yorug‘ dunyoda ayriliq va hijron azobi hammaning ham boshida bor. Doimo g‘am-anduhni matonat bilan mahv etgan, armonlaridan tirik orzular yaratgan, tog‘dek bardoshi bilan sadoqat va vafo ramziga aylangan Siz kabi ayollar juda kam topiladi...”

Zulfiyaxonim yuqoridagi e'tirofning har bir so‘ziga munosib umr kechirdi. U shoira, sevimli yor, ayol-ona bo‘lib o‘zbek ayolining fazilatlarini hamma joyda ulug‘ladi, sharafladi, namoyon etdi. U hayotlik paytida yozib olganim mana bu xotiralar ham fikrimiz isboti:

“...Hamid Olimjonning vafotidan uch-to‘rt oy o‘tib she'r yoza boshlagan bo‘lsam-da, u dardli satrlarni hech kimga o‘qimasdim ham, gazeta-jurnallarda chiqarmasdim ham. U mening o‘z dardim, og‘rig‘im edi. Hammaning g‘amu tashvishlari o‘ziga yetib ortardi o‘sha paytda.

1945 yilning bahori. Yerda, ko‘kda nur. Daraxtlar guldor gumbazday bo‘lib, ularning ichida quyosh kukunlari chaqnardi. Allaqanday behishtiy manzara hokim. O‘zingni qayerga qo‘yishni bilmaysan. Hammaning ko‘zida xushnudlik, ruhlari baland. Ikkinchi jahon urushi tugamagan bo‘lsa-da, g‘alaba yaqin edi. Bu men uchun Hamid Olimjonsiz kelgan ilk bahor edi, hamma narsa uni eslatardi. Bahor bo‘lsa-da, yuragimga qil sig‘masdi. Shunday kayfiyatda borarkanman, G‘afur G‘ulom kelib qoldilar.

- Qayoqqa ketyapsan? - deb so‘radilar.

- Qayerga borishimni bilmayman. O‘sha yoqqa, - dedim Hamid Olimjon yotgan tomonga ishora qilib. - Menga hozir...  shunday yerosti yo‘li bo‘lsa-yu, u orqali dasht­larga chiqib ketsam. Na gul ochiladigan va na o‘t ko‘karadigan...

- Nima deyapsan? - gapimni bo‘ldilar G‘afur aka. - Mana bu bahorgi dun­yo­­­­ni tomosha qil. Sen bunday gaplarni og‘zingga olma! Bu - yomon gap. Undan ko‘ra she'r yozgin, - dedilar.

Shu suhbatdan ko‘ksim to‘lib uyga bordim-da, kechki ovqatdan keyin bolalarimni uxlatib, ularning yonidagi stolimga o‘tirdim. Qancha vaqt o‘tirganimni bilmayman. Qaynonam Komila buvi juda ajoyib, mehribon, jannati ayol edilar... xonam eshigini ochib:

- Bolam, ancha vaqt bo‘ldi, charchab ketdingiz. Yoting, ertalab ishga boradigan odam, - dedilar.

- Ayajon, men juda yaxshi o‘tiribman. Siz uxlayvering.

She'rni bitirdim, oqqa ko‘chirdim, yaxshi kayfiyat bilan ishga jo‘nadim. Lekin ko‘nglim nimagadir ilhaq. Keyinroq bir she'rda yozganimdek:

She'rim yozib...  nuqta qo‘yiboq

Bir tinglovchi  qolaman izlab...

Ishxonamda yonimdagi besh redaktor o‘z ishlari bilan band. Bir vaqt G‘afur akam kelib qoldilar.

Men yangi yozilgan “Bahor keldi seni so‘roqlab” she'rini o‘qib berdim.

Aziz do‘stim, bu o‘sha - hammamizga qadrdon, sevimli bo‘lgan she'r. Keling, uni Zulfiyaxonimdan tinglagan kabi yana takror o‘qiylik:

G‘afur G‘ulom bilan suhbatga qaytamiz.

...Kechinmalar satrma-satr bosib kelib, holdan keta-keta o‘qib tugatdim. She'rni diqqat bilan tingladilar.

- ...Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni, U ham yosh to‘kdi-yu, chekildi nari...  - dedilar G‘afur aka. - Yaxshi aytibsan!

Nigohlariga behol boqaman. Ziyrak ko‘zlari jiqqa yosh. Birdan o‘rinlaridan turdilar-da, o‘kirganday buyruqnamo dedilar:

- Yozma bunaqa she'rlarni, jigarim! She'rga shoir qalbidagi hayajon, bo‘ronlarning o‘n foizigina tushadi. Qolgan to‘qson foizi seni xarob qiladi, singlim! Lekin yaxshi yozibsan, ofarin! - dedilar.

Yakunlovchi bandni qayta o‘qittirdilar:

Hijroning qalbimda,

                                sozing qo‘limda,

Hayotni kuylayman,

                                chekinar alam.

Tunlar tushimdasan,

                                kunlar yodimda,

Men hayot ekanman,

                                hayotsan sen ham.

- Mana bu juda soz! - dedilar. - Endi ikki kishi uchun yashab, ikki kishi uchun yozishing kerak. Alamni qalam ko‘taradi. Lekin g‘am-anduhga muk tushib yotish hammaning ham qo‘lidan keladi. Yengishga qodirligingni tabriklayman. Omon bo‘l! - deb chiqib ketdilar.

Charchoqlarimni bahor o‘zining zilol, mayin kaftlari bilan silab o‘tgan  kabi yengil o‘rnimdan turdim...”

Hayot shiddatli daryo kabi oqaveradi, yangi zamonlarning yangi avlodlari tarixga kirib kelaveradi. Zulfiyaxonim kabi “Baxtim shu - O‘zbekning Zulfiyasiman”, deb faxrlangan va bu iftixorga munosib yashagan insonlar nasllarga ibrat bo‘lib qolaveradi.

 Muhtarama ULUG‘OVA,                                                                                                             

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.